Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 14:55

Toshkent hokimi qizining sirli unashtiruv marosimi va to‘yi: Nima ma’lum?


Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident Mirziyoyev davrining oligarxlaridan biri sanaladi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident Mirziyoyev davrining oligarxlaridan biri sanaladi.

Shu oy boshida o‘zbek boylari hayotini aks ettiruvchi ayrim Instagram kanallarida mamlakatning eng boy odamlaridan deb ko‘riladigan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qizining Sardor ismli yigitga turmushga chiqqani xabar qilindi.

Vakolat va qudrati Toshkent hududidan butun mamlakatga yoyilib¸ davlatning aksar yirik loyihalarini o‘z biznes imperiyasiga olib berayotgan poytaxt hokimining yangi kuyovi va uning oilasi kimligi hozircha jamoatchilikdan qattiq sir tutilmoqda.

Kelin bor¸ to‘y ko‘ylak bor¸ to‘y bordek...

Iyul oyining ilk haftasida Instagramdagi luxury_families (badavlat oilalar) sahifasida #sardorkamilla, #SardorKamilla#BeHappy degan heshtaglar bilan Kamila Ortiqxo‘jayevaning¸ aftidan¸ to‘yda namoyish etiladigan LoveStory uchun olingan ayrim suratlari paydo bo‘ldi.

3 va 6 - iyul kunlari qo‘yilgan bu suratlarda Kamila Ortiqxo‘jayevani quchoqlab suratga tushgan bo‘lajak kuyovning yuzi ko‘rinmaydi.

8 - iyul kuni ayni kanalda Kamila Ortiqxo‘jayevaning kelin libosidagi surati e’lon qilindi. Unga “Bride 🤍 #08.07.2021” degan post ilova qilinganidan¸ Kamilaning aynan 8 - iyul kuni kelin bo‘lgani anglashiladi.

Ozodlik manbalarining bildirishicha¸ Kamila Ortiqxo‘jayevaning to‘yi 8 - iyul kuni Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasining tantanalar zali (ballroom) da bo‘lib o‘tgan.

Mehmonxona rasmiy sahifasidagi ma’lumotga ko‘ra¸ sathi 855 kvadrat metr bo‘lgan bu zalda 800 nafargacha mehmon qabul qilish mumkin. O‘zbekistonda to‘yga 50 nafardan ortiq mehmon chaqirmaslik tartibi kuchga kirishi arafasida o‘tkazilgan Toshkent hokimi qizining to‘yiga qancha mehmon chaqirgani Ozodlikka ma’lum emas.

Hozirgacha mamlakatdagi eng taniqli amaldorlardan biri bo‘lgan Ortiqxo‘jayev oilasidagi to‘y haqida mahalliy jurnalist va blogerlar deyarli lom-mim demadi.

Ijtimoiy tarmoqda ayni to‘ydan olingani aytilgan qisqa videoda "O‘zbekiston xalq artisti" Yulduz Usmonova va qizi Nilufar Usmonovaning sahnada ashula aytayotgani ko‘rinadi.

Bu tasvirlarda na kelin-kuyov¸ na ular oilalari ko‘rinmagani bois¸ uning aynan Kamila Ortiqxo‘jayeva to‘yidan olinganini tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ Ortiqxo‘jayev qizining to‘yiga kelgan mehmonlardan mobil telefonlar yig‘ishtirib olingan yoki ulardan surat va videoga olmaslik so‘ralgan.

Hokim va boshqa amaldorlarning dabdabali to‘ylari tarmoqlarda e’tiroz va norozilik uyg‘otishi ortidan¸ Ozodlik manbalari ta’kidicha¸ amaldorlar to‘y va yig‘inlarida mobil telefonlarini yig‘ishtirib olish yangi urfga aylangan.

Ayni paytda 9 - iyul kuni Instagramdagi saadiatelier kanalida Kamila Ortiqxo‘jayevaning kelin libosidagi bir nechta surati e’lon qilindi.

Go‘zal kelinchagimiz Kamila( postda Camila deb yozilgan -tahr.). Naqshinkor italyan to‘ridan qo‘lda tikilib¸ qo‘lda ishlangan gullar bilan bezatilgan ko‘ylak”¸ deyiladi suratga tirkalgan postda.

Suratlar ustiga saadiatelier logosi tushirilganidan¸ bu ko‘ylakning ayni shu brend mahsuloti ekani tushuniladi.

Saadiatelier brendi 33 yashar Diyora (Diora) Usmonovaga tegishli. Diyora Usmonova tarmoqdagi rasmiy akkauntlarida o‘zini mazkur brend asoschisi sifatida taqdim etadi. 2009 - yilda milliarder Alisher Usmonovning jiyani va merosxo‘ri ko‘rilgan Bobur Usmonovga turmushga chiqqan Diyora Usmonova prezidentning xotini Ziroat Mirziyoyevaga jiyan bo‘ladi. Bobur Usmonov 2013 - yili Toshkentdagi avtohalokatda vafot etishi ortidan Diyora Toshkentdagi “Paxtakor” futbol klubi va “O‘zbekiston” mehmonxonasining sobiq egasi, “alyuminiy qiroli” laqabini olgan Botir Rahimovga turmushga chiqqan.

Diyora Usmonova bugungi kunda Toshkent elitasining kiyinish va yashash uslubini belgilovchi inflyuenserlardan biri sifatida ko‘riladi.

Suratlardan anglanishicha¸ oligarx hokim Ortiqxo‘jayevning qizi kiygan to‘y ko‘ylagini aynan Diyora Usmonova bichib-tiktirgan. Diyora Usmonova Kamila Ortiqxo‘jayevaning kelin libosidagi bu suratlarini to‘y bo‘lgani aytilgan 8 - iyul ertasiga tarmoqdagi o‘z shaxsiy akkauntida ham qo‘yib¸ unga baxt tiladi.

Ayni 9 - iyul kuni Instagramdagi uzb_glamour_ladies kanalida ham Kamila Ortiqxo‘jayevaning kelinlik libosidagi rasmlari qo‘yildi.

Kanalda¸ unga yozilgan izohga ko‘ra¸ “O‘zbekistondagi eng chiroyli va maftunkor qiz va juvonlarning surat va videolari” qo‘yiladi. Asosan yangi o‘zbek boylari va siyosiy elita ayollarining suratlaridan iborat bu kanalning yuzi qilib prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva tanlangan.

Oligarx hokimning sirli kuyovi kim?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘nga yaqin surat yoniga qo‘yilgan birlamchi postlardan Kamila Ortiqxo‘jayevaning Sardor ismli yigitga turmushga chiqqani tushuniladi.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ kuyov Toshkentdagi «imkon plyus» nomi bilan ochilgan qator shirkatlar egasi bo‘lgan yirik tadbirkorning o‘g‘li. «Lyubaya biznes xorosha» iborasi bilan O‘zbekiston va uning tashqarisida nomi tilga tushgan tadbirkor-hokimning yangi kuyovi haqidagi bor ma’lumot hozircha shu.

O‘zbekistondagi shirkatlar reestrida rasmiy nomida «imkon plyus» iborasi bo‘lgan 600 dan oshiq firma mavjud; ulardan bir nechtasining Sardor degan o‘g‘li bor. “Imkon plyus”chilardan qay birining Ortiqxo‘jayev bilan quda bo‘lish imkonini qo‘lga kiritganiyu¸ Kamilaning qaysi Sardorga turmushga chiqqani haqida aniq ma’lumot hozircha Ozodlik ixtiyorida mavjud emas.

Ortiqxo‘jayev va Nizomiddinov qudachiligi «o‘xshamadi»mi?

8 - iyul kuni Toshkent shahar hokimi qizining to‘yi xabari tarmoqlarda tarqalarkan, ayrim foydalanuvchilar Ozodlikning ayni mavzuda avvalroq e’lon qilgan maqolasiga havolalar berishdi.

Shu yil mayida Ozodlik Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng boylik va qudrati to‘xtovsiz oshib borayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev va Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovlarning quda bo‘lish ehtimoli haqida Toshkentdagi o‘z manbalariga tayanib, xabar tarqatgandi.

O‘zbekistonning eng boy odamlaridan biri bo‘lgan Ortiqxo‘jayev va prezident ma’muriyati rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning qarindoshlik rishtasi bilan bog‘lanishi¸ mamlakatda pul va hokimiyatning navbatdagi chatishuvidan darak sifatida ko‘rilgan edi.

Ozodlik manbalarining iddao qilishicha, Toshkent shahar hokimi va Prezident Administratsiyasi rahbarining “qudachiligi buzilgan”.

Hukumat yuqori qatlamiga yaqin mulozimga ko‘ra¸ pul va hokimiyatning bunday nikohi “prezident Shavkat Mirziyoyevga xush kelmagan”.

O‘zbekistondagi vazir¸ hokim va katta boylar kim bilan quda bo‘lmoqchi ekani haqida kattaning (prezident nazarda tutilmoqda -tahr.) oldidan o‘tadi va roziligini oladi. Bo‘lmasa¸ baloga qolishi mumkin. Mirziyoyev bu unashtiruvdan xabar topgandan keyin¸ jahli chiqqan”¸ deya iddao qildi Ortiqxo‘jayev va Nizomiddinov qudachilik ehtimolining buzilganiga izoh bergan mulozim.

Jahongir Ortiqxo‘jaev ham¸ Zaynilobiddin Nizomiddinov ham Shavkat Mirziëevga juda yaqin amaldorlar sanaladi
Jahongir Ortiqxo‘jaev ham¸ Zaynilobiddin Nizomiddinov ham Shavkat Mirziëevga juda yaqin amaldorlar sanaladi

Boshqa bir mulozimning so‘zlariga ko‘ra, qadimdan strategik maqsadlar ko‘zlangan holda tuzilgan siyosiy-iqtisodiy qudachilik an’anasi hozirgi hokimiyatda ham ayni uslubda davom etib kelyapti.

"Qudachilik - bu savdo, yigit va qiz esa¸ uning obyektlaridir"¸ deydi bu suhbatdosh.

Unashtiruv jarayonidan xabardor blogerlardan biri¸ uning boshqa ayrim maishiy sabablar tufayli bekor bo‘lganini iddao qildi. Tafsilotlar shaxsiy hayotga aloqador bo‘lgani uchun Ozodlik bu iddaolarni e’lon qilmayotir.

Nizomiddinov oilasiga yaqin manba esa¸ prezident ma’muriyati rahbarining diniy yoki sulolaviy kelib chiqishi Ortiqxo‘jayev bilan qarindoshlik ehtimolini oradan ko‘targanini iddao qildi.

Nega muhim?

Ozodlik ixtiyorida bu iddaolarni tasdiqlovchi dalil yo‘q. Ammo O‘zbekistondagi mavjud tuzumning yopiq tabiati va mulozimlarning shaxsiy hayoti hamda boyligiga doir ma’lumotlar ochiqlanmasligi nazarda tutilsa, voqealarning bu kabi rivoji hamda turli farazlarning urchishi noodatiy emas.

Ayni paytda mulozimlarning qanday va nima hisobidan yashayotgani, kim bilan quda-anda bo‘layotgani va farzandlarining qayerda ta’lim olib, qaysi yurtda yashayotgani mavzusi, barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi, jamoatchilikning qiziqish va manfaatidagi mavzu hisoblanadi.

Ozodlikning ushbu mavzudagi ilk maqolasi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bahsu munozaralarga sabab bo‘ldi.

Ayrim sharh yozganlar¸ “ikkita amaldorning farzandlari turmush qursa¸ buning nimasi yomon¸ yoshlar baxtli bo‘lsin” degan qabilda fikr bildirishdi.

Mahalliy blogerlar biriNega birovlarning reklama bannerlari reket yo‘li bilan olib qo‘yilsa ham, uning o‘rniga hokimga bilvosita yoki bevosita tegishli ba’zi shirkatlarga o‘tib ketsa ham, birov g‘ing demadi?

Ertaga hokimga yoki administratsiya rahbariga tegishli qaysidir korxona aynan sizning uyingiz o‘rnida dom quraman, chiqib ket desa ham indamasdan chiqib ketishga majbur bo‘lasiz, chunki qarg‘a-qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi.

Nepotizmning eng ayanchli og‘riqlari albatta xalqning badanida bilinadi, hozir u ichdan gazak olib bormoqda, yara yorib chiqsa, keyin nima bo‘libdi degan savolga javob topasiz”.

Toshkent shahar hokimligi hokim Ortiqxo‘jayevning to‘yi borasida tarmoqlar va mahalliy nashrlarda paydo bo‘lgan xabarlarga izoh bergani yo‘q. Bu to‘y atrofidagi maxfiylik ham sirligicha qolayotir. Xuddi o‘zbek amaldorlarining boyligiyu hayot tarzi jamoatchilik ko‘zidan pinhon bo‘lgani kabi. Bu esa yangi va yangi tafsilotlar hamda farazlarga yo‘l ochishi tayin.

Ayni paytda Mirziyoyev hokimiyatga kelgan ilk kunlarda va’da bergan daromadlar deklaratsiyasini joriy qilish tartibi kelasi yil yanvariga qadar kechiktirildi. Mansabdor shaxslarning biznes bilan shug‘ullanishini cheklash taklifi esa bu boradagi qonunchilikda aks etgani yo‘q. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan kuchaygan biznes va hokimiyatning qo‘shilib ketish tendensiyasi, boshqacha aytganda, oligarxiyalashuv jarayoni davom etishini anglatadi.

XS
SM
MD
LG