Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:52

Prezidentning kenja kuyovi Toshkentdagi avtohalokatda jarohat olgani aytilmoqda


O‘zbekiston prezidentning kenja kuyovi hamda uning xavfsizlik xizmati mulozimi Otabek Umarov - Instagram
O‘zbekiston prezidentning kenja kuyovi hamda uning xavfsizlik xizmati mulozimi Otabek Umarov - Instagram

O‘zbekiston hukumati va prezident oilasiga yaqin manbalar prezidentning kenja kuyovi hamda uning xavfsizlik xizmati mulozimi Otabek Umarovning 13 - fevral oqshomida Toshkentda yo‘l-transport hodisasiga uchraganini aytmoqda.

Bir-biridan mustaqil manbalarning iddao qilishicha, O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) rahbarining o‘rinbosari, 36 yashar Otabek Umarov 13 - fevral kuni poytaxt markazida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasidan so‘ng shifoxonaga yotqizilgan.

O‘tgan shanba mahalliy vaqt bilan soat 18 lar atrofida yuz bergan hodisa haqida ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan xabarni Ozodlikka O‘zbekiston hukumati va prezident Mirziyoyev oilasiga yaqin bir necha manba tasdiqladi.

O‘zbekiston hukumatining nomi oshkor etilmayotgan mulozimi, Toshkentdagi shifoxona hamda Otabek Umarovga yaqin manbalar tasdiqlagan hodisa haqida rasmiy ma’lumot berilganicha yo‘q.

Parvozlarni kuzatuvchi flightaware.com saytida manbalar hodisa ortidan Germaniyadan Toshkentga uchib kelganini aytgan Gamburgdagi xususiy shirkatga tegishli uchoqning Toshkent xalqaro aeroportida 14 - fevraldan 15 - fevralgacha turgani qayd etilgan.

Ozodlik manbalari Otabek Umarov Toshkentdagi Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazida bir necha soat mobaynida dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng maxsus tibbiyot uchog‘i bilan xorijga olib ketilganini ham iddao qildi. Ammo bu va hodisa bilan bog‘liq boshqa iddaolarni rasmiy manbalardan tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi.

Hodisa yuz bergan 13 - fevral kuni Otabek Umarovning Instagram sahifasida Dubay shahrida valiahd shayx Hamdon bin Zayd bilan tushgan surati qo‘yilgan edi. Surat qachon olingani haqida ma’lumot berilmagan. 14 va 15 - fevral kunlari Otabek Umarov Instagram sahifasida post qoldirgani yo‘q.

Ayni paytda hukumat doiralariga yaqin kamida ikki manba Otabek Umarovning YTHga uchraganini rad etdi hamda u bilan 14 va 15 - fevral kunlari shaxsan muloqotda bo‘lganini iddao qildi.

Ozodlikning ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan xabar va Toshkentdagi manbalarning iddaolari yuzasidan rasmiy ma’lumot olishga urinishlari natija bermadi.

Otabek Umarov shayx Hamdon bin Zayd bilan
Otabek Umarov shayx Hamdon bin Zayd bilan

Prezident trassasidagi mototsikl

Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalariga ko‘ra, prezidentning kenja kuyovi hamda uning xavfsizlik xizmati mulozimi, 36 yashar Otabek Umarov ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi 13 - fevral kuni soat 18larda sodir bo‘lgan. Toshkentning xalq orasida “Prezident trassasi” deb ataladigan yo‘lida, Mustaqillik ko‘chasi, Pushkin metro stansiyasi yaqinida yuz bergan hodisada katta tezlikda ketayotgan mototsikl haydovchisi yo‘l chetidagi beton bordyurga urilgani aytilmoqda. Haydovchi yengil avtomobilga chap berish uchun rulni burgani aytilgan hodisada qurbon bo‘lmagan. Ozodlik suhbatlashgan hukumat mulozimiga ko‘ra¸ mototsiklni O‘zbekiston prezidentining kenja kuyovi Otabek Umarov boshqargan. Hodisada mototsikl haydovchisining "ikkala oyog‘i lat yegan". Umarov "jiddiy jarohatlangani" haqida ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan xabarlar ortidan 14 - fevral kuni Ozodlik bog‘langan Otabek Umarovga yaqin manba prezident kuyovi bilan “kichik ko‘ngilsizlik” yuz berganini aytdi.

Otabek Umarov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev
Otabek Umarov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev

Ilizarov temirlari

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Umarov xalq orasida "16-gorbolnitsa" deb ataladigan Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziga 13 - fevral kuni soat 19lar atrofida olib kelingan. Kasalxonaga yaqin tibbiyot xodimining Ozodlikka bildirishicha, “oyog‘idan lat yegan patsient 6 soat mobaynida operatsiya qilingan”. Birinchi oilaga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, Umarovning “o‘ng oyog‘i 3 joyidan singan¸ chap oyoq suyalari qattiq zarb oqibatida maydalanib ketgan”. U Umarovning oyoqlariga “Ilizarov temirlari” nomi bilan bilingan moslama o‘rnatilganini aytmoqda. Sovet jarrohi Gavriil Ilizarov ixtiro qilgan bu moslama asosan, oyoqlardagi suyaklar avariya oqibatida sinib, parchalanib ketgan paytda qo‘llaniladi. Parvozlarni kuzatuvchi flightaware.com ma’lumotlariga ko‘ra, 14 - fevral kuni kunduz soat 12dan 17 daqiqa o‘tganida Toshkent xalqaro aeroportiga Germaniyaning Nyurenberg shahridan xususiy Air Hamburg shirkatiga tegishli uchoq kelib qo‘ndi. Ozodlik manbalari Nyurenbergdan Toshkentga AHO787B raqamli parvozni amalga oshirgan uchoqning maxsus jihozlangan tibbiyot uchog‘i ekanini iddao qilmoqda. Flightaware.com sayti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni uchoq 15 - fevral kuni Toshkent vaqti bilan ertalab 6.00da O‘zbekiston poytaxtidan uchgan va mahalliy vaqt bilan 8dan 13 daqiqa o‘tganda Moskvaning Vnukovo xalqaro aeroportiga qo‘ngan. Ozodlik hozircha bosh qarorgohi Germaniyaning Gamburg shahrida joylashgan Air Hamburg shirkatidan ayni parvoz bilan bog‘liq ma’lumot ololgani yo‘q.

Parvozlar jadvali
Parvozlar jadvali

Ozodlik manbalari 14 - fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “kuyovning miyasi lat yebdi” degan iddaolarni tasdiqlamadi. Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazidagi manbaning aytishicha, 14 - fevral kunning ikkinchi yarmida Umarov hushiga kelgan va yaqinlari bilan gaplashgan. Ozodlik suhbatlashgan manbalar shanba kuni kunning ikkinchi yarmida shifoxonada favqulodda xavfsizlik choralari ko‘rilganini aytmoqda. Ulardan biri ushbu xavfsizlik choralarini prezident Mirziyoyev va rafiqasi Ziroat Mirziyoyevaning kasalxonaga "tashrif buyurgani" bilan bog‘ladi. Ammo Ozodlik prezident va rafiqasining shifoxonaga borganini Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazidagi rasmiy manbalardan tasdiqlay olgani yo‘q. Shifoxona ma’muriyati vakili 15 - fevral kuni Ozodlik muxbirining bu va prezident kuyovi bilan bog‘liq boshqa savollariga "tibbiyot siri" bo‘lgani vajidan ma’lumot bera olmasligini aytdi.

15 - fevral kuni kunning birinchi yarmida Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazigaga borgan Ozodlik mobil muxbiri shifoxona va atrofida “noodatiy holatni” ko‘rmaganligini aytdi. 15 - fevral kuni hodisa sodir bo‘lgani aytilgan Mustaqillik ko‘chasining Pushkin metrosi yaqinida ham favqulodda holat kuzatilmagan. Hodisa joyidagi videokameralar demontaj qilingani haqidagi iddaolar esa hanuz tasdig‘ini topganicha yo‘q.

O‘zbekiston IIV Yo‘l xavfsizligi bosh boshqarmasining Ozodlik bog‘langan xodimi bironta aniq YTH haqida telefon orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot berolmasligini aytdi. Xodimning izoh berishicha, yo‘l hodisasi, agar katta chorrahada yuz bergan bo‘lsa, kameralar tomonidan qaydga olinadi va 6 kundan so‘ng avtomat tarzda o‘chiriladi.

