Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:37

Navalniy Qur’on kitobi o‘ziga berilmayotgani uchun qamoqxona ma’muriyatini sudga berdi


Aleksey Navalniy Moskvadagi mahkamada - 20 -fevral, 2021.
Aleksey Navalniy Moskvadagi mahkamada - 20 -fevral, 2021.

Vladimir viloyati Pokrov shahridagi 2-sonli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy muassasa rahbariyatini sudga berdi. Siyosatchiga so‘ragan kitoblari, xususan, musulmonlarning muqaddas kitobi – Qur’oni karim berilmagani da’vo qo‘zg‘atishga sabab bo‘lgan. Bu haqda Navalniyning “Instagram”dagi sahifasida ma’lum qilindi.

Muxolifatchiga ko‘ra, u qamoqda musulmonlarning muqaddas Qur’on kitobi va Payg‘ambar sunnatini o‘rganish hamda ularning mag‘zini chaqishni maqsad qilgan. Ammo buyurtma qilgan kitoblari bir oydan buyon yetkazib berilmayotir.

“Bir oy oldin bu yerga bir talay kitob bilan kelgandim. Yana bir qancha kitobni buyurtma bilan oldirmoqchi bo‘ldim. Ammo hanuz hech biri berilmadi. Ular ekstremizm vajidan tekshirilishi kerak emish. Aytishlaricha, bu jarayon uch oyga cho‘ziladi”, – deyiladi Navalniy qoldirgan xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, qamoqxona ma’muriyati har bir kitobni, jumladan, Qur’onni ham ekstremizmga aloqadorlik yuzasidan tekshirmoqchi.

Navalniyning yozishicha, u Qur’onni avval ham o‘qigan, ammo "hamma qatori". "Hamma islom va musulmonlarni muhokama qiladi va tabiiyki, muhokama qilayotganlarning 90 foizi bu haqda hech narsa bilmaydi. Men esa, Rossiyaning musulmon bo‘lmagan siyosatchilari orasida chempion bo‘lishga ahd qildim", deb yozdi siyosatchi o‘zining Instagram sahifasida.

Avvalroq koloniya rahbariyati ochlik e’lon qilgan va ikki haftadan buyon tuz totmagan Navalniyga majburan ovqatlantirish bilan tahdid qilgani oshkor bo‘lgan edi. Muxolifatchi ovqat yeyishdan bosh tortganidan beri 8 kilo, qamoqxonaga kelganidan buyon esa 15 kilo vazn yo‘qotgan. Hozirda uning vazni 77 kiloni tashkil etmoqda.

Prezident Putinning ashaddiy tanqidchisi sanalgan Aleksey Navalniy Moskva shahri Simonov rayoni sudining joriy yil 2 - fevraldagi hukmi bilan “Iv Roshe” ishi bo‘yicha koloniyaga jo‘natilgandi. Muxolifatchi qariyb ikki yarim yilni qamoqda o‘tkazishi lozim.

Ayni kunlarda Navalniy sog‘lig‘idan shikoyat qilmoqda. 31 - mart kuni u ochlik e’lon qilib, huzuriga malakali vrach kiritilishini talab qildi. Koloniya shifokorlari tomografiya tekshiruvida uning tanasida ikkita churra borligini aniqlashdi.

Undan avvalroq esa Navalniyni o‘tkir respirator kasalligi belgilari bilan qamoqxona tibbiy qismiga o‘tkazilgan edi. Siyosatchi o‘z advokatlari orqali, uning otryadidagi o‘n besh mahbusdan uch nafari sil xastaligi bilan kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.

Navalniyning o‘zida ham yuqori isitma va kuchli yo‘tal kuzatilgan. Uning shaxsiy shifokori, “Vrachlar alyansi” tashkiloti rahbari Anastasiya Vasilyeva hamda advokatlar siyosatchiga yetarli darajada tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganini ta’kidlamoqdalar.

Federal jazoni ijro etish xizmati mutasaddilari esa Navalniyga zarur yordam ko‘rsatilayotganini iddao qilmoqda.

XS
SM
MD
LG