Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:41

Yangi Jinoyat kodeksida noqonuniy diniy materiallar uchun javobgarlik bo‘lmaydi


22 - fevralda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Hujjatga yangi Jinoyat kodeksi loyihasi ham ilova qilingan bo‘lib, u qabul qilingach, 2022 - yilning 1 - yanvaridan kuchga kiradi va joriy kodeks bekor qilinadi.

Qabul qilinishi kutilayotgan Jinoyat kodeksida diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish dekriminalizatsiya qilinmoqda, ya’ni jinoyat qonunchiligidan chiqarilmoqda.

O‘zbekistonlik huquqshunos va diniy mavzularni yorituvchi jurnalistning fikricha, keyingi yillarda diniy adabiyotlar uchun javobgarlikka tortish amaliyoti keskin kamayib ketgan.

Biroq shu kunlarda Sirdaryo viloyatida aynan shunday ayblov bilan 19 yashar talaba tergov qilinmoqda.

Bosh prokuratura tayyorlagan yangi Jinoyat kodeksi loyihasi “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali” ga 22 - fevralda joylashtirildi.

Eskisining o‘rniga yangisi

Jinoyat kodeksi loyihasidan oldin berilgan Prezident farmoni loyihasining ikkinchi bandida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 1994 - yil 22 - sentabrdagi 2012–XII-son qonuni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin”, deyilganki, demak, 2022 - yilning 1 - yanvaridan kuchga kirishi rejalashtirilgan Jinoyat kodeksi bu sohadagi yangi qonun bo‘ladi.

Yangi Jinoyat kodeksning amaldagi kodeksdan zohiriy farqi ham ancha sezilardi. Masalan, yangisi 395 moddadan iborat bo‘lsa, joriy kodeks 302 moddadan tashkil topgan.

Yangidagi yangiliklar

Bosh prokuraturaga ko‘ra, “loyihani ishlab chiqishda jinoyat qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilishga, uni yanada liberallashtirishga, jinoiy javobgarlik va jazo tizimini takomillashtirishga hamda jinoyatlar uchun sanksiyalarni qilmishlarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga qarab muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan”.

Yangi Jinoyat kodeksida shu paytgacha jazo belgilanmagan jinoyat turlari, masalan, o‘zboshimchalik bilan jazolash yoki jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Ayni paytda amaldagi Jinoyat kodeksida jazo nazarda tutilgan ayrim holatlar, jumladan diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish dekriminilizatsiya qilinmoqda.

2443- va 1842-

Amaldagi Jinoyat kodeksining 2443-moddasida (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bu jinoyat shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.

Xuddi shunday qilmish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1842-moddasida (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) ham nazarda tutilgan.

Huquqshunos: 2443-ni qo‘llash keskin kamayib ketgan

Toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilovning fikricha, yangi Jinoyat kodeksidan 2443-modda olib tashlanadi va mantiqqa ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1842-moddasi ham olib tashlanishi kerak. Biroq Ma’muriy kodeks ham yangilanayotgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Ruhiddin Komilovning aytishicha, 2443-modda yillar davomida juda ko‘p qo‘llanilgan modda bo‘lgan edi, keyingi 2-3 yilda bu moddani qo‘llash keskin kamaydi: "Ilgari qilgan ishimiz asosan shu va unga "qo‘shni" moddalar edi. Bugunga kelib bu modda o‘z aktualligini yo‘qotdi".

Litsenziyasi tiklanib, 1 - fevraldan yana advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Ruhiddin Komilov Birinchi prezident davrini eslab mana bunday dedi:

"2009 - yilgacha, ya’ni advokatlik qilib yurgan davrimda 2443 va shunga o‘xshash moddalar bo‘yicha ish juda ko‘p edi. Men bir o‘zim bir yilda kamida 10-20 ta ishda ishtirok etar edim. 10 ta deyilgani bilan har bir ish ortida 30-40 kishining taqdiri turar edi. 2009 - yildan keyin advokatlik bilan shug‘ullanmadim, lekin odamlar murojaat qilishdan to‘xtagani yo‘q. Keyingi 4 yilda esa, bunday murojaatlar kamaydi, deyarli to‘xtadi".

