Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:07

Prezident terimga, fermerlar paxtaga qancha haq to‘lanishini bilmaydi


Ozodlik suhbatlashgan fermerlar Mirziyoyev joriy qilgan klaster tizimi o‘zlariga hech narsa bermayotganidan shikoyat qildi
Ozodlik suhbatlashgan fermerlar Mirziyoyev joriy qilgan klaster tizimi o‘zlariga hech narsa bermayotganidan shikoyat qildi

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi avjida, ayni paytda Ozodlik gaplashgan andijonlik, namanganlik, jizzaxlik va qashqadaryolik fermerlar bu yilgi paxta hosili uchun qancha haq to‘lanishini hanuz bilmayotganliklarini aytishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 - sentabr kuni surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida terilgan bir kilo paxta uchun terimchiga necha pul to‘lanayotganidan bexabar ekanligini aytgan edi.

Hosilni majburiy mehnatsiz terib olayotganini tasdiqlagan fermerlar bu yilgi g‘alladan “minusda chiqishgani”, paxtadan ham foyda ko‘rmaslik ehtimoli katta ekanini aytishmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan barcha fermerlar klaster bilan hamkorlik ularga hech narsa bermayotganidan shikoyat qildi.

Ozodlik Namanganning Mingbuloq, Andijonning Bo‘ston (Bo‘z), Jizzaxning Do‘stlik, Qashqadaryoning Koson tumanlarida ishlayotgan fermerlar hamda Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida ishlovchi 10 ga yaqin fermer ishini o‘rgangan faol bilan gaplashdi.

Ozodlik savollariga 14 - oktabr kuni javob bergan fermerlarning barchasi mahalliy hokimlarning ehtimoliy bosimidan qo‘rqib, ismlari aytilmasligini so‘radi.

Ozodlik avvaliga fermerlarning hikoyalariga quloq tutdi:

Mingbuloqlik fermer:

- 46 gektar yerga paxta ekkanman. Viloyat hokimligi gektaridan 35 sentnerdan paxta topshirasan, deb talab qilyapti. Yerimning ball boniteti 60. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, imkoniyatim 24-25 sentner. Lekin shu kungacha 30 sentnerdan hosil ko‘tardim. 33 sentnerga yetkazsam kerak. Chunki klaster bergan doriga qo‘shimcha yonimdan sarflab dori soldim. Paxtamni aholi terdi. Fermerlar terimchilarni o‘zlari gaplashib olib kelyapti. Bizga asosan Farg‘ona tumanida yashaydiganlar keladi. Kilosiga 1200 so‘mdan berib terdirdim.

Fermerni qiynayotgan masalalar:

- Birinchi masala-iqtisodiy samaradorlik emas, balki paxtaning hajmini talab qilish hanuz saqlanib qolyapti. Fermer qancha daromad qilishi yuqoridagilarni mutlaqo qiziqtirmayapti.

Fermer qancha daromad qilishi yuqoridagilarni mutlaqo qiziqtirmayapti.

Hozirgacha paxta narxi aniq emas. Paxtani topshirib qo‘ydik, lekin necha pul olishimizni shu kungacha bilmaymiz. Bir kilo paxtamiz tannarxi 6500 so‘mga to‘xtayapti. Buning ichida terish uchun to‘laganimiz 1200 so‘m ham bor. O‘tgan yili 5500 so‘mga to‘g‘ri kelgan tannarx. Klaster bizga 4800 so‘mdan to‘lagan. Har gektar yerdan necha puldan daromad qilishni mo‘lajallab turibsiz, degan savolingizga o‘rin yo‘q. Daromad qilmayman. Tepadagilar faqat klasterga yon bosyapti. Fermerni hech kim o‘ylamayapti.

Bo‘zlik fermer ayol:

- Yerim 30 gektar. Bu yil paxtadan deyarli ozodman. Bu yil asosan sabzavot yetishtirdim. Lekin 3 gektar yerda paxtam bor. Hosil yaxshi. Hali terganim yo‘q. Endi teraman. Chunki boshqa ishlarim bor edi. Klaster bilan kelisha olmaymiz. Shuning uchun o‘ylanib turibman. To‘g‘ri, tunov kungi yomg‘irlarda paxtam oqib ketdi. Lekin birinchi terim paxtamni yaxshi topshirib olsam kerak. Paxtani o‘z oilam, qarindosh-urug‘im bilanoq terib olamiz. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y ham chiqadi birinchi terim desak. 1200 so‘mdan to‘lanyapti hozir bir kilo paxta tergani uchun. Tumanimiz bo‘yicha ham birinchi terim tugagani yo‘q. Gektaridan 30 sentner olishni ko‘zlab turibman. Paxtamning tannarxini bilmayman. Paxtani necha puldan olishini bilmaymiz haligacha.

