Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:23

Farg‘ona viloyat hokimligi majburiy mehnatga oid xabarlarni afsona deb atadi


Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning hikmatli so‘zlari devorga muhrlab qo‘yilgan.
Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning hikmatli so‘zlari devorga muhrlab qo‘yilgan.

Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘onaliklar:” ”Ozodlikning afsonalariga ishonmaymiz!” degan sarlavha ostida videosyujet e’lon qildi.

Hokimlik matbuot xizmati viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlagan, 3,13 daqiqa davom etadigan syujetda matbuot anjumanlari o‘tkazish uchun jihozlangan zalga yig‘ilgan bir necha o‘n kishidan bir nechasining “Ozodlik” radiosiga qarshi chiqishlaridan uzindilar birin-ketin montaj qilingan.

Videosyujetda “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati vakili korxona rahbariyati tomonidan ishchilarga paxta terimiga chiqish buyurilmaganini bildiradi. Korxona vakilining gapini uning ortidan gapirgan kishi quvvatlaydi.

So‘zlari mazmunidan jurnalist ekanligi tushuniladigan ayol “Ozodlik”ni yolg‘on informatsiya tarqatganlikda ayblar ekan, “Ozodlik”dagi hamkasblarimiz mahsharda, Xudoning oldida nima deb javob berar ekan?” deb ritorik savol qo‘yadi.

Syujetda nutqlaridan uzindilar keltirilgan notiqlarning ism-familiyalari, ularning ish joylari keltirilmagan.

Sarlavhasidan va mazmunidan “Ozodlik”dan tashqari viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid bironta ham masala muhokama qilinmagani tushuniladigan majlis to‘g‘risidagi bu syujet youtube.comga 5 oktabrda joylashtirilganidan beri, ushbu xabar yozilayotgan soatda 340 marta ko‘rildi.

Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmatining “Ozodlik”ka qarshi yig‘ilish uyushtirishidan bir necha kun oldin “Ozodlik” viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev olib borgani aytilgan yig‘ilish audiosi haqida xabar qilgan edi. Majlisda viloyat hokimi Farg‘onada "beo‘xshov soqol" qo‘ygan va ro‘mol o‘raganga qat’iy chora ko‘rishni buyurgan.

Bu xabar ortidan O‘zbekiston Senatining Reglament va odob komissiyasi Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevga qat’iy ogohlantirish va 3 oylik sinov muddati berdi.

Oldinroq Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivali arafasida korxona, tashkilot, muassasalar ishchi-xizmatchilari majburiy mehnatga jalb etilayotgani to‘g‘risida “Ozodlik” bir necha marta xabar qilgan edi.

Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmatining “Ozodlik”ka qarshi yig‘ilishi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) davlat tashkilotlari matbuot xizmatlari faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilish bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

4 oktabr kungi yig‘ilishda agentlik rahbari Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva davlat tashkilotlaridagi matbuot xizmatlarini faoliyatsizlikda tanqid qildi.

Matbuot kotiblarini bugungi mediamakon talablariga mos tezkorlik bilan reaksiya bildirmayotganlikda ayblagan Komiljon Allamjonov “axborot urushi” degan jumlani qo‘lladi.

“Ozodlik” radiosi O‘zbekistonning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy hayotiga oid voqea-hodisalarni muntazam yoritib keladi.

Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmatining “Ozodlik”ka qarshi yig‘ilishida vakili so‘zga chiqqan “Farg‘onaazot” korxonasi ishchilaridan kelgan quyidagi xatni “Ozodlik” 14 sentabr kungi materiali tarkibida e’lon qilgan edi:

“Majburiy paxtaga chiqasan, deyapti. Ishchilarni majburlab, “o‘z ixtiyorim bilan chiqayapman, deysan, aks holda ishdan ketasan” deyapti. O‘zlari yaxshi ovqat eydi. Biz esa Jizzaxdagi molxonada 3,5 oy makaron va atala ichamiz. Bu qachon tugaydi? Sabrimiz tugayapti”, deyilgan “Farg‘onaazot” korxonasi ishchilari nomidan Ozodlikka kelgan maktubda.

“Farg‘onaazot” vakili “Ozodlik”ni yolg‘onchiga chiqarib inkor etayotgan bunday holatlar mamlakatning boshqa viloyatlarida ham kuzatilayotganini saytimizning Paxtagram ruknida e’lon qilinayotgan materiallar bilan tanishib ishonch hosil qilish mumkin.

Majburiy mehnatga, xususan, paxta terimida qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishiga aloqasi yo‘qlar mehnati ekspluatatsiyasiga qarshi tegishli idoralar kurashayotgani to‘g‘risidagi xabarlar bilan ham “Ozodlik” o‘z mushtariylarini vaqtida tanishtirib kelmoqda.

Xususan, 7 oktabrda Mehnat va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspektsiyasi Surxondaryo viloyat, Denov tuman Telekommunikatsiya bog‘lanmasi va Chorvachilikni rivojlantirish va veterinariya bo‘limi rahbarlariga ishchi- xizmatchilarini majburiy mehnatga jalb etgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutilgan miqdorda jarima belgilagani to‘g‘risida xabar berildi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG