Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:23

Yakkahokimlik va monopoliyaning kuchayishi. Ekspert Mirziyoyevning saylovoldi dasturi haqida


Shavkat Mirziyoyev uchinchi marta  O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev uchinchi marta  O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekistonning amaldagi prezidenti Shavkat Mirziyoyev uchinchi bor Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatildi. Bu haqdagi qaror O‘zLiDePning 30-may kuni bo‘lib o‘tgan XI syezdida qabul qilingan. Mirziyoyev syezddagi nutqida mamlakatni rivojlantirishning beshta strategik yo‘nalishi haqida gapirgan. Ular orasida bundan avval yangragan 2030-yilgacha jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini ikki baravarga oshirish va’dasi ham bor.

9-iyuldagi prezident saylovida Mirziyoyev parlamentdagi yana 3 partiya ilgari surgan nomzodlar bilan "raqobatlashadi" - ularning barchasi sobiq va joriy mulozimlardir. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Mirziyoyev hokimiyatga kelgan 2016- yildan buyon o‘tgan prezidentlik va parlament saylovlarining birontasini erkin va demokratik deb tan olgan emas.

Ozodlik Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi va saylov jarayonlari haqida Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov bilan suhbatlashdi.

-Nima uchun 5 yo‘nalish, 6 ta emas? O‘z vaqtida Karimovning besh tamoyili bo‘lgich edi...

Alisher Ilhomov: Mirziyoyevning besh yo‘nalishida men amalda olti yo‘nalishni ko‘rdim. Bular: ta’lim va sog‘liqni saqlash – bitta yo‘nalish; ikkinchisi – ijtimoiy ta’minot; uchinchisi – iqtisod, bu bank sektorini ham o‘z ichiga oladi; suv zahiralari va atrof-muhit himoyasi – to‘rtinchi yo‘nalish; qonun ustuvorligi – beshinchi va oltinchisi – “Yangi O‘zbekiston, xavfsiz va tinch davlat”. Aftidan, Mirziyoyevga 5 raqami yoqadi, qandaydir “muqaddas” raqam, piar uchun yaxshi, umuman olganda, Shavkat Mirziyoyevning besh tamoyili. Mayli 5 ta bo‘laqolsin, bu unchalik ham muhim emas.

Alisher Ilhomov
Alisher Ilhomov

Iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, xususan, chet el investitsiyalarini jalb qilishda eng muhim jihat, bu – ma’muriy tizimni isloh qilish va qonun ustuvorligi, sudlarning mustaqilligi. Mahalliy va xorijiy biznes hukumatning yordamiga muhtoj bo‘lmasdan o‘z manfaatlarini himoya qila olishi kerak. Qandaydir bahslar bo‘lsa, sud orqali hal qilinishi kerak. Ammo afsuski, Mirziyoyev saylovoldi dasturining “qonun ustuvorligi” qismida sanab o‘tilgan choralarning qonun ustuvorligiga hech qanday aloqasi yo‘q. Ular qandaydir boshqa choralar. Faqat bir o‘rinda-sanksiyalarning sudlar tomonidan berilishini hisobga olmaganda. Masalan, bir o‘rinda majoritar-proporsional saylov tizimini joriy qilish haqida so‘z boradi. Ammo bu punktning qonun ustuvorligiga aloqasi yo‘q. Bu alohida punkt va siyosiy islohotlarning bir qismi bo‘lishi kerak.

- Bu yo‘nalishlarni strategik deb atash mumkinmi?

Alisher Ilhomov: Prezidentlik saylovoldi kampaniyasi haqida gapirishdan oldin bu saylovlar va saylovoldi dasturlarining kontekstini yodda tutish kerak bo‘ladi. Men ayrim fundamental omillar, masalan, har qanday avtoritar davlat ustuvor deb biladigan masalalarga e’tibor qaratgan bo‘lardim. Avtoritar davlatlar, odatda, ikkita asosiy ustuvor yo‘nalishdan kelib chiqishadi. Birinchidan, ularning maqsadi hokimiyat ustidan avtoritar nazoratni ta’minlash va shu orqali imkon qadar umrbod hokimiyatda qolish; ikkinchidan, ular aholining o‘z boshqaruvlaridan roziligi masalasini e’tibordan chetda qoldirolmaydi. Shuning uchun ham ular siyosiy legitimlikka intilishadi. Bu ularga mamlakatdagi barqarorlikni ushlab turishga imkon beradi.

