Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:19

Paxta, klaster va selektor: Fermerlar G‘aniyev va hokimlardan shikoyat qilmoqda


Viloyatlarga safar qilayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev saylovoldi chiqishlarida O‘zbekiston paxta sanoatida majburiy mehnatga barham berilganini birinchi prezidentligi davrida erishilgan yutuqlardan biri sifatida bot-bot tilga olmoqda. 21 - sentabr kuni qoraqalpog‘istonlik saylovchilar oldidagi chiqishida amaldagi prezident “6 million “ixtiyoriy-majburiy” terimchini paxta dalasidan chiqarib yuborgani”dan ko‘ngli to‘qligini ma’lum qildi. U paxta tashvishidan qutulgan Bosh vazirni “baxtli odam” deb atadi.

Ayni paytda viloyatlardan Ozodlikka murojaat qilayotgan fermerlar Bosh Vazirning qishloq xo‘jaligi uchun mas’ul o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning tinimsiz selektorlaridan charchab ketganini gapirmoqda.

Ozodlikka yuborilgan audioyozuvlardan birida Shuhrat G‘aniyev selektor yig‘ilishida tuman hokimlaridan kunlik reja talab qilayotgani, Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanov esa “mahallalardagi bekorchilar” va “kommunal to‘lovlarni to‘lamaganlarni” paxta dalasiga olib chiqishga majburlayotgani anglashiladi.

Fermer: Shuhrat G‘aniyev majlislaridan charchadik!

Paxta mavsumi boshlanishi bilan O‘zbekistonning paxtachilikka ixtisoslashtirilgan mintaqalarida, o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, terimni jadallashtirish bo‘yicha hokimlarning selektor yig‘ilishlari avj oldi. Selektor yig‘ilishlari Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev va viloyat hokimlari tomonidan o‘tkazilmoqda.

28 - sentabr kungi selektordan yozib olingani aytilgan audioni Ozodlikka taqdim etgan fermerlardan biri "eskicha davay-davay boshlangani"ni aytadi.

-“Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishlarda hokimlar endi paxta siyosatiga aralashmaydi, degan gapni tez-tez ta’kidlamoqdalar. Lekin afsuski, bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev ushbu topshiriqqa qaramay, tuman hokimlaridan kunlik rejani bajarishni talab qilmoqda va ayrim hollarda rejani bajarmaganlarni haqoratlamoqda. Har kuni soat 14:00 da selektor o‘tkaziladi. Bu ham Prezidentimizning majlisbozlikni to‘xtatish topshirig‘iga zid-ku,” , - deb yozdi fermer.

Audioyozuvlardan birida vazir muoviniga tegishli ekani aytilgan ovoz Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l, Beruniy, Elikqal’a, Amudaryo tumani hokimlarini paxta rejasini bajarishga undayotgan bo‘lsa, boshqa yozuvda Navoiy viloyatining Navbahor, Qiziltepa, Oybek, Samarqandning Xatirchi tumani, Andijon viloyatining Xo‘jaobod, Shahrixon Qo‘rg‘ontepa tumani hokimlarining paxta terimi bo‘yicha past natijalari uchun tanbeh berayotganini eshitish mumkin.

Farg‘ona viloyat hokimi lavozimida so‘kong‘ichligi va fuqarolarga qo‘pol muomalasi bilan nom chiqargan Shuhrat G‘aniyev o‘tgan yili Bosh vazir o‘rinbosari - agrar va oziq-ovqat kompleksi rahbari lavozimiga tayinlangan edi.

Shu yil aprelida Mehnat vazirligi G‘aniyevning yakshanba, dam olish kuni videoselektor o‘tkazgani yuzasidan rasmiy izoh berishga majbur bo‘lgan.

Fermerlar prezidentning "Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori bilan 2020 - yildan paxtaga davlat buyurtmasi bekor qilinganini aytishadi.

“Bosh vazir o‘rinbosari Sh.G‘aniyev obed vaqti selektor rejalashtirdi. Axir biz tushlik qilmaymizmi? Robot emasmizku! Men xususiy korxona - klaster rahbariman, lekin viloyat hokimligidan telefon qilib, har kuni chaqirishadi. Bezib ketdik bu majlislardan”, deydi boshqa fermer.

"Buxoroda prokuratura klasterlarni nazoratga oldi"

O‘zbekiston hukumati o‘tgan yili mamlakatda “paxta quldorligi” tugatilganini e’lon qilgan edi. Hukumat rasmiylarining bayonoti O‘zbekiston paxta sanoatida majburiy mehnatni monitoring qilib kelayotgan Xalqaro mahnat tashkiloti tomonidan dastaklangan.

Ammo klasterlarga birlashtirilgan fermer-dehqonlar hukumat amaldorlarining mustaqil xo‘jalik subyektlari hisoblangan fermer xo‘jaliklari ishiga aralashishi davom etayotganidan shikoyat qilishmoqda.

Buxorolik fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, mahalliy amaldorlar o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, fermerlarni prokuratura va IIB bilan qo‘rqitmoqda.

-Buxoro viloyatida paxta terimi boshlanishi bilan viloyat prokurori Mahmud Istamov fermerlarni paxta topshirish va klasterlar tomonidan paxtani qabul qilish jarayoniga asossiz, o‘zboshimchalik bilan aralashib boshladi. Ya’ni prokuratura va departament xodimlari deb o‘zlarini tanishtirgan xodimlar paxta qabul qilish jarayoniga aralashib, noqonuniy nazoratni amalga oshirib kelmoqda. Vaholanki, foyda ko‘radigan ham, zarar ko‘radigan ham klaster, ya’ni tadbirkorlik subyekti bo‘lsa, prokurorlarning tepamizda turib nazorat qilishi qonuniymi? Bu nazorat turi korruptsiyaga olib kelmasmikan?, - deydi buxorolik fermerlar nomidan murojaat yo‘llayotganini aytgan fermer.

Yuqorida tilga olingan holatlar "WBM Romiteks" MChJ da va boshqa qo‘shni klasterlarda yuz berayotgani aytiladi.

"Hokim va soliqchilar paxtani terdirib, pulni undirib qo‘ysin!"

Prezident Mirziyoyev o‘tgan hafta Qoraqalpog‘iston va Xorazmga saylovoldi tashriflari chog‘ida Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuv chog‘ida paxtachilikdan davlatga va aholiga daromad yo‘qligini aytdi.

“Shuncha yil boshimizni egib paxta ekdik, lekin ko‘ngildagidek daromad qilmadik. Biror marta respublika bo‘yicha olingan daromadimiz 1 mlrd dollarga yetmadi. O‘rtacha 800-850 mln dollar bo‘lardi. Hozir bitta Andijon viloyatining o‘zi tekstil mahsulotlaridan 700 mln dollarlik eksport qilyapti. Avval biz paxtaning o‘zini sotgan bo‘lsak, endi hatto chetdan sotib olishga, qayta ishlashga tayyormiz. Xorijiy davlatlar esa, kelib bizdan paxta so‘rab turishibdi, - dedi prezident.

Ozodlikka kelib tushgan yana bir audioyozuv aynan Xorazmdan. Aniqrog‘i, Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermonov rahbarligida 26 - sentabr kuni o‘tkazilgani aytilgan selektor majlisidan.

Unda selektor olib boruvchisi paxta “to‘g‘ri tashkil etilmagani uchun joylarda ishlar ancha orqaga ketib qolayotgani” haqida gapiradi. U paxta yetishtiruvchi tumanlarga 45 nafar odam jo‘natilgani va ular “vaziyatni o‘rganayotganini” aytadi.

-Ular joylarda nega hokimlar vaziyatni o‘rganmayotir, degan savolga javob izlayapti. Agarda qaysidir fermer raisdan qochadigan bo‘lsa, unday fermerning keragi yo‘q – uni klasterga qo‘shvoramiz! Shu odamlar fermerlarni yig‘ib, ishga “meshat” qilayotganlik to‘g‘risida gaplarni yetkazish kerak bo‘ladi... Agar odam yo‘q bo‘lsa, rayon markazidagi mahallalardan qarzdorlar ko‘p, bekor o‘tirgan ishchilarni tashkillashtirib, jo‘natish kerak bo‘ladi. Ertalab 8 da hudud rahbarlari keladi va tergan paxtasi bo‘yicha javob beradi. Agarda grafik asossiz bajarilmaydigan bo‘lsa, odami yo‘q joylarga hokim javob beradi – odam topib bersin! Shahar markazidagi odamlarni olib borsin, avtobus tashkil qilib bersin, - deydi mulozim.

Shundan so‘ng u Qoraqumda nima uchun paxta terimi hajmi tushib ketgani sabablarini surishtiradi va Xudoynazar degan amaldorni so‘roqqa tutadi.

Xudoynazar terimning pastligini aholi soni kamligi bilan tushuntiradi. Selektor olib boruvchisi esa, vaziyatdan chiqishning oson yo‘lini taklif etadi:

-O‘shaning uchun, Xiva va Urganch hokimlari puli yo‘q, kommunal to‘lovini to‘lolmayotgan odamlarni olib chiqinglar, kerak bo‘lganda. Soliq va odamlar bo‘yicha planni bajarmagan soliqchi va hokimni ikkalasini ishdan bo‘shataver. Markazda o‘tirgan odamlarni - kommunal to‘lovlarni to‘lamaganlarini – paxtaga jo‘natvor. Soliqchilaringni ham paxtaga jo‘natvor: paxtani terdirib, pulni undirib qo‘ysin.

Mulozim paxta masalasida buyruq va rejani bajarmayotgan hudud rahbarlarini ham ishdan olish haqida taklif beradi.

U tuman hokimlari va klaster rahbarlarini birma-bir savol-javob qiladi va paxta terimi sur’atlarini oshirish uchun har biriga alohida vazifa yuklaydi.

Xorazm viloyat hokimligidan selektor tafsilotlari va paxta yig‘im-terimidagi majburiy mehnat yuzasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ayni damda O‘zbekistonning turli mintaqalaridan paxta dalalariga yana byudjet tashkilotlari ishchilari “majburiy-ixtiyoriy” ravishda jalb etilayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

22 - sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga saylovoldi tashviqot uchun kelgan prezident Shavkat Mirziyoyev “paxta davri ortda qolgani"ni aytgandi.

2017 - yili Prezident Mirziyoyev Namangan viloyatiga safari paytida zarar ko‘rib ishlayotgan dehqonlarga paxta va g‘alla ekish o‘rniga foyda beradigan ekinlarni ekishni tavsiya qilgan edi.

XS
SM
MD
LG