Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:29

O‘zbekiston Rossiyani chetlab o‘tuvchi temir yo‘l bitimini imzolash rejasini tasdiqladi


Qirg‘iziston-Xitoy yo‘li.
Qirg‘iziston-Xitoy yo‘li.

Toshkent Xitoyni Qirg‘iziston orqali O‘zbekiston bilan bog‘lovchi temir yo‘l qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolash rejalarini tasdiqladi. Bu loyiha chorak asrdan beri amalga oshmay keladi.

Eurasia.net nashrining yozishicha, O‘zbekiston hukumati Rossiyani chetlab o‘tuvchi ushbu yo‘l orqali Turkiya va Yevropa bilan transport va savdo aloqalarini yaxshilashni ko‘zlamoqda.

Bu orada Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Kavkazdagi yirik infratuzilma loyihasi – Zangezur koridorini Toshkent ham qo‘llashini izhor qildi. Ozarbayjonning asosiy hududi va uning eksklavi Naxchivanni Zangezur koridori orqali bog‘lash tashabbusini Turkiya va Ozarbayjon qo‘llab keladi.

«O‘zbekiston Osiyodan Yevropaga eng qisqa quruqlikdagi yo‘lni ta’minlashi mumkin bo‘lgan Zangezur koridori tiklanishidan manfaatdor», — deya Norovning 2-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon vakillari qatnashgan yig‘indagi nutqidan iqtibos keltirmoqda Eurasia.net nashri.

«Biz ishonamizki, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining [Kavkaz infratuzilmasi bilan bog‘lanishi] mamlakatlarimiz o‘rtasida yagona transport tarmog‘ini yaratadi hamda Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi savdo geografiyasini kengaytiradi», — degan Norov.

Zangezur koridori loyihasi amalga oshirilsa, Ozarbayjon Armaniston, Eron va Turkiya o‘rab turuvchi Naxchivan anklaviga quruqlik orqali ulanadi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev loyiha Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida uzluksiz quruqlik aloqasini o‘rnatib, «butun turkiy dunyoni birlashtirishini» aytib keladi. Turkiya bu loyihani qo‘llashini izhor qilgan.

Yerevan 2020-yilda Ozarbayjon bilan 44 kun davom etgan urushdan so‘ng imzolangan otashkesimda bunday yo‘l qurilishiga rozi bo‘lgan bo‘lsa-da, Ozarbayjon tomoni bu yo‘lni «koridor» deb atayotgani xavotir keltirib chiqarmoqda.

Norovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Ozarbayjonni Turkiya bilan bog‘laydigan yana bir transport yo‘li: Boku–Tbilisi–Kars temiryo‘lidan ham foydalanishga tayyor.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari singari O‘zbekiston ham g‘arbga Rossiya orqali o‘tuvchi yo‘llarga alternativa izlamoqda, chunki Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan joriy qilingan xalqaro sanksiyalar Yevropaga Rossiya orqali yuk yuborishni mushkullashtirdi.

Toshkent Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini ushbu rejaning bir qismi deb biladi, sababi loyiha Pekinga Markaziy Osiyoga alternativ temir yo‘l yo‘nalishini beradi. Ayni damda mavjud temir yo‘l aloqalari Qozog‘iston orqali o‘tadi.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi chorak asr davomida muhokama qilib kelinadi. Aftidan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan loyihaga ko‘proq e’tibor qaratila boshlangan.

Norovning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda texnik-iqtisodiy asoslash ustida «faol ish olib borilmoqda». Iyun oyida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I iyun oyida TIAni imkon qadar tezroq yakunlash kerakligini ta’kidladi.

Qirg‘iziston hukumati qurilish shu yilning kuzida boshlanishiga qat’iy ishontirmoqda, ammo buning uchun TIA juda tez sur’atda yakunlanishi kerak bo‘ladi.

Temir yo‘l loyihasi xarajatlarini kim qoplashi noma’lumligicha qolmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li 8 milliard dollarga tushadi.

Xitoyda mablag‘ eng ko‘p bo‘lishi mumkin, ammo Pekin barcha xarajatlarni o‘zi qoplashni istamasligini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG