Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:34

"Uyushmagan migratsiya". O‘zbek migrantlari Rossiyaga o‘z yo‘li bilan borishni afzal ko‘rmoqda


O‘zbekiston davlat organlari orqali Rossiyaga mehnat muhojirlarini yollash deyarli olti barobarga kamaydi. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (TMMA) ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil davomida O‘zbekistondan Rossiyaga uyushtirilgan holda atigi 4 mingga yaqin odam jo‘natilgan.

Migratsiya mutaxassislariga ko‘ra, bu raqamlar mehnat migrantlariga Rossiyaga uyushmagan holda kelib, ishlab ketish qulayligini ko‘rsatadi.

2022-yilning birinchi yarmida Rossiyaga ishlash uchun 2021-yilning shu davriga nisbatan olti barobar kam migrant ketgan.

Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida 2017-yilda erishilgan kelishuvga binoan O‘zbekistondan Rossiyaga uyushgan yollash orqali olib kelingan ishchilar soni 3906 nafarni tashkil etdi. “Interfaks” xabariga ko‘ra, agar 2021-yilning birinchi yarmida Rossiyaga 22 116 o‘zbek migranti ketgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 6 barobarga kamaygan.

Миграция экспертлари: Россияда мигрантлар етишмовчилиги сақланиб қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:05 0:00

Ayni damda, Rossiya Ichki ishlar vazirligi Rossiyadagi mehnat migrantlari soni o‘tgan yarim yilda ko‘payganini ta’kidlamoqda.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, shu yilning yanvar-may oylarida Rossiya Migratsiya xizmatida ro‘yxatga olingan chet elliklar soni 6,6 million kishini tashkil etgan. Bu bir yil avval 3,9 million kishi ro‘yxatga olinganidan deyarli ikki barobar ko‘pdir. Shu bilan birga, “Vedomosti” nashri o‘z manbalariga tayanib, markaziy osiyoliklardan boshqa barcha davlat fuqarolari ommaviy ravishda o‘z yurtlariga qayta boshlagani haqida yozdi.

Bu raqamlarga rasmiy izoh bergan Butunrossiya milliy qurilish siyosati markazi rahbari Aleksandr Moor bugunda mamlakatda ishchi kuchi defitsiti sezilmayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Mutaxassislar Rossiyadagi muhojirlar sonining o‘sishi ularning xizmatlariga nisbatan yuqori talabdan dalolat beradi, demoqda.

2021-yilda tashkillashtirilgan tartibda ishga yollashning o‘sishi mutaxassislar tomonidan birinchi navbatda koronavirus cheklovlari bilan bog‘liqligi tushuntirildi. Bu davrda O‘zbekiston davlat idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan Rossiya kompaniyalariga ishga yollash orqaligina Rossiyaga ishlash uchun ketish mumkin edi.

2022-yilda Rossiya hukumati koronavirus cheklovlarini olib tashladi, shu sababli, ekspertlar fikricha, Rossiyaga muhojirlarning tabiiy oqimi qayta tiklandi.

Xo‘sh, uyushgan mehnat migratsiyasini tashkil etish siyosati nima uchun muvaffaqiyatsizlikka uchradi? Nima sababdan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining rus firmalari bilan uyushtirgan kontraktlari muhojirlarni qoniqtirmay qoldi?

Vaziyatdan xabardor o‘zbekistonlik migratsiya eksperti Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda 2017-yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida “orgnabor” yoki “uyushgan tartibda yollash” to‘g‘risidagi kelishuv qog‘ozda qolib ketgani va bu hujjat shartlari bajarilmayotganini aytdi.

- Bizda “orgnabor”ning o‘zi yo‘q edi – uni 2017-yilda kelishilgandek tashkillashtira va ommalashtira olishmadi. G‘oyaning o‘zi yaxshi, uni amalga oshirish – nol! Sanoqli rossiyalik “erkatoy” kompaniyalar bor ediki, Mehnat vazirligi agentlari faqat shu kompaniyalar uchun odam yollardi. Bundan Mehnat vazirligidagi yuqori lavozimli shaxslar ham manfaatdor edi va ularning buyrug‘i bilan faqat shu kompaniyalarga ishchilar yollanardi. Vaholanki, aynan shu kompaniyalar ustidan migrantlarimizdan eng ko‘p shikoyatlari kelib tushgan. Amalda ish-maosh bermoqchi bo‘lgan Rossiya kompaniyalariga birorta ishchi jo‘natilmasdi. Korrupsiyalashgan bu loyiha boshidanoq muvaffaqiyatsizlikka uchrashi aniq edi.

Ayni damda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasmiy Telegram-kanalidagi xabarlardan Rossiya va boshqa o‘lkalarga ishchi migrantlarni yollash ishlari jadal sur’atlar bilan davom etayotgani anglashiladi.

Migratsiya rasmiylari viloyatlarda ish yarmarkalarini tashkil etilayotgani, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan ishchilar va hatto ularning oila-a’zolari uchun kafolatlar berilayotgani, ish sharoitlari o‘rganilayotgani, maoshlari undirib berilayotgani haqida hisobotlar berib kelishadi.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Zohid Asqarovning ma’lum qilishicha, ayni paytda Rossiyada 1,5 millionga yaqin o‘zbekistonlik muhojir mehnat qilmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi idorasiga ko‘ra, respublika tashqarisida jami 2,4 millionga yaqin o‘zbekistonlik mehnat qiladi. Rossiyadagi ishchilar xorijda mehnat qilayotgan mamlakat fuqarolari umumiy sonining 63 foizini tashkil qiladi.

Rossiyada o‘tkazilgan so‘nggi ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha ishlab turgan O‘zbekiston fuqarolarining yarmidan ko‘pi ( 59 foizi) hozircha vataniga qaytishni rejalashtirmayapti.

XS
SM
MD
LG