Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 10:55

Shavkat Mirziyoev: “O‘qituvchini ko‘cha supirtirish menga ham, siyosatga ham xiyonat!”


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi yig‘ilishda o‘qituvchilarning obodonlashtirish ishlariga jalb qilinayotganini qattiq tanqid qildi.

Samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeevaning o‘limida o‘zini ham aybdor his qilgan prezident, bundan buyon o‘qituvchini majburiy mehnatga jalb qilgan hokimlar, katta xizmatlari bo‘lishidan qat’iy nazar, ishdan ketishini ta’kidladi.

Bundan avval O‘zbekiston Bosh vaziri, viloyat hokimlari OAVga o‘qituvchilarni dala va obodonlashtirish ishlariga jalb qilinmasligi haqida va’da bergan bo‘lsa ham, shu paytgacha o‘qituvchilar majburiy mehnat qurboni bo‘lib kelayotgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shakvat Mirziyoev 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda, o‘qituvchilarning dala ishlariga jalb qilinayotganini ilk bor qattiq tanqid qildi.

Kun.uz saytining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoev samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeevaning ko‘cha supirishga chiqarilganida mashina urib ketganini bilishini aytar ekan, bu uchun prezident o‘zini ham aybdordek his qilgan:

“Men samarqandlik o‘qituvchining vafoti haqida eshitdim. Qanaqadir direktor, rahbar yoki hokim qachondir mehmon keladi, deb ikki-uch kun oldin aytgan. Lekin, mening yuragimda bu xuddiki, men tufayli yuz bergandek tuyuldi. Yana bir bora va so‘nggi marta barcha rahbarlarni alohida ogohlantiraman: bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Ishdan olish bilan birga o‘sha rahbar qonun oldida javobgar bo‘ladi. Menga farqi yo‘q, juda katta xizmat qilgan hokim bo‘lsa ham, u ishdan ketadi. Men buni aytishga majburman, chunki bu davom etmoqda”, degan prezident.

Shavkat Mirziyoev uning viloyatlarga borishiga tayyorlanayotgan ko‘zbo‘yamachilik ishlarni ham tanqid qilar ekan, joylardagi ahvolni o‘zi juda yaxshi bilishini aytgan:

“Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma’lumot yetkaziladi. Lekin, ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish, ularga ko‘cha supurtirish, tayyorgarlik​ka jalb etish - siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat”, deb aytgan prezident.

Prezident fikricha, hokimlar majburiy mehnat bilan o‘zlariga rahmat emas, balki la’nat olmoqda:

“Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, la’nat aytadi. Bizni do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling”, degan prezident.

Shavkat Mirziyoev “odamlarning balandparvoz va’dalardan charchagani”ni, hatto majlislarga ham tayyorlangan maxsus odamlar kelayotganini bilishini ham aytgan:

“Yurakdan chiqarib aytyapman, do‘st bo‘lsangiz, bu ishlarni to‘xtating. Shuncha yilda hech narsa qilmaganmiz, bir yarim yilda bularni qila olmasligimizni ham bilaman. Ayrim paytlarda hech kimga ishonmay qolyapman, yig‘ilishlarda ham hammasi tayyorlangan odamlar... Men xalqni eshitishga, dardini tinglashga kelganman, balandparvoz gaplarni aytmang”, deb aytgan prezident.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon o‘qituvchilarni o‘z ishi qolib, dala va obodonlashtirish ishlariga jalb qilinayotgani mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid qilib kelinadi.

O‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish, ayniqsa, Islom Karimov prezidentligi davrida kuchaygan edi.

2016 yilda prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoev ta’lim sohasida ham bir qancha islohotlar boshlagan edi.

Jumladan, o‘tgan yili sentabr oyida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov barcha oliygoh o‘qituvchi va talabalarini paxtadan qaytarish haqida topshiriq bergan edi.

O‘tgan yili paxta terimi mavsumi oldidan bir qancha viloyat hokimlari o‘qituvchilarni paxta terimiga chiqarmaslik haqida va’da bergan edi.

Lekin o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilish davom etdi.

Ozodlik radiosi so‘nggi oylarda:

maktab direktorlarini qatorasiga terib, ularni haqoratli so‘zlar bilan birma-bir do‘pposlagan Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiev,

o‘qituvchilarni "shakal", "tvar", "eshak", "hayvon" deb so‘kkan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev,

paxta terimiga kam odam chiqargan rahbarlarni 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z bilan haqoratlagan Parkent tumani hokimi,

bog‘cha mudiralari, kollej va maktab rahbarlarini “itdan tarqagan” deb haqorat qilgan Bo‘z tumani hokimi Abdurashid Mamirov to‘g‘risidagi maqolalarni chop etgan edi.

XS
SM
MD
LG