Мирзиёев ҳали ҳам ислоҳотчими? ТАҲЛИЛ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:36 0:00

Hozir O‘zbekistonda yangi tahrirdagi konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan mavjud tuzumning yakkahokimlik tabiati yanada kuchaydi; birinchidan, amaldagi prezidentning ikki muddati ustiga yana muddat qo‘shilyapti – shu yo‘l bilan u, aftidan, bir umr hokimiyatda qolishni niyat qilgan, ikkinchidan, parlament vakolatlari uzurpatsiya qilinyapti – prezident parlamentning qator muhim vakolatlarini o‘ziga olyapti, masalan, muhim davlat lavozimlariga tayinlash vakolati. Yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish, qaysidir ma’noda kompensatsiya qilish uchun Mirziyoyev qandaydir qadamlar qo‘yish, va’dalar berishga majbur. Hozir e’lon qilingan saylovoldi dasturida u katta va’dalarni beryapti. Bu va’dalarning qanchalik bajarilishi borasida savollar paydo bo‘lishi tabiiy. Mirziyoyevning va’dalari menga o‘tgan asrning 50-yillarida sovet rahbari Nikita Xrushchev bergan va’dalarni eslatadi. Xrushchev 20 yildan keyin kommunizm qurishni va’da qilgan edi. Amalda 20 yildan keyin nima bo‘lgani ma’lum – Sovet Ittifoqida turg‘unlik davri boshlandi. Hozir Mirziyoyev jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini ikki baravar oshirishni va’da qilyapti. Bu yerda raqamlarga savol bor. Xalqaro moliya tashkilotlarining hisobotlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda yillik YaIM hajmi taqriban 60 milliard dollarni tashkil qiladi. Buni ikkiga ko‘paytirsak 120 milliard bo‘ladi. Mirziyoyev bundan kattaroq raqamni aytyapti. Albatta, bu juda yaxshi niyat. Ammo qanday qilib, degan savol paydo bo‘ladi. Mirziyoyevning saylovoldi dasturi bu savolga javob bermaydi. Hozirgi va’dalar Sovet Ittifoqi davridagi rejalashtirishni yodga soladi. Biz shuncha milliard tonna tsement, po‘lat yoki deylik falon million tonna paxta yetishtiramiz, qabilidagi. Masalan, Mirziyoyev 1 million dona avtomobil ishlab chiqaramiz, deyapti. Ammo bu uning bozor iqtisodiyotini yoki xususiy biznesni rivojlantiramiz, degan bayonotiga zid keladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida qancha mahsulot ishlab chiqarshini biznesning o‘zi bozor sharoitlaridan, talab va taklifdan kelib chiqib hal qiladi. Tepadan biznesga reja qo‘yish buyruqbozlikka asoslangan eski iqtisodiy tartibni yodga soladi. O‘z vaqtida Islom Karimov ham xuddi shunday yo‘l tutgan, iqtisodiyotni qo‘l bilan boshqarishga uringandi. Mirziyoyev ham o‘z chiqishlarida fermer xo‘jaliklariga, hatto shaxsiy xo‘jaliklarga qancha limon yetishtirish, qancha tovuq boqish haqida ko‘rsatmalar beryapti. Bu ko‘rsatmalarning bozor iqtisodiyoti tamoyillari bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Davlat biznesga aralashmagan holda iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishi, erkin, halol va adolatli raqobatni ta’minlashi lozim. Adolatli raqobat bo‘lmagan joyda hamma narsani monopoliyachilar nazorat qiladi. Men Mirziyoyevning saylovoldi dasturida xuddi shu narsani ko‘rmadim, ya’ni hukumat iqtisodiyotni qanday tartibga solmoqchi, sog‘lom raqobatni qanday ta’minlamoqchi? Buning o‘rniga qandaydir mega-loyihalarni ko‘ryapmiz. Xuddi paxta-to‘qimachilik klasterlariga o‘xshagan. Bu klasterlar joylarda mahalliy hokimiyatlar bilan birlashib, fermerlar yetishtirgan mahsulotga narxni o‘zlari belgilayapti; hech qanday raqobat yo‘q, faqat monopoliya.

- Mirziyoyevning saylovoldi dasturida siyosiy o‘zgarishlarga biron ishorani ko‘rdingizmi?

Alisher Ilhomov: Afsuski, Mirziyoyevning dasturida mamlakat o‘z siyosiy tizimini qay tariqa rivojlantirishi, demokratik yo‘nalishda qanday taraqqiy etishiga bag‘ishlangan alohida bob mavjud emas.

Aftidan, Mirziyoyev mazkur yo‘nalishda biron tuzukroq taklif bilan chiqa olmasligini tushunib, siyosiy islohotlarga doir bandlarni o‘z dasturiga mutlaqo kiritmagan va saylov tizimiga oid bandnigina qoldirib, uni ham mantiqqa zid ekaniga qaramay, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar sirasiga qo‘shib yuborgan.

Mazkur bandda, jumladan, hokimlar bundan keyin mahalliy kengashlar oldida hisobdor bo‘lishi haqida so‘z boradi. Umuman olganda bu yomon emas. Lekin muammo shundaki, kengashlarning o‘zi erkin saylov yo‘li bilan tuziladigan demokratik organ hisoblanmaydi. Loaqal mahalliy saylovlarda bir oz raqobat yaratish uchun muxolifatning saylovda qatnashishiga ruxsat berish haqida takliflar bo‘lgan edi, biroq ko‘ryapmizki, bu xususda hech gap yo‘q. Binobarin, mahalliy kengashlar, garchi rasman hokimdan hisob so‘rash vakolatiga ega bo‘lsa-da, ijro hokimiyati va hokimlar nazoratida qoladi.

-Umuman, hozirgi saylovoldi jarayonlarining Karimov davridagi saylovlardan farqi bormi?

Alisher Ilhomov: Islom Karimov davridan beri hech nima o‘zgarmadi. Mirziyoyev bilan qo‘shtirnoq ichida raqobatlashadigan nomzodlarning hech qanday obro‘si yo‘q, chunki ular “cho‘ntak partiyalar”ning vakillari. Biz ular haqida juda oz narsa bilamiz, lekin ular hukumatni hech qachon tanqid qilishmagan, davlat siyosatini o‘z siyosiy platformasi nuqtai nazaridan tanqidiy tahlil qilishga jur’at eta olishmagan. Bu nomzodlar hukumat “mana, bizda demokratik saylovlar o‘tkaziladi” deya olishi uchun Mirziyoyevning tomoshasida rol o‘ynab berishadi, xolos.

Мирзиёев Берлинда. 3-муддат ва микрочиплар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:28 0:00

-Prezident saylovidan keyin hukumat tarkibi o‘zgarishi, qandaydir yangi odamlar kelishi mumkinmi?

Alisher Ilhomov: Saylovdan so‘ng jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi deb o‘ylamayman, lekin muayyan vaqt o‘tib Mirziyoyev o‘zining va’dalari doirasida rejim mohiyatini va idora uslubini o‘zgartirmaydigan biron kichik, xususiy islohotlarga qo‘l urishi mumkin, albatta. Chunonchi, u ijtimoiy ta’minot va ta’lim tizimi haqida gapiryapti, o‘zining siyosiy boshqaruvini legitimlashtirish maqsadida bir qancha resurslardan voz kechib, ushbu sohalarda qandaydir islohotlar o‘tkazsa ajab emas. Biroq qonun ustuvorligi borasida biron arzigulik o‘zgarish bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi, bu haqda uning dasturida hech nima deyilmagan.

- Ayni paytda Mirziyoyev go‘yoki elektr energiyasi va umuman energiya tariflarini liberallashtirish kabi xalqqa xush kelmaydigan islohotlarni o‘tkazish uchun ham saylovni tezlashtiryapti, degan farazlar ham bor. Shunday bdo‘lishi mumkinmi?

Alisher Ilhomov: Bu erda ikkita muhim jihat bor. Birinchidan, Mirziyoyev hokimiyatning barcha tarmoqlarini va mamlakatdagi vaziyatni nazorat qiluvchi, repressiv apparatga tayanuvchi avtoritar rahbar sifatida bu ishlarni xohlasa bugunoq qilishi mumkin, hech kim unga xalal bera olmaydi. Albatta, oldin qandaydir tushuntirish ishlari olib boriladi, ammo umuman olganda prezident istasa, tariflarni hoziroq oshirishi mumkin. Masala boshqa yoqda. Energetika sohasida bozor muhitini yaratmay turib energiya narxlarini liberallashtirishdan nima ma’no bor? Axir elektr quvvati, issiqlik va gaz yetkazib berayotgan tashkilotlar hozirgi monopol mavqeini saqlab qoladigan bo‘lsa, tariflar liberallashtirilganidan keyin ham ular bir tomonlama narxlarni oshirishda davom etaveradi-ku. Bu yerda raqobat muhitini yaratish, bir necha shirkatlar bozorda o‘zaro halol raqobat olib borishiga erishish masalasi birinchi o‘rinda bo‘lishi lozim. Shunda talab va taklifga asoslangan nisbatan adolatli narxlar shakllangan bo‘lur edi. Lekin o‘shanda ham davlat narxlarni dotatsiyalash bilan aholiga yordamlashib turishi kerak bo‘ladi. Masalan, Buyuk Britaniyada gaz, elektr va issiqlik quvvati yetkazib berish xizmatlarini taklif etuvchi ko‘plab shirkatlar ishlaydi, ular o‘rtasida real raqobat mavjud. Shunday bo‘lsa ham o‘tgan bir necha oyda narxlar keskin oshib ketdi va hukumat uy xo‘jaliklarining energiya sarf-xarajatlarini qisman qoplab berishga majbur bo‘ldi. Qisqasi, men “Mirziyoyev energiya narxlarini oshirish uchun saylovni tezlashtiryapti” degan fikrga qo‘shilmayman.

XS
SM
MD
LG