Линклар

Шошилинч хабар
14 июн 2024, Тошкент вақти: 07:22

"Tuhmat" va "haqorat". Toshkentda prezident Mirziyoyev oilasini tanqid qilgan bloger hibsga olindi


Bloger Shohida Salomova 18-dekabr kuni Toshkentdagi uyidan olib ketilgan.
Bloger Shohida Salomova 18-dekabr kuni Toshkentdagi uyidan olib ketilgan.

Toshkentlik bloger va Telegramdagi “Patanatomiya strani Uz” kanali ma’muri Shohida Salomova O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining “tuhmat” va “haqorat” bandlari bo‘yicha ayblanib hibsga olindi.

Salomovaning ishini kuzatayotan jamoatchilik va huquq faollari uning hibsga olinishini “birinchi oila” haqidagi tanqidiy postlari bilan bog‘lashmoqda.

Salomova so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda javobgarlikka tortilgan yagona bloger va faol emas.

60 yashar bloger shu yilning 18-dekabr kuni bedarak ketgan va keyinroq uning hibsga olingani o‘rtaga chiqqan edi.

Hibsga olinishi arafasida Salomova o‘z kanalida Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda oilasi mansublarining suratlarini chop etgan va ularni nepotizm hamda korrupsiyada ayblagandi.

Advokatlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hibsxonasida saqlanayotgan Salomova bilan uchrasha olmayotganini aytmoqda.

“Shaxinya Koroleva” taxallusi ostida faoliyat olib borgan bloger YouTube, Feysbuk va Telegramdagi sahifalarida chiqishlarida O‘zbekiston Adliya vazirligi, prokuratura, sud, viloyat va ayniqsa Toshkent shahar hokimligi mulozimlarini tanqid qilib kelgan.

Salomovaning tanqidi nishoniga aylanganlar orasida Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarov ham bor. Shohida Salomova Otabek Umarovni "poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi hovlisi yaqinida 20tacha yer uchastkalarini sotib olib, katta hovli qurayotganlik"da ayblagan.

Shohida Salomovaning hibsga olinishini muhokama qilayotgan Internet foydalanuvchilaridan biri maxsus kuchlar uning kvartirasi eshigini buzib kirganini ma’lum qildi.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayevaning yozishicha, Salomova so‘nggi yillarda Toshkentdagi majburiy buzishlarni yoritib kelayotgandi.

- So‘nggi yillarda Salomova majburiy buzish ishlari bo‘yicha yetakchi advokatga aylandi. Uning vayronagarchilik qurbonlariga ochiq yuridik va bepul maslahatlari uni yetakchi yuridik bloger sifatida ajratib ko‘rsatdi.
Aniq ma’lumki, bir kun avval uning telefonlari, interneti, elektr quvvati o‘chirilgan, shundan so‘ng Markaziy IIB tergovchisi Baxtiyor Tojiyev kelib, uyini tintuv qilgan.

Vaziyatni kuzatib borayotgan jamoatchilik namoyandalari va blogerning yaqinlari hibsga olinganidan keyin Shohida Salomova bedarak ketganini ma’lum qildi.

Bloger "tuhmat" va "haqorat qilish"da ayblanmoqda

Blogerning do‘stlari hozirda uning “O‘zbekiston davlati patanatomiyasi” Telegram-kanalidagi sahifasi o‘chirib tashlanganini bildirdi. Ammo, 21-dekabr kuni bu kanal qayta ishga tushirilib, unda Shohida Salomovaning o‘ziga qarshi kamsituvchi va boshqa materiallar joylashtirilganini ko‘rish mumkin.

Shohida Salomovaning hozirda Londonda istiqomat qilayotgan qizi Kamola Kamalova Ozodlik bilan suhbatda qamoq sharoitlarining diabetik va boshqa kasallar bilan og‘riydigan onasining sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilishidan xavotir bildirdi.

- Ular kvartiramiz eshigini muhrlab ketishibdi, kirolmayapmiz. Onamning narsalarini ololmayapmiz. Onamning biz yollagan advokatga aytishicha, “tuhmat” asosida jinoyat ishi ochilgan. Kimga tuhmatligi, boshqa ma’lumotlarni aytmagan. Onamning kompyuteri va telefoni ekspertizaga yuborilgan. Advokatimiz borsa, boshqa navbatchi advokat tayinlashibdi, har- xil bahonalar bilan uni ishdan chetlatishyapti. Men sog‘liqlari qay ahvolda ekanini bilishni xohlayman. Bu surunkali kasalliklardir, u kishini turmada ushlash juda xavfli: istagan paytda qand kasali komasiga tushishi mumkin. Diyetik ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak berishga ruxsat berishmayapti. U komada yotgan bo‘lsa-chi?!

Yaqin do‘stlaridan biriga ko‘ra, Shohida Salomova asosan ijtimoiy-siyosiy mavzularda chiqishlar qilib kelgan.

- U kishida davlat, DXX yoki boshqa xodimlar bilan konflikt bo‘lmagan. Oxirgi paytlarda Shohida diniy radikallar bilan tortishib kelayotgandi, uning ustidan yozishgan. Chunki u boshqa din vakillari va dinsizlarni haqorat qilayotganlar bilan Telegram, Feysbuk va boshqa tarmoqlarda tortisha boshladi. U siyosiy chiqishlar qilgani rost, Yutubda videolari bor, lekin jiddiy biror dalil-isbotsiz, shunchaki fikrlarini bildirib kelardi. “Sharqona” taxallusi bilan chiqadigan bir toshkentlik ayol ham yo‘qolib qoldi, Shohida huquqshunos sifatida uni himoya qilib kelardi.

Ma’lum bo‘lishicha, toshkentlik blogerga qo‘yilgan moddalar Internet yordamida haqorat qilish va bo‘hton tarqatish bilan bog‘liqdir.

Vaziyatdan xabardor toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevichga ko‘ra, 60 yashar ayolga nisbatan O‘zbekiston JK 139-moddasi va 140-moddasi 2-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

- Hibsga olinishidan bir kun oldin u o‘zining Telegramida go‘yo prezident kuyovini qattiq haqorat qilib, post qo‘ygan. Nima sababdan – noma’lum. Shohida hibsga olinganidan keyin uning “Patanatomiya strani Uz” Telegram kanali ikki marta nomi o‘zgardi, hozir esa umuman o‘chirib tashlandi. Uning uyiga hibsga olish va tintuv qilishga sanksiya bilan to‘rt erkak kelgan. ASSA sayti kelganlar Ichki ishlar, DXX, FVV va yana qanaqadir idoradan ekanligini yozdi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, hibs etilishidan bir kun oldin u Telegram- kanalida Mirziyoyev oilasi fotosuratlari qo‘yilgan post joylab, juda ehtirosli va qo‘polroq so‘zlarni ishlatgan. Jumladan, kuyovlardan biri to‘g‘risida. Xuddi shu narsa uning qo‘lga olinishiga sabab bo‘lgan, ko‘rinadi.

Salomovaning ishini kuzatayotan boshqa faollar ham uning bunday qattiq bosimga olinishiga aynan “birinchi oila”, jumladan kuyovlardan biri haqida "haqoratli" so‘zlarni gapirgani sabab bo‘lgani haqidagi farazini ilgari surishdi.

21-dekabr kuni O‘zbekiston IIBB Tergov boshqarmasi mazkur ish yuzasidan rasmiy izoh berdi. Unga ko‘ra, "1970-yilda tug‘ilgan A. G. ariza bilan murojaat qilib, ijtimoiy tarmoqlarda unga tuhmat qilib, haqorat qilgan ijtimoiy tarmoq faoli fuqaro 1962-yilda tug‘ilgan Sh.S.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan."

Ayni paytda, Shohida Salomova shu yilning bahorida boshqa bir taniqli bloger va jamoatchilik faoli Aleksey Garshinga qarshi ko‘rsatma bergan edi.

"Shovvozsoy"ni fosh qilgan blogerga qarshi ko‘rsatma

Toshkent viloyatida joylashgan “Shovvozsoy” tog‘lari hududidagi prezident Mirziyoyevning hashamatli qarorgohini fosh qilgan Garshin shu yilning 21-oktabrida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 140-moddasi 2-qismi asosida Yunusobod tuman sudi qarori bilan Shohida Salomovani “haqorat qilganlik”da aybdor deb topilib, katta miqdorda - 108 mln so‘mlik jarimaga mahkum etilgan. Biroq, Aleksey Garshin sud qarorini 2022-yilning 19-dekabrida qo‘liga olganini aytadi.

Garshin Ozodlik bilan suhbatda bir necha kun oldin Toshkent IIBsiga chaqirtirilib, Salomovaga qarshi shikoyati ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risida xabar berishganini aytdi.

- Sud menga 400 minimal ish haqi miqdorida jarima solish bilan ishni yakunladi. Salomovaning shikoyati qabul qilindi, mening arzim inobatga olinmadi, ko‘rilmadi. Uyimga sud ijrochilari kela boshladi. Lekin men sud qarorini qo‘limga 19-dekabr kuni oldim. Bu haqda videoyozuvlarim bor. Qizig‘i, 15-dekabr kuni meni shahar IIBsiga chaqirishib, Shohida Salomova ustidan bahorda yozgan qarshi shikoyat arizam qabul qilinishini bildirishdi. Sud davomida mutlaqo inobatga olinmagan bu shikoyat nimaga hozir qayta ko‘tarilayotgani tushunarsiz.

Salomovaga “mening arizam yuzasidan jinoyat ishi ochilgani”ni bildirishdi. Men Shohida Salomovani haqorat qilmaganman va u menga mutlaqo qiziq emas. Uni qamatish yoki jarimaga tortish ham kerak emas. Tergovchi meni hibsga olish bilan qo‘rqitdi,qanaqadir hujjatlarni imzolashimni buyurishdi. Men rad javobini berdim. Tushunishimcha, ular mening qo‘lim bilan o‘zlarining qing‘ir ishlarini amalga oshirmoqchi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda qator jamoatchilik faollari, bloger va jurnalistlar bosimga uchragani xabar qilinmoqda.

Ijtimoiy tarmoq faollari “fikr politsiyasi” deb atayotgan huquq-tartibot xodimlari mamlakat ichkarisida bo‘layotgan nohaqliklar, qonunbuzarlik va, ayniqsa, svet-gaz muammosini ko‘tarib chiqayotgan faollarni javobgarlikka tortayotgani, jarima solayotgani va “suhbatlar”ga chaqirtirayotgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG