Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:07

“Toshkent mehmonxonalarida joy qolmagan”. Rossiyaliklar mobilizatsiyadan qayerga qochmoqda?


Rossiyada  qisman harbiy safarbarlik e’lon qilinishi ortidan mamlakatning chegara maskanlarida tirbandlik yuzaga kelgan. 
Rossiyada  qisman harbiy safarbarlik e’lon qilinishi ortidan mamlakatning chegara maskanlarida tirbandlik yuzaga kelgan. 

Rossiya va Qozog‘iston orasidagi “Bugristoye” chegara maskanida, yo‘lning Qustanay yo‘nalishida bir necha kilometrga cho‘zilgan tirbandlik yuzaga kelgan.

Prezident Vladimir Putin 21-sentabr kuni qisman harbiy safarbarlik e’lon qilishi ortidan bunday holat mamlakatning boshqa chegara maskanlarida ham kuzatilmoqda.

Nordic.News agentligi Tvitterda Rossiyaning Finlyandiya bilan chegarasida avtomobillar turib qolgani aks etgan videoni joylashtirdi.

Finlyandiya Yevropa Ittifoqining Rossiya bilan quruqlikdagi eng uzun - 1, 3 ming kilometrlik chegaraga ega davlati hisoblanadi.

Bu davlat rossiyalik sayyohlar uchun mamlakatga kirish tartibini kuchaytirmoqchi.

Mobilizatsiyadan qochish

Yandex.maps xizmatiga ko‘ra, Rossiyaning Gruziya, Belarus, Mongoliya bilan chegarasida ham avtomobillar tirbandligi yuzaga kelgan.

Videolarda Rossiya-Gruziya chegarasida yuzlab avtomobillarning to‘planib qolganini ko‘rish mumkin.

Ba’zi haydovchilar mobilizatsiya e’lon qilinganidan keyingi birinchi tunni chegarada o‘tkazgan.

“Tirbandlik Yuqori Larsdan Quyi Larsgacha cho‘zilgan. Taqriban 5-6 kilometr. Odamlar kechadan beri turishibdi. Mening o‘zim 8 soat bo‘ldi turibman”, - deydi haydovchilardan biri.

Mobilizatsiya e’lon qilingan 21-sentabrning o‘zida rossiyaliklar vizasiz borishlari mumkin bo‘lgan Boku, Toshkent, Istanbul, Yerevan kabi shaharlarga reyslar uchun chiptalar sotilib bo‘lgani haqida xabarlar olingandi.

Toshkentga aviachiptalar "o‘n barobar" oshdi

22-sentabr kuni Moskvadan Toshkentga aviachipta narxi bir tomonga qariyb 9 ming dollargacha ko‘tarildi.

"Vnukovo aeroportidan uchmoqchi bo‘lsangiz, Toshkentga 603 ming 50 rubl. Ketishni xohlovchilar ko‘p, talab ko‘p. Ertalabdan 200dan ortiq odam bilet so‘rab telefon qildi", - deydi Rossiyada aviabilet savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor va bloger Farhod Temirtirnoq Ozodlik bilan suhbatda.

Rossiyaning bir qator aeroportlarida xorijga yo‘l olgan erkak yo‘lovchilar qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilayotgani aytilmoqda.

Pasport nazoratida chipta qachon sotib olingani, qaytish chiptasi bor-yo‘qligi, jo‘nab ketayotgan shaxs harbiy xizmatni o‘taganmi, harbiy ixtisosligi bor-yo‘qligi haqida savollarga tutilmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin chorshanba kuni urushga qisman safarbarlik e’lon qildi. Ammo safarbarlikning aniq miqyosi hozircha noma’lum. Tarmoqlarda Rossiya mintaqalaridan turli yoshdagi erkaklarning avtobuslarga bosib olib ketilayotgani videolari tarqalmoqda.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, 300 ming zahiradagi askarni harbiy xizmatga chaqirish rejalashtirilgan.

Ko‘pchilik rossiyaliklar mamlakatni tark etishni urushga tortilmaslikning eng qulay yo‘li sifatida ko‘rmoqda.

Ayni paytda, odamlarning chetga oqimi ortidan Rossiyaning ayrim mintaqalarida safarbarlikka chaqiruv qog‘ozi olmagan askar va zahiradagi zobitlarning o‘z shahar va tumanlaridan harbiy komissiya ruxsatisiz chiqib ketishi vaqtincha cheklandi.

Rossiyadagi potensial chaqiriluvchilar qochib ketishi mumkin bo‘lgan davlatlar ko‘p emas.

Rossiyaliklar xorijga chiqish pasportisiz Belarus chegarasini kesib o‘tishlari mumkin, ammo fevral oyida Rossiya harbiylari Kiyevga hujum qilgan Belarusni xavfsiz joy deb ko‘rilmaydi.

Turkiya rossiyaliklar uchun viza talab qilmasa-da, xorijga chiqish pasportisiz bu davlatga borishlari imkonsiz.

Shu jihatdan Armaniston va Markaziy Osiyo davlatlari rossiyaliklar qochishlari uchun qulay yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

“Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston rossiyaliklar xorijga chiqish pasportisiz kirishlari mumkin bo‘lgan davlatlar. Hozir bu mamlakatlarning barchasiga chiptalar sotib bo‘lingan, yaqin uch kun ichida u yerga ucha olmaysiz”, - deydi Ozodlik bilan suhbatda Rossiyani tark etgan muhojirlarga yordam beruvchi "Kovcheg" tashkiloti rahbari Anastasiya Burakova.

Burakovaga ko‘ra, O‘zbekiston rossiyaliklar uchun safar qilish qulay bo‘lgan mamlakatlardan.

O‘zbekistonda ishlab turgan Uzcard va MIR tizimidagi kobeyjing kartasi rossiyaliklarga to‘lov qilish imkonini beradi.

"Toshkent mehmonxonalarida joy qolmagan"

Payshanba kuni Toshkent aeroportida Rossiyadan keluvchilar soni keskin ortgani kuzatildi.

Poytaxt Toshkentda mehmonxonalarida narxlari oshib ketgan, ba’zilarida joy qolmagan.

"Hamma joy sentabr oyi oxirigacha bron qilib bo‘lingan", - dedi "Toshkent" mehmonxonasi xodimi Ozodlikka.

Mart oyining boshlarida Ukrainadagi urush va G‘arb sanksiyalarining kuchayishi fonida minglab rossiyaliklarning O‘zbekistonga oqimi ortidan Toshkentda uy-joy va ijara haqlari qimmatlay boshlagandi.

Bloger va jamoat arbobi Aziza Umarova Facebook sahifasida rossiyaliklarning yangi oqimi narx-navoning yanada ko‘tarilishiga olib kelishi haqida yozdi:

“Voqealar jadal rivojlanmoqda. Qisman safarbarlik e’lon qilindi. Ruslarning katta oqimini kuting, narxlar ko‘tariladi, ko‘chmas mulk ham. Va bular fevral oyidan beri kuzatilayotgani kabi, o‘zlarini masofadan turib boqishga qodir bo‘lgan frilanserlar va IT mutaxassislar emas. Har xil odam keladi”.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Rossiyadagi mobilizatsiya ortidan bu mamlakatdan qancha odam O‘zbekistonga kirib kelgani haqida biron ma’lumotni ochiqlagani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda rus muhojirlari oqimini nazoratga olish va aniq tartiblar joriy qilishga chaqiriqlar yangramoqda.

Ayni paytda Rossiyaga qo‘shni Boltiqbo‘yi va Skandinaviya davlatlari harbiy safarbarlikdan qochayotgan rossiyaliklarning kirishiga cheklovlar joriy etgan.

XS
SM
MD
LG