Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:27

Bosh prokuratura Toshkent hokimiga "mansubligi ta’kidlangan" audioni o‘rganishni boshladi


Jahongir Ortiqxo‘jayev (o‘ngdan birinchi ) prezidentning kichik kuyovi (chapdan birinchi) Otabek Umarov bilan birga (Illyustrativ surat)
Jahongir Ortiqxo‘jayev (o‘ngdan birinchi ) prezidentning kichik kuyovi (chapdan birinchi) Otabek Umarov bilan birga (Illyustrativ surat)

Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy nashrlarda tarqalgan hamda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani iddao qilingan audioyozuv bo‘yicha surishtiruv boshlaganini bildirdi.

16 noyabr kuni tarmoqlarga chiqarilgan yozuvda, ovoz egasi jurnalistlarni jismonan yo‘q qilish, geyga chiqarib mahallasida sazoyi qilishini aytib, ochiqdan-ochiq tahdid qiladi.

Audioyozuv tarqatilganidan bir kun o‘tib, Kun.uz nashrining yozishicha, bu tahdidlar nashr muxbirlari - Rahmatilla Isroilov, Sherzod Egamberdiyev va Bahodir Ahmedovlar "hokim qabulida bo‘lgan chog‘da yangragan".

Kun.uz bildiruvi

17 noyabr kuni nashr "Ortiqxo‘jayevcha so‘z erkinligi: Poytaxt hokimi Kun.uz muxbirlariga tahdid qilgandi" sarlavhali maqolani chop etdi.

Maqolada aytilishicha, 16 noyabr kuni tarqalgan audioyozuvdagi tahdidlar shu yilning avgust oyida Kun.uz muxbirlariga nisbatan aytilgan.

"Mazkur tahdid shahar hokimidan Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov bilan bog‘liq voqeaning ertasiga Kun.uz muxbirlari Rahmatilla Isroilov, Sherzod Egamberdiyev va Bahodir Ahmedov hokim qabulida bo‘lgan chog‘da yangragan", deyiladi maqolada.

Aytilishicha, "tahririyat hokim bilan uchrashuv vaqtidagi audioyozuvni Vahobov va Kun.uz o‘rtasidagi nizoli vaziyat qasd olishga aylanib ketmasligi hamda shahar hokimining obro‘-e’tiboriga putur yetkazmaslik uchun ommaga oshkor qilish fikridan voz kechgan".

"16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda shu voqeaga oid audioyozuv tarqalishiga esa tahririyatning aloqasi yo‘q".

Bayonot

Bosh prokuratura 16 noyabr kuni tarqalgan audioyozuv yuzasidan 17 noyabr kuni bayonot berdi.

"J.Ortiqxo‘jayevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qaerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qo‘shimcha bayonot beriladi", deyiladi bayonotda.

Oshkora tahdid

16 noyabr kuni tarmoqqa chiqarilgan va Jahongir Ortiqxo‘jayev ovozi, deb iddao qilinayotgan audioyozuvda, ovoz egasi ko‘cha tilida jurnalistlarni geyga chiqarish va sazoyi qilishi bilan tahdid qiladi:

"Ya za shest sekund vas posaju v odno taksi s geem, i vsyo! (Men olti sekundda sizlarni ichida gey o‘tirgan taksiga o‘tqazaman va tamom!) Fotografiruyut i vas ob’yavlyayut geem (Sizni fotosuratga olishadi va gey deb e’lon qilishadi). Yoqadimi rahbarimizga, yoqmaydimi meni o‘zimning ham xarakterim bor. Ya mogu eto delat. Shest sekund mogu sdelat. Organizovat mogu. Ili somnevaeshsya? Tushuntiroldimmi?" - deydi ovoz egasi.

So‘ngra ovoz egasi jurnalistlarni jismonan yo‘q qilishini aytadi va bunday taqdirga uchramaslik uchun, jurnalistlarni hokimiyat bilan hamkorlik qilishga zo‘rlaydi:

"Shuning uchun, luchshe s nami rabotayte (yaxshisi biz bilan ishlanglar). Yesli u vas budut kakie-to problemi, pomogite nam, chtobi mi reshili etu problemu (Agar sizlarda qandaydir muammo tug‘ilsa, bizga bu muammoni yechishda yordam beringlar)", deydi ovoz egasi.

Ommaviy qoralov

Bu audioyozuv tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarda juda katta norozilik uyg‘ondi.

Oddiy foydalanuvchilaru blogger va siyosiy faol shaxslar jurnalistlarga tahdid qilgan mulozimga chora ko‘rilishini talab qila boshladi.

Ayni paytda, avvalgidan farqli tarzda, O‘zbekistondagi qator siyosiy partiyalar va tashkilotlar yetakchilari ham bu kampaniyaga qo‘shildi.

Xususan, Toshkent shahar hokimligi bu holatni o‘rganish uchun maxsus ishchi guruh tuzilganini bildirdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham audio bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

"Biz vaziyatdan xabardormiz va bu borada tegishli choralar ko‘rilmoqda. To‘plangan barcha ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Bosh prokuraturaga murojaat xati yuboriladi va ularning xulosalari asosida muayyan to‘xtamga kelinadi", deya ma’lum qildi agentlik.

Yana bir audioyozuv

Shu yilning 16 avgust kuni Toshkent shahar hokimiga tegishli ekani iddao qilingan boshqa bir audioyozuv Ozodlikka kelib tushgandi.

Unda ovoz egasining qabuliga borgan o‘ndan oshiq shikoyatchiga “Qaerga borsang shu yerga bor, xohlasang prezidentga, xohlasang, Xudoga bor!” deb baqirgani, stolga baklajka bilan qattiq urib, xodimlarini xonadan haydab chiqargani eshitiladi.

O‘shanda Ozodlik izoh so‘rab, Toshkent shahar hokimi qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qilgan.

Matbuot kotibi Ozodlik savollarini eshitib turgan bir paytda, ikkinchi liniyada paydo bo‘lgan Jahongir Ortiqxo‘jayevnikiga o‘xshash ovoz sohibi, unga Ozodlik bilan gaplashishni man qilgan va shu bilan murojaat javobsiz qolgandi.

Ozodlik qo‘shimcha tafsilotlarni aniqlashda davom etmoqda. Yangiliklarni Ozodlikda kuzatishda davom eting!

XS
SM
MD
LG