Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:07

OzodTarmoq: O‘zbekistondagi gazeta ilk bor siyosiy muxolifatchi bilan suhbatlashdi


OzodTarmoqda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan, Ozodlik tinglovchisi (o‘quvchisi, tomoshabini) qiziqishini uyg‘otishi mumkin materiallar berib boriladi.

Ruknning bugungi sonida uzoq yillardan buyon O‘zbekistondan tashqari yashayotgan jurnalist Jahongir Muhammad Feysbukdagi sahifasida e’lon qilgan suhbat matnini e’tiboringizga havola qilayapmiz.

Suhbat, albatta, o‘quvchilarning qiziqishini uyg‘otishi mumkin, lekin bu suhbatning e’tiborli jihati uning O‘zbekistonda chop etiladigan "Adabiyot" gazetasida e’lon qilinganidir.

O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lib, chet davlat bergan siyosiy boshpanada yashayotgan muxolifatchi bilan O‘zbekistonda chiqadigan gazetaning suhbat uyushtirishi ilk marta kuzatilayotgan kutilmagan voqeadir.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan suratda "Adabiyot" gazetasi Bosh muharririning Vatanga sig‘magan Vatandoshi bilan suhbati" bosilgan sahifasi aks etgan.

Jahongir Muhammadning "Adabiyot" gazetasiga bergan intervyusi
Jahongir Muhammadning "Adabiyot" gazetasiga bergan intervyusi

OzodTarmoq suhbatning quyidagi e’lon qilinayotgan matnini gazetada e’lon qilingan matniga qiyoslab qo‘rgani yo‘q.

***

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Jahongir Muhammad (Mamatov) bilan suhbat

1. Siz chorak asrdan buyon O‘zbekistondan chetda yashab kelmoqdasiz. Immigratsiya qilishingizga nima sabab bo‘lgan?

Jahongir Muhammad: Dissidentlar orasida bir hazil bor:

"Nega Vataningdan ketding?"

"Sig‘madim"

"Vataning shuncha kichkinami?"

"Yo‘q, men shuncha katta!".

Bu yerda fikri, so‘zi, qarashlari kengligi tufali Vatanga sig‘maslikka ishora bor.

Kamina ixtiyoriy immigratsiya qilganim yo‘q, aksincha yillar davomida odamlarni hayotiy tahlika bo‘lmasa, vatanidan ketmaslikka undadim. O‘zimning, oilamning va farzandlarimning hayoti xavf ostida qolgandan keyingina O‘zbekistondan ketganman. O‘shanda O‘zTVda rahbarlikdan iste’fo berganimdan so‘ng Karimov g‘azab otiga mindi. Sababini iste’fonomani o‘qisangiz tushunib olasiz.

ISTEʹFONOMA: “Toshkentning Talabalar shaharchasida ro‘y bergan fojea yurtimizda oshkoralik, rostso‘zlik yo‘qligi, inson huquqlarini toptash hali beri barham topmasligini isbotladi. Men rahbar bo‘lgan jumhuriyat televideniesidan ko‘rsatuvlar olib qo‘yildi. “Munosabat” rukni bilan hozirlangan maxsus ko‘rsatuv ekranga chiqarilmadi. Oshkoralik uchun kurash yo‘llari bekitib tashlandi. Meni iste’fo berishga undagan sabablar quyidagilardir:

1.Har qancha urinmaylik, Talabalar shaharchasidagi voqealar haqida oshkora fikr bildirilishiga yo‘l berilmagani;

2.Parkent voqealari yuzasidan tuzilgan komissiyaning xulosasi sir saqlangani kabi Talabalar shaharchasidagi fojea yuzasidan ham o‘sha uslub qo‘llanilayotgani;

3.Yana yakkahokimlik, diktatura boshlangani. Xalqning og‘ir ahvolini yengillatish o‘rniga faqat va’dalar berish, aldash bilan band bo‘linayotgani;

4.Siyosatda barqarorlik yo‘qligi, milliy birlashuv haqida tinimsiz gapirilgani holda amalda teskarisini qilib, nizo-adovat keltirilib chiqarilayotgani;

5.Kadrlarni tanlashdagi jiddiy xatolar, bu boradagi o‘pirilish, rahbar kadrlarga ishonchsizlik, ularni asosan shaxsiy sadoqatiga qarab tanlash, qobiliyati, bilimi e’tiborga olinmayotgani;

6.Mahalliychilik illatining ildiziga suv quyish, odamlarni bir-biriga qarshi qo‘yish kasalini davolash o‘rniga uning avj oldirilayotgani;

7.Xalq taqdiri va kelajagi bilan shug‘ullanish o‘rniga ikr-chikirlar, quvg‘inlar, inson huquqlarini toptash bilan band bo‘linayotgani;

8.Muxolifatdagi partiya, harakat va uyushmalarga nisbatan minbarlardan yaxshi gap aytilib, amalda ular ta’qib qilinayotgani;

9.Xalqning ahvoli kun sayin og‘irlashib borayotgani, buning oldini olish uchun aniq dastur yo‘qligi.

10.Millatvakillarining erkin bahslari, bor gapni ayta olishlari uchun sharoit yaratilmagani va aksincha og‘ir, nosog‘lom vaziyat vujudga keltirilgani, fikrlar, takliflarga e’tibor qilinmayotgani…

Ana shu va boshqa sabablarga ko‘ra, hukumat tarkibidan chiqaman hamda o‘zimni unga nisbatan muxolifatda, deb hisoblayman. Hukumat tarkibida turib, bu illatlarga qarshi kurash yo‘lini topmadim. Hukumat a’zolari uchun yo‘llar berk va ochilmasdir…”

Buning ustiga “ERK partiyasiga mafkura masalalari bo‘yicha kotib va “ERK” gazetasining Bosh muharriri(1993-1994) etib saylangach, suiqasdlar, quvg‘inlar boshlandi. Bir necha marta o‘limdan qutulib qoldim. Bu haqda kitoblarimda batafsil yozganman. Oxiri Toshkentdan kuch bilan Samarqandga surgun qilishdi va u yerda qamoqqa olishdi. Tergov jarayonida o‘ldirib yuborish topshirig‘ini olishgandan keyin do‘stlarim yordamida chiqib ketganman. Militsiya va prokuratura organlarida vijdonli odamlar bor, mamlakatlar orasida hali chegaralar o‘rnatilmagandi. Ozarbayjonga ketdim. U yerdan Turkiya va so‘ng Amerika. Chetga ketganim bilan bir zum ham O‘zbekiston xayolidan uzilgan emasman. Doim demokratiya tarafdori bo‘ldim va xalq boshqaruvi O‘zbekistonni kelajak sari yetaklashini anglatishga urindim.

2. Ijtimoiy tarmoqlarda sizning Karimovga parlament minbaridan turib qizil kartochka ko‘rsatganingiz videosi keng tarqalgan. O‘sha videoda siz “Islom Abdug‘anievich, siz bu dunyoga ustun bo‘la olmaysiz, O‘zbekistonni sizning onangiz yaratgan emas,” deya keskin murojaat qilgansiz. Nima sizni bunday murojaatga majburlagan edi?

Jahongir Muhammad: Sovet Kommunistik tizimining nomi kollektiv boshqaruv bo‘lgani bilan amalda totalitar diktatura rejimi edi. Karimov yangisini qurmasdan eskisini buzmaymiz, deb o‘sha tizimni saqlab qoldi. Nafaqat boshqaruvda, hatto davlat simvollarida ham. Masalan, gimnda eski musiqa aynan qoldirildi. Gerbda eski shaklning o‘rtasiga semurg‘ aksi qo‘shildi, xolos. Bayroq ham shunday, kosmetik o‘zgarishlar bilan qabul qilindi. Konstitutsiyaga demokratik prinsiplar kiritilmadi, ya’ni uch hokimiyatning bir birini nazorat qilish qoidasi buzib talqin qilindi. Prezidentga ishonchsizlik bildirish, impichment bo‘limi olib tashlandi. Deputatlar kaltaklandi, oilalari qo‘rqitildi, uy-joylari yoqib yuborildi yoki tortib olindi va o‘zlari qamoqqa tiqildi. Konstitutsiya u yoqda tursin, hatto qonunlar ham bir tiyinga olinmadi.

Qonun bo‘yicha deputat daxlsiz edi. Faqat Oliy Kengash daxlsizlikni bekor qilardi. O‘shanda Oliy Kengashning xabari bo‘lmasdan deputat Inomjon Tursunov ustidan ish ochildi. Shovruq Ro‘zimurodov qamaldi. Murod Jo‘rayevga siqasd bo‘ldi. Samandar Qo‘qonovni tergovga tortishdi. Muxolifatning ko‘zga ko‘ringan faollari kaltaklandi, qamaldi, tuhmat va qiynoqlarga uchradi. Xalq qiyin hayot kechira boshladi. Tepada bir guruh boylar va pastda bechoralar. Karimov butun O‘zbekiston meniki deb o‘ylardi, istagan odamimga beraman, istagan odamimdan olaman - uning hayot falsafasi shu edi.

Shunday kezda Karimovga mamlakat xalqniki ekanligini eslatib qo‘yish zarurati paydo bo‘lgandi.

3. Siz o‘z memuaringizda, “IAK” kitobida deputatlar taklif etgan mustaqillik deklaratsiyasining qabul qilinishiga Karimov qattiq qarshi chiqqan jarayonlarini eslagansiz. Shuningdek, birinchi prezident mustaqillikni “xoinlik”, “orqadan pichoq urish” deb ataganini yozgansiz. U bu gaplarida nimani nazarda tutgan va nega mustaqillik deklaratsiyasiga qarshi chiqqan edi?

Jahongir Muhammad: Islom Karimov Sovet kommunistik partiyasining haqiqiy kurashchisi edi. U sovet kommunisti edi va bu “sharafli” nomni oxiriga qadar e’zozladi. Garchi tilida boshqa gap aytgan bo‘lsa ham, amalda u o‘z e’tiqodiga sodiq qoldi.

Agar uni haqiqiy kommunist edi deb ulug‘lashsa, bu unga berilgan to‘g‘ri baho bo‘ladi.

1990 yilda Mustaqillik deklaratsiya qabul qilingan sessiyada Kotibiyat raisi edim. Shuning uchun ham Karimov bilan sessiya jarayonida bir necha marta bahslashdik. U biz mustaqil bo‘lolmaymiz, degan qat’iy fikrda edi. Chunki hayoti va kelajagini faqat Sovet davlati bilan bog‘liq tasavvur qilardi. KPSS s’ezdida Kreml minbaridan turib rahbariyatni keskin tanqid qilgan va partiyani saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni talab qilgandi. O‘sh s’ezdda u Politbyuro a’zoligiga ham saylangandi. Toshkentga qaytib kelganda, aeroportda undan suhbat olayotgan muxbirga, Sovet Ittifoqini saqlab qolish bu kelajagimizni saqlab qolishdir, degandi.

Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingani, ammo e’lon qilinishi kechiktirilgani, keyin parlament qabul qilgan matnga Karimov tomonidan o‘zgartirishlar kiritilgani haqida kitobimda batafsil yozilgan.

Qarang, 1990 yil 20 iyunda mustaqil bo‘lamiz deb hujjat qabul qilindi. O‘sha kun bayram bo‘lgan, nafaqat parlamentda balki ko‘cha-kuylarda ham. Biz sessiyani televidenieda jonli ko‘rsatishga erisha olgandik.

Lekin oradan yarim yil o‘tib, 1991 yilning 17-martida kuni SSSRni saqlab qolish haqidagi referendum o‘tkazildi. Bunda Moldova, Latviya, Litva. Gurjiston, Armaniston singari respublikalar qatnashmadilar. Ammo O‘zbekiston qatnashdi, juda katta targ‘ibot ishlari olib borildi va Karimov 93.7 foyiz odam qo‘llab ovoz berdi, deb e’lon qildi. Aslida bunday emas edi. Chunki xalqimiz uyg‘ongan va ko‘pchiligi mustaqillik tarafdori ekanligini yashirmagan davr edi. Buni yil oxirida ko‘rdik. O‘sha yili dekabrda o‘tgan referendumda 98.3 foyiz odam mustaqillik uchun ovoz berdi. 17- mart bilan 29-dekabr orasida nima o‘zgardiki, bu qadar keskin burilish bo‘ldi. Hech narsa o‘zgarmadi. Faqat ko‘zbo‘yamachilik qilib, referendum natijalarini o‘z niyatlariga qarab o‘zgartirishgandi.

4. Mustaqillik deklaratsiyasiga va SSSRdan alohida bo‘lib chiqishga 1990 yilda qarshi bo‘lgan birinchi prezident nega bir yil o‘tib shoshilinch tarzda mustaqillikni e’lon qilishga qaror qilgan?

Jahongir Muhammad: 1991 yilning 18-21 avgust kunlari Moskvada Davlat To‘ntarishi (GKChP) yuz berdi. SSSRni, yakkapartiyaviy rejimni saqlab qolish uchun favqulodda holat e’lon qilindi. Ammo GKChP tezda yiqildi. Islom Karimov SSSRni saqlab qoluvchilar tarafida edi. Moskvada katta tekshirish ochilib, SSSR tarafdorlari birin-ketin qamoqqa olina boshlandi. Shunda Karimov 31-avgust kuni shu paytga qadar o‘zi rad etib kelgan Mustaqillik deklaratsiyasi talabini qonun shaklida qabul qilishni Parlamentga olib chiqdi. Gapning ochig‘i o‘shanda hamma “shok” bo‘lib qoldi. Hali kechagina mustaqillik bu orqadan pichoq urish, biz mustaqil yashay olmaymiz, deb turgan odam kutilmaganda minbarga chiqib, mustaqil bo‘lamiz, deb turibdi. Hech kim qarsak ham chalmadi. Vaholanki, Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilinganda zal hayqiriqlardan larzaga kelgandi. Bu safar mustaqillik Karimovning o‘ziga asqotganini hamma angladi. Shuning uchun ham u “qarsak chalmaysizlarmi”, degandan keyingina yengil qarsak bo‘ldi. Shunda ham Karimov yillar davomida Mustaqillik deklaratsiyasi e’lon qilingan kunni, umuman o‘sha muhim voqeani esdan chiqartirishga urindi.

Biz ham Rossiya va boshqa mamlakatlar kabi 20 iyunni O‘zbekiston kuni, deb e’lon qilishimiz kerak. Shundagina bu borada adolat qaror topgan bo‘ladi.

5. Hozirgi ko‘p tanqid qilinayotgan parlament o‘sha eski birinchi chaqiriq parlamentidan qanday xulosalar chiqarsa bo‘ladi? Nimani o‘rgansa bo‘ladi?

Jahongir Muhammad: Bilasizmi, u paytda parlamentda besh yuz nafar deputat bor edi. 1989 yil O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti bo‘lajak deputatlar ro‘yxatini oldindan tasdiqlagandi. Lekin ba’zi joylarda demokratik ruhdagi bahslar tufayli xalq vakillari ham saylanib qoldi. Parlamentning 90 foyizi Kommunistik partiya idorasi ko‘rsatgan nomzodlar va qolgan 10 foyizi mustaqil saylangan deputatlar edi. Biz Karimov faoliyatini tahlil, tanqid qilib 12 sahifali bayonot tarqatganimizda unga 36 nafar deputat qo‘l qo‘ygandi. Manashu ozchilik parlamentda ikki-uch yil davomida demokratik muhitni saqladi. Ular birma-bir yo‘qotilgach, jimjitlik boshlandi. Lekin shu qisqa davr ko‘p narsaga asos bo‘ldi. Birgina misol keltirayin: matbuot haqidagi ilk qonun loyihasini tayyorlaganimda, birinchi moddasidayoq “O‘zbekistonda senzura bekor qilinadi” deb yozgandim. Qabul qilingan. Ammo senzuraning telefon shakli ishlab ketdi. U paytda qonunlarni yozib, nazoratini amalga oshirish ham mushkul edi. Juda ko‘p bahslarimiz shu tufayli yuz bergan.

Bugungi texnologiya davri bo‘lganda ancha narsaga erishar edik. Esimdan chiqmaydi, Oshkoralik qo‘mitasi rais o‘rinbosari edim, O‘zbekiston televideniesida “Deputat minbari” ruknida Oliy sud “Gdlyan ishi” bo‘yicha qamalganlarni ozod qilish masalasini orqaga tashlamoqda deb faktlar bilan tanqid qildim. Karimov “qaynab” qoldi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti Oliy sudga murojaat qildi. Sud ham darhol deputatlik daxlsizligidan mahrum etish bo‘yicha Oliy Kengashga so‘rov kiritdi. Tergov boshlandi. Hammasi imi-jimida. Bugun bunday bosimlar yo‘q. Bo‘lsa ham bir zumda dunyoga yoyiladi.

Ammo deputatlar jim. Prezident gapirgandan keyin ular o‘sha mavzuni ”do‘mbira qilishadi”. Oldinroq gapirish kerak.

Xalq vakili xalq dardini gapirmasa, uning oladigan puli halol emas. U xalqning hisobiga maosh oladi va bolalarini boqadi. Demak, qarzini ado etishi kerak. Biz shu prinsipda ishlaganmiz. Bugun ham shunday bo‘lishi shart deb o‘ylayman.

6. So‘nggi paytlar Karimov xaqidagi tanqidiy materiallarga qarshi keskin reaksiya bilan ko‘proq yosh avlod chiqmoqda. Yoshi kattaroqlar bu mavzuda sukut saqlashni maqul topishmoqda. Bu nima bilan bog‘liq deb o‘ylaysiz?

Jahongir Muhammad: Bizning avlodimiz orasidagi muxoliflarning Karimov va uning rejimi haqida gapirmagan gaplari qolmadi. Lekin o‘sha davrning mulozimlari sukutda. Bitta-ikkitasi gapirishga urinaman desa, oldin qaerda eding, deb uni “urib tashlayapmiz”. Bu masalaning bir tomoni, ikkinchi tomoni esa, 27 yil davomida mukofot olmagan odam oz. Ular buni Islom Karimov berdi, deb o‘zlarini qarzdordek his etishadi. Agar siz o‘zingizni shu mukofotga loyiq deb bilsangiz, uni sizga Karimov emas, xalq bergan, ya’ni Karimov o‘rtada vositachilik qilgan deb tushuning. Uchinchidan, ko‘pchilikda yana eski davr qaytib qoladi degan hadik bor. Bu hadik keyingi paytda ancha kuchaydi. Iqtisodiy islohotlarning amalga oshishi qiyin kechmoqda, siyosiy islohotlar deyarli boshlanmadi. Qolaversa, keksa avlod mulozimlarining ko‘pchiligi salla desa, bosh kesib kelishgan.

Ammo yoshlik jasorat davri. O‘zingizni shu yoshda ko‘rsatmasangiz keyin qiyin bo‘ladi. Buni tushuna olgan yoshlar otga qamchi urmoqdalar. Ular o‘qib, tahlil qilib, Karimov davri yong‘og‘ini chaqdilar - puch chiqdi. Puch hosil beradigan daraxt emas, yaxshi hosil beradigan daraxtning niholini ekishga kirishmoqdalar. Bundan mamnun bo‘lish kerak,

7. Hozirda O‘zbekiston axborot maydonida siyosiy-ijtimoiy sohada yozadigan blogerlarning o‘rni katta. Ba’zi mansabdorlar va guruhlar ularga xavf sifatida qaramoqda. Sizningcha tarix takrorlanadimi yoki bizni voqealarning boshqacha rivoji kutmoqdami?

Jahongir Muhammad: Sovet davrida kamchiliklarni yozgan odamlardan nafrat qilishga o‘rgatishardi. Bu ishni matbuot, jurnalistlar bajarishardi. Bugun endi kamchiliklarni blogerlar ham ko‘tarib chiqishmoqda. Sovet tarbiyasi geniga qadar singib ketganlar blogerlarni kamsitishga urinishmoqda.

Bloger kim? Internet olamida o‘zining o‘rni, joyi va aytadigan so‘zi bo‘lgan odam. Undan xavfsirash emas, aksincha undan minnatdor bo‘lish kerak. Siz ko‘rmagan narsani ko‘rsatib bersa, sizni qoqilib ketishdan saqlaydiku? Shunday ekan, uni hurmat qiling, degim keladi amaldorlarga.

Tarix takrorlanishi borasida…O‘zbekistonda ko‘p narsa katta qo‘shnilar bilan chambarchas bog‘liq. Masalan, Rossiyadagi vaziyatni ko‘rib turibmiz. Bu alabatta, boshqa rahbarlarni cho‘chitadi. Ular Qaddafiy zamoni qaytib qolmasmikan, deb o‘ylab qolishadi. Lekin zamon orqaga qarab emas oldinga ketmoqda. Agar Mirziyoyev tezroq Karimov davrining qo‘rqoq amaldorlaridan qutilib olmasa, ular xavfsizlikni bahona qilib, mamlakatni yana yopiq zonaga aylantirishga urinadilar. Tarix takrorlanib turadi. Ammo ayni tarix -Karimov rejimi qaytmaydi. U eng yomon rejim edi. Qolaversa, Mirziyoyev ham Karimov emas! Unga nisbatan yumshoq. Karimov davrini butun dunyo zolim-diktatura deb tan olgandi. Bugun esa, engil avtoritar rejim deyishmoqda. Agar orqaga qaytilsa, bu O‘zbekiston uchun o‘nglanmas xato bo‘ladi va mamlakatning taqdiri xavf ostida qoladi. Buni Mirziyoyev yaxshi tushunadi degan fikrdaman.

8. Yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtidorga kelganiga 3 yil bo‘ladi. O‘zbekiston bu vaqt oralig‘ida nimaga erishdi va yana nimalarni amalga oshirish kerak?

Jahongir Muhammad: Uch yil juda katta muhlat. Bir qancha ishlar qilindi. Qo‘shnilar bilan aloqalar yaxshilanishi, konvertatsiya yo‘li ochilgani, odamlar gapira boshlagani, xalqni eshitishayotgani, xorijdagi o‘zbeklarga munosabat bir qadar o‘zgargani, iqtisodiy islohlarga qo‘l urilgani yaxshi odimlar.

Biz bir paytlar aytgan gaplarimiz uchun “vatan xoini” deyishardi. O‘sha gaplarimizni Mirziyoyev takrorladi. MXX zulmi 37-yillardan ham yomon bo‘lgani, prokuraturani o‘g‘rilar, moliyani kallamushlar, matbuotni maddohlar, amallarni xoinlar egallab olganini bot-bot aytdi.

