Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 10:56

Ekspertlar: Eskicha saylov Toqayevning "Yangi Qozog‘iston"iga soya solmoqda


Amaldagi prezident Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan Ostonadagi Navro‘z tantanalarida. 21-mart, 2019-yil.
Amaldagi prezident Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan Ostonadagi Navro‘z tantanalarida. 21-mart, 2019-yil.

Qozog‘istonda prezidentlikka nomzodlar saylovoldi targ‘ibotlarida chog‘ida biyani sog‘ish va otga taqa qoqish singari malakalarini namoyish qilgan bo‘lishlari mumkin, ammo bu poygada bittadan ortiq ot borligini anglatmaydi.

Amaldagi prezident Qasim-Jomart Toqayev o‘zi osonlikcha mag‘lub qilishi mumkin bo‘lgan beshta raqib bilan musobaqalashmoqda. 20-noyabr kungi saylovda yutgan nomzod yetti yilga prezident lavozimini egallaydi.

Toqayevning o‘zi ularga jiddiy qaramayotgani o‘tgan hafta nomzodlarning yagona teledebatiga o‘z vakili – quyi palata spikeri Yerlan Koshanovni yuborganidan ham ma’lum edi.

“Davlat rahbari o‘z vazifalarini bajarmoqda. Uning ish jadvali juda tig‘iz”, dedi Koshanov Toqayevning 11-noyabr kungi debatda hozir bo‘lmaganini izohlar ekan. Xo‘jayinining siyosatiga nisbatan hech qanday tayinli tanqidni eshitmagan Koshanov debatni u oson o‘tkazdi.

Prezident saylovoldi tashviqoti va mamlakat mintaqalariga "ish safarlari"ning qo‘shilib ketishi, haqiqiy raqobatning yo‘qligi, saylov natijasi avvaldan tayinligi Toqayevning 82 yoshli salafi, avtoritar sobiq prezident Nursulton Nazarboyev davridagi saylovlarda odatiy hol edi.

Biroq yil boshida halokatli tartibsizliklarni boshdan kechirgan Toqayev o‘tmishdan uzilishga chaqirmoqda, bu esa, kuzatuvchilarning fikricha, o‘xshashliklarni yanada ochiqroq ko‘rsatadi.

“Toqayevning Yangi Qozog‘istonidagi eskicha saylovlar o‘zini islohotchi sifatida ko‘rsatishga urinayotgan prezident uchun yomon”, deydi beshinchi bora prezidentlik saylovlarini yoritayotgan qozog‘istonlik jurnalist va “Qorong‘i soyalar: Qozog‘istonning maxfiy dunyosi ichida” kitobi muallifi Joanna Lillis.

“Bu uning uchun demokratlashtirishga qanchalik sodiqligini ko‘rsatish imkoniyati edi, lekin buning o‘rniga u Nazarboyev kabi saylovlarni mikro darajada boshqarishga qaror qildi”, dedi Lillis Ozodlik bilan suhbatda.

Yanvar voqealaridan Toqayev hokimiyat jilovini qo‘liga olishni boshlagan.
Yanvar voqealaridan Toqayev hokimiyat jilovini qo‘liga olishni boshlagan.

"Qo‘rquv yomon motivatordir"

Toqayev sentabr oyida muddatidan ilgari saylovlar o‘tkazishni e’lon qilganida, unda yetarlicha sabab bor edi.

Birinchidan, “Qonli yanvar” deb nom olgan yangi yil tartibsizliklari, yoqilg‘i narxlarining oshishiga qarshi tinch namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlariga aylanib ketganidan so‘ng kamida 238 kishi halok bo‘lganidan beri siyosiy o‘zgarishlar yuz berdi.

Zo‘ravonliklardan oldin, Toqayev Nazarboyevning davomli ta’siri ostida bo‘lgan deb hisoblanadi.

Ammo Nazarboyev va uning qarindoshlari ushbu inqiroz davrida hokimiyatni topshirishdi: yaqinda yetakchining jiyanlaridan biri davlat mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanib, olti yilga qamaldi.

Zo‘ravonliklardan so‘ng Toqayev muhim islohotlarni amalga oshirishga va o‘tmishdan voz kechishga, jumladan, “oligarxik kapitalizm”ga chek qo‘yishga va’da berdi.

Iyun oyida bo‘lib o‘tgan referendum Nazarboyevni keng konstitutsiyaviy imtiyozlardan mahrum qildi va ijro hokimiyati rolini o‘zgartirdi, biroq yangi prezidentlik saylovi zarurligi aniq edi.

Keyin Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshlandi.

Qozog‘istonning dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan eng yaqin savdo hamkorlaridan biriga asossiz bosqin va G‘arbning keyingi sanktsiyalari yanvar oyidagi tartibsizliklarga sabab bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni yanada kuchaytirdi.

Kamiga Kremlga yaqin bo‘lgan rossiyalik siyosatchilar va jamoat arboblari Ostonani urushdagi betaraf pozitsiyasi uchun tanqid qila boshladilar, ba’zilari hatto mamlakatga Ukraina uslubidagi Rossiya aralashuvi bilan tahdid qilishdi.

Joriy yilda Qozog‘iston eksportining yarmidan ko‘pini Rossiya porti orqali Yevropaga olib boradigan asosiy quvur Rossiya hukumati tomonidan texnik va ekologik bahonalar bilan yopildi.

Bunday tashqi bosim ostida “hokimiyat hatto bir-ikki yil keyin nima bo‘lishini bashorat qila olmaslikdan qo‘rqadi”, deydi Ozodlik bilan suhbatda Qozog‘istonning faxriy siyosatchisi Do‘sim Satpayev. U ortib borayotgan inflyatsiyani mamlakat uchun “eng katta tahdid” deb atadi.

