Линклар

Шошилинч хабар
29 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:36

Mirziyoyevni "haqoratlovchi" izoh yozgan tarmoq foydalanuvchisi 2,5 yilga qamaldi


Prezident Shavkat Mirziyoyev va oilasi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va oilasi.

Instagramda prezident Shavkat Mirziyoyev haqida tanqidiy post yozgan 19 yoshli yigit ikki yarim yilga qamaldi.

26-oktabr kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani sudi Dilshod Iskandarovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi, 3-qismi - "O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish"da aybdor deb topdi.

Ozodlikda nusxasi mavjud sud hukmidan ma’lum bo‘lishicha, Iskandarov shu yil o‘rtalarida Rossiyada bo‘lgan paytda Instagram ijtimoiy tarmog‘ida “President family” nomli videolavha ostida “avlodinggiga …Sh.M.Mirziyoyev” (imlo o‘zgarishsiz berilmoqda - tahr.) degan izoh qoldirgan.

“Shu yil yoz oylari boshida Dilshod Iskandarov o‘zining “Xiaomi 11N” telefoni yordamida Instagramdagi “President family” nomli videolavha ostiga "avlodinggiga … Sh.M.Mirziyoyev” deb izoh qoldirgan. Keyinchalik, uning profilini kuzatib boruvchi tanishlari “...aka profilingizga nima uchun bunday haqoratli so‘zlarni yozdingiz?, o‘chirib tashlang yaxshi bo‘lmaydi” deb ogohlantirganidan so‘ng izohini o‘chirib tashlagan”, deyiladi sud hukmida.

Sud hukmi nusxasi.
Sud hukmi nusxasi.

O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi sud ekspertiza markazi mazkur postda “prezidentni haqoratlash, obro‘sizlantirish bilan bog‘liq harakatlar mavjud”, deya xulosa bergan.

Sud hukmida aytilishicha, Dilshod Iskandarov 2022-yil noyabr oyida Rossiyaning Vladivostok shahriga ishlash maqsadida borgan, internetdagi posti uchun o‘ziga nisbatan O‘zbekistonda jinoyat ishi ochilganidan go‘yoki xabar topgan va 2023-yil avgust oyida O‘zbekistonga qaytgan.

Sudda o‘ziga qo‘yilgan aybga iqror bo‘lgan, bunday post yozishga uni hech kim majburlamagani, qilmishidan pushaymonligini aytgan va suddan yengillik so‘ragan.

"Ўзимни сиёсий маҳбус деб ҳисоблайман". Олимжон Ҳайдаров устидан тергов тугаб, иш судга оширилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:33 0:00

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi, 3-qismi (O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish), 2021-yil 30-martdagi o‘zgartishlarga muvofiq uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini ko‘zda tutadi.

Birinchisi emas

Ozodlik so‘nggi bir yilda O‘zbekistonda kamida uch fuqaroning ijtimoiy tarmoqlarda yozgan posti uchun JKning ayni moddasi bo‘yicha qamoq jazosiga mahkum etilganini aniqladi.

Jumladan, farg‘onalik 27 yoshli O‘tkirbek Sobirov 2022-yil yanvar oyida Farg‘onada gaz taqchilligidan norozi bo‘lib Telegramdagi “Qo‘qon metan gaz” nomli guruhda ovozli sharh qoldirgani uchun uch yilga qamalgan.

Ekspertiza Sobirovning ovozli matnida “prezidentni haqoratlash alomatlari” borligini aniqlagan.

“Sobirov 2022-yil 27-yanvar kuni tabiiy gaz va elektr tarmog‘idagi uzilishlar sababli davlatimizda yuritilayotgan siyosatdan norozi bo‘lib O‘zbekiston prezidentini hokimiyatdan chetlatish lozimligini aytib, qonuniy ravishda saylangan hokimiyat vakilini hokimiyatdan chetlatishga ochiqdan-ochiq da’vat qilib shu mazmundagi fikrlarini ovozli va matnli shaklda guruhga joylashtirib, “Qo‘qon metan gaz” nomli guruhga tarqatgan. Bundan tashqari guruh a’zolarini Qo‘qon shahridagi O‘rda majmuasi oldida yig‘ilib miting o‘tkazishga chaqirgan”, deyiladi sud hukmida.

27 yoshli O‘tkirbek Sobirov Farg‘onada gaz taqchilligidan norozi bo‘lib Telegramda ovozli sharh qoldirgani uchun uch yilga qamalgan.
27 yoshli O‘tkirbek Sobirov Farg‘onada gaz taqchilligidan norozi bo‘lib Telegramda ovozli sharh qoldirgani uchun uch yilga qamalgan.

Undan oldin Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 30 yoshli Ahrorbek Qo‘chqorov Telegramdagi ovozli posti uchun 4 yillik uy qamog‘iga mahkum qilingandi.

Sud hukmida Qo‘chqorov “Qo‘qon metan gaz” nomli guruhida “o‘zbek tilining o‘ta qo‘pol suzlashuvidagi so‘zlari yordamida prezidentni obro‘sizlantirib haqorat qilgan”i aytiladi.

"So‘kinish eshitishni istamasa, xalqni eshitsin"

O‘zbekistonlik faollar fikricha, ijtimoiy tarmoqlardagi izoh uchun, hatto so‘kinish bo‘lsa ham, qamoq jazosi belgilanishi so‘z va ifoda erkinligining buzilishidir.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva.
Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva.

“Mamlakatda iqtisodiy ahvol tang, izg‘irin sovuqda gaz yo‘q, svet yo‘q bo‘lib turgan sharoitda xalq og‘zidan har narsa aytilishi mumkin, jumladan so‘kinishlar ham. Hukumat, so‘kinish eshitishni istamasa, xalq dardiga quloq tutsin, muammosini hal qilsin. Tarmoqda so‘kinish, kimnidir haqorat qilish, sha’nini toptashni men yoqlamayman. Ko‘p bo‘lsa bu bezorilik sifatida malakalanishi mumkin. Fransiyada yoki AQSHda shu mamlakat prezidentlari nomiga so‘kinish yozilgan postlarga ko‘p duch kelasiz. Hammasini olib borib qamamayapti-ku”, deydi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva.

Kanadada yashovchi jurnalist va huquqshunos Baxtiyor Shohnazarov ham bu fikrga qo‘shiladi:

“G‘arb davlatlari, AQSH yoki men yashayotgan Kanadada so‘z erkinligi yuz foiz ta‘minlangan. Buni ichiga so‘kinish ham kiradi. Kimdir davlat rahbari yoki hokim ishidan norozi bo‘lsa, baralla so‘kishi mumkin, tarmoqlarda ham. Lekin, televideniye yoki radioda qo‘yilsa, ustidan yopishadi. Gazetada nuqta, nuqta bilan berishadi. Ya’ni so‘z erkinligiga so‘kinish erkinligi ham kiradi. Lekin, aftidan O‘zbekistonda ahvol boshqacha”, - deydi Shohnazarov.

O‘zbekistonda turli nashrlar bosgan maqolalar ostida qoldirgan izohi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi posti uchun bloger va foydalanuvchilar IIB va DXXga chaqirilgani, ayrimlari jarimaga tortilgani haqida Ozodlik xabar bergan.

Haqorat qonunlari

Media huquqida “haqorat” qonunlari (“Insult Laws”) degan tushuncha bor.

Ya’ni davlat va hukumat rasmiylari, milliy muassasalar, davlat ramzlari yoki davlatning “sha’ni va qadr-qimmatini” tahqirlaganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan qonunlar.

Media ekspertlarga ko‘ra, amaliyotda bu qonunchilikdan shaxsni tahqirlaganlik uchun javobgarlik belgilash bilan bir qatorda, fikr, ifoda, yumor uchun jazolash va so‘z erkinligini cheklash maqsadida ham foydalanilishi mumkin.

Xalqaro tashkilotlar u yoki bu davlatda matbuot erkinligi ahvolini o‘rganar ekan, asosiy e’tibor haqorat qonunlarining turi va soniga qaratiladi.

Xalqaro matbuot instituti (International Press Institute) O‘zbekiston qonunchiligidagi bir qator moddalarni matbuot erkinligiga tahdid sifatida baholagan.

Bular Jinoyat kodeksining Tuhmat va haqorat uchun javobgarlikni nazarda tutadigan 139-140 hamda Davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish uchun javobgarlik belgilovchi 215-moddalari. Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 156-modda ham shular jumlasidan.

Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismiga asosan prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga asosan esa Prezidentning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bunday harakatlar qonun bilan ta’qib qilinadi.

Jurnalist va huquqshunos Baxtiyor Shohnazarov.
Jurnalist va huquqshunos Baxtiyor Shohnazarov.

O‘zbekistonda birgina Telegram foydalanuvchilari soni 18 mln.dan ko‘proqni tashkil qiladi.

Tarmoqlarda narx-navoning oshishi, gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlardan ko‘p.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining matbuot erkinligiga oid so‘nggi reytingida O‘zbekiston avvalgi yilga nisbatan 4 pog‘ona pastlab 137-o‘rinni egalladi.

Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat "murakkab" bo‘lib qolmoqda, OAV to‘g‘risidagi "repressiv" qonunlar amalda hamda "kuzatuv, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish" hukmron.

XS
SM
MD
LG