Endi qo‘rqmasdan siyosiy islohotlaraga o‘tish kerak. Birinchidan, erkin umumiy va mahalliy saylovlar, ikkinchidan haqiqiy muxolifatga yo‘l berish, uchinchidan korrupsiyaga qarshi kurashni lyustratsiya orqali davom ettirish, Karimov komandasidan voz kechib, xalq komandasini tuzish kerak. Sud tizimida favqulodda holat e’lon qilinishi lozim. Barcha sud majlislariga jurnalistlar, blogerlarni taklif etishni yo‘lga qo‘yish zarur. Sud zallaridan bevosita ko‘rsatuvlar davomli ravishda berib borilishi lozim. “Davlat siri” degan bahonani 10 yil orqaga surib qo‘yish kerak. Ochiq sudlargina adolat o‘rnatilishiga olib keladi.

Karimov mamlakatni qonunsiz feodal o‘lkaga aylantirdi. Shuning uchun ham hozirgi prezidentga oson emas. U qonun, tartib, intizom o‘rnataman desa, ko‘pchilikka yoqmaydi. Ayniqsa, istagan ishini qilib yurgan to‘ralar va to‘rachalarga. Mamlakatda siyosiy islohotlar zarur. Aks taqdirda bu norozi "to‘ra to‘rayevich"larning qo‘li baland kelishi, prezidentni aldov-qaldov bilan o‘z yo‘llariga yuritishlari mumkin.

9. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib qolsangiz unga nima degan bo‘lar edingiz?

Jahongir Muhammad: Biz dushman emasmiz! Biz vatanga ham, xalqimizga ham, faqat yaxshilik, adolat, omad va erkinlik qudratini istadik! Bugunga qadar bu prinsipga xiyonat qilmadik, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Sizga ham yaxshilik istaymiz! Xalqni korrupsiya zulmidan qutqazadigan va adolatni qaror toptirish uchun kurashadigan har qanday rahbarni qo‘llaymiz. Bu juda ko‘p odamning yuragi ostida yotgan arsloni. Shunday ekan, bu Sizga kuch bersin va tub islohotlarga yo‘l oching!

Ichi qurigan daraxtning shoxlarini kesishga vaqt sarflamaslik kerak. Kuchni yangi ko‘chat ekishga sarflash kerak. Tezroq hosil beradi.

10. Qachondir O‘zbekistonga qaytish niyatingiz bormi?

Jahongir Muhammad: Agar Karimov davrining zulmga asoslangan tuzumiga siyosiy baho berilsa va qatag‘onga uchragan odamlar reabilitatsiya qilinsa, men o‘sha kuniyoq qaytaman.

11. 10 yildan so‘nggi O‘zbekistonni qanday tasavvur qilasiz?

Jahongir Muhammad: Bashorat qilolmayman. Lekin O‘zbekistonda inqilobiy o‘zgarish bo‘lishiga ishonmasdim va rivojlanish evolyutsion bo‘lishini taxmin qilardim. Shuning tarafdori edim. Karimovning zulm rejimidan keyin yumshash bo‘ldi. Ammo keyingi yumshash tezroq boshlanishi amaldagi Prezidentga bog‘liq.

O‘n yildan keyin O‘zbekiston dunyoning kuchli davlatlaridan biri bo‘lishini juda orzu qilaman. Buning uchun imkoniyatlari yetaridan ham ziyod. Mehnatkash, mehnatdan qochmaydigan, o‘z nonini qidirib topadigan kamsuqum xalqimiz bor. Uni kamsitmay, haqoratlamay, mehnatiga yetarli haq bersangiz, bas, bu xalq bilan O‘zbekistonni gullatib yuborish mumkin.

P.S. Savollarni o‘zbekistonlik bir yosh, iqtidorli jurnalist yuborgandi va kamina uning iltimosiga binoan "chegaradan chiqmay" javob qilgandim. Shunda ham u suhbatni nashr etolmagandi. Ammo mardlik qilib uzr so‘ragandi.

XS
SM
MD
LG