Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:16

2020: Korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga oid savollarni javobsiz qoldirish hukumat strategiyasiga aylandi


Prezident Shavkat Mirziëev Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli brend bilan chiqarilayotgan gaz hisoblagichlarni ko‘zdan kechirmoqda
Prezident Shavkat Mirziëev Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli brend bilan chiqarilayotgan gaz hisoblagichlarni ko‘zdan kechirmoqda

Mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan 7 - dekabr kuni qilgan“O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi”da prezident Shavkat Mirziyoyev “so‘nggi ikki yilda noqonuniy xatti-harakati bilan davlatga 2 trillion so‘m (taqriban 200 million AQSh dollari-tahr.) zarar yetkazgan 1986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgani” haqida hisob berdi.

Javobgarlikka tortilganlar orasida Mirziyoyev hukumatining yuqori lavozim va vakolatga ega bo‘lgan biror amaldori borligi haqida jamoatchilikning hozircha xabari yo‘q.

Korrupsiyaga qarshi kurash haqida rasmiy matbuot berayotgan xabarlardan¸ ular ko‘pchiligining tuman tashkilotlari darajasidagi mayda amaldorlar ekani anglashiladi.

Xalqaro maydonda o‘zini korrupsiyaga qarshi “ayovsiz kurash boshlagan” qilib ko‘rsatishga urinayotgan Mirziyoyev hukumati 2020 - yili ham “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishini yana paysalga soldi.

Ayni paytda ommaviy axborot vositalarini korrupsiyaga qarshi kurashda hamkorlikka chorlayotgan hukumat 2020 - yili ham davlat boshqaruvidagi korrupsiyani oziqlantirib kelayotgan manfaatlar to‘qnashuvi haqida e’lon qilingan mustaqil jurnalistik surishtiruvlar qarshisida o‘zini “kar va ko‘rdek” tutdi.

Davlat boshqaruvidagi manfaatlar to‘qnashuvi-yangi norma?

Xalqaro maydonda korrupsiyaga qarshi kurash standartlarini belgilovchi Transparency International, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) kabi tashkilotlar tasnifiga ko‘ra¸ u yoki bu shaxs yoki korporatsiyaning o‘z lavozim va mavqeidan shaxsiy yoki korporativ manfaat uchun foydalanishi manfaatlar to‘qnashuvidir. Xalqaro ekspertlarga ko‘ra¸ manfaatlar to‘qnashuvi korrupsiya bo‘lmasligi mumkin¸ lekin korrupsiya tarkibida hamisha manfaatlar to‘qnashuvi mavjud.

OECD diagrammasiga manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya o‘rtasidagi uzviy aloqadorlik ko‘rsatilgan.
OECD diagrammasiga manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya o‘rtasidagi uzviy aloqadorlik ko‘rsatilgan.

Davlat sektoridagi manfaatlar to‘qnashuvi oldini olish o‘ta muhim. Bu muammo e’tirof etilib¸ nazoratga olinmasa¸ u mansabdor shaxslar¸ ular qabul qilayotgan qaror¸ boshqarayotgan agentlik va hukumatlar yaxlitligi(integrity)ga rahna soladi. Bunday yaxlitlikning teskarisi esa¸ korruptsiya yoki suiiste’moldir”¸ deyiladi OECD tomonidan davlat boshqaruvidagi manfaatlar to‘qnashuvi oqibatlariga oid berilgan izohda.

Shavkat Mirziyoyev manfaatlar to‘qnashuvi muammosini avvaliga Karimov davri katta amaldorlarini ishdan olish va jinoiy javobgarlikka tortish jarayonida qo‘llagan bo‘lsa¸ so‘ngra qaror va nutqlarida ham tilga ola boshladi.

Zotan¸ Mirziyoyev "islohotlari"ni qo‘llab-quvvatlash uchun grant va katta kredit ajrata boshlagan xalqaro moliya tizimlari va boshqa tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurashni manfaatlar to‘qnashuvini nazorat qilishdan boshlashni talab qiladi.

Keyingi to‘rt yillik nutq va qarorlarda tez-tez ishlatilishi¸ “davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”) va manfaatlar to‘qnashuvini hal etish standartlarini joriy etish haqida” berilayotgan va’dalarga qaramay¸ 2020 yilda ham “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida” to‘rt yildan beri va’da qilinayotgan qonun yana qabul qilinmadi.

Ozodlik va UzInvestigations surishtiruvlari

Davlat boshqaruvidagi korrupsiyaning asosiy qon tomiri sanalgan manfaatlar to‘qnashuvi qonun va vakolatli idoralar orqali nazoratga olinmay kelinayotgan bir vaziyatda mustaqil va mahalliy matbuot davlat manfaatini o‘z shaxsiy manfaatiga bo‘ysundirishning eng yorqin namunalarini jamoatchilikka taqdim eta boshladi.

Bu surishtiruvlar bir oyog‘i davlat boshqaruvi¸ ikkinchisi xususiy biznesda turgan yuqori mansabli amaldorlar soliq to‘lovchining yuzlab million dollar puli hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotganiga bag‘ishlandi.

“Muvaffaqiyati davlat tomonidan kafolatlangan” o‘nlab¸ yuzlab million dollarlik loyihalarning jamoatchilikdan panada¸ ochiq tender yoki auksionsiz¸ maxfiy qarorlar bilan asl egasi hokimiyat tepasida o‘tirganlarga aloqador “investor”larga berilgani bu surishtiruvlar markazidagi bosh mavzu bo‘ldi.

Xususan¸ Ozodlik 2020 yilning mart oyida e’lon qilgan surishtiruvda¸ mamlakatdagi millionlab ko‘chmas mulk uchun yoppasiga joriy qilinadigan elektron kadastr pasportini berish Bosh vazir Abdulla Aripovning maxfiy qarori bilan “GID systems Tashkent” MChJga taqdim qilingani o‘rtaga chiqdi.

Aripov qarorida “xorij korxonasi”¸ “investor” deb tasniflangan bu MChJ bilan istisno tariqasida¸ tender savdolari o‘tkazmasdan¸ investor bilan bevosita muzokara olib borish yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 5 yil muddatga shartnoma tuzish” topshirildi. Yana bir “istisno” tariqasida¸ bu “xorij investori” kiritadigan investitsiyaning qoplanishi davlat hisobidan 100 foiz kafolatlandi.

Ozodlik surishtiruvi hukumatning¸ Mirziyoyev va’dalarining aksiga¸ davlat buyurtmalarini yashirin va shubhali kelishuvlar orqali “taqdim qilish amaliyotini normallashtirganini ko‘rsatgan bo‘lsa¸ britaniyalik professor Kristian Lasslet surishtiruvi bu “xorij investori”ning kimligini fosh qildi.

Lasslett e’lon qilgan hujjatlar¸ BAAda registratsiya qilingan GID kompaniyalar guruhi mahsuloti nazoratining Shavkat Mirziyoyevga yaqin shaxslardan biri¸ uning to‘ng‘ich qizi bilan tandemda ishlayotgan prezident sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonovga tegishli ekanini ko‘rsatdi.

1 - may kuni Sardobada ro‘y bergan texnogen falokat ortidan Ozodlik ishga tushirilganidan ikki yil o‘tib-o‘tmay plotinasi yorilib ketgan qariyb yarim milliard dollarlik bu suv omborini kim¸ qanday qurganiga oid o‘z surishtiruvini e’lon qildi.

Surishtiruv davomida Sardobani O‘zbekistondagi gidroqurilishlar uchun mas’ul davlatga qarashli “O‘zbekgidroenergo” kompaniyasi raisi Abdug‘ani Sanginovning 26 yashar o‘g‘li va sariosiyolik hamqishloqlari nomiga rasmiylatirilgan xususiy shirkatlar qurgani aniqlandi.

Manfaatlar to‘qnashuvining ochiq ko‘rinish olgani ortidan mahalliy matbuot Sardoba fojiasi ortidan uysiz qolgan minglab sirdaryoliklar uchun yuzlab uy qurish loyihasining Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqadorligi haqida yozdi.

Yana bir surishtiruv O‘zbekistondagi 3.5 milliondan oshiq tabiiy gaz iste’molchisi uyiga majburiy shaklda o‘rnatilayotgan qariyb 600 million dollarlik “aqlli gaz hisoblagichlar”ini ishlab chiqarish Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev biznes strukturasiga berilganini ko‘rsatdi.

Yunusobodda o‘n yillardan beri faoliyat yurgizib kelayotgan yuzlab tadbirkorlar do‘kon va xizmat muassasasi joylashgan 6 gektarlik qimmat hudud 2019 - yil 31 - dekabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning yashirin qarori bilan bir oy oldin ro‘yxatga olingan MChJga taqdim etildi. Ozodlik surishtiruvlaridan yana biri bu kompaniyaning xorijda ro‘yxatga olingan turli qobiq shirkatlar zanjiri orqali Shavkat Mirziyoyevning katta kuyovi Oybek Tursunovga aloqadorligini ko‘rsatdi.

Davlatning milliardlab mablag‘ini o‘z manfaati uchun ishlatish hujjat va dalillar orqali jamoatchilikka taqdim etilganiga qaramay¸ korrupsiyaga qarshi keskin kurashni va’da qilib kelayotgan rahbar va tizimlardan birortasi manfaatlar to‘qnashuvining bu yorqin namunalariga izoh bermadi.

“Halollik vaksinasi” haqida gapirayotgan prezident va hukumat nega jim?

Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslet O‘zbekiston davlat boshqaruvida keng ildiz otgan manfaatlar to‘qnashuviga oid qator jurnalistik tadqiqotlar muallifi.

UzInvestigations loyihasi yetakchisi bo‘lgan professor Lasslet¸ ochiqlik va shaffoflik¸ ommaviy axborot vositalari bilan, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashda hamkorlik qilish haqidagi bayonotlarga qaramay¸ Toshkent hukumati o‘z tadqiqot va surishtiruvlari davomida ko‘tarilgan savollarga javob berishdan bosh tortib kelayotganini aytadi.

-Hukumat 2020 - yilda ham surishtiruvlar davomida tug‘ilgan savollarga javob berishdan bosh tortdi. Menimcha¸ bunday xulq-atvor muayyan strategiya ifodasidir. Sistematik muammolar fosh qilingan tadqiqot va surishtiruvlarga "pinagingni buzma¸ ular uchun suv va havodek zarur bo‘lgan ma’lumotlarni berishdan bosh tort¸ surishtiruv mualliflarini yomonotliq qil¸ hamma minbarni rejimga maddohlik qiluvchi shaxs yoki tashkilotlarga berib qo‘y¸ bo‘ldi" – bular 2020 - yilda o‘zini ochiq namoyon qilgan O‘zbekiston hukumati strategiyasining tarkibiy qismlaridir, - deydi Lasslet.

Bu esa¸ britaniyalik professor ta’kidicha¸ xalqaro maydonda zo‘r berib targ‘ib qilinayotgan “Mirziyoyev islohotlari” bilan hukumatning amaldagi xatti-harakatlari o‘rtasidagi jarlikning 2020 - yil davomida yanada kattalashganini ko‘rsatadi.

- Hozirda barmoq bilan sanarli qudratli oila va guruhlar davlat boshqaruvidagi mavqei vositasida milliy iqtisod ustidan sezilarli nazorat o‘rnatgan. Bu sir¸ unga juda kam odamning qo‘li yetishi bois¸ ustamonlik bilan yashirilgan. Xalqaro hamjamiyatga islohotchi hukumat va tobora erkinlashayotgan bozor haqidagi bo‘yab-bejalgan imij taqdim etilmoqda. Ammo O‘zbekiston ichkarisidagi ko‘pchilik bu imij va reallik o‘rtasidagi jarlikning tobora kattalashib borayotganini ko‘rib¸ bilib turibdi¸ - deydi Lasslet.

Londondagi Osiyo va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi Alisher Ilhomov¸ bir kam korrupsiya bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi jurnalistik surishtiruvlarga hukumatning sukunati sabablari Shavkat Mirziyoyev boshqarayotgan hokimiyat to‘qimasiga borib taqalishini aytadi.

2020 - yil davomida Abdug‘ani Sanginov¸ Ochilboy Ramatov¸ Jahongir Ortiqxo‘jayev va Komil Allamjonov kabi bevosita prezident guruhiga kiruvchi yuqori lavozimli amaldorlarning o‘z mavqeidan xususiy biznesi manfaatida foydalanganiga oid shov-shuvli surishtiruvlardan keyin jamoatchilikda tug‘ilgan “Prezident qayoqqa qaramoqda?” degan savolga Ilhomov shunday mulohaza bildiradi:

Uzoq vaqt, ehtimol, umrining oxirigacha o‘z prezidentlik kursisini saqlab qolmoqchi bo‘lgan har qanday avtoritar hukmdor kabi Mirziyoyev ham o‘z boshqaruvi uchun tayanchga muhtoj. Avtoritar tuzumlarda bunday tayanchni uning shaxsiy klani va unga sodiq zodagonlar sinfi bera oladi. Byurokratik sinfning yuqori qismi zodagonlar qatlamini tashkil qiladi. Bu qatlam o‘zini qo‘llab-quvvatlashi uchun hukmdor unga muayyan imtiyozlar va "kormushka"lar berishi kerak. Bunday imtiyozlar covet davrida ham partiya va davlat nomenklaturasiga berilardi. Ushbu tizim bugungi kungacha saqlanib qolgan. Yangi nomenklatura davlat xazinasini butunlay o‘marib yubormasligi uchun ularga o‘z xizmat mavqeidan foydalanib boyish imkoni beriladi. Masalan, davlat xaridlarini o‘zlari boshqaradigan yoki otkat to‘laydigan shirkatlarga berish orqali.

Bu hamma sohada¸ xususan¸ qurilish va yer ajratishda yuz bermoqda. Hokimlar davlat xaridlarini to‘liq nazorat qilolmaydi¸ ammo ularga yer nazorati berib qo‘yilgan! Ular yerni o‘z manfaatidan kelib chiqib¸ asosan¸ qurilishlar uchun sotmoqda. Va prezident bunga to‘sqinlik qila olmaydi, aks holda u o‘z byurokratiyasi – zodagonlari sadoqatidan mahrum bo‘ladi!

2020 - yil va undan oldin e’lon qilingan ko‘plab jurnalistik surishtiruvlarga na prezident va na uning adliya tizimidan risoladagiday reaksiya yo‘qligi va bo‘lmasligining asos sababi shunda!,- deydi tahlilchi Alisher Ilhomov.

Korrupsiyaga qarshi kurash va’dalari

Prezident sifatida qasamyod qilganidan 20 kun o‘tib-o‘tmay, Shavkat Mirziyoyev "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunga imzo chekkan edi. Prezidentligining birinchi yilida jamoatchilikka ko‘rsatilgan chiqishlarida u “O‘zbekistonni kemirib kelgan 20 ga yaqin oila¸ xususan¸MXX va prokuraturadagi o‘g‘rilardan to Farg‘onadagi kalamushlar”ga qadar yo‘q qilish haqida ko‘p marta ehtiros bilan gapirgan edi.

O‘tgan to‘rt yil mobaynida korrupsiyaga qarshi kurash Mirziyoyev lug‘atida eng ko‘p ishlatiladigan iboraga aylandi.

2020 - yilning birinchi oyi ham O‘zbekistonda prezidentning “jamiyatni yemirayotgan¸ taraqqiyotga g‘ov bo‘layotgan yovuz illat – korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirish va’dasi bilan boshlandi.

24 - yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida Shavkat Mirziyoyev o‘z nomiga bo‘layotgan murojaatlar¸ matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab chiqishlarda ayniqsa “yer ajratish, kadastr, qurilish, litsenziya, bojxona, bank, davlat xaridlari kabi sohalar”ning korrupsiyalashganidan shikoyat bo‘layotganini ta’kidladi.

-Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak, - dedi Mirziyoyev hukumatning 2020 yilgi strategiyasi belgilangan Murojaatnomada jumladan.

2020 - yilda korrupsiyaga qarshi shiddatli kurash va’da qilindi va Mirziyoyev taklifi bilan o‘ziga hisob beradigan korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ - Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Bu yangi tuzilma¸ yil oxiriga kelib¸ BMT minbaridan ko‘z-ko‘z ham qilindi.

29 - sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida qilgan nutqida Mirziyoyev:

-Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi¸ - dedi jumladan.

2020 - yilgi bu kurash oqibatida Shavkat Mirziyoyevning 7 - dekabr kungi nutqida aytilishicha¸ “so‘nggi ikki yilda noqonuniy xatti-harakati bilan davlatga 2 trillion so‘m (taqriban 200 million AQSh dollari-tahr.) zarar yetkazgan 1986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan”.

Ayni paytda¸ hozircha jamoatchilikka davlat va xalqning 200 million dollarini o‘g‘irlaganlarning kimligi¸ ular orasida biror katta amaldor¸ xususan¸ Shavkat Mirziyoyevning bevosita o‘zi vakolat berganlar bor-yo‘qligi rasman ma’lum qilingan emas.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG