Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:44

"Muhojirning bolasi bo‘lish ikki hissa qiyin". Rossiyadagi noqonuniy migrant bog‘chalari


Rossiyadagi migrantlar uchun davlat bog‘chasiga bolalarini joylashtirish deyarli imkonsiz. Illyustrativ surat.
Rossiyadagi migrantlar uchun davlat bog‘chasiga bolalarini joylashtirish deyarli imkonsiz. Illyustrativ surat.

Rossiyada mehnat qilayotgan yuz minglab muhojirlar bilan birga ularning farzandlari ham bolaligidan muhojirlikning achchiq nonini tatib ko‘rmoqda.

Ishga ketgan mehnat muhojirining maktab yoshidagi farzandi aksar hollarda o‘qishdan mosuvo qolib, uyda ota-onasining kelishini kutib o‘tiradi. Yoshi kichikroqlari esa yo tanish-bilishlari yoki "yashirin" bog‘chalardagi enagalar qaroviga qoldiriladi.

Rossiyada yashab kelayotgan ayniqsa, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning na soniga va na ularning yashash sharoitlariga oid biror tadqiqot o‘tkazilgan.

"Jim bo‘lmasang yana uradi!"

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadagi mehnat muhojirlari farzandlari uchun tuzilgan xufyona “bolalar bog‘chasi”dan birida tasvirga olingani aytilgan video tarqaldi.

Unda enagalik qilayotgan ayollardan biri yig‘layotgan bolani tinchlantirish o‘rniga uning boshiga tepayotganini ko‘rish mumkin.

Qo‘l telefoniga tasvirga olayotgan ikkinchi ayol “hamkasbiga” “tepmang!” deb, bolani tarzda yupatishga urinadi.

“Jim bo‘lmasang hozir yana urib tashlaydi, aytib qo‘yay”, deydi u.

Tasvirda boshqa xonalarda yerga to‘shalgan matraslarda bolalar yotganini ko‘rish mumkin.

Bunday "yashirin" bolalar bog‘chalari Rossiyaning mehnat muhojirlari ko‘p bo‘lgan barcha shaharlarida mavjud. Rossiyaga bolalari bilan kelgan migrantlar farzandlarini boshqa muhojirlarga qoldirib, ishlashga majbur.

Oxirgi yillarda muxojirlar farzandlari bilan bog‘liq bunday hodisalar ko‘plab uchramoqda.

Ozodlik yoritgan boshqa bir hodisada qirg‘izistonlik 11 yashar qizchani o‘z yurtidan Moskvaga boshqa bolalarga qarab o‘tirish uchun olib kelishgan. Lekin o‘zganlik ekani aniqlangan bu qizaloq o‘zi ham uni olib kelgan qarindoshlari tomonidan muntazam kaltaklanib kelinganini jamoatchilik faollariga so‘zlab bergandi.

"Metro bekatidagi bog‘chalar”

Aholisi kamayib borayotganiga qaramay, Rossiyadagi bolalar bog‘chalarida o‘rinlar yetishmasligi muammosi mavjud.

Ayrim holatlarda rossiyaliklarning o‘zlari farzandlarini bog‘chaga berish uchun yillab navbatda turadi.

Ayrim tadbirkor shaxslar esa bu vaziyatdan foydalanib, bolalar uchun “bog‘chalar” tashkil qilgan. Antisanitariya va nazoratsizlik hukm surayotgan bu qo‘lbola “bog‘chalar”da oz maoshga ishlashga rozi bo‘lgan istagan odam ishlashi mumkin.

Mutaxassislar migrantlarning o‘zlari mutlaqo huquqsiz bo‘lib turgan bir paytda, ularning farzandlari ham shunday holatga mahkum ekanini gapirishmoqda.

Mehnat migrantlari muammolari bilan shug‘ullanuvchi Suyanch.uz guruhi rahbari Jo‘rabek Amonovga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyatga migrantlarning ijtimoiy himoyalanmagani sabab.

- Birinchidan, migrantlarimiz hujjatsiz yuradi. Shu sababli bog‘chaga joylashtira olmaydi. Ilgari qo‘shniga tashlab ketardi. Hozir har bir metroda “bog‘cha” ochib olishgan. Bu ishlarni ko‘proq o‘zida bolasi bo‘lgan ayollar tashkil qilyapti. Masalan, 3 xonali kvartirani ijaraga oladi, faqat bolalarni saqlashadi. Bu narsa anchadan beri mavjud. Boshqalari bolalarini arzon nyankalarga berishadi: kaltak yeb katta bo‘ladi muhojir bolasi.

"Migrant bolasi bo‘lish ikki barobar qiyin"

Migrantlar huquqlari bo‘yicha yurist Zarnigor Omonullayeva ko‘p hollarda ota-onalarning o‘zlari bolalarni urishga ruxsat berib qo‘ygan, degan fikrda.

- Rossiyada davlat bog‘chasiga migrantlarning farzandlarini berish juda qiyin. Imkonsiz hisob. Bundan avvalambor demografik inqirozi bo‘lgan Rossiya yutqazyapti. Xususiy davlat ro‘yxatga olgan bog‘chalar qimmat. Oddiy migrantlar ko‘tara olmaydi. Shunda migrantlar majbur bolani o‘zicha uy bog‘cha qilib olgan boshqa migrantlarga beradi. Bu aksariyat hollarda bolani Vatanidagi qarindoshlariga tashlab kelgandan ko‘ra yaxshi... Lekin bolalar ota onasidan boshqa chindan hech kimga kerak emas... Migrantlik qiyin. Lekin migrantning BOLASI bo‘lish undanam qiyin. Rossiyadagi migrantning bolasi bo‘lish ikki barobar qiyin, deb yozdi o‘zining Telegram-kanalida Zarnigor Omonullayeva.

Muhojir ayol bolakayni oyog‘i bilan tepayotgani videosiga taniqli o‘zbek aktrisasi Firuza Sabitova ham izoh berdi.

- Afsuski, shunaqa ayollar oramizda bor. Ko‘rib turibman, videodagi ayolni “chempion” deb nom qo‘yishibdi. Uni haqqi yo‘q, Olloh tomonidan albatta jazosi bo‘ladi! Bolani urganda bilingki, tayoq yegan bolada kelajakda turli bloklar paydo bo‘ladi. Bosim ostida o‘sgan bolada qo‘rquvlar paydo bo‘ladi. Va bu qo‘rquv va bloklar uning taqdiriga juda katta ta’sir qiladi. Biz bolani ursak o‘zimiz bilmagan holda zaif va kuchsiz bolani o‘stiramiz. Bunaqa ayollarni o‘zlarini davolash kerak. Bolani urmasdan ham tarbiyalasa bo‘ladi. Biz Sovet davrida bosim ostida katta bo‘lganimiz yetar!

O‘tmishda Rossiyada qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik onalarning bolalarini sotishga uringan payt qo‘lga olingani, bolalarini ko‘cha-kuyda yoki bolalar uyiga tashlab ketgan holatlar qayd etilgan.

Rossiya Maorif vazirligining 2022-yilga bergan ma’lumotiga binoan, mamlakatdagi maktab yoshidagi 15 million rossiyaliklar orasida 140 mingga yaqin xorij davlatlaridan kelgan bolalar o‘qiydi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatga 800 mingga yaqin voyaga yetmagan xorijlik kirib keladi. Ularning aksar qismini o‘zbek, tojik va qirg‘iz migrantlarining bolalari tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG