Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:50

Tog‘li Qorabog‘ haqida bilish kerak bo‘lgan 5  muhim fakt


Tog‘li Qorabog‘ . 14 - oktabr, 2020
Tog‘li Qorabog‘ . 14 - oktabr, 2020

Janubiy Kavkaz tog‘lari va qurg‘oqchil tekisliklari orasida, asrlar davomida turli imperiyalar chorrahasida joylashgan Tog‘li Qorabog‘ yana shiddatli jang maydoniga aylandi. Hudud 1994 - yilda Ozarbayjon va Armaniston qonli urushni to‘xtatishga kelishib olganidan buyon eng shiddatli to‘qnashuvlarga sahna bo‘lmoqda.

27 - sentabr kuni boshlanib ketgan janglarda bugunga qadar kamida 532 nafar askar halok bo‘ldi. Mojaro ildizlari Sovet Ittifoqining oxirgi yillariga, hatto undan ham oldingi davrga borib taqaladi.

Quyida Tog‘li Qorabog‘ haqida bilishingiz kerak bo‘lgan besh muhim ma’lumot bilan tanishishingiz mumkin.

Uzoq xotiralar

Kavkaz hududida asrlar davomida turli qo‘shinlar yurish qilgan. Ular orasida rimliklar, musulmon arablar, usmonli turklar, safaviy forslar, ruslarni tilga olish mumkin.

Shuningdek, ular orasida miloddan avvalgi 300 yilda yuzaga kelgan qadimgi arman podsholigi ham bo‘lib, u ko‘plab arman millatchilari uchun mamlakatning o‘tmishdagi shon-shuhrati ramzi hamda Tog‘li Qorabog‘ning qonuniy egasi kimligi borasidagi har qanday munozaraning boshlanish nuqtasidir.

Zamonaviy armanlar ko‘pincha Qorabog‘ni Arsax deb atashadi – qadimgi arman podsholigining bir qismi aynan shunday nomlangan.

XIX asrda Safaviy Eron hukmronligi ostida hudud yarim mustaqil bo‘lgan va unda asosan, nasroniy armanlar yashagan. Ular musulmon ozariy-turk xoniga bo‘ysungan. Mintaqa boshqaruvi 1800-yillarning boshlarida Rossiya imperiyasi, 1917 - yildagi bolshevik inqilobidan keyin esa Sovet Ittifoqiga o‘tdi.

Тоғли Қорабоғ: Ўзбекистон можаронинг қайси томонида?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:38 0:00

Birinchi jahon urushiidan keyin hududda hokimiyat bo‘shlig‘i yuzaga keldi va Rossiya fuqarolar urushi davomida armanlar bilan ozarbayjonlar bir necha bor to‘qnashdi. 1920 - yilda Qizil armiya Rossiya Zakavkazye (Kavkazorti) nomini bergan hududni butunlay bosib olib, urushlarga barham berdi.

Stalin merosi

Iosif Stalin Sovet Ittifoqining avtoritar yetakchisi bo‘lishidan oldin ham Tog‘li Qorabog‘da tanglik va urush keltirib chiqaradigan qarorlar qabul qilinishida rol o‘ynagan.

1920-yillarda Vladimir Lenin kommunistik boshqaruvni mustahkamlashga urinarkan, Stalin Millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissari etib tayinlandi. Stalin Kommunistik partiya uzoq viloyatlarni va ko‘plab etnik guruhlarni boshqarish masalasida qanday yo‘l tutishi kerakligini belgilashi kerak edi.

U xaritalarni tuzish va ma’muriy chegaralarni belgilash jarayonini nazorat qildi. Ba’zi hollarda chegaralar o‘zboshimchalik bilan chizildi, etnik guruhlar atayin ajratib qo‘yildi. Tarixchilar bundan maqsad ba’zi etnik guruhlarning siyosiy qudratini susaytirish bo‘lgan, deb hisoblashadi.

Stalinning vatani bo‘lgan Kavkazda Qorabog‘ chegaralari 1923 - yilda rasmiylashtirildi. Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati Ozarbayjon Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibiga kirdi. Shuningdek, Ozarbayjon tarkibida Armaniston va Eron o‘rtasida joylashgan, asosan, ozariylar yashaydigan, ammo Ozarbayjon bilan chegaradosh bo‘lmagan Naxichevan avtonom viloyati yaratildi.

Sovet Ittifoqining boshqa joylarida bo‘lgani kabi, o‘nlab yil davomida Moskva va Kommunistik partiya rahbariyati muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday millatchi yoki diniy qarashlarni qattiq nazorat qildi.

Bu holat 1988 - yilgacha davom etdi.

Askeran

1980-yillarning ikkinchi yarmida Mixail Gorbachyovning «oshkoralik» hamda «qayta qurish» siyosati tufayli bu nazorat yumshadi. 1988 - yilning 20 - fevralida Tog‘li Qorabog‘ning asosan etnik armanlar boshqaruvidagi Xalq deputatlari kengashi Armaniston bilan birlashish rejasini e’lon qildi. O‘sha paytda mintaqadagi 190 000 aholining to‘rtdan uch qismini armanlar, chorak qismini esa, ozarbayjonlar tashkil qilar edi.

Natijada katta namoyiishlar boshlandi: Bokuda ularga g‘azab, Yerevanda esa, qo‘llab-quvvatlash izhor qilindi.

Deklaratsiyadan ikki kun o‘tib, ozarbayjonlar va armanlar Askeran shahri yaqinida to‘qnashdi. Bu mojaroning zamonaviy tarixidagi ilk xunrezlik edi. Oradan besh kun o‘tib, ozarbayjonlardan iborat olomon Boku chetidagi armanlar yashaydigan Sumgaitni ostin-ustun qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda 32 kishi o‘ldirildi. Armanilarning da’vo qilishicha, aslida yuzlab odam qurbon bo‘lgan.

Tog‘li Qorabog‘ - 15 oktabr,2020
Tog‘li Qorabog‘ - 15 oktabr,2020

Keyingi uch yil davomida kichik ko‘lamda ko‘cha zo‘ravonliklari va qishloqlarda pogromlar davom etdi, Armaniston va Ozarbayjon qonuniy hokimiyat va chegara masalasida tortishdi, referendumlarni o‘tkazdi. 1991 - yilning avgust va sentabr oylarida har ikki respublika Sovet Ittifoqidan mustaqillik e’lon qildi.

1992 - yil fevralga kelib, ikkala tomon ham Sovet qo‘shinlari qoldirgan qurol-yarog‘ni ishga soldi va keng miqyosli urush boshlandi.

Beqaror tinchlik bitimi

To‘qnashuvlar 1994 - yilning mayida tinchlik kelishuvi imzolanishi ortidan to‘xtadi. Tog‘li Qorabog‘ning deyarli butun hududi hamda bir necha qo‘shni tuman – umumiy hisobda Ozarbayjon hududining 20 foizi – etnik armanlar boshqaruvida qoldi.

Bu Boku uchun sharmandali mag‘lubiyat edi. Urushda taxminan 30 000 kishi halok bo‘ldi, yuz minglab odam uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.

1995 - yildan buyon Fransiya, Rossiya va Qo‘shma Shtatlar Minsk guruhiga rahbarlik qilib keladi. Bu Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) tashabbusi bo‘lib, Armaniston va Ozarbayjonni mojaroga tinch yechim topishga undab keladi. Guruh bugunga qadar o‘z maqsadiga erisha olgani yo‘q.

Minsk guruhi vositachiligida Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari kelishuvga eng yaqin kelgani 2001 - yilda AQShning Florida shtatida o‘tgan muzokaralar bo‘ldi.


Chorak asrdan oshiq vaqt mobaynida ikki tomon «Aloqa liniyasi» deb nomlangan hududda to‘qnashib keladi. Taraflar muntazam ravishda bir-birini g‘azabnok ritorika, snayper o‘qlari va vaqti-vaqti bilan minomyotlardan nishonga olib keladi. Ozarbayjon o‘z qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish uchun mamlakatdagi yirik neft va gaz zaxiralaridan olingan yuzlab million dollar mablag‘larni sarfladi. Shu sababdan, kuzatuvchilar yangi urush xavfi to‘g‘risida muntazam ravishda ogohlantirib kelganlar.

Tomonlarning kelishuvga erishishiga to‘sqinlik qilayotgan eng muhim masala Tog‘li Qorabog‘ va etnik arman boshqaruvidagi qo‘shni hududlar taqdiridir.

2020 - yilning kuzi

2020 - yilning sentabriga qadar 1994 - yildan keyingi eng qonli to‘qnashuvlar 2016 - yil aprelida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda 200 ga yaqin askar va oddiy fuqaro halok bo‘lgan.

2020 - yildagi to‘qnashuvlarni keskinlashtirgan omillarning biri yangi qurollardir. Xususan, uchuvchisiz samolyotlar deb ham ataladigan dronlar. Na Ozarbayjonning, na Armanistonning harbiy havo kuchlari mavjud emas, shuning uchun janglarning asosiy qismi yerda sodir bo‘ldi.

Ammo Ozarbayjon so‘nggi yillarda dronlarga katta sarmoya yotqizdi. Boku Isroilning uchuvchisiz samolyotlarini sotib oldi, ularni ishlab chiqarishga litsenziya oldi. Yaqinda esa, Boku zamonaviy turk uchuvchisiz samolyotlarini xarid qildi.

Ayrim kuzatuvchilar so‘nggi oylarda Minsk guruhi hamraislari Fransiya va AQSh Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatga aralashmayotganiga e’tibor qaratmoqdalar.

Dunyo COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash bilan ovora, AQShning boshqa davlatlar bilan diplomatik aloqalarini kengaytirgan prezident Donald Tramp ma’muriyati esa, uning qayta saylanish kampaniyasi bilan mashg‘ul bo‘lib qolgan.

Ayni paytda Ozarbayjonning an’anaviy ittifoqchisi bo‘lgan Turkiya mintaqa ishlaridagi rolini kuchaytirdi va Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi mavqeyiga tahdid sola boshladi.

Turkiya 2020 - yilda Tog‘li Qorabog‘da avvalgi to‘qnashuvlarga solishtirganda, ancha faol rol o‘ynamoqda. Xabarlarga ko‘ra, Anqara Ozarbayjon kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun dron operatorlarni yuborgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya Armanistonga ham, Ozarbayjonga ham millionlab dollarlik qurol-aslaha sotgan bo‘lsa-da, Tog‘li Qorabog‘dagi janglar avj olishini va mavjud vaziyat o‘zgarishini xohlamaydi. Shuningdek, Moskva o‘zining an’anaviy ta’sir doirasi, deb bilgan masalaga Turkiyaning haddan tashqari mudoxala qilishi tarafdori emas.

XS
SM
MD
LG