Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:00

Minskda faollar Belarusning Rossiya bilan integratsiyasiga qarshi chiqdi


Alyaksandr Lukashenka Vladimir Putin bilan.
Alyaksandr Lukashenka Vladimir Putin bilan.

O‘nlab kishilar Minskdagi “Ozodlik” maydonida Belarusning Rossiya bilan ehtimoliy integratsiyasiga qarshi mitingga to‘plandi.

Taniqli muxolif siyosatchi va prezidentlikka sobiq nomzod Nikolay Statkevich 6 oktabrda kelasi oyda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi oldidan imzo yig‘ish bahonasida norozilik mitingi tashkil qildi.

Muxolifat yetakchisi prezident Alyaksandr Lukashenkani (prezident ism-familiyasining beloruscha imlodagi shakli) nazarda tutib, “bu odamning mamlakatimiz, davlatimizni sotishga nima haqqi bor?” degan savolni o‘rtaga tashladi.

Ushbu tadbir va so‘nggi haftalar mobaynida butun mamlakat bo‘ylab o‘tazilgan mitinglar “Mustaqillik uchun harakat” shiori ostida o‘tkazildi.

Dastlab 16 sentabrda “Kommersant’” gazetasida bosilgan, keyinchalik Rossiyaning boshqa axborot vositalari chop qilgan maqolalarda Belarus bilan Rossiya dekabrda imzolashni mo‘ljallayotgan “integratsiya rejasi” Moskva bilan hamkorlik kuchaytirilishi yuzasidan xavotirlar uyg‘otdi.

Rossiya axborot vositalari xabar qilishicha, “Ittifoq shartnomasi” imzolangani 20 yilligi munosabati bilan Kreml rahbari Vladimir Putin bilan Lukashenka 8 dekabrda bir qator ikki tomonlama shartnomalarga qo‘l qo‘yishi kutilmoqda.

Ikki mamlakat iqtisodiyot vazirlari imzolagan dastlabki shartnomada yagona pul-kredit, bank va bojxona tizimini yaratish ko‘zda tutilgan edi.

Ammo axborot vositalari qayd etishicha, yangi shartnomalarda yagona soliq kodeksi, energetika bozorlarining yagona regulyatori va ayrim bojxona tartib-qoidalarini birlashtirish nazarda tutiladi.

Lukashenka shu paytgacha Rossiya bilan integratsiyani yanada rivojlantirishni paysalga solib keldi, 2014 yilda Kreml Ukrainaning Qrim yarim oroli qo‘shin jo‘natganidan so‘ng qayta bosh ko‘tarayotgan Moskvadan bezor ham bo‘ldi. Rossiya pirovardida yarim orolni bosib oldi hamda Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni qo‘llab turgan urushda 13 000 dan oshiq kishi qurbon bo‘ldi.

Minsk arzon neft sotib olish uchun Rossiyaga suyanib qolgan, asosan, davlatga tegishli va sho‘rolar davridan qolib, eskirib ketgan iqtisodiyoti har yili 5 milliard dollarga yaqin subsidiya oladi. Bundan faqat axborot texnologiyalari mustasno.

2017 yili Lukashenka 80 ta mamlakat bilan vizasiz rejim joriy etdi, bu Moskvaning Belarus bilan o‘zaro vizalarni tan olish tizimini yaratish bo‘yicha rejalarini barbod qildi.

Belarus prezidenti sentabr oxirida Yevropa Ittifoqi bilan viza rejimini soddalashtirishga oid bitim imzolashini ham e’lon qildi.

Avtoritar hukmdor siyosiy mahbuslarni ozod qildi hamda NATO Moskvani tiyib turish uchun Sharqiy Yevropadagi hozirligini kengaytirganidan so‘ng Rossiyaning harbiy-havo bazasini mamlakat hududida joylashtirishga rozilik bermadi.

Garchi 17 noyabrdagi parlament saylovining “Ittifoq davlati shartnomasi” yaxlit sanasiga aloqasi bo‘lmasa-da, Statkevich Minskda to‘plangan kamsonli ommaga qarata, bunday kishilar mamlakatda “millionlar” ekanini va ular aholining “bo‘ynimizdan bo‘g‘ib turgan bir hovuch kishilardan farqli o‘laroq, 90-95 foizini tashkil qilishi”ni aytdi.

Parlament deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish 17 oktabrdan keyin boshlanadi.

Hozirgi paytda muxolif partiyalar 110 o‘rinlik Belarus Vakillar palatasida, bor-yo‘g‘i, ikkita o‘ringa ega. Muxolifat vakillarining saylovni boykot qilishga oid oldingi da’vatlarini ayni paytda ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG