Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:23

Ko‘pvektorlik va "tabassum diplomatiyasi". Ekspertlar Mirziyoyev tashqi siyosati haqida


Vladimir Putin, Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev Chimkentdagi uchrashuv chog‘ida. Oktabr, 2018
Vladimir Putin, Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev Chimkentdagi uchrashuv chog‘ida. Oktabr, 2018

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev haligacha Ukraina urushi borasida rasman biron bayonot bergani yo‘q. Rossiya bilan aloqalar yaxshi ekaniga e’tibor qaratayotganiga qaramasdan, rasmiy Toshkent Ukraina va G‘arb davlatlari bilan ham do‘stona munosabatlarni saqlab qolishga urinmoqda.

Buni "ko‘pvektorlik, neytral tashqi siyosat" va "tabassum diplomatiyasi" deb atayotgan siyosiy tahlilchilar O‘zbekiston yuritayotgan siyosiy o‘yin qoidalari sabablarini turli omillar bilan izohlamoqda.

"Pinhona" tabrik

Shu yilning 24-avgustida prezident Shavkat Mirziyoyevning Ukraina Mustaqillik kuni bilan tabrigi e’lon qilindi.

4 qatordan iborat bu qisqa tabrik O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi rasmiy saytidagina chop etildi, xolos.

- Bu oyda biz ikki tomonlama munosabatlarimiz tarixidagi muhim sana — diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaymiz. Hech shubha yo‘qki, an’anaviy do‘stlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan o‘zbek-ukrain munosabatlari birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli bundan keyin ham rivojlanib boradi. Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, mas’uliyatli davlat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, do‘st ukrain xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilayman, deyiladi O‘zbekiston rahbarining Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga yo‘llagan rasmiy tabrigida.

Zelenskiyga yo‘llangan tabrik noodatiy tarzda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Prezident matbuot xizmati yoki boshqa biron rasmiy kanalda e’lon qilingani yo‘q.

Ukraina o‘z mustaqilligining 31 yilligini nishonlayotgan bir paytda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu O‘zbekistonga rasmiy safar qildi. Toshkentdagi ShHT mudofaa vazirlari yig‘ilishida so‘zga chiqqan Shoygu Rossiya qatorida Shanhay tashkilotiga a’zo davlatlarga ham tahdid va inqirozlar xavfi kuchayib borayotganini uqtirishga urindi.

- AQSh va jamoaviy G‘arb global hukmronlikni saqlab qolish uchun mustaqil davlatlarga misli ko‘rilmagan bosim o‘tkazmoqda. Buning uchun ochiq shantaj, tahdidlar, rangli inqiloblar va davlat to‘ntarishidan foydalanmoqda, qo‘pol dezinformatsiya tarqalmoqda. G‘arbning qarama-qarshi harakatlari va u joriy etayotgan sanksiyalari natijasida jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yomonlashmoqda, aloqalar buzilmoqda, sun’iy ravishda oziq-ovqat inqirozi yaratilmoqda, deya iddao qildi Shoygu.

Armiyasi Ukraina hududlarini bombardimon qilayotgan va bosib olishga urinayotgan Rossiya mudofaa vaziri “jamoaviy G‘arbning” nima uchun birlashgani va nima sababdan sanksiyalar kiritishda davom etayotgani sabablari to‘g‘risida, albatta, lom-mim demadi.

24-fevralda Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan buyon O‘zbekiston rus tajovuzini ochiqchasiga qoralashdan o‘zini tiyib kelmoqda. Rasmiy Toshkent tomonlarni xalqaro normalar asosida murosa qilishga chaqirgan.

31-avgust kuni mamlakat mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan nutqida prezident Shavkat Mirziyoyev murakkab geosiyosiy sharoitlarda O‘zbekiston o‘zining mudofaa qudratini mustahkamlashi kerakligin aytdi, ammo Ukraina mojarosini tilga olmadi.

"Do‘st bo‘lsang..."

Rossiyaning o‘zida esa Vladimir Putin boshqarayotgan hukumat tomonidan “do‘st bo‘lgan”, “do‘st bo‘lmagan” va “neytral” davlatlar ro‘yxati tuzildi.

O‘zbekiston unda Rossiyaga nisbatan “neytral” davlat ekanini ko‘rish mumkin. Markaziy Osiyodagi barcha boshqa davlatlar ham bu masalada betaraf sifatida ro‘yxatga kiritilgan.

Tahlilchilar ittifoqchilarga ehtiyoj sezayotgan va O‘zbekistonni Ukraina masalasida o‘z tarafiga og‘dirishga urinayotgan Putin hukumati o‘z neytralligini saqlayotgan davlatlar, xususan O‘zbekistonga nisbatan ehtiyotkor siyosat yurgizib, ochiqchasiga bosim qilishdan o‘zini tiyib kelayotganini aytishadi.

Ayni paytda o‘zbek harbiylari shu oy o‘rtalarida Tojikistonda o‘tgan AQSh harbiylari bilan qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etdi va Rossiya matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, Moskvaning O‘zbekistonga olib o‘tilgan Afg‘oniston harbiy aviatsiya texnikasini Ukrainaga bermaslik borasidagi kafolat talabini javobsiz qoldirdi.

Ammo bu harakatlarning birontasi mahalliy matbuotda yoritilmadi.

Tahlilchilar rasmiy Toshkentning “betaraf va vazmin” bu xatti-harakatlari Kremlni g‘azablantirmaslikka qaratilganini aytishadi.

"Ko‘pvektorlik" va "tabassum diplomatiyasi"

AQShda yashovchi o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Rafael Sattarovning fikricha, mavjud vaziyatda O‘zbekiston eng ma’qul “ko‘pvektorli tashqi siyosat”ni tanlagan.

- Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekiston ham Ukrainaning yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyati va ShHT oldidagi majburiyati ham. Ma’lumki, Shanxay tashkiloti mamlakatlari ham yaqin qo‘shnilarining hududiy yaxlitligi, suverenitetini doimo quvvatlaydi. Shu sababli bu O‘zbekiston tashqi ishlari prinsiplariga muvofiqdir. Boz ustiga, bu o‘sha “ko‘pvektorli tashqi siyosat” ko‘rinishi hamdir. Bu siyosat, albatta, hammaga ham yoqavermaydi. O‘zbekiston Ukrainani mustaqillik kuni bilan tabriklayotgan bir vaqtda, ruslar bilan harbiy mashg‘ulotlarda qatnashishi yoki katta davlatlar a’zo bo‘lgan ShHT tadbirini o‘tkazishga hech qanday xalaqit bermaydi. Albatta, bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosatida o‘zgarishlar sezilmoqda. Masalan, Qozog‘iston Ukrainadan keyin eng katta Rossiyaning bosimini o‘zida his qilayotgan davlat. O‘zbekiston va Qozog‘iston bu bosimni his qilgan holda pragmatik yo‘l bilan sekin-asta diversifikatsiya yo‘llarini tanladi. Shu bilan birga, bu ikki davlat o‘zini Rossiyani qo‘llovchi va ikkilamchi sanksiyalar qo‘llangan davlatlar qatorida ko‘rgisi yo‘q. Shuning uchun Toshkent tashqi siyosatda ba’zi hollarda bir biriga qarama-qarshi bo‘lgan harakatlarni qilishi mumkin, lekin bu uning tashqi siyosiy manfaatlariga zid emas.

Londonda yashovchi mustaqil siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov Mirziyoyevning Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushiga nisbatan haddan tashqari ehtiyotkor pozitsiyasini bir qancha sabablar bilan izohladi.

- Birinchi sabab - Putinning g‘azabini qo‘zg‘atishdan qo‘rqishi. Qolaversa, Mirziyoyev o‘zini 2016-yilda hokimiyatga kelgani uchun Putindan ma’lum darajada qarzdor, deb hisoblashi.

Ikkinchi jihat – o‘zbek millatiga mansub rossiyalik oligarxlarning lobbi roli, ular ham Mirziyoyevning hokimiyatga kelishida rol o‘ynagan. Prezident oilasining rus oligarxlari bilan bu aloqalari allaqachon O‘zbekistondagi eng daromadli aktivlarning ma’lum bir qismiga aylandi, ayniqsa energetika va tog‘-kon sanoatida.

Uchinchisi, urush boshlanishi va G‘arbning Rossiya Federatsiyasiga nisbatan sanksiyalari bilan yuzaga kelgan yangi iqtisodiy imkoniyatlar. Bular u yerga o‘zbek mahsulotlarini eksport qilishni kengaytirish orqali “katta og‘a”ning qiyinchiliklaridan foydalanish. Shuningdek, Rossiya tomonidan G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tib, O‘zbekistonning tranzit hudud sifatidagi imkoniyatlaridan istifoda etishdir.

Va nihoyat, O‘zbekiston iqtisodiyotining mehnat muhojirlari daromadiga doimiy bog‘liqligi. Bu Rossiyadan pul o‘tkazmalari rolini kamaytirish va ortiqcha ishchi kuchini ish bilan ta’minlash uchun mamlakat iqtisodiyoti hali ham yaxshi ishlamayotgani natijasidir. Ya’ni, bu yerda biz shaxsiy manfaatlar bilan mamlakat manfaatlarining o‘zaro bog‘liqligini kuzatyapmiz va prezident buni ko‘rib turibdi.

Xitoy va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert, siyosatshunos Temur Umarovning fikricha, 24- fevraldan keyin Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston Rossiya bilan yangi munosabatlar formatini izlamoqda.

- Bu yerda ikkita masala mavjud. Rus jamoatchiligi orasida Markaziy Osiyo, jumladan, sobiq Ittifoq davlatlarida qanday tuzum bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi radikal va rejimga yoqib tushadigan fikrlarni bildirish odat tusiga kirdi va buni Kreml dastaklamoqda. Markaziy Osiyo davlatlari esa, boshqa tomondan Rossiyaga kuchli qaramlikda ekanini his etishmoqda. Masalan, Qozog‘iston ko‘plab tovar birliklari bo‘yicha to‘liq Rossiyaga bog‘lanib qolgan: taxminan 70 foizgacha boradi. Yana bir tomondan esa xalqaro izolyatsiyaga tushgan Rossiya bilan munosabatlar urushgacha bo‘lgan ko‘rinishda bo‘lmasligi aniq bo‘lib qoldi.

Ittifoqchilari qolmagan Rossiya uchun esa har bir xayrixoh davlatning qadri oshdi. Buni tushunayotgan Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya bilan yangicha shakldagi munosabatlarni o‘rnatishga ehtiyoj sezmoqda. Rossiya hozir qudratli davlat emas va O‘zbekiston ilgari ham Qozog‘iston kabi bu davlatga bog‘lanib qolmagandi. Karimov davrida O‘zbekiston ochiqchasiga aloqalarni uzib tashlashga qodir bo‘lgan bo‘lsa, Mirziyoyev davrida “tabassumlar diplomatiyasi” hukmron: hech kim bilan aloqalarni yomonlashtirmaymiz. Shu tariqa Markaziy Osiyo davlatlari 24-fevraldan keyin Rossiya bilan yangi shakldagi o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni tiklashga urinayotganini ko‘ryapmiz.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG