Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:01

Mardikor bozori Ortiqxo‘jayevdan ko‘proq ish haqi taklif qilyapti


Toshkent shahri yaqinidagi mardikor bozorlaridan biri.
Toshkent shahri yaqinidagi mardikor bozorlaridan biri.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning “1,5 million so‘mlik oylikka hech kim ishlagisi kelmayotgani” to‘g‘risidagi so‘zlari o‘zbekistonliklarga to‘lanayotgan ish haqi va uning qurbi masalasini yana kun tartibiga chiqardi.

Joylardan olingan ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda kunlik ishga chiquvchi muayyan hunari yo‘q erkaklarning bir kunlik ish haqi 80 ming so‘mdan, ustalarniki esa, 120 ming so‘mdan boshlanyapti.

Markaziy bank yaqinda o‘tkazgan so‘rov natijalaridan aholining 70 foizi asosan, oylik maoshga kun ko‘rayotgani ma’lum bo‘lgan.

Poytaxtboshining "himmati"

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 - noyabr kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrif chog‘ida aholini ish bilan ta’minlash masalasiga to‘xtalib, poytaxtda vakant ish joylari ko‘pligi, biroq u joylarda ishlash uchun ko‘pchilikda malaka yetarli emasligi, ishsizlarni o‘qitish lozimligi haqida gapirdi.

Bu gapga javoban, Prezidentga hamrohlik qilgan Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ish izlovchilar 1,5 mln so‘m maoshga rozi bo‘lmayotganidan nolidi:

“Chindan ham vakant o‘rinlarimiz ancha ko‘p. Lekin ayrim ishsizlarga “Mana shu ishda ishlab tur, 1,5 mln so‘m maoshi bor, sekin-sekin oshirib borasan” desak “1,5 mln so‘m yetmaydi” deyishadi. Lekin 6 oylab uyda o‘tiraveradi”.

Ish haqi arifmetikasi

Toshkent shahar hokimi ishsizlarga taklif qilayotgan 1,5 mln so‘mlik oylikni olish uchun xodim kuniga 8 soatdan haftasiga 5 kun ishlaydigan bo‘lsa, uning har bir ish kuni uchun 62 500 so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Bu pulga ish izlab har kuni “mardikor bozor”ga chiquvchilarning eng malakasizini ham yollab bo‘lmasligi O‘zbekistonning turli viloyatlaridan olingan ma’lumotlardan ayon bo‘ldi.

Qora ish qiluvchilar 80 mingdan oziga ko‘nmaydi. Bundan oz pulga ayollar borishi mumkin, qo‘lida hunari borlar bir kunga kamida 100 ming oladi. 150 ming so‘m oladigan ustalar ham bor”, dedi Farg‘onaning Rishtonida yashovchi 35 yashar yigit.

Qarshi shahridagi narxlar to‘g‘risida Ozodlik mana bu ma’lumotni oldi:

“Kunlik ish qiladigan mardikor erkaklarning bir kunlik mehnati bir xil: kuniga 100 ming so‘m. Qo‘lidan ish keladigan ustalar mardikor bozorda o‘tirmaydi. Ustalarning ko‘pchiligi Rossiyada bo‘lgani uchun ular oz, shuning uchun usta mehnati qimmat. Masalan, yaqinda men tom yoptirdim. Ustalar ish haqini material narxiga qarab belgilaydigan bo‘lib olishgan. Ish haqidan tashqari mardikorning ham, ustaning ham qornini boqish ishga yollovchining zimmasida ekanligini unutmang”, dedi qarshilik.

Demak, Rishton yoki Qarshida malakasiz ishchi haftasiga 5 kun ishlaydigan bo‘lsa, bir oyda Jahongir Ortiqxo‘jaev aytgan 1,5 million (kuniga 62 500) emas, balki 1 920 000 so‘mdan 2 400 000 so‘mgacha oladi. Bundan tashqari, ish joyida bepul ovqat bilan ham ta’minlanadi.

O‘rtacha ish haqi (rasmiy)

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilarining o‘rtacha oylik nominal ish haqi 2,87 mln so‘mni tashkil qilgan.

O‘rtacha oylik ish haqining eng yuqorisi moliyaviy va sug‘urta iqtisodiy faoliyatida (6,46 mln so‘m), axborot va aloqa (4,83 mln so‘m) sohasida, eng kami – ta’lim (2,24 mln so‘m) va sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida (2,04 mln so‘m) qayd etilgan.

MB e’lon qilgan "kayfiyat" yoki Har ikki o‘zbekistonlikning puli faqat bugunga yetadi

Markaziy bank yaqinda o‘zbekistonliklarning 2021 - yil III choragidagi “Iste’mol kayfiyati sharhi”ni e’lon qildi.

“Iste’mol kayfiyati sharhi”ni tayyorlash uchun, Markaziy bankka ko‘ra, aholining turli guruhlari orasida so‘rovlar o‘tkazilgan. So‘rovnomaga “respondentlarning daromadlari va xarajatlari tarkibi, mavjud pul mablag‘larini jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi, shuningdek, ularning kelgusida kreditga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash va tahlil qilish bo‘yicha savollar kiritilgan”.

MB o‘zi o‘tkazgan so‘rov natijalariga tayanib, mana bu ma’lumotni bergan:

“So‘rov ishtirokchilarning qariyb 70 foizi daromadlarining asosiy manbai oylik ish xaqi, 15 foizga yaqini esa tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlarga to‘g‘ri kelishini ta’kidlashgan. Xorijdan pul o‘tkazmalarni qayd etgan respondentlar ulushi esa 3,4 foizga teng”.

Markaziy bank yana bir ma’lumotni ochiqlagan: Tahlillarga ko‘ra, aksariyat respondentlar (45 foizi) o‘z jamg‘armalarining 3 oygacha yetishi mumkinligini ta’kidlashgan. Jumladan, jamg‘armalari 1 oygacha yetadigan respondentlar ulushi 28 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1-3 oygacha bo‘lgan davr uchun ushbu ko‘rsatkich 16 foizga teng. Biroq, jamg‘armalari mavjud bo‘lmagan respondentlar ulushi (42 foiz) yuqoriligicha qolmoqda.

Mutaxassis sharhi

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov Markaziy bankning 2021 - yil III choragidagi “Iste’mol kayfiyati sharhi” ishsizlik va ishsizlarning ahvolini aks ettirmasligini aytadi:

“Birinchidan, MB o‘tkazgan so‘rovni to‘laqonli ijtimoiy so‘rov deb qabul qilmayman. Sharhda “ishtirokchilarning qariyb 70 foizi daromadlarining asosiy manbai oylik ish xaqi” dedi, deyilishining o‘ziyoq so‘rov asosan ishlilar orasida o‘tkazilganini ko‘rsatib turibdi. Ikkinchidan xalq cho‘ntagida xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari hajmi juda katta. MB esa, 3,4 foizga teng, deyapti”.

Jahon banki kuni kecha e’lon qilgan ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning oxirigacha o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyadan jo‘natayotgan pul miqdori 7 milliard 600 million dollarga yetadi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 26 foizga ko‘pdir. 2020 - yilda Rossiyadan pul jo‘natmalari hajmi 6,03 milliard dollar bo‘lgan edi.

Professor Allaqulovning fikricha, Markaziy bank sharhida keltirilgan ba’zi ma’lumotlar reallikdan yiroq emas, biroq bu tashvishli reallikdir.

“Markaziy bank o‘z sharhida kelgusi 12 oyda respondentlar yangi kreditga bo‘lgan talabning ortib borishini kutayotganini, ularning mikrokreditlar, mikroqarzlar, shuningdek avtokredit va ipoteka kreditlariga talabi oshib borishi, jami respondentlarning 60 foizi kelgusi oylarda yangi kredit olishga ehtiyojlari mavjudligi ta’kidlagan. Bu o‘ta tashvishli xabardir. Chunki mikrokreditlar, mikroqarzlar ishlab chiqarishga yotqiziladigan sarmoya emas, iste’mol kreditlaridir. Odamlar bu pulni oladi, yeydi, ichadi va... keyin yangisini olishga urinadi. Bu qashshoqlikka yetaklovchi yo‘ldir”.

Deyarli to‘laligicha qoringa ketayotgan oylik

Professor Allaqulov MB sharhida daromadlar haqida gapirilgani, biroq xarajatlar haqida so‘z yo‘qligiga ham e’tibor qaratdi.

Markaziy bank o‘tgan yilgi hisobotida oyiga 2 million so‘mgacha topadigan oilalar bu pulning 69 foizini, 4 million so‘mgacha topadiganlar 58 foizini, 6 milliongacha topadiganlar 51 foizini, 6 milliondan ko‘p topadiganlar 43 foizini oziq-ovqatga sarflashini xabar qilgan edi.

Qo‘shni Qozog‘istonda bu nisbat o‘tgan yili 47,6%, Rossiyada esa 30,2% ni tashkil etgan.

Yevropa mamlakatlarida ushbu ko‘rsatkich 10-15 atrofida. Bu sohada eng ilg‘or davlat – Lyuksemburgda aholi oylik daromadining 8,4 foizinigina oziq-ovqatga sarflaydi.

XS
SM
MD
LG