Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:43

Ko‘zgulardan qurilgan uy: Nega Gulnora Karimovaning qamoq muddati uchinchi marta uzaytirildi?


E’tiboringizga Olster universiteti professori, kriminolog Kristian Lassletning (Kristian Lasslett) maqolasini havola qilyapmiz.

Kristian Lasslet Markaziy Osiyo, Yevropa va Tinch okeani janubidagi davlatlardagi korrupsiya va kleptokratiya masalalari bo‘yicha tadqiqotchidir. Uning “Urbanizatsiya jinoyatlarining fosh qilinishi” kitobi 2018 yili nashrdan chiqqan.

***

Islom Karimov 1991 yildan vafotiga qadar (2016 yil) O‘zbekistonni qattiqqo‘l​ avtoritar uslubda boshqargan edi. Garchi Karimov nomi mamlakatda hurmat bilan tilga olinayotgan bo‘lsa-da, qizlarining mamlakat tarixida o‘rni haqida bunday deyish qiyin.

Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora ma’lum davrda O‘zbekistonning eng mashhur shaxslaridan biri bo‘lgan edi. U Jerar Depardye bilan duetlar kuyladi, Bill Klinton bilan muloqot qildi, san’atga homiy bo‘ldi, moda imperiyasini boshqardi, she’rlar yozdi, bir marta o‘sha she’rlari puli to‘langan suhbatdoshini yig‘lashga majbur ham qilgan edi.

Biroq hash-pash deguncha o‘tib ketgan 10 yil mobaynida Karimova sanoatning butun boshli sohalarini qo‘liga oldi, O‘zbekiston bozorlariga intilayotgan har qanday sarmoyador uchun kirish kalitlari tarqatuvchisiga aylandi.

Karimovaning mavqeidan butunlay ketishiga mamlakatdagi ta’sir kuchiga ega kishilar, sur kardinallar va soyadagi oligarxlardan iborat yurt taqdirini yopiq eshiklar ortida hal qiluvchi hukmron to‘da sabab bo‘ldi. 2000- yillarda O‘zbekistonning maxfiy a’yonlari Karimova otasi hokimiyatda ekanidan foydalanib, biznes tortining tobora kattalashib borayotgan qismini kerak bo‘lgan joylarda kuch ishlatib bo‘lsa ham tortib olayotganini zimdan kuzatib turdi.

2012 – 2013 yillarda Karimovaga qarshi putch uyushtirildi va bu uning to‘satdan qamoqqa tashlanishiga sabab bo‘ldi. Ayni paytda u mamlakatning Zangiota jazo koloniyasida saqlanmoqda.

2016 yilda Islom Karimovning o‘rnini egallagan prezident Shavkat Mirziyoyev hukumati Karimova chet ellarda yashirgani xabar qilingan 1,5 milliard dollarlik aktivlarni mamlakatga qaytarishga urinmoqda. Faollar Karimovlar oilasi va uning sodiq tarafdorlari aktivlarini yangi hukmron to‘da adolat bilan taqsimlash o‘rniga o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborishi mumkinligidan xavotir bildirgan edi.

Shunday siyosiy vaziyatda 47 yashar Karimovaga qarshi joriy yil yanvarida Toshkentda sud muhkamasining uchinchi turkumi boshlandi. 18 martda Karimovaga yulg‘ichlik, reket, pul yuvish va davlat mablag‘larini noqonuniy ishlatib yuborish singari ayblovlar qo‘yildi. Unga yana 13 yilu 4 oylik qo‘shimcha qamoq jazosi tayinlandi.

‒ Bu Gulnora Karimovaga nisbatan uchinchi sud mahkamasi va qarori bo‘ldi hamda barcha uch vaziyatda ayblovlar eng so‘nggi lahzada e’lon qilindi, ‒ deya openDemocracy media platformasiga xabar berdi Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manja. ‒ Hech bir mustaqil o‘zbek advokati mijozimizga na yordam bera va na uni ko‘ngildagidek himoya qila oldi.

Manjaning fikricha, Karimovaga uning nomidan mustaqil ish ko‘radigan advokat olishiga ruxsat etilmagan. O‘zbekiston hokimiyat idoralari advokatga 2024 yilga qadar mamlakatga kirishni taqiqlab qo‘ygan.

Bosh prokuratura e’lon qilgan matbuot xabarnomasida qayd etilishicha, Karimovaga qarshi jinoyat ishi ilgari davlat mulki bo‘lgan ikkita sement zavodi: “Bekobodsement” AJ va “Quvasoysement” AJ bilan bog‘liq tarzda qo‘zg‘atilgan. U o‘sha zavodlardagi davlat ulushini o‘zlashtirib olganlikda va ularni chet ellik sarmoyadorlarga sotib yuborganlikda ayblanmoqda. Bosh prokuratura Karimova so‘ngra o‘sha chet ellik sarmoyadorlarga noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanishida yordam berganini iddao qilmoqda.

Karimova ustidan so‘nggi sud mahkamasi yopiq holda o‘tkazildi va sud majlisida o‘sha chet ellik sarmoyadorlarning kimligi oshkor qilinmadi. Biroq savollarga javobni Investitsiyalar bilan bog‘liq bahslarni tartibga soladigan xalqaro markaz (ICSID) chiqargan oraliq qarordan topish mumkin. Markaz Jahon bankining investitsiyalar bilan bog‘liq bahslarni hal etishga ixtisoslashgan arbitraj sudidir.

2017 yilgi qaror Visor Group investitsiya kompaniyasi O‘zbekiston hukumatiga qarshi “500 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan” zararni qoplab berish haqidagi da’vo asosida ish qo‘zg‘atgandan so‘ng qabul qilingan edi. 2013 yilda boshlangan ish ham o‘sha ikkita sement zavodiga – “Bekobodsement” va “Quvasoysement”ga – tegishli bo‘lib, Karimovaning yaqinda ko‘rib chiqilgan ishiga taalluqlidir. O‘sha zavodlar birinchi prezidentning qizi Karimovadan sotib olingan ko‘rinadi.

Karimovaning sement bilan bog‘liq mashmashasi

Olmaotada joylashgan Visor Group investitsiya kompaniyasi sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi kompaniyalar aksiyalarini sotib oluvchi investitsiya firmasidir. Uning asoschisi mashhur qozoq biznesmeni Aydan Karibjanovdir. Maqola muallifi Visor kompaniyasi bilan bog‘landi, ammo javob ola bilmadi.

90-yillar oxirida Karibjanov Qozog‘iston “Kazkommersbank”ining boshqaruvchi direktori bo‘lgan. U 2001 yilda bankdan ketgan. Bloomberg telekanali xabariga ko‘ra, o‘sha yili “Kazkommersbank”dagi miqdori noma’lum aksiyalar paketini sotgandan so‘ng Visor Group kompaniyasini tashkil qilgan. Kompaniyaning mintaqaviy investitsiyalar profili o‘sgandan so‘ng Karibjanov Qozog‘istondagi yuqori rahbarlik lavozimlarini saqlab qoldi. 2008 yil noyabrida u mamlakatning suveren farovonlik jamg‘armasi “Samruk-Kazina”ning boshqaruvchi direktori etib tayinlandi.

Oradan ko‘p o‘tmay, fond Karibjanovning oldingi ish beruvchisi bo‘lgan va global moliyaviy inqirozdan zarar ko‘rgan “Kazkommersbank”ka 985 million dollarlik moliyaviy qutqaruv chambaragini tashladi. “Kazkommersbank” ham o‘sha paytda Visor kompaniyasining O‘zbekistondagi sement ishlab chiqarish sohasiga kiritayotgan investitsiyalari uchun mablag‘ ajratayotgan edi.

Visor sarmoyadorlari O‘zbekistonning sement sanoatiga “Bekobodsement” va “Quvasoysement” aksiyalarini xarid qilish orqali 2006 yilda kirgan. Ushbu aksiyalar dunyoning bir qancha yetakchi maxfiy yurisdiksiyalarida transmilliy korporativ tuzilmalar orqali xarid qilinib jamlanayotgan edi. O‘sha yurisdiksiyalardan kompaniyalar va moliya bilan bog‘liq ma’lumotlarni olish ko‘pincha juda qiyin.

Visor holdingi tuzilmasi diagrammasi | ICSID Decision, 2017
Visor holdingi tuzilmasi diagrammasi | ICSID Decision, 2017

Visor sarmoyadorlari Jahon banki arbitraj sudiga bergan guvohligida nomi yuqorida zikr etilgan kompaniyalarni Gulnora Karimovadan sotib olyapmiz, deb o‘ylagan edik deya iddao qildi, vaholanki uning ismi aksiyalar sotib olinganligiga oid birorta ham hujjatda ko‘rsatilmagan.

Visor sarmoyadorlaridan biri Vladislav Kim arbitraj sudi oldida shunday degan edi:

− O‘zbekistonda yirik kompaniyalarni sotib olish AQSh va Buyuk Britaniyadagi xaridlarga o‘xshamasligini, prezidentning qizi bilan ish qilayotganimizni, sotuvchi bilan kelgusi potensial bitimlar uchun uzoq muddatli o‘zaro ishonch munosabatlarni o‘rnatishni istayotganimizni hamda sotuvchining bitimni O‘zbekiston qonunchiligi talablariga mos ravishda bitirish jarayonini boshqaradigan o‘zbek yurist va maslahatchilari komandasi borligini bila turib, ishni olg‘a siljitar ekanmiz, hech narsadan xavotirimiz yo‘q edi.

Visor sarmoyadorlari Karimova 2006 yildan oldin ham, keyin ham ijtimoiy lavozimlarida ishlaganini tan oladi, biroq u 2006 yil davomida davlat amaldori bo‘lmaganini ta’kidlaydi. Ularga ko‘ra, agar Karimova davlat amaldori bo‘lganda edi, bu O‘zbekiston qonunchiligida poraxo‘rlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun muhim unsur hisoblangan bo‘lur edi. Sud uning fikriga qo‘shildi.

Sud yana ikkita sement zavodi uchun 33,98 million dollar to‘lanishi pora berganlik uchun isbot bo‘la olmasligi haqidagi dalilga ham rozi bo‘ldi.

Ammo O‘zbekiston hukumati bunga qo‘shilmadi. Unga ko‘ra, zavodlarning atay baland narxlarda sotib olingani 8,2 million dollar miqdoridagi pora yashirilishiga sabab bo‘lgan.

O‘sha davrda Karimova O‘zbekistonning telekommunikatsiya sohasidagi chet ellik sarmoyadorlar bilan aksiyalar oldi-sotdisida narxlari ataylab bo‘rttirilgan bitimlar orqali pora olish sxemasini ishlab chiqqan edi.

Sement zavodlari vakillari bildirishicha, O‘zbekiston hukumati ICSID eshituvlarida zavodlar uchun atay yuqori narxlar belgilangani porani yashirishga urinish bo‘lganini, Toshkent fond birjasiga noto‘g‘ri ma’lumotlari berilganini aytgan.

Hukumat Toshkent fond birjasida ro‘yxatga olingan hujjatlarda sotish narxi 2,2 millon dollar bo‘lganini aytadi. Taxminan o‘sha vaqtda Angliyada tuzilgan xususiy aksiyalarning oldi-sotdi shartnomasida ikkita zavodning haqiqiy sotib olish narxi 33,98 million dollari bo‘lgan, deydi hukumat vakillari.

”Bekobodsement” zavodi ishchilari | Manba: Bekobodsement”
”Bekobodsement” zavodi ishchilari | Manba: Bekobodsement”

Visor sarmoyadorlari ikkita bir-biridan farqli bitim mavjudligini tan oldi, ammo Buyuk Britaniyada tuzilgan xususiy aksiyalarning olti-sotdi shartnomasida qo‘shimcha shartlar va imtiyozlarni borligini hamda shular xarid narxlari o‘rtasidagi tafovutlarni asoslab berishini bildirdi.

Garchi arbitraj sudi so‘nggi bandga qo‘shilmagan bo‘lsa-da, aksiyalar oldi-sotdisi bo‘yicha Angliyada tuzilgan shartnomada xarid narxi oshkor qilinmagani poraxo‘rlik yoki qalloblikning bevosita isboti ekaniga ishonmasligini qayd etdi.

Arbitraj sudida ta’kidlanishicha, “birjada atay soxta narx qo‘yilishi qalloblik qilish niyatiga teng emas”. Sud keyinchalik chiqargan oraliq qarorida quyidagilarni qo‘shimcha qildi: “Angliyada tuzilgan bitimda pul bir oz oshiqcha to‘lanishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, oshiqcha pul to‘lanishi fakti unga pora sifatida qarash kerakligidan dalolat bermaydi”.

Sud O‘zbekiston hukumatining harakatsizligini alohida qayd etdi. ICSID arbitraj sudiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati “(a) Karimova xonim o‘sha vaqtda davlat tergov izolyatorida ushlab turilgani uchun unga guvohlik ko‘rgazmalari bergizmadi yoki (b) nega buning imkonini bo‘lmaganini tushuntirib bermadi”.

Arbitraj sudi yana ta’kidlashicha, O‘zbekiston hukumati “Karimova xonimning roliga oid o‘tkazilgani ehtimol tutilgan davlat tergovi natijalarini ushbu sud majlisiga vaqtida taqdim etmadi... hamda Karimova xonimning biznes faoliyatida yordam bergan, ya’ni uning qo‘l ostida bo‘lgan yoki boshqa tarzda ishlaridan xabardor boshqa kishilarning guvohlik ko‘rgazmalarini ta’minlab bermadi”.

Qozog‘istonlik sarmoyadorlar

Arbitraj sudi qaroriga binoan, Visor sarmoyadorlari pulning ko‘p qismini O‘zbekistondagi sement zavodlariga yo‘naltirgan. Dastlab mablag‘ni “Kazkommersbank” ajratgan, Visor kompaniyasi asoschisi Aydan Karibjanov 2011 yilga qadar uning boshqaruvchi direktori bo‘lgan.

O‘zbekiston hukumati “Kazkommersbank”ning ushbu kreditlari tegishli taraflar o‘rtasida tranzaksiya qilinganini aytdi: boshqa aytganda, qozog‘istonlik sarmoyadorlar kreditlar berilgan paytda bankdan nariroq turmagan.

Hukumat kredit miqdori ikkita sement zavodi bahosiga ancha-muncha mutanosib bo‘lmaganini hamda pirovardida Karibjanov rahbarlik qilayotgan Qozog‘iston suveren farovonlik fondiga nisbatan – fond 2008-2009 yillarda “Kazkommersbank”ni og‘ir vaziyatdan qutqargan edi – qalloblik bo‘lganini aytmoqda.

Jahon bankining arbitraj sudi Visor kompaniyasidan uning filiali bergan kafolat “Kazkommersbank” kreditlari asosiy qismini ta’minlab bergani xususida isbotni qabul qildi. U O‘zbekiston hukumatining berilgan kreditlar ishga aloqasi bor tomonlar o‘rtasidagi tranzaksiya yoki qalloblik ekani haqidagi da’vosini rad etdi, ayni choqda Visor kompaniyasi kredit bergan vaqtda sarmoyadorlar “Kazkommersbank”da rahbarlik lavozimlarida ishlamagani xususidagi dalilini qabul qildi.

Ushbu ancha-muncha investitsiya kiritilganidan so‘ng qozog‘istonlik da’vogarlar 2010 – 2013 yillarda O‘zbekiston hukumatining ta’qib va mulkni zo‘rlik bilan tortib olishday noqonuniy kampaniyasiga duch kelganini aytdi. Masalan, axborot vositalari “Bekobodsement” zavodi bish direktori soliq to‘lashdan qochish aybi bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, qamalganini xabar qildi.

Visor kompaniyasi vakillari sement zavodlariga kiritgan investitsiyalaridan ayrilganini va 500 million dollardan oshiq yetkazilgan zarar qoplab berilishi kerakligini da’vo qilayotganini aytmoqda.

Aftidan, zarar, asosan, “Kazkommertsbank”ning 320 million dollarlik qarzi hamda Visor kompaniyasi sarmoyadorlari bo‘ynidagi qarz va uning ustiga qo‘shib hisoblanayotgan foizlardir.

Arbitraj sudi ma’lum qilishicha, voqealarning Visor kompaniyasiga tegishli talqiniga asosan, 127 million dollar sement zavodlari uskunalarini yangilash uchun kredit mablag‘lari hisobidan investitsiya qilib kiritilgan. Bu ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmini va rentabellikni oshirish imkonini bergan. So‘ngra “ishlab chiqarish quvvati oshirilishi natijasida”, Visor kompaniyasi “Kazkommersbank”dan yana 320 million dollar hajmida qo‘shimcha moliyaviy mablag‘ jalb etgan.

Arbitraj sudi qarorida 320 million dollarlik investitsiya aynan nima maqsadlarga ishlatilgani tafsiloti keltirilmagan. Sarmoyadorlar bildirishicha, ularning “maqsadi “Bekobodsement” va “Quvasoysement” zavodlariga investitsiya kiritish, so‘ngra qulay vaqtda bozor sharoitidan kelib chiqib, ulushlarini sotish bo‘lgan”.

Sement ishlab chiqarish sohasi standartlariga ko‘ra, 437 million dollar – juda ko‘p pul. Chet ellik sarmoyadorlar so‘nggi 10 yil ichida O‘zbekistonning sement sanoatiga 115-150 million dollarlik investitsiya kiritib, quvvati 1 million tonnadan oshiq bo‘lgan yangi sement zavodlari barpo qildi.

Ko‘p narsa mavhum qolayotgan holat

Ushbu holatda tomonlardan biri chet ellik sarmoyador ekanini, davlatning noqonuniy ta’qibiga duch kelishdan oldin Sovet davridan qolgan ikkita sement zavodi uskunalarini yangilash uchun ancha-muncha qarz berganini aytdi. Boshqa taraf, ya’ni O‘zbekiston hukumati qozog‘istonlik sarmoyadorlar sement zavodlarini qo‘lga kiritish uchun pora berganini iddao qilmoqda. O‘zbekiston hukumati fikricha, ushbu zavodlardan “Kazkommersbank”ni 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan olib chiqqan Qozog‘iston suveren farovonlik fondini aldash maqsadida foydalanilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga tanqidiy nazar tashlansa, ushbu ishdagi ko‘p narsalar o‘zaro mos kelmayotganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston hukumati Visor kompaniyasi sarmoyadorlari Gulnora Karimovaga pora berganini ta’kidladi. Biroq hukumatning ushbu iddaosiga yarasha kuchli isbot keltira olmagani qayd etilgani uni rad etmoqda. Shunga qaramasdan, O‘zbekiston sudlari qo‘lida ushbu ish bilan bog‘liq tarzda Karimovani ayblash uchun yetarli isbotlar borga o‘xshaydi.

Ushbu jarayon davomida Karimovaning ovozi chiqmadi. O‘zbekiston hukumati uning ochiq gapirish qobiliyatini nomaqbul deb hisoblagan ko‘rinadi.

Visor kompaniyasi sarmoyadorlari poraxo‘rlik haqidagi iddaolarga axborot vositalari orqali e’tiroz bildirdi. Ular O‘zbekiston hukumatining mol-mulkni noqonuniy tarzda tortib olishidan jabr ko‘rganini aytmoqda. Kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatida ishtirok etgan yuqori laozimli amaldorning hibsga olinib, qamoqqa tashlanishi kompaniya jazo nishoniga aylanganini tasdiqlashi aytilayotgan paytda O‘zbekiston hukumati buning uchun qonuniy asoslar bo‘lganini bildirmoqda.

320 million dollarlik kredit O‘zbekistondagi sement zavodlariga qanday investitsiya qilingani yoki 400 million dollardan oshiq ekani aytilayotgan bunday investitsiyani Sovet davridan qolgan, ammo modernizatsiya qilingan ikkita zavodni sotish orqali qoplash xususidagi tafsilotlar haqida juda kam ma’lumot berildi. Bundan tashqari, “Kazkommersbank” va uning vakillari kafil garov sifatida tikkan narsani olgan-olmagani haqida ham ma’lumot juda kam. Ushbu masalaga arbitraj sudining yakuniy qarorida oydinlik kiritilishi mumkin.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tarqatgan matbuot xabarnomasida “xalqaro kompaniya” yangi isbotlar taqdim etgani munosabati bilan Karimova ustidan so‘nggi sud mahkamasi boshlangani xabar qilindi. Ammo o‘sha kompaniyaning nomi oshkor qilinmadi. Bu rasmiy hujjatning jiddiy kamchiligidir. Manba kompaniya qaysi ekanini bilish joriy voqealarni tushunib olishda ochqich vazifasini o‘tashi mumkin. Toshkentdagi sud mahkamasi yopiqligini hisobga olib, yaqinda bo‘lib o‘tgan yashirin sud hukmi haqida axborot vositalaridan biror narsa bilib olish qiyin.

ICSID arbitraj sudi majlisi davom etmoqda. Yaqin oylarda yoki yillarda zararni qoplash haqidagi da’vo qanday hal etilishi ushbu murakkab ish ortida aslida nimalar turganini bilib olishning yagona imkoniyati bo‘lishi mumkin.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG