Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:03

AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Alisher Usmonov ro‘yxatda yo‘q


Moskvada 2021 - yilning 31 - yanvarida Aleksey Navalniy ozod etilishi talabi bilan o‘tkazilgan miting.
Moskvada 2021 - yilning 31 - yanvarida Aleksey Navalniy ozod etilishi talabi bilan o‘tkazilgan miting.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati yetti nafar rossiyalik mulozim va bir qator davlat tashkilotlariga nisbatan sanksiya joriy etdi. Jazo choralari muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi va qamoqqa tashlanishi ortidan kiritilmoqda.

Bu – AQShning yangi ma’muriyati tomonidan prezident Vladimir Putin a’yonlariga qarshi kiritilayotgan ilk sanksiyalardir.

AQShda beqarorlikni keltirib chiqarishni ko‘zlagan hakerlik hujumlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi axboriy xurujlarda Rossiyaning qo‘li borligi gumon qilingan bo‘lsa-da, sobiq prezident Donald Tramp Putinga nisbatan xayrixohlarcha munosabatda bo‘lgan. AQSh razvedkasi taqdim etgan dalillarga qaramay, u rossiyalik hamkasbini tanqid qilmaslikni afzal ko‘rgan.

Rus muxolifati avvalroq G‘arbga taqdim etgan, jazolanishi lozim bo‘lgan kishilar ro‘yxatidagi to‘rt mulozim sanksiyaga tortilgan. Lekin Navalniy jazolashni qayta-qayta so‘rab kelayotgan Rossiyaning eng badavlat oligarxlari AQSh ro‘yxatidan tushib qolgan.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki sanksiyalar oxirgi yechim yoki Kreml bilan murakkab oldi-berdining yakuni emasligini ta’kidlagan.

“Rossiya bilan munosabatlarimiz murakkabligicha qolishiga ham rozimiz”, – degan u.

Bayden ma’muriyati, shuningdek, Kimyoviy va biologik qurollarni nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunga binoan Rossiyaning bir qator davlat idoralari, jumladan, kimyoviy qurollar tadqiqoti, sinovi va ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlarga nisbatan ham sanksiyalar joriy etdi.

Ma’muriyatda yuqori lavozimni egallagan manbaning aytishicha, AQSh razvedkasi Navalniyning “Novichok” moddasi vositasida zaharlanishi ortida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati turgani borasida qat’iy ishonch hosil qilgan. Rasmiy Moskva esa bu ayblovni rad etib kelyapti.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova sanksiyalarni Rossiya ichki ishlariga aralashuv deb baholagan.

“Biz qo‘l qovushtirib turmaymiz. Salomga yarasha alik albatta bo‘ladi. Rossiyaga sanksiyalar yoki boshqa vositalar orqali tazyiq o‘tkazish avval ham ish bermagan, bu gal ham naf keltirmaydi”, – deb bayonot berdi u seshanba kuni.

Oq uy ma’muriyati Putinning muxolifatchilarga nisbatan tazyiq siyosati hamda xorijdagi nomaqbul xatti-harakati, jumladan, AQSh davlat idoralari va xususiy shirkatlarga qilingan hakerlik hujumlari uchun Rossiyaga munosib javob berilishidan ogohlantirgan edi.

Bir necha kun avval Yevropa Ittifoqi ham rasmiy Moskvaga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi. Qayd etish joizki, AQSh sanksiyalarni Bryussel bilan muvofiqlashtirgan holda joriy etdi.

Davlat kotibi Entoni Blinken AQSh va YeI Rossiyada avjiga chiqayotgan avtoritarizmdan xavotirda ekanini bildirgan.

“AQSh hukumati o‘z vakolatlaridan foydalangan holda, Rossiyaning kimyoviy qurollarni qo‘llashi va inson huquqlarini poymol etishi jiddiy oqibatlarga olib kelishidan qat’iy ogohlantirmoqda”, – deb bayonot berdi Blinken.

Bayden ma’muriyati Navalniy zaharlanishi bilan bog‘liq sanksiyalardan tashqari Rossiyaning AQSh davlat idoralari va xususiy shirkatlar kompyuter tizimiga qilgan hujumiga ham javob qaytarishi kutilmoqda.

“Qora ro‘yxat”ga kiritilganlar orasida FXX rahbari, Federal jazoni ijro etish xizmati direktori, bosh prokuror va bir nechta boshqa kuch ishlatar tizim vakillari bor.

Ayni paytda qamoqda tutib turilgan Navalniy G‘arb davlatlarini rus oligarxlariga qarshi sanksiya joriy qilishga chaqirib keladi. Uning fikricha, faqat Putinga yaqin bo‘lgan oligarxlarga qarshi choralargina unga ta’sir etishi mumkin.

Rossiyaning tanqidchisiga aylangan sobiq investor Bill Brauderga ko‘ra, AQShning amaldagi sanksiyalari Putinning milliarder gumashtalariga ta’sir qilmaydi va shu vajdan kutilgan samarani bermaydi.

Senat razvedka qo‘mitasi raisi Adam Shiff AQSh jazo choralari joriy etishda kechikdi deb hisoblaydi.

“Rossiyaning qonunbuzarliklariga munosib javob berish uchun biz hamkorlar bilan birga qator vositalardan, jumladan, sanksiyalardan ham samarali foydalanishimiz lozim”, – deydi Shiff.

AQSh hukumati ilgari ham Rossiya rasmiylarining xalqaro huquq me’yorlariga zid harakatlariga nisbatan choralar qo‘llagan. Masalan, Obama ma’muriyati AQShda 2016- yilda o‘tkazilgan saylovga Rossiyaning aralashuviga javoban 35 rus diplomatini 72 soat davomida mamlakatdan chiqarib yuborgan. Tramp ma’muriyati esa Rossiyaning San-Fransiskodagi konsulligini yopgan.

XS
SM
MD
LG