Ozodlikning Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonovaning mobil raqamlariga qilgan qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi.

Ozodlik Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi, ammo u Otabek Umarov ismini eshitgach, telefon "eshitilmayotgani"ni aytdi va shu bilan aloqa uzildi.

O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati esa ommaviy axborot vositalari uchun yopiqligicha qolmoqda.

Tesla videosi

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan uning tansoqchisiga aylangan kenja kuyov Otabek Umarov qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi davlat, ayniqsa, xavfsizlik mulozimlariga xos bo‘lmagan ochiqligi va faolligi bilan e’tiborga tushdi.

Prezidentning kenja kuyovi Instagram sahifasida o‘zining qimmatbaho mashinalar¸ tungi poyga va driftingga o‘chligini namoyish qilgan.

2019 - yilning 8 - iyuliga o‘tar kechasi Otabek_muhammadalievich ( Otabek Umarovning niki – tahr.) o‘z Instagram sahifasida jonli ko‘rsatgan videoda prezident kuyovi Tesla mashinasida tezlikni qonunda belgilanganidan (tezlik cheklovi 70 va 50 km. -tahr.) uch baravar yuqori - soatiga 201 kmga chiqargani ko‘rilgandi.

E’lon qilinishidan ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlangan bu videoni Ozodlik sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bir kunning o‘zida yuz minglab odam tomosha qilgan. Mahalliy matbuot prezident kuyovining tungi poygasini yoritmagan.

Ozodlik jamoatchilikka taqdim etgan bu video ijtimoiy tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgani ortidan – voqeadan 12 kun o‘tib , 19 - iyulda Otabek Umarov Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizlik xizmati tomonidan ma’muriy jazoga tortildi.

Bu haqda Umarovning o‘zi Instagram sahifasida xabar berdi va eng kam ish haqining 9 baravari miqdorida- 1824570 so‘m jarima to‘langanlik haqidagi kvitansiyani ham ilova qildi.

Nissan GT-R hodisasi

Oradan bir oy o‘tib, 2019 - yilning 6 - avgustida Otabek Umarov nomi yana bir yo‘l-transport hodisasi munosabati bilan tilga tushdi.

Otabek Umarov turkiyalik taniqli qassob Nusret Go‘kche (Nusret Gökçe) bilan - Toshkent, 23 - noyabr, 2019
Otabek Umarov turkiyalik taniqli qassob Nusret Go‘kche (Nusret Gökçe) bilan - Toshkent, 23 - noyabr, 2019

Toshkentning Pushkin metro stansiyasi yaqinidagi Mustaqillik ko‘chasida 6 - avgust, kech soat 21:15 da yuz bergan avtoavariya rasman qurbonlarsiz yakun topgan bo‘lsa ham tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilindi.

Uchta avtomobil to‘qnashgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalar ekan, Internet foydalanuvchilarining e’tiborini bir mashina – Nissan GT-R R35 rusumli oq rangli sportkar o‘ziga tortdi.

Ayni rusumdagi avtomobil prezident Mirziyoyevning oilaviy fotosida ham aks etgan. Guvohlarning aytishicha, avtohalokat yuz bergan joy zudlik bilan o‘rab olingan va tezda tozalangan.

Mahalliy matbuot uch kishi, jumladan huquqni muhofaza qilish organlarining ikki xodimi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgani haqida xabar berdi.

O‘zbekistonda bloklangan, xorijdan turib faoliyat yurituvchi mustaqil Eltuz.com nashri avtomobil egasi prezident Mirziyoyevning kuyovi Otabek Umarov ekanini iddao qilib chiqdi.

Ozodlik suhbatlashgan ikki nafar xavfsizlik xodimiga ko‘ra, avtohalokat boshqa bir “nufuzli xavfsizlik xodimi” tufayli yuz bergan.

Ularning avtohalokat qurbonlari haqidagi iddaolari ham rasmiy xabarlardan tubdan farq qiladi.

Ozodlik suhbatlashgan guvohlar “hamma narsa zudlik bilan tozalab tashlangani izlar yo‘qotilgani"ni iddao qilgan edi.

Otabek Umarov ot ustida
Otabek Umarov ot ustida

XS
SM
MD
LG