Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:22

"Bechora konstitutsiya". Mirziyoyev taklifi umrbod prezidenthaqidagi xavotirlarni uyg‘otdi


Ikkinchi muddatga saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev.
Ikkinchi muddatga saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev.

Ikkinchi muddatga qayta saylangan Shavkat Mirziyoyevning mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish taklifi ijtimoiy tarmoqlarda prezident muddatining uzaytirilishi bilan bog‘liq taxminlarni o‘rtaga chiqardi.

6 - noyabr kuni o‘zining inauguratsiya nutqida "konstitutsiyani takomillashtirish" haqida gapirgan Mirziyoyev asosiy qonunning aynan qaysi bandlari o‘zgartirilishini ochiqlamadi.

2016 - yil sentabrida vafot etgan Islom Karimov konstitutsiyadagi ikki muddat o‘rniga 4 marta prezidentlikka saylangan va bir marta referendum orqali muddatini uzaytirgan edi.

Faollar va mustaqil blogerlar Mirziyoyevning taklifi prezident muddati bilan bog‘liq bo‘lgani taqdirda, mamlakat tanazzulga yuz tutishidan ogohlantirmoqda.

6 - noyabr kuni ikkinchi muddatga Prezident sifatida qasamyod qilgan Shavkat Mirziyoyev o‘zining inauguratsion nutqida mamlakat asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi:

“Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak”.

Ikki kundirki, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida Mirziyoyevning ushbu taklifi keng muhokama qilinmoqda.

Ozodlikning Feysbuk sahifasiga 6 - noyabr kuni kuni qo‘yilgan Mirziyoyevning ushbu taklifi haqidagi xabarga 100dan ziyod sharh qoldirilgan bo‘lib, ularning aksarida bu taklif tanqid qilingan:

Zokir Isakhodjayev “O‘zi shundog‘am ma’lum edi, konstitutsiyani o‘zgartirish fikrining paydo bo‘lishi. Chunki konstitutsiya bo‘yicha, uchinchi marta bu janob prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishga haqqi yo‘q!”, desa, Abu Abdulloh “Bu ham konstituttsiyani o‘zgartirib "obnuleniye" qilmoqchi”, deb yozdi.

Kharezmiy Musafir “Konstitutsiya futbolka emas, xohlagan vaqting almashtirib, yamab, ranglab turadigan”, desa, Akademik Saxarov ismli yuzer “Konstitutsiyani emas - tizimni o‘zgartirish kerak”, deya taklif qiladi.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov ham Mirziyoyevning o‘z salafi yo‘lini tanlayotganini taxmin qiladi:

Postsovet avtoritar rejimlarda davlat rahbari KONSTITUTSIYAVIY islohotlardan so‘z ochsa, bilingki, bu yerda gap alal-oqibat prezident vakolatlari muddatini uzaytirish, ya’ni amaldagi rahbarni umrbod prezident lavozimida qoldirish haqida bormoqda. Karimov davrida shunday bo‘lgan edi, Rossiya va Tojikistonda ham ayni ssenariy takrorlandi. Janob Mirziyoyev salaflari ochgan ana shu tayyor yo‘ldan ketyapti”.

O‘zbekistonlik bloger va tahlilchi Otabek Bakirov Mirziyoyevning taklifi prezident muddati bilan bog‘liq bo‘lgan taqdirda, mamlakat tanazzulga yuz tutishidan ogohlantiradi.

“Agar Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar Parlament va Sud hokimiyatining mustaqilligiga, Erkin Saylov institutining paydo bo‘lishiga, Kengashlarning vakolatlarini kengaytirish orqali mahalliy ijro organlarining hokimiyatini cheklashga, shahar hokimlarining xalq tomonidan saylanishiga olib kelsa, albatta bu tub burilish bo‘ladi. Lekin agar Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar 2002 va 2011 - yillardagi kabi Prezident muddatini "obnuleniyasi" bilan bog‘liq bo‘lsa, biz tub burilishga emas, yangi bronza davriga tayyorgarlik ko‘raverishimiz kerak bo‘ladi”, deya yozdi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida.

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih nazdida Mirziyoyev “ustozi” Islom Karimov izidan ketishi tayin.

Shavkat Mirziyoyevning ustozi, "ma’naviy otasi", diktator Karimov O‘zbekiston Konstitutsiyasini ochiqchasiga, bir necha marta buzib, o‘zbeklarga 27 yil hukmronlik qildi. Mirziyoyev ham Konstitutsiyani buzib, prezidentlik maqomiga o‘tirdi. Endi ayni ustozi kabi, u ham kamida 30 yil bu yuksak lavozimdan tushmaslik uchun butun choralarni ko‘rishga tayyorlanmoqda. Shubhasiz, uning ilk odimi "bechora" Konstitutsiyani yana bir marta o‘zgartirib, yana bir marta toptab, prezidentlik muddatini uzaytirishga harakat qiladi",- deydi Muhammad Solih Ozodlikka bergan sharhida.

Kanadada yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Ulug‘bek Ashur prezident muddatini uzaytirish harakatlarini saylovdan avval bashorat qilganini aytadi.

“O‘zbekistonda prezident bitta, u endi hech qachon o‘zgarmaydi. Konstitutsiyada bir odam ikki martagina saylanadiku, degan savollarni unuting. Bir guruh ziyolilar, o‘qituvchilar, mehnatkashlar prezident nomiga “Hurmatli, Shavkat Miromonovich, siz davlatimizni umrbod boshqaring” degan murojaat bilan chiqishganini ham hali ko‘rasiz. Uyushtirilgan mitinglarda “Konstitutsiyani o‘zgartirish davr talabi” deb yozilgan shiorlarni ko‘tarib ham turasiz hali”, deb aytgan Ulug‘bek Ashur o‘tgan oy YouTube dagi “Negativ” dasturida.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekistonda kutilayotgan konstitutsion islohot borasida fikr bildirarkan, amaldagi Konstitutsiyani “o‘ta avtoritar” deya ta’riflaydi:

“Aslida, O‘zbekistonning hozirgi Konstitutsiyasi, o‘ta avtoritar. Unda hokimiyatlar bo‘linishi, rasman nazarda tutilgan bo‘lsa-da, amaliyotda, hokimiyat o‘ta markazlashgan, yakka shaxslashgan. Davlat rahbarini tergab turish, yoki nazorat qilishning hech qanday mexanizmlari belgilanmagan. Inson huquqlari, fundamental qadriyatlar borasidagi qarashlar, institutlashtirilmagan. O‘zbekistonning 1992 - yildagi huquqiy-siyosiy tafakkuri bilan, bugungi huquqiy-siyosiy tafakkuri, jiddiy farq qiladi”.

Ayni paytda Rabbimov mamlakatda konstitutsion islohotlar ko‘pdan beri kutilayotganini ta’kidlarkan, Mirziyoyevning taklifini “yaxshi yangilik” deya ta’riflaydi.

"Umid qilamanki, yangi Konstitutsiyaning eng asosiy maqsadi – hokimiyatni, hukumatni kuchaytirishni emas, yangi – global dunyodagi o‘z o‘rnini, ijobiy obrazni, tezkor taraqqiyotni, eng asosiysi – erkin va farovon jamiyat qurishni maqsad qilib qo‘yadi. O‘zbekistonga yangi siyosiy-huquqiy tizim kerak. Bu tizimning zamirida, insonga ishonish, erkinlikka asoslangan raqobat, haqqoniy siyosiy plyuralizm turishi kerak”, deb yozdi Rabbimov Feysbuk sahifasida.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 24 - oktabrdagi saylovda 64 yashar Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan ikkinchi muddatga qayta saylanganini e’lon qildi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari saylovni erkin va demokratik deya tan olgani yo‘q. YeXHT missiyasining 25 - oktabr kuni e’lon qilingan dastlabki xulosalarida saylovga muxolifat qo‘yilmagani, haqiqiy siyosiy raqobat kuzatilmagani, O‘zbekiston hukumati qator xalqaro majburiyatlarini hanuz bajarmay kelayotgani ta’kidlangan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasinig 90-moddasida “Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas”ligi qayd qilingan.

Shavkat Mirziyoyev mustaqil O‘zbekistonning 30 yillik tarixidagi ikkinchi prezidentidir. Uning salafi Islom Karimov 2016 - yilning sentabrida vafot etguniga qadar 4 marta prezidentlikka saylangan va bir marta umumxalq referendumi o‘tkazish yo‘li bilan prezidentlik vakolatlari muddatini uzaytirgan edi.

O‘zbekistonning 1992 - yilning 8 - dekabrida qabul qilingan asosiy qonuniga o‘tgan 29 yil davomida 15 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, dunyo bo‘yicha bu kabi qisqa muddatda eng ko‘p o‘zgartirilgan konstitutsiyalardan biri hisoblanadi.

234 yillik tarixga ega AQSh konstitutsiyasi o‘tgan davr mobaynida jami 27 marta o‘zgartirilgan.

XS
SM
MD
LG