Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:50

Qoraqalpog‘iston: Rasmiy Toshkent mustaqil tekshiruvga rozi bo‘ladimi? 


Rasmiylarga ko‘ra, Nukusda ommaviy namoyishlar ortidan kelib chiqqan to‘qnashuvlarda 18 kishi halok bo‘lgan, ulardan 4 nafari kuch tizimlari xodimlari.
Rasmiylarga ko‘ra, Nukusda ommaviy namoyishlar ortidan kelib chiqqan to‘qnashuvlarda 18 kishi halok bo‘lgan, ulardan 4 nafari kuch tizimlari xodimlari.

6-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi zo‘ravonliklar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari va faollar ham jalb etilishini ma’lum qildi.

Bu Yevropa Ittifoqi, AQSh, BMT, boshqa xalqaro tashkilotlarning zo‘ravonliklar yuzasidan mustaqil va shaffof tergov o‘tkazish chaqiriqlariga javob sifatida talqin qilinmoqda.

Mirziyoyev, shuningdek, namoyishlarni bostirish chog‘ida kuch tuzilmalarining harakatlari ham, o‘z ta’biricha, tahlil qilinishini aytdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, kuch tuzilmalari noto‘g‘ri kuch ishlatgan bo‘lsa, amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.

“Shu o‘rinda, kuch tuzilmalarining harakatlari ham chuqur tahlil qilinsin. Agar ular tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, amaldagi qonunchilikka asosan ularning ham jinoiy javobgarligi ta’minlansin".

Rasmiylarga ko‘ra, 1-2-iyul kunlari Nukusda ommaviy namoyishlar ortidan kelib chiqqan to‘qnashuvlarda 18 kishi halok bo‘lgan, ulardan 4 nafari kuch tizimlari xodimlaridir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ”Bu harakatlarga chetdagi g‘arazli kuchlar tomonidan yillab tayyorgarlik ko‘rilganini ham iddao qildi, ammo biron davlat nomini tilga olmadi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, maqsad "O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va millatlararo nizo keltirib chiqarishga qaratilgan".

O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, Nukusda 1-2-iyul kunlari mamlakatning yangi tahrirdagi konstitutsiyasida Qoraqalpog‘istonning “suveren” maqomini bekor qilish taklifiga qarshi boshlangan ommaviy namoyishlar chog‘ida 18 kishi qurbon bo‘lgan, 38 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan. Norozilik namoyishlari ortidan 516 kishi qo‘lga olingani ma’lum qilingan.

Xo‘sh, mustaqil va ochiq tergov qanday o‘tkazilishi mumkin? O‘zbekiston hukumati to‘liq, mustaqil va shaffof tergovga rozi bo‘ladimi?

Ozodlik bu va boshqa savollarni “Hyuman Rayts Uotch” tashkilotining O‘zbekistondagi sobiq tadqiqotchisi, hozirda Xalqaro mehnat huquqlari forumi dastur rahbari Ellison Gillga berdi.

Ellison Gill “Hyuman rayts uotch” tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha mas’uli sifatida uzoq yil ishlagan, hozirda u Xalqaro mehnat huquqlari forumi dastur rahbaridir.
Ellison Gill “Hyuman rayts uotch” tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha mas’uli sifatida uzoq yil ishlagan, hozirda u Xalqaro mehnat huquqlari forumi dastur rahbaridir.

- Prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealarni tergov qilish bo‘yicha komissiyaga jamoatchilik vakillari va faollar ham kirishini aytdi. Bu YeI, AQSh va BMT aytayotgan har tomonlama, mustaqil, xolis va shaffof tekshiruv uchun yetarlimi?

Ellison Gill: Bu juda yaxshi savol. Avvalo, mustaqil tergov nima ekanligini va nima uchun muhimligini bilish juda muhim deb o‘ylayman. Mustaqil tergov - bu huquqbuzarlik sodir etilganligi taxmin qilingan hollarda neytral uchinchi shaxslar tomonidan olib boriladigan tergovdir. Mustaqil tergovning maqsadi faktlarni aniqlashdan iborat. Va bunday tergovga hukumat, hukumat kuchlariga va ayni paytda namoyishchilar yoki faollarga qarshi jiddiy ayblovlar mavjud bo‘lgan holatlarda zarurat tug‘iladi. Shuningdek, davlat idoralari, muassasalari zaif yoki ularga jamoatchilik ishonchi yo‘q bo‘lib turgan paytda mustaqil tergov yoki mustaqil tergov o‘tkazish juda muhim. Menimcha, bugungi kunda O‘zbekistonda vaziyat shuni taqazo etmoqda.

Aslida Mirziyoyev taklifi yomon ideya emas, agar bu haqiqatan ham mustaqil tergov bo‘ladigan bo‘lsa. Menimcha, O‘zbekiston hukumati uchun bu muhim sinov bo‘ladi.

- Andijon voqealaridan so‘ng xalqaro tekshiruvga chaqiriqlar ham yangragandi? Hozir, Qoraqalpog‘istondagi voqealarda xalqaro tekshiruv talabi bormi? Xalqaro tekshiruv o‘zi nima? Qanday holatlarda o‘tkaziladi?

Ellison Gill: Mustaqil tergovlarning uzoq tarixi bor. Bu faktlarni aniqlash missiyalari, tergov komissiyalari yoki mustaqil tekshiruvlar bo‘lishi mumkin. Faqat BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligini oladigan bo‘lsak, ko‘plab inqirozli hududlarda, masalan Ukraina, Myanma, G‘azo, Liviyada olib borilgan mustaqil tergovlarning uzundan uzoq ro‘yxati bor.

-Siz O‘zbekiston hukumati tomonidan bu kabi tekshiruvda hamkorlik uchun siyosiy irodani ko‘ryapsizmi?

Ellison Gill: Mirziyoyev hukumati uchun sinov bo‘ladi. Mirziyoyev va uning hukumati O‘zbekistonni "Yangi O‘zbekiston" deb e’lon qildi va amaldagi ishlar ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Jahon andozalari, xalqaro standartlarga javob beradigan va jiddiy qonunbuzarlik holatlarida haqiqiy tergov o‘tkazishga imkon beradigan tizim bo‘lishi kerak. Shuning uchun bu Mirziyoyev hukumati uchun muhim sinov bo‘ladi, deb o‘ylayman.

-Qurbonlar va yaralanganlar soniga qaralsa, haddan tashqari kuch ishlatganlik ehtimoli qanchalik, deb o‘ylaysiz?

Ellison Gill: Men bunday taxmin va farazlardan ehtiyot bo‘lgan bo‘lardim. Nima bo‘lganini bilmaymiz va bu xolat mustaqil tergov o‘tkazish zaruratini ko‘rsatadi. Chunki mas’ul idoralar ma’lumotlarga kirishni cheklab qo‘ygan, internet o‘chirib qo‘yilgan, jurnalistlar va boshqalar nishonga olinmoqda. Bu holat rasmiylarga voqeaning o‘z versiyalarini ko‘tarib chiqishlariga imkon beradi, xolos. Har-xil taxminlar, farazlar urchishiga o‘rin qoldirmaslik uchun haqiqiy obyektiv xolis mustaqil tergov kerak, tergovchilarga faktlarni aniqlash uchun barcha ma’lumotlarga, guvohlar va jabrlanganlar bilan suhbatlashishlariga imkoniyat berilishi kerak. Lekin, hozir bunday narsa bo‘layotganini ko‘rmayapmiz.

- Mirziyoev noto‘g‘ri kuch ishlatganlik holatlari aniqlansa, javobgarlar jazoga tortiladi, dedi. Siz bunga ishonasizmi?

Ellison Gill: Mirziyoev hukumatida xavfsizlik xizmatlarini javobgarlikka tortish istagi borligini ko‘ryapmiz, lekin haddan tashqari kuch qo‘llash holatlari yoki boshqa turdagi suiiste’mollarga qanday javob choralari ko‘rgani haqida bilmaymiz. Axborot olish imkoni yo‘q.

- Voqealar bo‘yicha odil sudlov o‘tkaziladi, deb ishonishga asos bormi?

Ellison Gill: Oxirgi savolga javobimda aytganimdek, odil sudlov bilan bog‘liq masalalarda juda ko‘p muammolar bor. Konstitutsiyaviy islohotlarda jamoatchilik bilan maslahatlashish yoki bu jarayonda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash borasida ham muammo mavjud. Yana bir xavotirli jihat-hukumatning dastlabki munosabati xavfsizlik xizmatlarining harakatlariga emas, namoyishchilarning harakatlariga qaratilgan, bu xavotirli. O‘zbekiston haqiqatan ham inson huquqlarini hurmat qiluvchi tizimning bir qismi bo‘lishga tayyor ekanligini ko‘rsatishi uchun hozir yana bir imkoniyat tug‘ilyapti. Lekin menimcha, dastlabki belgilar juda tashvishli.

- Har tomonlama va mustaqil tekshiruv o‘tkazilmagani taqdirda O‘zbekiston hukumati uchun qanday oqibatlar bo‘lishi mumkin?

Ellison Gill: Bu haqiqatan ham yaxshi savol. Mirziyoyev hukumati ko‘p jihatdan Karimov davridan masofalanayotganini ko‘rsatish uchun choralar ko‘rdi. Ko‘p o‘zbeklar bilan bo‘lgan suhbatlarimdan ma’lumki, odamlar shaxsiy xavfsizlik nuqtai nazaridan hayot yaxshiroq, shaxsiy adolat yaxshiroq ekanligiga ishonch hosil qilishmoqda. Lekin hukumat kuchli institutlarni qurishda sustlik qilmoqda. O‘ylaymanki, Qoraqalpog‘istondagi muammo konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish jarayonida chinakam jamoatchilik maslahati va xalq ishtiroki zaifligini ko‘rsatdi.

Mirziyoyev hukumati global institutlarga qo‘shilish va O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotidagi ishtirokini, BMT va boshqa turdagi davlat institutlaridagi ishtirokini qayta tiklash borasida juda o‘ylab harakat qilishi kerakligini ta’kidlagan bo‘lardim. Karimov davridagi O‘zbekiston ancha yakkalanib qolgan edi. Menimcha, Mirziyoyev hukumati ortga qaytmasligi juda muhim.

- Andijon voqealaridan keyin, bilamiz, xususan, Yevropa Ittifoqi voqealar uchun mas’ul hukumat mulozimlariga sanksiya qo‘llagandi...

Ellison Gill: Men Yevropa Ittifoqi yoki AQShning ishtahasi haqida spekulyatsiya qilishni xohlamayman. Menimcha, ko‘p narsa hukumatning naqadar shaffof ish tutishiga bog‘liq. Yana bir muhim jihat shundaki, O‘zbekiston iqtisodiyotni ko‘tarish, xususan, paxta- to‘qimachilik sohasida, nafaqat to‘qimachilik, balki boshqa sohalarda hamkorlik qilish uchun xalqaro kompaniyalarni chaqirmoqda. Lekin Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha chinakam adolat qaror topmas ekan, ishonch so‘nadi, qonun ustuvorligi mustahkam emasligi, biznes uchun qulay muhit yo‘qligi haqida xorijiy investorlarga eslatma yuboradi. Agar hukumat chinakam mustaqil tergov o‘tkazilishini uddalasa, bu tashqi dunyo uchun yaxshi mujda bo‘lardi.

XS
SM
MD
LG