Ramzan Qodirovga buyrak ko‘chirib o‘tqazildi, biroq uning organizmi transplantatsiya qilingan buyrakni qabul qilmadi. Bu haqda Ukrainaning “Obozrevatel” nashri 18-sentabr kuni chechen diasporasidagi manbalariga tayanib xabar qildi. Manbaga ko‘ra, takroriy transplantatsiya operatsiyasi rejalashtirilgan.
Ayni paytda "Exo Moskvi" nashrining sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov o‘zining Telegram-kanalida Qodirov "buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgani va Moskvadagi shifoxonada qolayotganini yozdi.
“Qodirov. Odatiy og‘ir buyrak yetishmovchiligi. Shuning uchun tez-tez gemodializ kerak. Bilishimcha, buning hammasi Markaziy klinik shifoxonada sodir bo‘lmoqda.”
Venediktovga ko‘ra, Qodirov 3 iyuldan beri rasman ta’tilga chiqqan. Bu muddatda Checheniston rahbari vazifasini bajaruvchi etib Muslim Xuchiyev tayinlangan. Ayni paytda na chechen va na Moskva mulozimlari Qodirovning ahvoli borasida rasmiy axborot bermayapti.
"Komaga tushgan" va "o‘lgan"
Sentabr oyi o‘rtalarida OAVlarda Ramzan Qodirovning sog‘lig‘i yomonlashib qolgani haqida mish-mishlar paydo bo‘la boshladi. 15-sentabr kuni chechen muxolifatiga oid NIYSO telegram-kanali Qodirovga komaga tushganini ma’lum qildi.
Ertasiga Ukrainaning “Obozrevatel” nashri chechen diasporasidagi manbalariga havola bergan holda, Qodirov bir necha kundan beri komada ekani haqida yozdi. Go‘yo Checheniston rahbari uchoqda Moskvaga olib ketilgan, lekin u yerda unga yordam bera olishmagan emish. “Vyorstka” ma’lumotiga ko‘ra, Qodirovning uchog‘i sentabr boshidan beri Moskvaga uch marta – oltinchi, to‘qqizinchi va 15-sentabrlarda uchgan, oxirgi reysdan so‘ng Chechenistonga qaytmagan.
Qodirov qattiq betob bo‘lib qolgani yoki hatto vafot etgani to‘g‘risidagi norasmiy xabarlar manzarasida VCHK-OGPU Telegram-kanali “17-sentabrda Moskvadagi Prezident ishlar boshqarmasining Markaziy klinik shifoxonasiga kun bo‘yi Chechenistonga oid raqamli ajnabiy rusumli avtomobillar kirib-chiqdi”, deb yozdi. Chechen muxolifatchisi va huquq faoli Abubakar Yangulboyev esa Qodirov o‘lganini bildirdi, ammo biron tafsilot va manba keltirgan emas.
Bugun, 18-sentabr kuni esa Qodirovning Telegram-kanalida uning sayr qilib yurgani aks etgan videosi paydo bo‘ldi. Unda Checheniston rahbari o‘z o‘limi haqidagi mish-mishlarga raddiya sifatida yomg‘ir ostida sayyor qilib yurganini aytadi va sport bilan shug‘ullanishni maslahat beradi.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov matbuot anjumanida Kremlda Checheniston Respublikasi rahbarining sog‘lig‘iga doir ma’lumot yo‘qligini aytdi. “Prezident administratsiyasi sog‘liq haqida ma’lumotnoma beradigan joy emas, shunday ekan sizga hech nima deya olmaymiz”, dedi u va Putin dam olish kunlari Qodirov bilan ko‘rishmaganini qo‘shimcha qildi.
Qodirov o‘lgani haqidagi mish-mishlar qayerdan paydo bo‘ldi? Uning o‘limi Chechenistonda qanday o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin? “Memorial” inson huquqlari tashkiloti markazi Kengashining a’zosi Aleksandr Cherkasov “Nastoyashcheye vremya” yoyinida shular haqida so‘zlab berdi.
– Qodirov qattiq og‘rib qolgani yoki hatto o‘lgani haqidagi bu mish-mishlarni qanday izohlaysiz?
– Birinchidan, buni Moskvadan boshqa bir xabarni kutayotgandek intizor kutishyapti. Xo‘sh, nima bo‘pti? Barcha intizorliklar, allaqachon narigi dunyoga ravona bo‘lganmish, qabilidagi bashoratlar hech nimaga arzimaydi. Bular bari – odamlarning intiqligi, xolos.
Axborot esa butunlay boshqa gap. Ramzandan boshqa odam bo‘lganida mashinalar bunchalik serqatnov bo‘lib qolmasdi. Ramzandan boshqa odamni uning biznes-jetida u yoqdan bu yoqqa olib chopmagan bo‘lishardi. Lekin aslida u yerda nima gap? Bilasizmi, Qodirovning o‘zi ham bir paytlar “Imorati Kavkaz” asoschisi Doku Umarovni, adashmasam, to‘qqiz marta o‘ldiga chiqargandi. Doku Xamadovichning joni juda qattiq ekan. 2014-yili, to‘qqizinchi xabardan keyingina u rostdan ham o‘lgani tasdiqlandi.
Ramzanga kelsak, iyun oyi oxirlarida ham shunaqa “tasdiqlash lozim bo‘lgan mutlaqo aniq ma’lumot” chiqqanini eslayman. Prigojinning Moskvaga yurishi manzarasida bu xabar sal e’tibordan chetda qolgan edi. Xullas, bu birinchi marta emas. O‘sha kezlar Adam Delimxanov haqida ham bir “o‘libdi”, bir “reanimatsiyada ekan”, degan gaplar chiqqandi.
Ha, bular bari Qodirovning bugungi Checheniston barqarorligidagi roliga juda mos. Barqarorlik deganda bir kishi atrofiga qurilgan va uning jismonan mavjudligiga tayanadigan tizimni nazarda tutyapman. Shu bois ham dushmanlari u o‘lsa butun tizim to‘zg‘ib ketadi, degan umidda intiq bo‘lishyapti. Xuddi shuning uchun ham tarafdorlari to‘planib olishgan, chunki ertaga nima bo‘lishi bugun ularning yonlarida kim bo‘lishiga bog‘liq.
Keling, bu qadar diqqat bo‘lmaylik. Har kuni ertalab birinchi sahifada chiqadigan ta’ziyanomalarni kutish unchalik yaxshi ish emas. Ramzan Qodirovning muammolari rostdan ham bor. Bir necha yil avval u onkologik xastaliklarga qarshi kurash sohasidagi xizmatlari uchun mukofotlanganida odamlar kulishgandi. Saratonga qarshi qandaydir yangi dori sinovi haqida gapirishgandi o‘shanda. Boshqa nima uchun bo‘lishi mumkin? Ramzanning o‘zi shunaqa kasal bo‘lgan, an’anaviy usulda davolangan, degan gaplar ham chiqdi. Keyin, mana, bir necha yil davrini surdi. Rang-ro‘yidan sog‘lig‘ida muammo bor odamga o‘xshamasdi.
Ammo sog‘lig‘i joyida emasligini aniq bilamiz. Bugungi tibbiyot qanchalik ilg‘or bo‘lmasin, barcha dardlardan forig‘ qila olmaydi. Bir necha yil oldin ham Checheniston rahbari kovid asoratlaridan davolanibdi, degan g‘alati mish-mishlar tarqalgandi. Tanasida boshqa jiddiy kasalligi bo‘lgan odam kovidni og‘ir kechiradi. Lekin, ko‘rdikki, Ramzan oxirigacha soppa-sog‘ kishiga o‘xshardi. Shu bois men boshqalarga o‘xshab har bir shunaqa xabarni berilib o‘qimayman.
– Ramzan Qodirov kasal, tuzalmas dardga chalingan, degan gap-so‘zlar tez-tez chiqib turadi. Aytganingiz kabi, kovid davrida uni “o‘lim to‘shagida yotibdi”, deyishgandi. Bunaqa ovozalar Chechenistondagi vaziyatga ta’sir qiladimi?
– Ular ko‘proq jamoatchilikning kayfiyatini aks ettiradi, bunga befarq bo‘lmagan ko‘p odamlar borligini bildiradi. Chunki Chechenistonning bugungi barqarorligi eng avvalo Qodirov shaxsi va uning shaxsiy kafolatlari ustiga qurilgan. Loaqal, birinchi va ikkinchi chechen urushlarining biron bir qatnashchisi buning uchun jinoiy javobgarlikdn sug‘urtalanmaganini yoddan chiqarmaylik. 2000-yilgi voqealar – Pskov desantchilarining halokati uchun o‘ttizga yaqin kishini sud qilishdi, sudlar hamon davom etmoqda. 1999-yilga oid epizodlar uchun sud qilishyapti. Terroristik hujumlar uchun emas, jangovar harakatlar uchun. Ya’ni, Ramzan Chechenistonda ilgari jang qilgan minglab odamlar uchun hammani yoppasiga qamashdan saqlab turuvchi kuch hisoblanadi. Ramzan shunaqa kafolat: u na yangi urush boshlanishiga yo‘l qo‘yadi, na avvalgi urushlar qatnashchilariga qarshi qatag‘onlar bo‘lishiga. Moskva esa uning timsolida Kavkaz barqarorligi kafolatini ko‘radi, butun tizim shunga asoslangan.
Shu bois, dushmanlar u yoqda tursin, Qodirovni qo‘llab-quvvatlovchilar ham bunaqa mish-mishlarga quloqlarini ding qilishadi. Xuddi bir necha yildan beri Putin erta-indin muqarrar o‘lajagi haqida jar solayotgan professor Soloveyning bayonotlari kabi. Xullas, bu singari yangiliklar darhol e’tiborga tushadi.
Ammo Qodirovning mavjudligi, Putinning mavjudligi kabi mumkin qadar maxfiylashtirilgani ham bor gap. Ya’ni, uning telereportajda paydo bo‘lishi aynan o‘sha vaqtda o‘sha joyda bo‘lgan, degani emas. Lavha oldindan yozib tayyorlab qo‘yilgan va zaxirada saqlangan “konserva” bo‘lishi mumkin. Ramzan so‘nggi paytlarda ommaviy tadbirlarda kam ko‘rinish beryapti, yangi videoyozuv deya taqdim etilayotgan lavhalarning esa tahrir qilingani yaqqol sezilib turadi. Putinda ham xuddi shunday. Bunaqa holatlar muayyan taranglik yaratadi. Ammo bu siz bilan biz zo‘r diqqat bilan, mahtal bo‘lishimiz kerak, degani emas. Biron gap bo‘lsa, darhol bilamiz. Chunki, “bunaqa nekrolog “Pravda” gazetasining oxirgi sahifasida emas, birinchi sahifasida chiqadi”.
Ramzan Qodirov rostdan ham barqarorlik kafolati, shu ma’nodaki, undan keyin barcha hisoblar ochiladi. Zero, Ramzan Kreml bilan sulh tuzib shu qadar ko‘p urf-odatlarni buzganki, davr o‘tgach kelishuvlar o‘z kuchini saqlab qolishi amri mahol.