Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:48

Farg‘onalik oila Olmaotadagi tartibsizliklar paytida bedarak ketgan yaqinini qidirmoqda


Bedarak ketgani aytilayotgan Ziyodjon Qo‘chqorov 6 farzandning otasi. (Surat Ziyodjon Qo‘chqorov oilasi tomonidan taqdim qilingan)
Bedarak ketgani aytilayotgan Ziyodjon Qo‘chqorov 6 farzandning otasi. (Surat Ziyodjon Qo‘chqorov oilasi tomonidan taqdim qilingan)

Qozog‘istonda yanvar oyi boshida sodir bo‘lgan ommaviy norozilik va tartibsizliklar paytida bedarak ketgan farg‘onalik 43 yashar o‘zbek muhojirining yaqinlari uning taqdiridan xavotir bildirmoqda. Olti farzandning otasi bo‘lgan Ziyodbek Qo‘chqorov 5 - yanvar kuni ishga chiqib ketganicha oilasi undan boshqa xabar olmagan.

Qozog‘iston hukumati tartibsizliklarga aloqador shaxslarni qidirish davom etayotganini aytmoqda. Qozog‘iston politsiyasi birgina Nur-Sulton shahrida o‘tgan hafta 17, bu hafta yana 18 nafar O‘zbekiston vatandoshi migratsiya qonunchiligini buzgani uchun ushlanganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi hozirga qadar qo‘shni mamlakatdagi voqealarga aloqadorlikda o‘zbek fuqarolari ushlangani to‘g‘risida ma’lumot yo‘qligini aytgan.

"Ziyodjonning yo‘qolganiga 20 kun bo‘ldi"

Yaqinlariga ko‘ra, shu yilning 5 - yanvar kuni o‘zining Olmaota yaqinidagi uyidan chiqib ketgan 43 yashar Ziyodjon Rahmonovich Qo‘chqorovning qayerdaligi hozirgacha noma’lum qolmoqda.

Ziyodjon aslida Farg‘ona viloyatining Furqat tumanidan. U ancha yil oldin Qozog‘istonga ishlagani ketib, u yerda qozog‘istonlik Svetlana Sarsenbayeva bilan turmush qurgan va hozirda 6 nafar farzandni birga tarbiya qilib kelishadi.

Ozodlik bilan suhbatda Svetlana 20 kundan buyon erining qayerda ekanini aniqlay olmayotganini aytdi:

Svetlana Sarsenbayeva
Svetlana Sarsenbayeva

- 5 - yanvar kuni ishga boraman deb, ertalabki soat 9larda chiqib ketgandi. Unda O‘zbekiston grajdanligi bor, menda Qozog‘istonniki. Oltita farzandimiz bor, shu bolalarimning otasi bo‘ladi. U Olmaotada qurilishlarda ishlab yurardi. Tushlik paytida qo‘ng‘iroq qilib, “Qalqamandagi blokpostda odamlarni chiqarmayotir”, dedi. Shundan beri daragi yo‘q. Men Olmaotaning barcha tuman IIBlariga murojaat qildim. Yo‘q bizda, degan javob olyapman, -dedi o‘zbek muhojirining ayoli.

Ozodlik Ziyodjon Qo‘chqorovning Rossiyada ishlayotgan jiyani Azimjon bilan ham bog‘landi. Azimjon hozircha oila-a’zolari faqat qozoq politsiyasiga murojaat qilgani, O‘zbekiston rasmiylariga amakisi yo‘qolgani to‘g‘risidagi ma’lumotni qanday yetkazishni bilmayotganini aytdi.

Ozodlik jurnalistlari ham O‘zbekistonning Olmaotadagi konsulxonasiga kun davomida bog‘lana olmadi.

Nur-Sultondagi O‘zbekiston elchixonasining Ozodlik bog‘langan xodimi Ziyodjon Qo‘chqorov masalasini o‘rganishga va’da berdi.

- Qo‘chqorov masalasida biz ma’lumotni tekshirib ko‘ramiz. Ertaga (25 - yanvar kuni - tahr.) xodimimiz sizga aloqaga chiqib, natijalar bo‘yicha xabar beradi, - dedi ismini aytmagan elchixona xodimi.

"Tashqi kuchlar" va qo‘shni davlat fuqarolari

Qozog‘iston rasmiylari 2 - yanvar kuni mamlakat g‘arbida boshlangan va ommaviy norozilik namoyishlari hamda tartibsiliklarga aylanib ketgan voqealarda "tashqi kuchlar"ni ayblashgan. Prezident Toqayev hodisalarda Markaziy Osiyo hamda Yaqin Sharqdan kelgan qurolli jangarilar qatnashganini da’vo qilgan, ammo hozirga qadar bu da’volarni tasdiqlovchi dalillar oshkor etilmagan.

Qozog‘istondagi "terrorchilik harakatlari"da ishtirok etish uchun yollangani aytilgan shaxslardan biri qirg‘izistonlik musiqachi Vikram Ruzaxunov bo‘lib chiqdi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining norozilik notasi ortidan Ruzaxunov Olmaotadagi hibsxonadan ozod qilinib, vataniga yuborildi.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, Olmaotadagi hodisalar vaqtida qo‘lga olingan va politsiya bo‘limida qattiq kaltaklangan yana bir qirg‘iz fuqarosi Cho‘lponbek Sidiqov hozirda kasalxonada qolmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istondagi voqealarga aloqadorlikda mamlakat fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘qligini ma’lum qilgan edi.

17 - yanvar kuni Qozog‘iston chegarachilari jangovar o‘qdan jarohatlangan O‘zbekiston vatandoshini qo‘lga olgani haqida xabar tarqatdi. O‘zbekiston Respublikasining Olma-ota shahridagi Bosh konsulxonasi bu ma’lumotini rad etib, qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi emasligini bildirdi.

24 - yanvar kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozog‘iston poytaxtidagi vaqtincha saqlash hibsxonasida hujjatsiz ushlangan 17 nafar O‘zbekiston vatandoshlari saqlanayotgani to‘g‘risida xabar berdi.

Qozog‘iston o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi, har yili yuz minglab o‘zbekistonliklar pul topish ilinjida mavsumiy ishlar uchun Qozog‘istonga safar qiladilar.

O‘zbek tomoni 15 - yanvardan boshlab ikki davlat fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasi bilan Davlat chegarasini kesib o‘tishi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Cheklov koronavirusning yangi - omikron shtammi tarqalishining oldini olish maqsadida joriy qilingani aytildi.

Mamlakat g‘arbida gaz narxlarining oshirilishidan boshlangan va prezident Toqayev "davlat to‘ntarishiga urinish" deb ta’riflagan voqealarda, rasmiylarga ko‘ra, kamida 225 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq odam jabrlangan.

10 mingga yaqin odam voqealarga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingan, yuzlab jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, hozirda 450 ga yaqin odam hibsda qolmoqda.

Qozog‘iston hukumati Yevropa parlamenti deputatlarining xalqaro tergov o‘tkazish haqidagi chaqirig‘ini rad etgan.

XS
SM
MD
LG