Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:46

Ortiqxo‘jayev bilan yarashgani uchun Kun.uzdan ikki jurnalisti ketdi


Bahodir Ahmedov (chapda) va Zafar Solijonov
Bahodir Ahmedov (chapda) va Zafar Solijonov

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan mojaro ortidan Kun.uz saytining ikki jurnalisti ishdan bo‘shaganini e’lon qildi.

Bahodir Ahmedov va Zafarbek Solijonovlar ijtimoiy tarmoqda qoldirgan o‘z postlarida Ortiqxo‘jayevga murojaat qilarkan: "Men itning bolasi emasman va poslednyaya tvar ham emasman" deb yozdi.

18 noyabr kuni Kun.uz tahririyati Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan murosaga kelgani va tarmoqlarga chiqarilgan audioyozuv bo‘yicha mojaro yopilganini xabar qildi.

"Kun qahramonlari"

Kun.uz tahririyatida ishlab kelgan ikki jurnalist - Bahodir Ahmedov va Zafarbek Solijonovlar 18 noyabr kuni o‘z ixtiyori bilan ishdan ketganini ma’lum qildi.

Har ikki jurnalist, ishdan bo‘shashiga Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan mojaro sabab bo‘lgani, mojaro ortidan tahririyat og‘ir ahvolga tushganini ta’kidladi.

"Bugun biz yutqazmadik. Bugun endi uyg‘onayotgan so‘z erkinligi, matbuot yutqazdi. Jahongir aka, sizga aytaman, o‘shanda ham qarshi borganman - men itning bolasimasman, posledniy tvar xam emasman. Siz yutganingizni emas, davlat imijiga putur yetkazganingizni o‘ylang. Men rizqimni topishimga ishonaman! Sizlardan iltimos - jurnalistlarning huquqlari himoyalanmagan, kuchsiz matbuot davrida Kun.uz ni ayblamang!" deb yozdi Bahodir Ahmedov, jumladan.

Zafarbek Solijonov, hamkasblari va jamoatchilikdan, Kun.uz tahririyati ahvolini tushunish, uni ayblamaslikka chaqirdi:

"Jahongir aka, Ortiqxo‘jayevga esa o‘sha gapni yana qaytaraman. Men itning bolasi emasman va poslednyaya tvar ham emasman. Men jurnalistlik bilan shug‘ullangan yuristman. Shunchaki, bu davlatda qonun ishlashini xohlagandim xolos. G‘ururim esa otamdan meros. U hammasidan ustun. Uni toptashga haqqingiz yo‘q. Lekin bir narsani tushuning. Bu jangda hech kim yutmadi. Ayniqsa siz", deb yozdi Zafarbek Solijonov.

Kun.uz sayti tahririyati o‘z jurnalistlarining ishdan ketishi haqida hozircha biror izoh bermadi.

Oshkora tahdid

16 noyabr kuni tarmoqqa chiqarilgan va Jahongir Ortiqxo‘jayev ovozi, deb iddao qilinayotgan audioyozuvda, ovoz egasi ko‘cha tilida jurnalistlarni geyga chiqarish va sazoyi qilishi bilan tahdid qiladi:

"Oni kto voobshche? (O‘zi ular kim?) Oni tvari poslednie! (Ular eng past mahluqlar!) Onaning bolasimi bular yo itning bolasimi?! Prinsip yo‘q, iflos, bedolaga! (qashshoq)".

"Ya za shest sekund vas posaju v odno taksi s geem, i vsyo! (Men olti sekundda sizlarni gey bilan bitta taksiga o‘tqazaman va tamom!) Fotografiruyut i vas ob’yavlyayut geem (Sizni foto olib, gey deb e’lon qilishadi)".

"Yoqadimi rahbarimizga, yoqmaydimi meni o‘zimning ham xarakterim bor. Ya mogu eto delat. Shest sekund mogu sdelat. Organizovat mogu. Ili somnevaeshsya? Tushuntiroldimmi?" - deydi ovoz egasi.

So‘ngra ovoz egasi jurnalistlarni jismonan yo‘q qilishini aytadi va bunday taqdirga uchramaslik uchun, jurnalistlarni hokimiyat bilan hamkorlik qilishga undaydi.

Bu audioyozuv tarqatilganidan bir kun o‘tib, Kun.uz nashri, bu tahdidlar ​shu yilning avgustida uch muxbiri "hokim qabulida bo‘lgan chog‘da yangragan"ini ma’lum qildi.

Aytilishicha, "tahririyat hokim bilan uchrashuv vaqtidagi (o‘z) audioyozuvini Vahobov va Kun.uz o‘rtasidagi nizoli vaziyat qasd olishga aylanib ketmasligi hamda shahar hokimining obro‘-e’tiboriga putur yetkazmaslik uchun ommaga oshkor qilish fikridan voz kechgan".

"16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda shu voqeaga oid audioyozuv tarqalishiga esa tahririyatning aloqasi yo‘q".

"Yarash oshi"

Ammo, oradan yana bir kun o‘tib - 18 noyabr kuni - tahririyat o‘z jamoasi shahar hokimi bilan uchrashgani, tushunmovchilikka barham berilganini xabar qildi.

"Sayt tahririyati hokimning ushbu vaziyat yuzasidan bildirgan mulohazalarini qoniqarli deb topadi. Hamkasblar, boshqa nashrlarning jurnalistlari va blogerlarga shunday pallada faol qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Shu bilan birgalikda, ulardan bu masalani ortiq muhokama qilmaslikni so‘raymiz, zero faqat ikki tarafgagina tegishli bu nizo turli siyosiy kuchlar va shaxslar tomonidan tor manfaatlar yo‘lida qurol sifatida foydalanilishini xohlamaymiz", deyiladi tahririyat nomidan e’lon qilingan maqolada.

Masala yechildimi?

18 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq "vaziyat o‘z yechimini topdi", deb bayonot berdi.

Agentlik bayonotida bu nizoning paydo bo‘lishi mamlakatda "jamoatchilik nazoratining kuchi tobora ortayotgani, jamiyatda demokartik o‘sishning shakllanayotgani, OAVning bosqichma-bosqich “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanayotgani, respublikamizning ochiqlik sari dadil odimlayotganidan dalolat", deb baholandi.

AOKAning bu bayonotidan ikki kun oldin, 17 noyabrda Bosh prokuratura tarqalgan audioyozuv yuzasidan surishtiruv boshlanganini ma’lum qilgan.​

"J.Ortiqxo‘jayevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qaerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qo‘shimcha bayonot beriladi", deyildi 17 noyabr kuni e’lon qilingan bayonotda.

Norozilik

Kun.uz nashri jurnalistlari va Toshkent shahar hokimi o‘rtasida uchrashuvga oid audioyozuvning tarmoqlarga chiqarilishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy bahsu munozara ko‘tarildi.

Ayniqsa, Kun.uz nashrining, 17-18 noyabr kunlari mazmunan bir-biriga zid bo‘lgan maqolalarni chop etishi ortidan tahririyatga nisbatan keskin tanqidiy chiqishlar boshlandi.

Ayniqsa, Facebook, Twitter va Telegram tarmog‘idagi faol foydalanuvchilar jurnalistlarni o‘ta og‘ir so‘zlar bilan haqorat qilgan, ularning hayotiga tahdid qilgan hokim bilan murosaga borilishini keskin qoralamoqda.

Hozircha Kun.uz nashri tahririyati Toshkent hokimi bilan mojaro ortidan tug‘ilgan savollarga javob so‘ragan Ozodlik murojaatlariga javob bergani yo‘q.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG