Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:51

Konstitutsiya bo‘yicha referendum 30-aprelga belgilandi


Parlament Qonunchilik palatasi yalpi yig‘ilishi, 9-mart, 2023
Parlament Qonunchilik palatasi yalpi yig‘ilishi, 9-mart, 2023

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar bo‘yicha referendumni shu yilning 30-aprelida o‘kazishni taklif qildi.

Ozodlik avvalroq yangi tahrirdagi Konstitutsiya bo‘yicha referendum Navro‘zdan keyinga rejalanayotgani haqida yozgan edi.

10-mart kungi yalpi majlisda deputatlardan 132 nafari Konstitutsiyaning yangi tahriri to‘g‘risidagi qonunni qo‘llab-quvvatlagan, ikki deputat betaraf qolgan, uch deputat esa ovoz bermagan.

Referendum byulletenida: “Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” deb yoziladi.

Ayni paytda Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovning aytishicha, mamlakatda Konstitutsiya qabul qilingan kun sanasi - 8-dekabr o‘zgarishsiz qoldiriladi. Buni quyi palata spikeri konstitutsiyaning "faqat yangi tahriri" qabul qilinayotgani bilan tushuntirgan.

Qonunchilikka muvofiq, O‘zbekistonda referendum o‘tkazish tashabbusi bilan respublika fuqarolari, Oliy Majlisining palatalari va prezident chiqishi mumkin.

“O‘zbekiston respublikasi referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga binoan “referendum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tayinlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti referendum o‘tkazish tashabbuskori bo‘lgan taqdirda u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga murojaat etishi yoki referendum o‘tkazish to‘g‘risida o‘z qarorini qabul qilishi mumkin”.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi o‘tgan yilning 26-iyunida muhokamaga qo‘yilgandi. Loyiha bo‘yicha muhokama muhlati bir necha bor turli sabablar bilan uzaytirilgan.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘nlab o‘zgarishlar orasida Bosh qomusning Qoraqalpog‘istonga oid 5 modda ham borligi noroziliklar asnosida jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi.

Aksar tahlilchilar hukumat Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga oid referendumni avvaliga Nukus voqealari sabab qoldirgan bo‘lsa, keyinchalik aynan energetik taqchillik bois aholida favqulodda kuchaygan norozilik kayfiyati sabab yana surishga majbur bo‘ldi, degan xulosaga kelganlar.

Ularga ko‘ra, referendum orqali Konstitutsiyani yangilash amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning ikkita muddatini “nollashtirib”, unga uchinchi muddatga prezidentlikka nomzodini qo‘yishga yo‘l ochadi.

Bu fikrni O‘zbekiston Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham o‘z bayonoti bilan tasdiqlagan.

"Yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, u albatta barcha fuqarolar uchun, shu jumladan bugungi prezidentimiz uchun ham yangi konstitutsiya bo‘yicha saylovlarda ishtirok etishga imkoniyat yaratib beradi", degan edi jumladan senator Safoyev.

Kutilayotgan referendumdan so‘ng amaldagi prezident Mirziyoyev yana bir muddat - qonundan belgilangan ikki muddatlik cheklovdan tashqari - uchinchi muddatga prezidentlikka nomzodini ilgari surishi, va agar ilgari sursa, katta ehtimol bilan prezidentlikda qolishi mumkin.

O‘zbekistonning amaldagi 128 moddadan iborat konstitutsiyasidagi moddalar sonini 155 taga, mavjud 275 ta normani 434 taga yetkazish taklif qilinmoqda.

9-mart kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga oid qonun loyihasi muhokamasi uchun yalpi majlisga yig‘ildi.

Qonunchilik palatasi yig‘ilishida, amaldagi bosh qomus 65 foizga o‘zgargani bois, O‘zbekistonning Yangi konstitutsiyasi, deb atash taklif qilindi.

Yangilangan yoki Yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, rasmiylarga ko‘ra, amaldagi prezidentning ikki muddati “nollashib”, uchinchi muddat prezidentlikka nomzodini qo‘yishi uchun unga yo‘l ochiladi.

Qonunchilik palatasining 9-mart kungi yalpi majlisida yangi loyihani Oliy majlisning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov loyihani deputatlarga taqdim qildi.

Shirinov, amaldagi Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kirituvchi qonun loyihasini “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi” deb atashni taklif qildi.

“Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligining o‘ziyoq Konstitutsiyaviy islohotlardan xalqimiz katta o‘zgarishlar kutayotganidan dalolat beradi”, dedi Shirinov.

Shirinovga ko‘ra, amaldagi konstitutsiyaning 128 ta moddasidan 91 tasiga konseptual o‘zgarish kiritish, moddalar sonini esa 155 taga yetkazish, mavjud 275 ta norma sonini 434 taga ko‘paytirish taklif qilinmoqda.

Bular orasida quyidagi takliflar borligi aytildi:

  • «O‘zbekiston — ijtimoiy davlat» deb e’lon qilish va davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb 3 barobar oshirish,
  • So‘z erkinligi va axborot olish erkinligini ta’minlash,
  • ta’lim sohasiga oid normalarni kiritish,
  • davlat hokimiyatining qator lavozimlarida bir shaxsning surunkasiga 2 muddatdan ortiq saylanishi yoki tayinlanishini taqiqlash va hokazo.

Bir lavozimga surunkali 2 muddatdan ortiq tayinlanmaydigan yoki saylanmaydiganlar:

  • Qonunchilik palatasi spikeri;
  • Senat raisi;
  • O‘zbekiston prezidenti;
  • viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari kengashining raisi;
  • hokim;
  • Oliy sudning raisi va rais o‘rinbosari;
  • Sudyalar oliy kengashining raisi va rais o‘rinbosari;
  • Markaziy saylov komissiyaning raisi, bosh prokuror lavozimlaridir.

Shuningdek, bu loyihadan amaldagi Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga oid 70−75-moddalarini o‘zgartirish taklif qilingan qo‘shimchalar chiqarib tashlangani aytildi.

Yalpi majlis 9-mart kuni mahalliy vaqt bilan oqshom soat 8 gacha davom etdi va spiker, 10-mart mahalliy vaqt bilan soat 10gacha tanaffus e’lon qildi.

Bu loyiha muhokamasi ilk bor 2022-yilning iyun oyida e’lon qilingandi. O‘shanda konstitutsiyaga kiritilajak o‘zgarishlar sirasida Qoraqalpog‘iston suverenlik maqomini bekor qilish taklifi ham e’lon qilingandi.

Bu taklif Qoraqalpog‘istonda katta norozilik bilan qarshi olindi. 1-iyulga kelib, Nukus ko‘chalariga minglab odam chiqdi, 2-iyulda zo‘ravonliklar kuzatildi.

2-iyul kuni Nukusga borgan prezident Shavkat Mirziyoyev, Qoraqalpog‘iston oliy hokimiyat organi - Jo‘qorg‘i Kengesdagi chiqishida Qoraqalpog‘istonga oid o‘zgarishlar bekor qilinishini bildirgandi.

Nukusda misli ko‘rilmagan qonli namoyishlardan so‘ng, konstitutsiyaviy islohotlar ovoz qo‘yilishi kerak bo‘lgan referendum noma’lum muddatga qoldirildi.

Aksar tahlilchilar, konstitutsiyani o‘zgartiradigan referendumdan so‘ng Mirziyoyev uchinchi muddat prezidentlikda qolishini kutmoqda.

Zotan, O‘zbekiston Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev yangi konstitutsiya qabul qilinsa, Mirziyoyevning prezidentlik muddatlari nollashadi, deb bayonot bergan:

"Yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, u albatta barcha fuqarolar uchun, shu jumladan bugungi prezidentimiz uchun ham yangi konstitutsiya bo‘yicha saylovlarda ishtirok etishga imkoniyat yaratib beradi…"

Konstitutsiyaga o‘zgartishlar bo‘yicha mas’ul komissiya rahbari, O‘zbekiston hukumati bosh yuristi Akmal Saidov Qoraqalpog‘istondagi norozilik va aynan “nollashtirish” rejasini hanuz izohlagani yo‘q. Ozodlikning Saidovdan izoh so‘rab qilgan murojaatlari hanuz javobsiz.

Kutilayotgan referendum O‘zbekistonning yangi tarixida uchinchi umumxalq ovoz berishi bo‘ladi.

1995-yildagi referendum natijalariga ko‘ra prezident Islom Karimov yana bir muddatga saylovlarsiz hokimiyatda qolgan, 2002-yilda esa, xuddi hozirgidek, konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritilishi vajidan prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgandi.

XS
SM
MD
LG