Ammo bu erta saylovlar o‘tkazishga sabab bo‘lsada, “qo‘rquv yomon motivator”, deydi Satpayev va Toqayevning real o‘zgarishlarga sodiqligini shubha ostiga qo‘yib.

"Odamlar charchagan"

Rejimning asabiyligi, ehtimol, boshqa nomzodlar – uch erkak va ikki ayol harakatlarida ham ko‘rinadi.

Ularning hech biri muxolifat tajribasiga ega emas va ularning barchasi hukumatda besh va undan ortiq yil xizmat qilganlik mezonlariga javob beradi.

Bu Nazarboyev prezidentlikdan ketib, o‘sha paytdagi ishonchli ittifoqchisini yuqori lavozimga olib kelganidan bir necha oy o‘tib, 2019-yilda o‘tgan saylovdagidan ham kamroq raqobatlidir.

O‘shanda hukumat noodatiy qadam tashlab, sobiq amaldor tanqidchi, hukumatga qarshi turish tajribasiga ega siyosatchi Amirjon Kosanovni ro‘yxatga olgan edi.

Ammo bu harakat nazorat ostida hokimiyat almashinuviga qonuniylik qo‘shish o‘rniga, teskari natija berdi.

Kosanov saylovoldi tashviqotini qat’iyatsiz olib bordi, bu esa uning ishtiroki bo‘yicha muayyan shartlarga ko‘nganlikda ayblanishiga sabab bo‘ldi.

U saylovda ishtirokdan tezda chiqqan bo‘lsa ham, ko‘plab mustaqil kuzatuvchilar bor bo‘lgan uchastkalardagi ovoz berishdagi qonunbuzarliklar haqidagi xabarlar noroziliklarni ikkinchi kunida yanada kuchaytirdi.

Bu safar Kosanov saylovda ishtirok etmoqchiligini e’lon qilganidan bir necha hafta o‘tgach, bahsli natijalar tufayli yana qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini aytib, o‘zini poygadan chetlatdi.

“Odamlar juda charchagan. Ularning kun kechirishlari tobora qiyinlashib bormoqda”, deb yozadi Kosanov Qozog‘istonning Nege.kz veb-sayti uchun yozgan maqolasida, va Toqayevni amalga oshmaydigan “yaxshi tashabbuslar” uchun maqtadi.

Путиннинг Қозоғистон президенти исмини адаштириши тасодифми ëки...?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:54 0:00

Ot sog‘uvchi

Toqayevning yuzaki raqiblari omma diqqat markazida bo‘layotganidan xursand.

30 yoshli sobiq davlat xizmatchisi Saltanat Tursinbekova saylovoldi kampaniyasi chog‘ida tashlandiq hayvonlar uchun markazda to‘xtab, hayvonlar huquqlarini oshirishga chaqirdi.

Tursinbekovani hukumatparast OAV oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi sifatida ta’riflaydi, shuningdek, u prezidentlik kampaniyasi boshida Toqayevning gender siyosatini olqishlagan edi.

Saylov byulletenidagi yana bir ayol va “Sen qozoqsan, faxrlan” kitobi muallifi Karakat Abden 30-oktabr kuni davlat ommaviy axborot vositalarida ot sog‘ayotgan holatda ko‘rsatilgan.

O‘sha kuniyoq hukumatparast «Ovul» Xalq demokratik vatanparvarlik partiyasi nomzodi Jiguli Dayraboyevning ot tuyog‘iga taqa qoqayotgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi.

Faqat bitta nomzod o‘zini muxolifat deb biladi.

Ammo Nurlan Auesbayevning korruptsiya va oligarxiya haqidagi mujmal tanqidi Toqayevnikini aks ettirsa ham, u prezidentga bevosita qarshi chiqmaydi.

Toqayevning saylovoldi kampaniyasidagi va’dasi politsiya, sud va davlat xizmatini odamlar ehtiyojiga yo‘naltirish hamda ijtimoiy xarajatlarni oshirish orqali «adolatli» Qozog‘istonni yaratishdir.

Ammo jurnalist Lillisning ta’kidlashicha, bu saylovlar siyosatni o‘zgartirishdan ko‘ra ko‘proq "elita siyosati" bilan bog‘liq.

"Nazarboyev o‘rnatgan tartibot yo‘q qilinishi sababli kuch va mol-mulk jihatidan ko‘p narsani yo‘qotadigan og‘ir vaznlilar ko‘p", deydi u.

“Qayta saylovlar Toqayevning hokimiyatini mustahkamlashga yordam beradi va revanshist kuchlarga o‘yin boshlangani va u haqiqiy rahbarligi haqida signal beradi”.

20-noyabrdagi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida kamida olti nafar muxolifat faoli hibsga olinib, 15 sutkagacha qisqa muddatli hibsga hukm qilindi, bu saylovlar kuni bo‘lib o‘tadigan norozilik namoyishi oldini olishga urinishdek tuyuldi, deb xabar berdi Ozodlik radiosi qozoq xizmati.

Ular orasida yanvar oyida o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan va qiynoqlarga solingani xorij matbuotida keng yoritilgan Aset Abishev ham bor edi.

16-noyabr kuni Olmaotada so‘zlagan Toqayev davlatning “jasur va qat’iy javobini” olqishladi va aybni yana tinch namoyishdan foydalanib vayronagarchilik keltirib chiqargan «banditlar»ga yukladi.

Ammo tartibsizliklar paytida hukumat qo‘shinlariga “ otish”ni buyurgan Toqayev, shuningdek, voqealar arafasida ba’zi odamlar “mamlakatdagi vaziyatni ataylab izdan chiqarmoqchi” bo‘layotganini ta’kidlab, keyingi namoyishlarga chaqirishdan ogohlantirdi.

XS
SM
MD
LG