Paxtakor fermerlarni eng qiynayotgan muammo – klaster. Chunki klasterga boylar o‘tirib olgan.

Fermerni qiynayotgan masalalar:

- Paxtakor fermerlarni eng qiynayotgan muammo – klaster. Chunki klasterga boylar o‘tirib olgan. Ular shunday ekanki, bu haqda men prezidentga ham yozmoqchiman, ularga prezidentning qarori o‘tmaydi. Masalan, o‘tgan yili paxtaning xarid narxini 4500 so‘mdan belgiladi. Keyin narx-navo o‘sib ketgani uchun 330 so‘m atrofida qo‘shimcha to‘lash haqida qaror chiqardi. Klaster buni inobatga olmadi. Xohlagan joyingga bor, qo‘shimcha to‘lamayman, deb turib oldi. To‘lamadi qo‘shimchani.

Farg‘ona viloyati bilan chegaradosh hududda ishlayman. Men Farg‘onadan traktor olib o‘tib, yerimni haydataman. 30 litrdan yog‘ quyib beraman. 125-130 ming so‘mdan bir gektar yerni haydataman. O‘zimizning klaster esa, bitta traktorga beshta tekinxo‘rni biriktirib qo‘ygan. 350 ming so‘mdan haydaydi 5 litrdan solyarkasi bilan 1 gektar yerni.

Prezident klaster fermerga yordam beradi, degan edi. Amalda teskarisi bo‘lyapti. Dorilar masalasi. Masalan karbamid. Magazinlarda ham sotilyapti. 1 tonnasi 2 mln 100 ming so‘mdan. Klasterdan olsangiz, 2 mln 800 ming so‘mdan boshlanadi. Ammofos magazinda 4500 bo‘lsa, klasterda 6500.

Azimboy Otaniyozov, Inson huquqlari “Oqboshqur” jamoat birlashmasi rahbari,

To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida 10 ga yaqin fermer bilan suhbatlar o‘tkazgan:

- Bu yil Qoraqalpog‘istonda paxta har yilgidan kam bo‘ldi. Sababi suv taqsimoti umuman izdan chiqqan. Suvning katta qismi sholiga ketib qoldi. Hech kim bilan shartnoma tuzmagan oligarxlar, kimligini hech kim bilmaydi, minglab gektar sholi ekdi.

Bir martagina sug‘orilgan dalalar bor. Shu sababli paxta bu yil nihoyatda kam.

Ayni paytda suv idoralari bilan shartnoma tuzgan fermerlar shartnomadagi suvni ololmadi. Hatto bir tomchi ham olmaganlari bor. Bir martagina sug‘orilgan dalalar bor. Shu sababli paxta bu yil nihoyatda kam. Terimchi ham kam. Har yilgiday majburlab chiqarilganda paxta dalada umuman qolmas edi. Shuning uchun hozircha dalada paxta bor.

Fermerlar klaster bilan shartnoma imzolagan. Lekin paxtasini necha puldan sotishini bilmaydi. Bunday shartnomani nega imzolaysiz, deb so‘rasam, imzolmaslik imkonsiz, deyishdi. Fermerlarga og‘zaki aytilibdi 7000 so‘m atrofida bo‘ladi deb. Lekin aniq gap yo‘q. Bultur qariyb 4900 so‘mdan to‘langan.

Kosonlik fermer:

- 15 gektar yerga paxta ekkanman. Ikki marta terdirdim. Paxtamni deyarli terib bo‘ldim. Shartnoma bo‘yicha gektaridan 32 sentnerdan, hammasi bo‘lib 48 tonna paxta topshirishim kerak edi. Lekin men 35 tonna topshirdim.

Suv ta’minotida adolatsizlik katta. Hokimga, prokurorga, umuman kattalarga tegishli yerlarga suv birinchi navbatda beriladi.

Suv taqchil bo‘lgani uchun paxtani bu yil bir martagina sug‘ordim. Shuning uchun hokim shartnomadagi majburiyatimni 13 tonnaga pasaytirib berdi. Birinchi terimda olingan 18 tonnani 5700 so‘mdan topshirdim. Lekin narx aniqlansa, yana hisob-kitob qilsak kerak.

Fermerni qiynayotgan masalalar:

- Hokimlikning fermerlarni homiylikka majburlashidan charchadik. Unga pul o‘tkaz, bunga yordam qil... Shaxsan mendan o‘tgan yili Sardoba toshqinidan jabrlanganlarga deb 2 tonna bug‘doy olishgan. Bundan tashqari hatto tumanning elektrdan qarziniyam bizning pul hisobiga yopishadi.

Suv ta’minotida adolatsizlik katta. Hokimga, prokurorga, umuman kattalarga tegishli yerlarga suv birinchi navbatda beriladi. Ularning yeri suvga to‘yganidan keyin ortib qolsa, bizga berishadi.

Do‘stliklik fermer:

- 36 gektar paxtam bor. Birinchi terim deyarli tugadi. Gektaridan 24-25 sentnerdan hosil oldim hozircha. Yana 5 sentnerdan chiqadi. Klaster bilan imzolangan shartnomada 36 sentnerdan topshirishim yozilgan. Buncha paxtani berolmayman. Chunki yozda ko‘sak qurti tushdi. Tabiiy ofatday gap bu. Ko‘sak qurtidan sug‘urta qildirgan emasman.

Paxtani asosan aholi terdi. Vodiydan, Samarqanddan, Navoiydan odam olib kelib terdirdik. Terim uchun kilosiga 1400 so‘mdan to‘ladik. Jizzax bilan Sirdaryo uchun shunday narx belgilangan. 20 foizchasi mashinalarda terildi. Mashina MTPniki.

Hokimlik 80 kilo tergan odamga 1 kilodan moy berasan, dedi. Buyam bizga zarar bo‘ldi.

Bu yil bir kilo paxtaning tannarxi necha pul bo‘lishini hisob-kitob qilmadik. Lekin zarar bilan chiqishimiz ehtimoli ko‘proq. Chunki harajat ko‘p bo‘ldi, ko‘p dori ishlatildi, ko‘sak qurtiga qarshi kurashgayam pul ketdi, bundan tashqari hokimlik 80 kilo tergan odamga 1 kilodan moy berasan, dedi. Buyam bizga zarar bo‘ldi. Yog‘ sotib olishning o‘ziga har bir fermer 5-6 milliondan pul sarfladi. Paxtani necha puldan sotishimiz haligacha noma’lum.

Fermerni qiynayotgan masalalar:

- Dehqon zarariga ishlaganidan keyin ishdan ko‘ngli sovib ketarkan. G‘alladan ham minusga chiquvdik. Paxtayam shunday bo‘ladigan bo‘lib turibdi.

Klaster tizimidan fermerga foyda bo‘lmayapti. Klaster bo‘lganiga mana bu yil - uchinchi yil. Haliyam tushunganimiz yo‘q nima uchun bunday qilinganini. Ayni paytda bizning klaster ta’minotni yaxshi qilib beryapti. Solyarkani berdi, ish haqini berdi, dorini olib kelib berdi, g‘alla ekish uchun urug‘niyam berdi. Ta’minot yaxshi, lekin oxirida hisob-kitob qilsak, bizga hech narsa qolmayapti.

Avval voz kechilib, keyin tayinlangan narx

Prezidentning 2019 - yil 23 - oktabrdagi qarori bilan 2020 - yil hosilidan boshlab paxta xomashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechilishi belgilab qo‘yilgan edi.

Lekin shunga qaramay, 2020 - yilning 23 - oktabrida Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda yetishtirilgan to‘rtinchi tip ikkinchi nav birinchi sinf 1 tonna paxta xomashyosining minimal narxi qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan birga 4522,5 ming so‘m qilib belgilangan edi.

Fermerlar shu kunda bu yilgi narxlar e’lon qilinishini kutmoqda.

Fermerlar bu yilgi hosilni necha puldan sotishni bilmay turgan bir paytda prezidentning o‘zi terilgan paxta uchun necha pul to‘lanishini bilmasligi ma’lum bo‘ldi.

8 - sentabrda surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida prezident bunday dedi:

Hozir men prezident bo‘lib, paxta terishda kilosiga necha pul berilayotganini bilmayman.

“Bir vaqtlar yaxshi paxta terganga bitta gilam berilardi, rais bir marta osh qilib berardi. Hozir men prezident bo‘lib, paxta terishda kilosiga necha pul berilayotganini bilmayman. Kerak bo‘lsa 3 ming so‘mdan berib terdirsin. Chunki paxtani manfaat yetishtiryapti. Terimchida ham manfaat bo‘lmasa, termasin! Uni hech kim majburlamaydi”.

Vazirlar Mahkamasining 30 - avgustdagi qaroriga asosan, joriy yil paxta terimi mavsumida paxta teruvchilarga beriladigan haq miqdori belgilangan.

Qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilosiga birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi.

XS
SM
MD
LG