Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:24

Mirziyoyev Administratsiyasi davlat matbuoti bilan mustaqil nashrlar o‘rtasida farq ko‘rmaydi - Hujjat


AOKA direktori Asad Xodjayev bilan Namangandagi uchrashuvda olingan surat - 28 - noyabr, 2020 (Namangan viloyati hokimligi)
AOKA direktori Asad Xodjayev bilan Namangandagi uchrashuvda olingan surat - 28 - noyabr, 2020 (Namangan viloyati hokimligi)

Ozodlikka sizdirilgan rasmiy hujjat O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bo‘y ko‘rsata boshlagan mustaqil matbuotning davlat, xususan, Prezident Administratsiyasi bilan murakkab munosabatlariga ishora qilmoqda.

O‘tgan hafta Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi - AOKAning mamlakatdagi qator yetakchi internet nashrlariga yo‘llagan Ogohlantirish xati ortidan Prezident Administratsiyaga qarashli idora "mustaqil matbuotga bosim o‘tkazishga urinish"da ayblandi.

Bu O‘zbekistonning oxirgi, kamida ikki o‘n yillikdagi tarixida matbuot bilan davlatning ommaviy axborot vositalari, o‘tmishda senzura uchun mas’ul idorasi o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan ziddiyat edi.

Ammo O‘zbekiston hukumatiga yaqin manba Ozodlikka taqdim etgan “Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. Mahmudov” imzo chekkan hujjat mazmunidan anglashilishicha, Shavkat Mirziyoyevning erkin matbuot haqidagi bayonotlariga qaramasdan, uning Administratsiyasi hanuz mustaqil nashrlarni davlat nashrlari bilan bir qatorda ko‘radi.

26 va 27 - noyabr kunlari Kun.uz, Gazeta.uz, Podrobno.uz va Daryo.uz nashrlari ba’zi tanqidiy chiqishlari uchun “huquqiy oqibatlardan” AOKA rasman ogohlantirganini bildirgan va buni o‘zlariga nisbatan bosim, deb baholagan edi.

AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya diplomatlari hamda chet el inson huquqlari himoyachilari bu holatni, Shavkat Mirziyoyev va’da qilgan islohotlarga zid, demoqda va prezidentdan zudlik bilan vaziyatga aralashishni so‘ramoqda.

Xususiy nashrlarga buyurtmalar "Media-reja"si

Ozodlikka taqdim etilgan hujjat, mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari Prezident Administratsiyasi tomonidan rejali ravishda nazorat qilinayotganini ko‘rsatmoqda.

Ozodlikka yo‘llangan hujjat fotonusxasi
Ozodlikka yo‘llangan hujjat fotonusxasi

Hokimiyat idoralariga yaqin manba tahririyatga tadqim qilgan hujjat – “Mediareja”ga “Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. Mahmudov” imzo chekkan.

Hujjat 25 - avgustda imzolangan, unda belgilangan topshiriqlarni bajarish va bajarilgani haqida hisobot topshirish uchun 1 hafta muhlat berilgan.

Hujjatda hokimliklar, vazirliklar va ularning boshqarmalaridan qilinayotgan bir haftalik ishlarining hisobotini rasmiy va norasmiy OAVlarda aks ettirish talab qilingan.

Ozodlikka yo‘llangan hujjat fotonusxasi
Ozodlikka yo‘llangan hujjat fotonusxasi

Hujjatning har bir bandida mamlakatda virtual auditoriyasi eng yirik 3 Internet nashri - Kun.uz, Daryo.uz va Gazeta.uz nashrlari nomi sanab o‘tilgan.

Ozodlik ushbu hujjat mazmuni yuzasidan AOKA rahbariyatiga savollar bilan murojaat qildi va hozirda rasmiy izoh kutmoqda.

Ammo agentlik 27 - noyabr kuni Internet nashrlariga yuborgan ogohlantirish xatlari haqida bergan bayonotida shunday reja borligi bilvosita tan olingan.

Ozodlikka yo‘llangan hujjat fotonusxasi
Ozodlikka yo‘llangan hujjat fotonusxasi

Bayonotda jumladan: "Xususan, Agentlik tomonidan AOKA press-xoli hamda O‘zbekiston milliy matbuot markazida o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Media-rejada 100 dan ortiq matbuot anjumani va 80 dan ziyod press-turlar o‘rin olgan", deyiladi.

Agentlik bayonotida bu reja "davlat organlari rahbarlari va mas’ul shaxslari aholi uchun dolzarb va ahamiyatli masalalarga bevosita javob qaytarish" va "OAV ko‘targan muammolarga tezkor munosabat bildirishi" uchun tuzilgani aytilgan.

AOKA matbuot ustidan "nazorat mexanizmi"

Bunday media-rejadan xabardor bo‘lgan va O‘zbekistondagi mustaqil internet nashrlaridan birida ishlaydigan muharrir fikricha, aslida AOKA mustaqil nashrlarni hanuz davlat nashrlari bilan bir ko‘rayotgan hukumatning OAVlarni nazoratda ushlash mexanizmidir.

"Bunaqa media-planlar har hafta qabul qilinadi. Hokimiyatlarga vazifalarni yuklashadi. Keyin ular bizga telefon qilib, suhbat uyushtiraylik, mana bu hisobotni chop etaylik, deyishadi. Ba’zi tashkilotlarning matbuot kotiblari iltimos qiladi, ba’zilariniki do‘q uradi. Ba’zi tashkilotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq beradi, tushundingiz xullas, vaziyatni.

To‘g‘ri, bugun matbuot Karimov davridagidan ancha erkin. Prezident Mirziyoyev boshqaruvidagi hukumatning siyosiy irodasi yo‘l bermasa, bu erkinlik bo‘larmidi, yo‘qmi - shaxsan men hanuz aniq javob topolmadim. Chunki ijtimoiy tarmoqlar bugungi matbuotda ozmi-ko‘pmi erkinlikning o‘zagi bo‘lib turibdi, menimcha.

Agar ijtimoiy tarmoqlarni voqe’likdan uzib oladigan bo‘lsak, sovet zamonidan beri matbuotda tom ma’nodagi munosabatda jiddiy o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, ayniqsa davlat boshqaruvi va kuch ishlatar tuzilmalarida. Haliyam davlat buyurtmasi, haliyam media-reja, haliyam o‘sha-o‘sha bosim o‘tkazish uslubi saqlanib turbidi. Hukumat uchun vaziyatning oldingidan farqi - ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilishning imkonsizligidan biroz qo‘rquv, xolos", - dedi ismini oshkor etmaslik sharti bilan vaziyatni sharhlagan o‘zbekistonlik jurnalist.

Prezident matbuot anjumani o‘tkazsin!

AOKA va mahalliy matbuot o‘rtasidagi bu vaziyatga qator g‘arb diplomatlari hamda inson huquqlari faollari munosabat bildirdi.

Jumladan, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyum Twitter mikroblogida bu holatni “mustaqil ommaviy axborot vositalariga o‘tkazilayotgan bosim” deb atadi.

“Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan mustaqil nashrlarga bosim o‘tkazish maqsadida amalga oshirilgan yaqindagi xatti-harakatlardan hafsalam pir bo‘ldi. O‘zbekiston ulkan islohotlar bo‘yicha muvaffaqiyatga erishishi uchun matbuot erkin va ochiq bo‘lishi talab etiladi. AOKA tomonidan bo‘layotgan bosim bunga ziddir”, deb yozdi elchi Rozenblyum.

Markaziy Osiyoda tanilgan inson huquqlari himoyachisi, professor Stiv Sverdlov esa prezident Mirziyoyevni vaziyatga mudoxala qilishga chaqirdi.

"Prezidentning o‘zi matbuot anjumani o‘tkazib, bu harakatlarga o‘z bahosini berishi, jurnalistlar hamda fuqarolik jamiyatiga O‘zbekistonda tanqid nafaqat qonunan mumkin, balki zarur va olqishlanadi, degan ishorani bildirishi hozir juda zarurdir", deb yozdi Stiv Svedlou Fergana.news agentligida chop etilgan maqolasida.

XS
SM
MD
LG