Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:41

Oddiy rossiyaliklar sanksiyalar og‘rig‘ini his qila boshladi


Sankt-Peterburgdagi bankomat oldida odamlar dollar va yevro olish uchun navbatda turishibdi. 25 - fevral, 2022
Sankt-Peterburgdagi bankomat oldida odamlar dollar va yevro olish uchun navbatda turishibdi. 25 - fevral, 2022

Rossiyaning Ukrainaga urushiga javoban G‘arb, ta’bir joiz bo‘lsa, iqtisodiy urush bilan javob qaytardi. Rossiya hukumati, moliya tizimi, harbiy sanoati, oligarxlari va shaxsan prezident Putin misli ko‘rilmagan sanksiyalar ostida qoldi.

Bu iqtisodiy jazo choralari oddiy rossiyaliklarning hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi sanksiyalarning muqarrar oqibati va G‘arb rahbarlari bundan har doim taassuf izhor qilishgan.

Rossiyaliklar to‘lov tizimlari ishlamasligi, naqd pul olish bilan bog‘liq muammolar va ayrim narsalarni sotib ololmaslik kabi kundalik jiddiy muammolar bilan yuzlashmoqda.

“Apple Pay kechadan beri ishlamayapti. U bilan hech qayerda na avtobusda, na kafeda to‘lov qilib bo‘lmadi”, — deb aytgan Moskvada yashovchi Tatyana Usmonova Associated Press bilan 2 - mart kungi suhbatda.

"Bu ham yetmagandek, bitta supermarketda bir kishi sotib olishi mumkin bo‘lgan asosiy tovarlar miqdoriga cheklov qo‘yildi."

Apple Rossiyada IPhone va boshqa brend mahsulotlarini sotishni to‘xtatganini, Apple Pay kabi xizmatlarini cheklaganini e’lon qildi.

O‘nlab xorijiy kompaniyalar o‘z biznesini Rossiyadan olib chiqib ketdi. Yirik avtomobil brendlari Rossiyaga transport vositalari eksportini to‘xtatdi; Boeing va Airbus Rossiya aviakompaniyalariga samolyot ehtiyot qismlarini yetkazib berish va ularga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi; yirik Gollivud studiyalari ham faoliyatini to‘xtatdi. Bu ro‘yxat yana kengayishda davom etadigan ko‘rinadi.

Moskva va boshqa shaharlardagi rossiyaliklar The Associated Press bilan suhbatda bu harakatlar ularning kundalik hayotida qanday aks etgani, rublni xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish bilan bog‘liq muammolar, bankomatlardagi uzun navbatlar va ayrim bank kartalari ishlamay qolganiga ishora qildi.

Yaroslavl shahrida yashovchi Irina Biryukova o‘zining bank hisob raqamiga bankomatlar orqali faqat cheklangan miqdorda pul o‘tkaza olishini aytdi.

"Depozit qo‘yadigan ko‘plab bankomatlar ishlamayapti", dedi Biryukova.

Oziq-ovqat narxlari ham ko‘tarila boshlagani aytilmoqda.

“Mahsulotlarimiz tayyorlanadigan barcha asosiy ingrediyentlar 30-40 foizga qimmatladi”, dedi Permdagi sushi-barda yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanuvchi Ilya Oktavin.

Seshanba kuni kechqurun Nike kompaniyasi veb-saytida "Kompaniya Rossiyadagi xaridorlarga tovarlarni yetkazib berishga kafolat bera olmaydi" degan bayonot paydo bo‘ldi. Chorshanba kuni H&M mamlakatda "barcha sotuvlar" to‘xtatilganini e’lon qildi.

"Biz narxlarning ko‘tarilishi, ommaviy ishdan bo‘shatish, nafaqa va pensiya to‘lashdagi kechikishlarga duch kelyapmiz", deb yozdi muxolif siyosatchi Yuliya Galyamina chorshanba kuni Facebook'da.

“Dori-darmon va tibbiy asbob-uskunalar taqchilligi, eskirgan, nochor avtomobil va samolyot parki. ... Biz 1990 yillarni eng yomon davr sifatida eslaymiz. Lekin menda bitta savol bor: nima uchun?

Vahima oldini olish maqsadida Rossiya rasmiylari sanksiyalar bosimi ostida ishlayotgan sohalar haqida xabar beradigan “Biz tushuntiramiz” deb nomlangan maxsus veb-saytni ishga tushirdi. Narxlar oshayotgani yoki ba’zi xizmatlar ishlamayotgani haqidagi xabarlarga veb-saytda "soxta" deya ta’rif berilgan .

Ayni paytda ba’zi rossiyaliklarning aytishicha, ularni nafaqat sanksiyalar, balki Rossiyaning o‘z qo‘shnisiga qilgan hujumi ham tashvishga solmoqda.

“Bilasizmi,sanksiyalar meni unchalik ham bezovta qilmayapti. Men Rossiyaning Ukrainada odamlarni o‘ldirayotganidan xavotirdaman”, dedi Moskvada yashovchi Ivan Kozlov. "Men Rossiyadagi barcha vijdonli, rahm-shafqatli, aqli raso odam xohlamaydigan urush to‘xtashini xohlayman."

Rossiyada urushga qarshi kayfiyat kuchaydi. Minglab odamlar bosqinni to‘xtatishni talab qilib ochiq xatlar va onlayn petitsiyalarni imzoladi. Eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan onlayn petitsiya bir necha kun ichida 1 milliondan ortiq imzo yig‘di.

Urush boshlanganidan beri butun mamlakat bo‘ylab mahalliy aholi deyarli har kuni ko‘chalarga chiqib norozilik bildirmoqda. OVD-Info huquq tashkilotiga ko‘ra, o‘tgan haftada 7000 dan ortiq namoyishchi hibsga olingan, chorshanba kuni esa 600 ga yaqin odam hibsga olingan.

Ayni paytda g‘arblik harbiy ekspertlar Rossiya agressiyasini to‘xtatish uchun yanada ko‘proq sanksiyalar joriy etish va Kremlga bosimni kuchaytirish kerakligini aytishmoqda.

Ozodlik rus xizmati bilan suhbatda AQSh davlat kotibining sobiq yordamchisi Devid Kramer vaziyatni shunday baholaydi:

“Ukrainlar yuksak matonat ko‘rsatishyapti. O‘z yurtini chet el istilosidan qahramonlarcha qo‘riqlayotgan ukrainlar qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Ayni chog‘da biz xalqaro hamjamiyatning Rossiya tajovuziga nisbatan misli ko‘rilmagan reaksiyasiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu reaksiya tezkorlik bilan bildirildi. Va bunda tajovuz oldidan ittifoqchilarning uyg‘un harakatini tashkil qilish uchun ko‘p jon koyitgan Jo Bayden ma’muriyatining, qolaversa, Germaniyaning mintaqaviy xavfsizlikka doir strategiyasida inqilobiy burilish qila olgan kansler Olaf Sholsning xizmatlari katta, deb o‘ylayman. Shols “Shimoliy oqim-2” loyihasini to‘xtatib qo‘ydi, Germaniyaning mudofaa xarajatlarini oshirdi va harbiy mojaro boshlanganidan so‘ng Ukrainaga jangovar qurollar yetkazib berdi. Yevroittifoq va boshqa ittifoqchilarimiz kiritgan sanksiyalar ta’siri allaqachon sezilyapti: rubl qulayapti, Rossiyada foiz stavkalari oshirilmoqda. Biroq eng muhimi – Putindan butun madaniy dunyo yuz o‘girdi. U o‘ziga o‘xshab xalqaro sanksiyalarga uchragan Maduro, Kim, Asad va Lukashenkolar davrasiga qo‘shildi.

-Nima deb o‘ylaysiz, o‘z mamlakatlarini himoya qilishda ukrainlarga chindan nafi tegadigan yana biron vosita qoldimi g‘arblik ittifoqchilarda?

-Mening taklifim birmuncha qaltis, ammo zarur. Men Ukraina osmonini parvozsiz zona deb e’lon qilish kerak, deb hisoblayman. Qo‘rqamanki, Putin quruqlikdagi amaliyot muvaffaqiyatidan umidini uzib, Ukraina shaharlariga havodan yoppasiga zarba berishga buyruq beradi. Parvozsiz zona g‘oyasi xatarli, chunki Rossiya bilan NATOning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuviga olib kelishi mumkin, biroq, Putin ukrain shaharlarini yer bilan bitta qilishni boshlasa, NATO baribir o‘zini chetga ololmaydi. Nazarimda, Putin yalpi bombalashga buyruq bermasidan Ukraina havo hududida parvozsiz zona joriy etilganini e’lon qilish lozim.

Украина уруши ва Путиннинг ўзбек олигархлари. Санкциялар сиртмоғи тортилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:29 0:00

Shu bilan birga, sanksiyalarni kengaytirish, Rossiyaning beistisno barcha yirik banklarini jazolash va ularni SWIFT tizimidan butkul uzish kerak. Rossiyaning butun rahbariyatini, jumladan Ukrainaga tajovuzni qo‘llab-quvvatlagan barcha deputat va senatorlarni sanksiyaga tortish zarur. Kreml bilan aloqa qiladigan barcha rus oligarxlari sanksiyalarga hadaf bo‘lsin. Va, agar ixtiyor menda bo‘lsa edi, Putinga til tekkizmagan holda urush boshlananidan afsus-nadomat izhor qilib chiqqan ayrim oligarxlarning ko‘z yoshiga boqmagan bo‘lur edim. Ular o‘zlari dastaklagan va dastaklab kelayotgan, boylik orttirishlariga imkon bergan odamning xulq-atvori uchun tovon to‘lashlari shart. Urush sharoitida ularning G‘arbdagi mol-mulklarini musodara qilishga, bank hisoblarini xatlashga haqqimiz bor, chunki ular mana shu urushni boshlagan rejimni dastaklashyapti”.

-Dushanba kuni Rossiya-Ukraina muzokaralari haqida ko‘p yozishdi, ammo sizning o‘z tasavvuringiz bormi: mojaroni qanday tugatish mumkin? Bir tarafdan, Kreml bo‘lib o‘tgan shuncha voqealardan so‘ng sharmandalarcha chekinishga o‘laqolsa rozi bo‘lmaydi, boshqa tomondan, ukrainlar Kremlning talablarini qabul qilishi ham aqlga sig‘maydi?

-Rossiya armiyasi butkul chiqib ketmasidan bu urush bitishini tasavvur qilish qiyin. Bunaqa qaror, loaqal ayni vaziyatda Putin uchun mutlaqo nomaqbul. Hatto Rossiyaning davlat propagandachilari ham harbiy kampaniyaning bu tarzda yakun topishini Kreml uchun foydali bo‘ldi, degan ma’noda ta’riflab bera olmasalar kerak. Shu bois men muzokaralardan biron naf bo‘lishiga ishonmayman. Ukraina Putin talab qilganidek betaraf davlat bo‘lishga ko‘nishiga aqlim bovar qilmaydi. Prezident Zelenskiy urushayotgan mamlakat lideri o‘laroq o‘zini juda munosib tutmoqda, uning qarorlari va jur’ati hurmatga loyiq. Zelenskiyning AQSh uni evakuatsiya qilishni taklif etganida aytgan “menga taksi emas, qurol-yarog‘ kerak”, degan gapini darsliklarga kiritsa arziydi. Bunaqa jasorat bilan urushayotgan odam Kremlga yon berishiga shubham bor. Bu urush pirovardida Rossiyaning butun Ukraina hududini, jumladan, “LXR” va “DXR” degan qo‘g‘irchoq respublikalarni ham tark etishi bilan yakun topsa ne ajab.

-Vladimir Putinning yadroviy kuchlarni yuqori shaylik holatiga keltirishga doir buyrug‘i ko‘pchilikni bezovta qilmoqda. O‘tgan kuni prezdident Bayden Rossiyaning yadroviy zarbasidan xavfsiramasligini aytdi. Ammo AQSh Putinning bu gapiga muqobil javob bergani yo‘q. Sizning-cha, Vashington bu xususda aslida nimalarni his etyapti?

-G‘arb Rossiya prezidentining bu gapini osongina qulog‘ining bir chekkasidan o‘tkazib yuboradi deb o‘ylamayman. Putin impulsiv, o‘zgaruvchan shaxs. Agar bu fe’l-atvor sababi qandaydir psixologik muammo bilan bog‘liq bo‘lsa, G‘arb unga nihoyatda jiddiy qarashi kerak. Ammo, menimcha, G‘arb Rossiya rahbariyatidagi, ayniqsa oliy arbiy rahbariyatdagi sog‘lom kallalar bunaqa qurol ishga solinishining oldini olishiga umid qilmoqda. Katta ehtimol bilan, bu dag‘dag‘a – Putin harbiy kampaniyaning ahvolidan hafsalasi pir bo‘lganini bildiradi. Aftidan, “maxsus amaliyot” mutlaqo kutilmagan o‘zanga burilib ketgani haqidagi ma’lumotlar hatto uning ham qulog‘iga etib boryapti. Ko‘pchilik “Putin faqat o‘zi xohlagan ma’lumotlarni eshitadi”, deydi. Lekin bu bayonotga qaraganda, Rossiya prezidenti ukrainlar o‘zlarini u xohlagandek tutmayotganini, rus qo‘shinlarini gullar bilan kutib olish o‘rniga ular bilan ayovsiz jang qilayotganini nihoyat anglagan. Boz ustiga, xalqaro hamjamiyat Rossiyani sanksiyalarga ko‘mib tashlab, butunlay yakkalab qo‘ydi. Xullas, yadroviy qurolga shama qilingan bayonot – tobora tushkunlikka tushayotgan odamning tilidan aytilyapti.

***

Amerikalik siyosatshunos, Vashingtondagi Kennan instituti vitse-prezidenti Ulyam Pomerans Ukrainaga qarshi urush Rossiyani iqtisodiy halokatga eltib, Putin rejimiga tahdid soladi, deb hisoblamoqda.

“Vladimir Putinning yagona imkoniyati – o‘zi boshlagan yurishni tugatib, g‘alabasini e’lon qilish va ortga qaytishdir. Ammo u bunga tayyor emasligi turgan gap. Ammo bir narsani unutmaslik kerakki, avtoritar liderlarning hokimiyati ba’zan biz o‘ylaganimizdek mustahkam bo‘lmaydi. Bir necha oy muqaddam Nursulton Nazarboyevni hech kim joyidan jildira olmaydigandek tuyulardi. Holbuki u hokimiyatdagi butun nufuzini va el oldidagi obro‘yini bir haftada yo‘qotdi. Vladimir Putinning taqdiri ham aynan shunday bo‘ladi, deb bashorat qilmoqchi emasman, buning uchun unga qarshi boshqa salbiy omillar ham zarur, biroq u qisqa fursatda g‘alaba bilan tugashi kutilgan harbiy kampaniyani boshlagani o‘rtaga chiqib bo‘ldi. Agar yaqin kunlarda g‘alabaga erishilmasa, uning jamiyatdagi reytingi tushib ketib, hokimiyati zaiflashadi. Ukraina rus armiyasiga qanaqa zarba berayotganini ko‘rib turibsiz. Qolaversa, xalqaro hamjamiyat jipslashib, Rossiyada iqtisodiy xaos keltirib chiqara oladigan keng ko‘lamli sanksiyalarni joriy etdi. Endigi masala – Putin Rossiyaning so‘nggi 30 yildagi iqtisodiy yutuqlarini Ukrainani bosib olishga qurbon qila oladimi, yo‘qmi – mana shunda. Nazarimda, u xalqaro hamjamiyat bu qadar jipslikda reaksiya ko‘rsatishini oldindan ko‘ra olmadi. Shu paytgacha kiritilgan sanksiyalar Rossiyaga jiddiy talafot yetkazmagani uchun yanglishdi va mamlakat iqtisodiyotini jar yoqasiga eltadigan sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini hisobga olmadi”, deydi ekspert.

XS
SM
MD
LG