Jurnalist: 2443- modda zamirida buzuq mantiq bor edi

Ruhiddin Komilovning diniy adabiyotlar bilan bog‘liq ishlar keyingi yillarda keskin kamayib ketdi, degan fikriga din va dindorlar hayoti masalalarini yoritib kelayotgan jurnalist ham qo‘shildi. Ismi aytilmasligini so‘ragan jurnalistning fikricha, Jinoyat kodeksining 2443-, Ma’muriy kodeksning 1842-moddasi zamirida buzuq mantiq yotganiga e’tibor qaratdi:

"Buzuq mantiq shundaki, boshqa tillar, masalan, arab yoki turk tilidan diniy asarlarni tarjima qiladiganlar doim xavf ostida yashar edi. Ular asarni tarjima qilib, tarjimani Diniy qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazgunlaricha, o‘sha asarni saqlaydilar. Agar ekspertiza asarni zararli deb topsa, nima bo‘ladi? Aynan shu mantiqsizlik hozir “eski O‘zbekiston” deb atayotganimiz davrda istalgan odamni qamash uchun yaxshigina sabab bo‘lar edi".

Qonunga xilof materiallar

Yangi Jinoyat kodeksida diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish jinoyat dekriminilizatsiya qilinmoqda.

Xo‘sh, diniy materiallarning qonuniy yoki qonunga xilof ekanligi qanday aniqlanadi?

Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2020 - yil 28 - oktabrdagi hal qiluv qarori javob bo‘lishi mumkin. Oliy sud qarori bilan bilan “Telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi hamda “YouTube” videoxostingidagi Abdulloh Buxoriy, Mahmud Abdulmo‘min va Sodiq Samarqandiylarga taalluqli bo‘lgan quyidagi kanallar ekstremistik va terroristik deb topilgan.

19 yashar talaba ishi

Advokat Ruhiddin Komilov hamda diniy mavzularni yorituvchi jurnalist diniy adabiyotlar bilan bog‘liq jinoyat ishlari yo‘q darajaga tushib qoldi, deb turgan bir paytda Sirdaryo viloyatida 19 yashar talaba ishi sud qarori bilan qayta tergov qilinmoqda.

Sayxunobod sudi Javohir Omonovning ishini 9 - fevralda ko‘rib, “ishni sudda ko‘rish uchun yetarli asoslar mavjud emas, ishda kamchiliklar mavjud deb topib, o‘sha kamchiliklarni to‘g‘rilab, sudga qaytadan murojaat qilish tavsiyasi bilan qaytargan” edi.

Sudga taqdim etilgan materiallar orasida Javohir Omonovniki deyilgan telefondagi materiallar ustidan o‘tkazilgan maxsus ekspertiza xulosasi mavjud. Hujjatga ko‘ra, telefonda konstitutsiyaviy tuzumga qarshi materiallar mavjud emas. Ekspertlar xulosasi, so‘nggi bandni istisno qilganda, mutlaqo ijobiy. Xulosaning so‘nggi bandida ba’zi fayllardan O‘zbekistonda taqiqlangani aytilgan ikki imomning ma’ruzalari chiqqani ko‘rsatilgan.

Ekspertiza xulosasidan ekspertlar bir vaqtning o‘zida ikkita - Samsung A3 va Redmi 7 telefonlari tarkibidagi materiallar ustidan tadqiqot o‘tkazgani anglashiladi.

Omonovning 16 - fevral kuni Ozodlikka aytishicha, uning telefoni Redmi 7 edi. Ekspertizaga jo‘natilgan Samsung A3 telefoniga uning hech qanday aloqasi yo‘q.

Javohir Omonovning aytishicha, uning "ta’qib qilayotgani siyosiy faoliyati" bilan bog‘liq:

"2020 - yili Prezident Sh.Mirziyoyevning muxolif partiyalar to‘g‘risidagi bayonoti ortidan yangi Uyg‘onish nomi ostida mustaqil partiya tuzishga harakat qilganman. Ba’zi sabablarga ko‘ra bu harakatim natijasiz tugagan bo‘lsada mustaqil siyosiy partiya tuzish fikrimdan qaytmaganman. Qolaversa ijtimoiy tarmoqlarda o‘zimning kuchli tanqidiy, tahliliy hamda holis fikrlarimni bildirib boraman".

"Qora ro‘yxat"larning bekor qilinishi

Taqiqlangan diniy-ekstremistik guruhlarga aloqadorlar, moyillik ko‘rsatganlar yoki adashib qo‘shilib qolgan kishilarning “qora ro‘yxati” mavjudligi 2017 - yilda prezident Mirziyoyev tomonidan rasman aytilgan va bu ro‘yxatdan adashganlarni chiqarish tashabbusi ko‘tarilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 - yilning 8 - dekabrida Konstitutsiya qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida diniy ekstremistik guruhlarga aloqador ko‘rilgan 20 mingdan ziyod fuqaro nazoratdan chiqarilganini ma’lum qilgan.

"Bir paytlar diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarildi. Man etilgan tashkilotlarga adashib kirib qolgan, qilmishiga pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi", deb aytgan prezident.

XS
SM
MD
LG