Линклар

Шошилинч хабар
16 май 2024, Тошкент вақти: 23:19

LDPR partiyasi lideri Vladimir Jirinovskiy vafot etdi


LDPR partiyasi asoschisi, sakkiz chaqiriqning barchasida Davlat Dumasi deputati bo‘lgan Vladimir Jirinovskiy 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ma’lum qildi. Avvalroq Jirinovskiy koronavirus yuqtirib shifoxonaga yotqizilgan edi.

25-mart kuni Rossiyaning “RIA Novosti” davlat agentligi, shuningdek Mash telegram-kanali Jirinovskiy vafot etgani haqida xabar qilgan, ammo bu xabar tasdiqlanmagandi. Rasmiy ma’lumotga ishonilsa, siyosatchining sog‘lig‘i barqaror bo‘lib, u kasalxonada muolajani davom ettirayotgan edi.

Jirinovskiy olti marta prezidentlikka nomzod bo‘lgan, u urushqoq tabiati va keskin so‘zlari, jumladan, millatchilik ruhidagi chiqishlari bilan tanilgan edi. Vladimir Jirinovskiy Sovet Ittifoqida birinchi muxolifat partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazdi va o‘limiga qadar unga rahbarlik qildi. 2000-yillar oxirida partiya uzil-kesil Kreml ittifoqchisiga aylandi.

Jirinovskiy Olmaota shahrida tug‘ilgan, uning oilasi bu yerga Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘chib kelgan edi. Vladimir Jirinovskiy MDUning Sharq tillari institutida o‘qigan, u yerda turk tili va adabiyotini o‘rgangan. Sobiq kursdoshlari uning talabalik chog‘idan KGBga ishlay boshlaganini taxmin qilishadi. 1969-yilda Jirinovskiy Turkiyaga malaka oshirishga yuboriladi, u yerda, o‘zi aytishicha, Lenin suratli znachoklarni sotgani uchun qamoqqa olingan.

Жанжалкашлик ва миллатчилиги билан танилган Владимир Жириновский бухороликлар билан рақсга тушди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:55 0:00

Qamoq uning diplomatiya sohasida karyera qilishiga imkon qoldirmadi, shu bois bo‘lajak siyosatchi yurisprudensiyani o‘rganish bilan shug‘ullandi.

Rasmiy tarjimai holiga ko‘ra, u Davlat teleradiosida, SSSR Tashqi iqtisodiy aloqalar davlat qo‘mitasida va Tinchlikni saqlash qo‘mitasida stajirovka o‘tagan, Kasaba uyushmalar harakati Oliy maktabi dekanatida chet ellik talabalar bilan ishlash bo‘yicha xodim bo‘lgan, keyinroq SSSR Adliya vazirligi Xorijiy yuridik kollegiyasiga ishga o‘tgan – sovet davri voqeligida bu lavozimlarning barchasi maxsus xizmatlar bilan yaqindan tanish bo‘lishni bildirardi.

1988-yilda Jirinovskiy muxolif kayfiyatli Demokratik ittifoq qurultoyida ishtirok etadi. Sovet Ittifoqi Liberal-demokratik partiyasini tuzishda qatnashadi, tez orada unga rahbar bo‘ladi va partiyani o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Jirinovskiy Rossiyadagi birinchi prezident saylovida ishtirok etib, 7.8 foiz ovoz olgan.

U FHDQning (GKChP) davlat to‘ntarishiga urinishini qo‘llab-quvvatlagan, LDPR partiyasi esa SSSRning tarqatilishiga qarshi edi, partiya o‘z tashviqotida imperialistik ritorikadan foydalanardi. Keyinroq, 1993-yilda Davlat dumasiga ilk saylovda LDPR ro‘yxat bo‘yicha eng ko‘p – 22,92 foiz ovoz to‘pladi va bu unga eng katta partiya fraktsiyasini shakllantirish imkonini berdi.

1999-yilda LDPR muxolifatda bo‘la turib, KPRFning prezident Boris Yelsinni impichment qilish tashabbusini dastaklamadi. O‘shanda u Ozodlik radiosi efirida “bu bilan Rossiyada demokratiyani qutqarib qolgani”ni iddao qildi, chunki, aks holda Yelsin KPRFni tarqatib yuborishi hech gap emas ekan.

Yelsin o‘ziga Vladimir Putinni voris qilib tanladi. Putin prezidentligida Jirinovskiy partiyasi hokimiyat uchun ortiq muxolifat bo‘lmay oldi, balki eng muhim masalalarda zo‘r berib hukumat yonini oldi. Raqiblari Jirinovskiyni maxsus xizmatlar bilan aloqa qilishda, LDPRdagi deputatlik o‘rinlarini uyushgan jinoyatchilik va biznes vakillariga sotishda, shuningdek Kreml foydasiga muxolifat rolini o‘ynayotganlikda aybladilar. U hammasini rad etdi.

LDPR ommaviy mafkurasi kichik shaharlarning kambag‘al aholisiga tayanar, siyosatchining o‘zi esa millatchilik ritorikasidan foydalanardi. Jirinovskiy Davlat Dumasi minbaridan boshqa deputatlar va mulozimlarni harchand tanqid qilmasin, Putin shaxsiga tegib ketadigan gap aytishdan hamisha tiyildi.

U diktatorlar – Saddam Husayn hamda Muammar Kaddafiy bilan ko‘p martalab uchrashgan, aksilamerikan shiorlarni qo‘llab-quvvatlagan.

Jirinovskiyning “har bir xotinga – bittadan erkak, har bir erkakka bir shishadan aroq” hamda “rus askarining Hind okeani bo‘yida etigini yuvishi” haqidagi va’dalari juda mashhur. Ammo u 2011-yilgi saylov kampaniyasi chog‘ida bu gaplaridan tongan edi.

Ekspertlar LDPR yetakchi atrofida haddan ortiq markazlashganini urg‘ulab, Jirinovskiy ketganidan so‘ng partiya yechimsiz muammolarga yo‘liqishi mumkinligidan bir necha bor ogohlantirishgan.

Kasalxonaga yotqizilishidan bir yarim oy oldin – 2021-yil dekabrda Jirinovskiy Davlat Dumasida so‘zga chiqib, G‘arb mamlakatlari Rossiyaning xavfsizlik kafolatlariga doir talablarini qabul qilmagan taqdirda Moskva “boshqa dastur”ni ishga solishini aytgan edi.

“2022-yil tinch-osoyishta o‘tishini xohlardim, lekin men haqiqatni gapirishni yaxshi ko‘raman, 75 yildan beri haqiqatni so‘zlab kelyapman. Bu yil tinch bo‘lmaydi. Bu Rossiya, nihoyat, buyuk davlatga aylanadigan yil bo‘ladi. Hech kim churq eta olmaydi, hamma bizning mamlakatimizni hurmat qiladigan bo‘ladi”.

23-fevralda Rossiya Donbassga qo‘shin kiritib, Ukraina bilan keng ko‘lamli urushni boshlab yubordi. Jirinovskiyning o‘zi esa, uning sog‘lig‘i haqidagi xabarlarga qaraganda, bu voqealarni ko‘ra olmagan.
U qayerga va qachon dafn etilishi ma’lum qilinganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG