Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida quriladigan Yangi Toshkentning bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.
“O‘zbekiston24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvida berilgan lavhada Mirziyoyev “yangi shahar qurilishi boshlanmasa, Toshkentda besh yildan keyin odamlar yashay olmasligi”ni aytgan.
“O‘zbekistonning 32 yillik tarixida birinchi marta biz namunaviy, jahon standartlarga mos loyihani qilyapmiz. Bu 300-400 yilga, bizning nevaralar, chevaralarga qolishi kerak”, degan prezident.
Qurilish vaziri o‘rinbosari, Yangi Toshkentni barpo etishga mas’ul etilgan Davronjon Odilov ta’kidicha, ikki daryo oralig‘ida quriladigan shahar mahalliy iqlimdan tortib shamol yo‘nalishlariyu quyosh botishigacha – barcha tendensiyalar hisobga olingan holda loyihalashtirilgan.
Rasmiylar poytaxtga yo‘ldosh yangi shahar qurilishi davr talabi ekanini aytmoqda.
Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 million nafarni tashkil qilmoqda. Binobarin, ko‘plab uy-joylar, muassasalar barpo etilib, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortmoqda.
Loyiha doirasida 20 ming gektar maydonda 500 ming kishiga mo‘ljallangan uy-joy va infratuzilma obyektlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda 2,5 ming gektar hududda 100 ming aholini joylashtirish vazifasi qo‘yilgan.
Rasmiy matbuot yangi davrning yirik loyihasi deya taqdim etayotgan Yangi Toshkent qurilishi ijtimoiy tarmoqlarda birdek olqishlanmoqda deyish qiyin.
Poytaxt havosi misli ko‘rilmagan darajada ifloslangani, infratuzilma kuchli zo‘riqishga duchor bo‘lganidan norozi vatandoshlar yangi shahar qurish loyihasini qo‘llab-quvvatlagan.
“Toshkent ichiga hammasi och bo‘riday joylashib oldi. Fermeri bormi, do‘kondori bormi, tayyor kanalizatsiya, suvni deb. Tayyor mulkka ega bo‘lmay, Toshkent chekkasida kanalizatsiya, suv o‘tkazib, o‘z inshootlarini qursin”, deydi Feysbuk foydalanuvchisi Guli Hakimova.
“Toshkentning havosi iflos, chang! Tirbandliklar sabab yo‘llarda yurib bo‘lmayapti. Bir-biridan baland uylar qurilishi Toshkent aholisini qiyin ahvolga solyapti”, deydi Akbar Jo‘rayev.
Ba’zi vatandoshlar shahar qurish rejasini umumiyat-la ma’qullagani holda, Yangi Toshkent uchun tanlangan joy nomaqbul ekanini aytadi.
“Janob prezident, Yangi Toshkentni umuman Toshkentdan uzoq joyda qurish kerak. Sizning maslahatchilaringizga – “2” baho. Yangi shaharni eng hosildor va unumli yerlarda emas, Samarqand bilan Qashqadaryo yoki Samarqand bilan Jizzax viloyatlari o‘rtasida qurish kerak. Strategik nuqtai nazardan ham bu juda muhim. Xalqni o‘ylagan odam shu ishni qiladi. Lekin hozirgi yangi toshkentchilar o‘z cho‘ntaklarini o‘ylayotganga o‘xshaydi”, deya mulohazalari bilan bo‘lishadi Rustam Mardonov Feysbukdagi Gazeta.uz nashrining ayni mavzudagi maqolasi ostida qoldirgan izohida.
Yana ayrimlar falon pulga yangi shahar qurguncha, poytaxtning kommunal tizimini epaqaga keltirish kerak deb hisoblaydi.
“Yangi Toshkent – katta proyekt, juda katta qarzlar evaziga paydo bo‘ladigan shahar. Undan ko‘ra mavjud shaharni isitish, gaz va tok bilan ta’minlash orqali, puxta reja bilan kengaytirib boraversa, arzon yo‘l bilan sekin-asta talab qondirilishi mumkin”, deydi Ilyos Narziyev.
Ko‘p sonli foydalanuvchilar hozirgi sharoitda yangi shahar qurishdan ko‘ra viloyatlarni Toshkentdek rivojlantirish muhimligini urg‘ulaydi.
“Yangi Toshkent deyavermasdan viloyatlarga, chekka tumanlargayam sal e’tibor beringlar. Bechora viloyatliklarning dardi “Open byudjet”da yutib chiqib, biror kamchiligini to‘g‘rilab olish bo‘lib qoldi. Zavod, fabrika ishlab chiqarishlarni rivojlantiringlar, infratuzilmalarga yaxshiroq e’tibor beringlar, viloyatliklar ham toshkentliklardek yashasin! Hali qish fasli kelmay “svet”ni o‘chirib yotibsizlar, gazlarda allaqachon navbat”, deb fig‘oni falakka chiqadi Azizjon Mirhabibov.
“Poytaxt bilan O‘zbekistonning chekka bir tumani o‘rtasida katta farq bo‘lmasligi kerak. Butun dunyoda shunday, nimaga bizning amaldorlarning kallasi yarim-chala ishlashi kerak?!” deya taajjub bildiradi Hakan Ibrohim ismli foydalanuvchi.
“Yangi Toshkent loyihasini 12 ta viloyatga bo‘lib, u yerlardagi qoloq maktab va klinikalarni rivojlantirish kerak”, deya maslahat beradi Ahmadjon Muhammadjonov.
“Janob prezident, zavod va fabrikalar qurib bering, aholi ish bilan ta’minlansin! Qolgani shundoq ham yaxshi bo‘lib ketadi”, deydi Zuhra Meliyeva.
Ayrimlar yangi qurilish sabab Chirchiq va Qorasuv daryolari ifloslanib ketishidan xavotir bildirsa, yana boshqalar loyihaga ajratilgan mablag‘ talon-toroj etilishidan tashvishda.
“5 yildan keyin kim bor-u, kim yo‘q – yolg‘iz Allohga ma’lum. Toshkent- sitidan orttirgan boyliklar hazm bo‘lganga o‘xshaydi. Endi yangi Toshkentdan soqqa qilishmoqchi”, deb o‘z farazini bayon qiladi Farhod Islomov.
Marhum Karimovga nisbat beriladigan “Yangisini qurmay, eskisini buzma” naqlini yodga olgan boshqa bir foydalanuvchi “Yangi Toshkent emas, balki yangi prezident kerak”ligidan bahs etadi.
Shahar qurilishi hazil ish emas, demak, bu masalada yetakchi mutaxassislar va jamoatchilik fikriga quloq tutish kerak, deydi tarmoq faollari.