Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:36

Uyi buzilganlarga yangi uy berildi. Yangi uyning pulini uyi buzilganlarning o‘zi to‘laydi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Navoiy viloyat, Qiziltepa tuman, Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi O‘zbekiston shohko‘chasida uylari va do‘konlari buzilgan 15 kishiga tovon pullari berilmadi. Ko‘chmas mulki buzilganlar kam ta’minlangan oilalar uchun qurilgan uylarga ko‘chirildi va bu uylarning pullarini to‘lash majburiyati ular zimmasiga yuklatildi.

15 oila nomidan Ozodlikka bu haqda ma’lum qilgan 5 kishining iddao qilishicha, tuman hokimiyati ularning uylarini va do‘konlarini noqonuniy buzgan. Ularning bu borada adliya bo‘limiga, prokuraturaga va sudga qilgan shikoyatlari esa shu kungacha e’tiborsiz qolayapti.

Qiziltepa tuman hokimiyati O‘zbekiston shoxko‘chasida 15ta bino buzilganini tasdiqladi. Buzilgan uy va do‘konlar o‘rnida qurilish ishlari hanuz boshlanmagani ma’lum bo‘ldi. ​

"Ham uyimizni buzishdi, ham bo‘ynimizga qarz ilib qo‘yishdi"

Ozodlikka O‘zbekiston shohko‘chasidagi 15 bino noqonuniy buzilgani haqida mazkur hududda yashagan Tursunoy Dilova, Ismat Sa’dullayev, Laziz Teshayev, Ravshan Berdiyev va Anvar Rahmonovlar ma’lum qildi.

Tursunoy Dilova va Ismat Sa’dullayevning aytishicha, ularning uylari 2019 yilning iyulida buzilgan. Buzilgan uylari o‘rniga dekabr oyida uy berilgan. Ungacha esa, ular qarindosh-urug‘larining uylarida "sarson bo‘lishgan".

Ismat Sa’dullayevga ko‘ra, uylari buzilganlar kam ta’minlangan oilalar uchun qurilgan uylarga ko‘chirildi va bu uylarning pullarini to‘lash majburiyati ular zimmasiga yuklatildi. Hokimiyat buzilgan uylar va do‘konlarning har biri evaziga tovon puli sifatida 16,5 million so‘mdan to‘lagan va bu pulni yangi uyning birinchi to‘lovi sifatida bankka o‘tkazib bergan.

- Hokimiyat 16,5 million so‘m dastlabki to‘lovni bankka to‘lab, mana shu uyni berdi. Buzilgan uyimizning o‘rniga hech nima bermadi. Xotinim ikkalamiz pensionermiz. Yaqinda yangi uy uchun to‘lovlarni to‘lash to‘g‘risida qog‘oz keladi. Men bu to‘lovni qanday to‘layman? Hech bo‘lmaganda buzilgan uyim uchun mana shu uyni bekorga berganida ham rozi bo‘lardim, - degan Ismat Sa’dullayev har oyda kamida 1 million so‘mdan to‘lashi kerakligini aytdi.

"150 millionlik do‘konim uchun 16,5 million pul berishdi"

O‘zbekiston shoxko‘chasida buzilgan binolar orasida tadbirkorlar Laziz Teshayev va Ravshan Berdiyevga qarashli ob’ektlar ham bor.

Ravshan Berdiyevga ko‘ra, bank tomonidan 2016 yilda 120 million so‘mga baholangan 5-sonli ko‘zoynaklar do‘koni uchun hokimiyat unga 16,5 million so‘m pul to‘lagan:

“Bu do‘konni eng kamida 150 million so‘mga sotsam bo‘lar edi. Bular menga 16,5 million so‘m berishdi. Do‘konimni hech qanday ogohlantirishsiz, noqonuniy ravishda buzib tashlashdi”.

Laziz Teshayev esa, o‘ziga tegishli omborxona va ofis buzilayotganida voqea joyiga yetib borib, binoning bir qismini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganini aytdi:

“Devorning bir qismini buzib tashlashganida yetib borib, qonun-qoidani talab qilib turib olganimdan keyin buzishni to‘xtatishdi. Bino 200 million so‘mga baholangan edi”, degan Laziz Teshayev buzilish ishlari hech qanday ogohlantirishsiz boshlanganini va o‘ziga kamida 50 million so‘m ziyon yetkazilganini ta’kidladi.

Hokimiyat: Buzilgan uylar egalarining barchasini rozi qilganmiz

Qiziltepa tuman hokimiyati O‘zbekiston shohko‘chasida 15 ta bino buzilganini tasdiqladi. Hokimiyatning o‘zini Alisher deb tanishtirgan matbuot kotibi Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi O‘zbekiston shohko‘chasidagi 15 ta bino “Obod qishloq” dasturi doirasida buzilganini bildirdi:

- Bu yerda “Obod qishloq” dasturi doirasida ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Bu hudud avvallari pavilyon bo‘lgan, ya’ni yashash uchun mo‘ljallanmagan binolardan iborat hudud bo‘lgan. Bu yerlarni keyin xususiylashtirishib, uy, do‘kon va omborxona qilib olishgan.

Qiziltepa tuman hokimiyati matbuot kotibining aytishicha, uyi buzilganlarga to‘laligicha barcha tovon pullari to‘lanib, qurilish uchun yer ham berilgan:

- Ularning hammasiga yangi uy, 16,5 million so‘mdan to‘lov berilgan. Masalan, Tursunoy Dilovaga yangi uy qurish uchun 10 sotix yer, 40 million so‘m pul va 10 mingta g‘isht berilgan.

Uyi buzilganlar hokimlik bayonotini inkor etdi

Ammo Tursunoy Dilova hokimiyat rasmiysi bergan bu ma’lumotlarni inkor qildi:

- Uy berishdi, lekin kadastr hujjatlarini berishmadi. Yer berishdi, lekin yerning hech qanday hujjatlari yo‘q. Uy berishgunicha 6 oy oilamiz bilan ko‘cha-ko‘yda sarson bo‘ldik. Hujjatsiz uy, hujjatsiz yerni men nima qilaman? Xohlagan paytlarida noqonuniy, deb tortib olishlari, yana haydab chiqarishlari mumkin-ku?!

Dilovaga ko‘ra, u bir necha oy davomida hokimiyatga, adliya bo‘limiga va sudga arizalar bilan qatnayvergani ortidan unga uydan tashqari yer, g‘isht va 40 million so‘m pul berishgan.

"Qolganlarga esa uydan tashqari hech narsa berilmagan", dedi Dilova.

Ozodlik suhbatlashgan uylari buzilganlar qiziltepaliklar ham hokimiyat rasmiysining gaplarini inkor etishdi. Ularga ko‘ra, yer va tovon puli berilmagan. Go‘yoki tovon puli sifatida berilgan 16,5 million so‘mni hokimiyat bankka o‘tkazgan va bu pul uyi buzilganlar ko‘chib o‘tgan yangi uylarning birinchi to‘lovi ekani aytilgan.

"Uy haqining qolgan qismini esa o‘zimiz to‘lashimiz shart ekan", deyishdi ular.

Qiziltepa tuman hokimiyati matbuot kotibining aytishicha, 2019 yilning iyulida buzilgan uy va do‘konlar o‘rnida qurilish ishlari hanuz boshlanmagan.

Uyi buzilganlarning noroziliklari

Navoiyda bir oy avval ham uyi buzilayotganlar norozilik bildirgan edilar. Buzilishi rejalashtirilgan uylarda yashovchilar 12 yanvarda Navoiy viloyat hokimligi oldida namoyish o‘tkazgan, shundan so‘ng ularning uylari vaqtincha buzilmaydigan bo‘lgandi.

Andijon viloyati, Baliqchi tumani, Iftixor mahallasida yashovchi o‘nlab odam ham hokimlik uyi buzilganlarga tovon puli bermayotganiga norozilik bildirib, 2019 yilning 16 sentabr kuni tuman hokimligi binosi oldida ochlik e’lon qilgandi.

O‘tgan yilning iyulida Xorazm viloyati Urganch shahrida kompensatsiya berilmasdan uyi buzilgan aholi katta magistral yo‘lini to‘sib qo‘ygandi. Bir kun o‘tib uyi buzilgan urganchliklarga tovon pullari naqd to‘landi.

Shavkat Mirziyoyev "noqonuniy buzilishlar uchun" Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyati hokimlarini keskin tanqid qildi, hatto hayfsan ham berdi.

Mirziyoyev buyrug‘i bilan hokimlar uylari buzilgani uchun aholidan kechirim so‘radi. Mirziyoyev topshirig‘i bilan 3 hokim buzilgan uylar va to‘lanmagan tovon uchun xalq va prezidentdan uzr so‘radi

Buzilishlar ortidan kelib chiqqan noroziliklardan so‘ng prezident Mirziyoyev o‘tgan yilning 4 avgust kuni farmoyish chiqarib, hokimlardan uy va binolarni buzish huquqini olib qo‘ydi.

Prezident farmoyishiga ko‘ra¸ fuqarolar ko‘chmas mulkini buzish ishlari faqat Bosh vazir qarori bilan amalga oshiriladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG