Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:40

Avstraliyalik olimlar: 2100 yilgacha dengiz sathi 1 metrga ko‘tarilishi mumkin


Grenlandiya hamda g‘arbiy Antarktidadagi muz qatlamlari 2005 yildan beri yiliga 430 milliard tonna massa yo‘qotib kelmoqda.
Grenlandiya hamda g‘arbiy Antarktidadagi muz qatlamlari 2005 yildan beri yiliga 430 milliard tonna massa yo‘qotib kelmoqda.

Avstraliya milliy universitetining bir guruh olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, global isish jarayoni dengiz sathi bugunga qadar ishonilgandan ancha tezroq sur’atda ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu holat esa, yuz minglab odam uchun fojiali yakunlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

So‘nggi million yil ichida Yerda taxminan 100 ming yilga cho‘ziluvchi sovuq davrlar – muz davrlari hamda qisqaroq “mo‘’tadil” davrlar birin-ketin o‘rin almashib keladi. Bundan 11,500 yil oldin boshlanib, hozirgacha davom etayotgan mo‘’tadil davr Golotsen deb nomlanadi.

Avstraliya milliy universiteti olimlarining Nature Communications jurnalida chop etilgan maqolasida yozilishicha, bundan 125-118 ming yil oldin sodir bo‘lgan mo‘’tadil davrda global harorat hozirgiga solishtirgandan atigi 1°C ga yuqori bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, dengiz sathi 10 metrga ko‘tarilgan. Ushbu ma’lumotga tayangan holda olimlar Golotsen davrida inson faoliyati tufayli iqlim o‘zgarishi oqibatlarini taxmin qilishdi.

“So‘nggi 200 yil ichida issiqxona gazlari so‘nggi mo‘’tadil davrdagiga solishtirganda iqlim keskinroq va tezroq o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Bu esa dengiz sathi ko‘tarilishi bo‘yicha taxminlar kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarning faqatgina minimumiga mos keladi, deganidir”, deyiladi maqolada.

Antarktidadagi muz qatlamlari esa tez o‘zgarishga qodir bo‘lib, dengiz sathi ko‘tarilishida muhim o‘rin tutadi.

So‘nggi ikki muz davri o‘rtasidagi mo‘’tadil davrda aynan Antarktida muzlarining erishi Yer okeanlaridagi sirkulyatsiya yo‘nalishlarini belgilab bergan.

BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Grenlandiya hamda g‘arbiy Antarktidadagi muz qatlamlari 2005 yildan beri yiliga 430 milliard tonna massa yo‘qotib kelmoqda. Hozirgi kundagi bashoratlarga ko‘ra, 2100 yilgacha dengiz sathi 70-100 smga ko‘tariladi. Ushbu ko‘rsatkich aynan qancha smga ko‘tarilishi keyingi o‘n yilliklarda atmosferaga qancha ko‘lamda issiqxona gazlari chiqarilishiga bog‘liq bo‘ladi.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo kengashning sentabr oyida chiqarilgan hisobotida har qanday holatda ham dengiz sathi ko‘tarilishi sur’ati keyingi asrda tezlashishi haqida ogohlantirildi.

Avstraliya milliy universiteti olimlari maqolasida “So‘nggi mo‘’tadil davrda kuzatilgan dengiz sathi ko‘tarilishining sur’ati tezligi va ko‘lami hayratlanarlidir. O‘sha davrdagi harorat o‘sishi bizda sodir bo‘lishi kutilayotgan o‘zgarishlarga o‘xshash bo‘lgan. Bu esa qutblardagi muz qatlamlari kelajakda dengiz sathi ko‘tarilishiga bugunga qadar o‘ylaganimizdan kattaroq ta’sir ko‘rsatadi, deganidir”, deya xulosa qilindi.

XS
SM
MD
LG