Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:19

Soqolga qarshi reydlar: Nishonda dindorlar, olimpiya chempionlari va xorijlik sayyoh


O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi.

Mahalliy nashrlarning xabariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kunda O‘zbekistonda soqolga qarshi amaliyotlar yana avj olgan. “Podrobno.uz” sayti Toshkentda bir necha erkak soqol qo‘ygani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgani haqida yozdi.

Xabarda aytilishicha, so‘nggi bir necha kunda ma’muriy ishlarni ko‘ruvchi sudlarda “jamoat joylarida shaxsni aniqlashga imkon bermaydigan darajada yuzi yopilgan”likka oid ishlar ko‘rilgan yoki huquqni muhofaza qilish organlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmasi bilan soqol qo‘ygan shaxslarning soqoli olib tashlangan.

Ozodlik o‘rgangan keyslardan ma’lum bo‘lishicha, soqoli majburiy oldirilgan yoki qirtishlash tavsiyasi berilganlarning aksariyatini rasmiy diniy rutbaga ega bo‘lmagan dindorlar, jamoatchilik faollari, san’atkorlar tashkil qiladi.

Soqolni qirtishlash tavsiyasiga nishon bo‘lganlar orasida hatto sayyohlar, Parij Olimpiadasi chempionlari ham bor.

Ismi sir qolishini so‘ragan Parij olimpiadasi chempionlaridan birining Ozodlikka aytishicha, Olimpiada o‘yinlari davrida soqoli bo‘lgan sportchilarga prezident bilan videomuloqot oldidan soqollarini qirtishlash haqida ko‘rsatma berilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga safar qilgan Germaniya vatandoshi 3 yil davomida o‘stirgan soqolini Toshkentda ichki ishlar xodimlari majburan oldirib tashlanganini iddao qildi.

Germaniyalik sayyoh O‘zbekiston ichki ishlar xodimlari uni soqolini olishga majburlagani haqida tarmoqlarda post qoldirgan.
Germaniyalik sayyoh O‘zbekiston ichki ishlar xodimlari uni soqolini olishga majburlagani haqida tarmoqlarda post qoldirgan.

“Balki bugun juma namoz kuni bo‘lgani uchunmi? Ko‘chada politsiya xodimlari ko‘p edi. Ular meni to‘xtatishdi. Men o‘zbek tilini bilmayman. Ular bilan chala rus tilida so‘zlashdim. Ular biron izoh bermasdan meni politsiya idorasiga olib borishdi. So‘ng soqolimni oldirishim yoki o‘zlari olib tashlashini aytishdi”, deb yozdi xorijlik.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xodimiga ko‘ra, san’atkorlarning ham soqol bilan ekranda ko‘rinishiga norasmiy taqiq qo‘yilgan. Bu qoida nodavlat telekanallariga ham qo‘llanadi.

“Zo‘rTVning “Artist” loyihasiga kelgan xonanda Shohjahon Jo‘rayevni iyulda efirga soqoli borligi uchun chiqarishmadi. Keyinchalik u soqolini qirtishlab kelib, shouning hakamlari qatoridan o‘rin oldi”, deydi O‘zbekiston MTRK xodimi.

Xonanda Jo‘rayevning o‘zi: “Soqol sizga yarashadi, qo‘yib yuravering deydigan muxlislarga ta’kidlab aytaman: eng asosiy muammo - televideniye san’atkorlarni soqol bilan qo‘ymaydi”, deb yozgandi avvalroq.

Huquqni muhofaza qilish organlari mazkur jarayonni "O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni" talabi bilan izohlashga urinmoqda. 2023-yilning 31-oktyabridagi mazkur qonunga ko‘ra, jamoat joylarida shaxsni aniqlashga imkon bermaydigan shaxslarga nisbatan shunday chora ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Oliy sudining rasmiy saytida sud qarorlari to‘plamidan xuddi shu xilda javobgarlikka tortilgan kamida 789 ta ish hujjatlari joylashtirilgan. Ularning aksariyati hijob, burqa va soqolga qarshi amaliyotni o‘zida aks ettiradi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni buzish bazaviy hisoblash miqdorining 10 dan 15 baravarigacha (3,4 milliondan 5,1 milliongacha miqdorda) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Amaliyotga ko‘ra, shaxs huquqni muhofaza qilish organi xodimining soqol olish talabini rad qilsa yoki bundan bosh tortsa, erkaklar bezorilikda va ichki ishlar xodimlarining “qonuniy talablari”ga qarshi chiqqanlikda ayblanadi.

Тошкентда соқол ва ҳижобга қарши рейдлар, диндорларга тегишли емакхоналар ёпилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:15 0:00

Diniy ramz

Shotlandiyadagi Sent-Endryu universiteti Terrorizm va siyosiy zo‘ravonlik masalalarini o‘rganuvi Xanda markazi tadqiqotchisi, professor Noax Taker fikricha, O‘zbekistonda Mirziyoyev prezidentligi davrida diniy erkinlik bobida ilgarilash kuzatilgan esa-da, mamlakat Karimov davridagi eski rejim sarqitlaridan to‘liq qutilgani yo‘q.

"Men so‘nggi marta O‘zbekistonda bo‘lganimda Toshkent ko‘chalarida, Andijon yoki Buxoroda soqol qo‘ygan yoki ro‘mol o‘ragan odamlar ko‘proq ko‘zga tashlandi, Toshkentning Eski shaharida masalan. Qizlar hijobda maktabga boryapti, garchi bunga qonunda cheklov bo‘lsa-da. Chunki, qonunni o‘zi tushunarsiz. Nima demoqchiman, odamlarning O‘zbekistonda ilgariga qaraganda ozmi-ko‘pmi erkinroq yurishi yaxshi va buni olg‘a siljish degan bo‘lardim. Lekin, ayni paytda soqol qo‘yganlarni soqolini olishga majburlanayotgani haqidagi alohida xolatlarga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi", - deydi Taker.

O‘zbekiston rasmiylari va huquq-tartibot idoralarining diniy ramz deb ko‘riladigan soqol va hijobga qarshi kampaniyalari xalqaro jamoatchilik, jumladan, AQSH Davlat departamenti tomonidan tanqid qilib kelinadi.

O‘tgan yil iyunidagi hisobotida Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti mamlakatda hamon diniy erkinlikni cheklash amaliyoti kuzatilayotgani, jumladan, erkaklarning soqolini majburan qirdirish , ayollarning hijobini yechtirish, ro‘molli o‘quvchi va talabalarning ta’lim dargohlariga kiritmaslik hollari kuzatilganini qayd etgandi.

XS
SM
MD
LG