Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 14:38

Qoraqalpog‘iston Yong‘inga qarshi kurash jamiyati mas’uli konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblandi


Nukusda 2022-yil iyulida yuz bergan tartibsizliklarda rasman 21 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odam yaralangan.
Nukusda 2022-yil iyulida yuz bergan tartibsizliklarda rasman 21 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odam yaralangan.

O‘zbekiston Yong‘inga qarshi kurash jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi boshlig‘i konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanib mahkamaga tortildi.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatga ko‘ra, 1972-yilda Chimboy tumanida tug‘ilgan va Nukus shahrida yashab kelgan sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159- (konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish) va 244-1-moddalarida (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) belgilangan huquqbuzarliklarda aybdor deb topilgan.

Tergov xulosasiga qaraganda, Telegramdagi “Karakalpakstan keleshegi” va “Svobodu Tajimuratovu i drugim zaderjannim iz tyurmi” nomli guruhlarga a’zo bo‘lgan sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof ravishda buzishga da’vat qiluvchi, aholi noroziligini keltirib chiqarishga qaratilgan separatistik mazmundagi materiallar tayyorlab, virtual guruhlarda tarqatib kelgan.

Қорақалпоғистон: Қонли намойишлардан бир ой ўтиб кўплаб саволлар очиқ қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:58 0:00

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahri sudi 2023-yil 2-noyabr chiqargan hukmga muvofiq, Yong‘inga qarshi kurashish jamiyati bo‘linma boshlig‘iga 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Mahkama sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, tergov va sud tergovi davrida holat yuzasidan ro‘y-rost ko‘rsatmalar bergani, jinoyatning ochilishida faol ko‘maklashgani va qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, JKning 72-moddasiga asosan tayinlangan jazoni shartli deb hisoblagan va 2 yil sinov muddati belgilagan.

Sudlanuvchi a’zo bo‘lgan Telegram guruhida ozodlikka chiqarish talab etilgan Dauletmurat Tajimuratov 2022-yilning 1-2-iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan g‘alayonlar ortidan 16 yilga qamalgan. U sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etgan va qiynoqqa solinganini iddao qilgan.

Shu yil sentabrida Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti qamoqdagi Dauletmurat Tajimuratovning xavfsizligini ta’minlashga chaqirgandi.

Advokat Sergey Mayorovning aytishicha, Navoiy viloyatidagi qamoqxona ma’muriyati Tajimuratovga munosib tibbiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortmoqda.

Cуверен Ўзбекистондаги суверен Қорақалпоғистон. Тарихий контекст
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:48 0:00

Voqealar xronologiyasi

  • 2023-yilning 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahririda Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va referendum orqali O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga taklif qilingan o‘zgarish shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning qoraqalpoq segmentida qizg‘in muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi;
  • 1-iyul kuni Nukus markazida konstitutsiyaviy o‘zgartishlarga qarshi tinch namoyishlarga chaqirgan «El xizmetinde» gazetasi redaktori va faol Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi. Nukus markazida to‘plangan ko‘p sonli olomonning noroziliklari ortidan Tajimuratov qo‘yib yuborildi;
  • O‘zbekiston Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, Tajimuratov "noqonuniy namoyishlarga chaqirgani uchun hibsga olingan. Tarafdorlari u qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham "tartibsizliklarni davom ettirishgan, kuch tizimlariga faol qarshilik ko‘rsatganlar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish va hokimiyatni ochiqcha bosib olishga uringanlar";
  • 1-iyul kechasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Nukusdagi namoyishlar yuzasidan bayonot berib, yuz bergan voqealarga “konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilish” sabab bo‘lganini bildirdi. Vazirlik jamoat tartibini saqlash uchun qo‘shimcha kuchlar yuborilganini tasdiqladi;
  • 2-iyul kuni Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi. Ammo 2-iyul tunida tarmoqlarda tarqagan videolardan prezidentning yon berishi norozilik namoyishlarini to‘xtata olmagani ko‘riladi;
  • Prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3- iyul kuni soat 00:01 dan favqulodda holat e’lon qilish haqidagi farmonni imzoladi. Favqulodda holat 2022-yil 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar davom etishi bildirildi;
  • 4-iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqeaalarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi; tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari; 500 dan ortiq odam ushlangan;
  • Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSH va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
  • 6-iyul kuni prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari jalb qilinishi, kuch tuzilmalarining harakatlari tahlil qilinishini aytdi;
  • 16-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisining qonunchilik palatasi voqealarni o‘rganish uchun mustaqil komissiya tuzilganini e’lon qildi.
  • Voqealardan so‘ng O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonning yuqori hokimiyatida qator kadrlar o‘zgarishi yuz berdi, jumladan, referendumga bosh-qosh bo‘lgani aytilgan Prezident administratsiyasining qudratli rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov lavozimidan olindi.
  • Yangi konstitutsiya bo‘yicha referendum bir necha marta kechiktirildi - va nihoyat, shu yilning 30-aprelida o‘tgan referendumda O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasi qabul qilindi, unda Qoraqalpog‘istonning "suveren" va O‘zbekistondan "ajrab chiqish huquqi" saqlab qolindi.
XS
SM
MD
LG