Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:36

Andijondagi klaster fermerlarning paxta pulini ikki yildan buyon bermayapti


Klasterlar ikki yildan buyon paxtaning pulini fermerlarga o‘z vaqtida to‘lash shartnomasini bajarmayapti
Klasterlar ikki yildan buyon paxtaning pulini fermerlarga o‘z vaqtida to‘lash shartnomasini bajarmayapti

Andijon viloyat, Izboskan tumanidagi “Sohib omad baraka” klaster korxonasi, fermerlarning 2019 - yil uchun 2,6 milliard, 2020 - yil uchun 22 milliard so‘m paxta pulini to‘lab bermagan.

Fermerlarning aytishicha, 2020 - yilning paxta pulidan esa hali darak yo‘q.

Ayni paytda iqtisodiy sudga murojaat qilmoqchi bo‘layotgan fermerlar, klaster korxonasini shartnomadagi o‘z majburiyatini surunkali bajarmayotganidan shikoyat qilmoqdalar.

Klaster korxonasi buxgalteri fermerlarning qarzini uzish borasida harakat olib borilayotganini aytdi.

“Sohib omad baraka” klaster korxonasining ayni paytda 2019 - yil uchun fermerlardan 2 milliard 600 million so‘m paxta puli qarzi bor.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, klaster paxta pulini to‘lamagani sabab, soliq, lizing, kredit foizi oshib bormoqda:

O‘tgan yili moshina qo‘y-molimizni sotib soliqqa, lizingga penьyasi bilan to‘ladik.

“Klasterning hisob raqamiga tashlangan imtiyozli kredit yonilg‘i, mineral o‘g‘it, texnika xizmatlariga bo‘lib-bo‘lib berilardi. Lekin klaster faqat neft mahsulotlariga pul to‘lab berdi, o‘tgan yili moshina qo‘y-molimizni sotib soliqqa, lizingga penyasi bilan to‘ladik. Bu yil yana soliq va lizingga penya foiz tug‘ib yotibdi, chunki hozirgacha bir so‘m ham to‘lamadi”.

Fermerning aytishicha, klaster 2019 - yil uchun 50 ortiq fermerdan 30-70 million so‘mgacha bo‘lgan qarzini shu paytgacha uzmagan.

Biz endi u erkakcha lafz qildi deb, o‘zbekligimizga borib qo‘l qo‘yib beribmiz.

“O‘tgan yili klasterni 102 ta fermer viloyat iqtisodiy sudiga bergan edi, oxirida biz 12 fermer qoldik. Sudda yutib chiqdik. Bizga 30 milliondan pul tashlab berdi. Endi MIBdan taqiqni olish uchun sizlar penyani oldik deb qo‘l qo‘yib beringlar, biz qolgan penyani uch kunda to‘laymiz, deb sudda aytishdi. O‘rtaga tuman rahbarlari tushdi, mayli endi tumanni sharmanda qilmanglar, deb. Biz endi u erkakcha lafz qildi deb, o‘zbekligimizga borib qo‘l qo‘yib beribmiz. Keyin u pul shunday to‘lanmay qolib ketdi”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, klasterdan ular yil davomida birjadagi narxdan qimmat bo‘lgan mineral o‘g‘it olishga majbur bo‘lgan:

Shu sortda oldingmi, endi mard bo‘lib pulini to‘la.

“Masalan o‘tgan yil selitraning har kilosini biz 5800 so‘mdan olishga majbur bo‘ldik, vaholanki uni birjadan 4800 so‘mdan olsa bo‘lar edi. Lekin eng yomoni hozir bizga paxta narxini sortini pasaytirib, arzon to‘layapti. Masalan 4800dagi sortda sotib olgan, endi esa 4300 so‘mdan to‘laymiz, deyapti. Masalan men 100 tonna paxta topshirgan bo‘lsam, kilosidan 500 so‘mdan yutqazyapman. 50 million so‘m menga zarar bo‘lyaptiku. Nega bular bunaqa g‘irrom o‘yin qiladi. Shu sortda oldingmi, endi mard bo‘lib pulini to‘la. Klaster nima desa shu bo‘lyapti, fermerning huquqini na hokim himoya qiladi na boshqasi”.

Suhbatdoshning aytishicha, yuzlab tonna paxta topshirgan fermerlarning hozir cho‘ntagida hemiri ham qolmagan:

Klasterni tashkil qilgan, hammayoq klaster bo‘ladi, hammasi zo‘r bo‘ladi, deganlar aytsin endi.

“Pulsiz fermer nima degani? Mahsulotingni sotib olib, 31 - dekabrgacha pulini beraman degan klaster ertaga yangi hosil uchun fermerning puli bo‘lishi kerakligini biladimi? Yo‘q, bilmaydi. Chunki ular osmondan tushgan odamlar, dehqonga nima kerak, qachon kerakligini ham tushunmaydi? Shartnomani bajarishni esa xayoliga ham keltirmaydi. Chunki, u tumanda bitta, fermerning boshqa klasterga borib paxtamni sotib ol deydigan imkoniyati yo‘q. Shu tumanga bitta shu Xudo urgan klaster, shu bilan ishlashga majbursan. Hozir plyonkaga, tomchilatib sug‘orishga pul o‘tkazishimiz kerak, bug‘doyga o‘g‘it solish kerak unga pul o‘tkazish kerak. Qayerdan olaylik, yoki normalni klaster qo‘ysin yoki yig‘ishtirib olsin bu klaster plasterini, biz avvalgidek davlatning o‘zi bilan ishlayveraylik!”

“Sohib omad baraka” klaster korxonasi rahbari Erkinbek Noraliyevning mobil telefoni o‘chirilgani bois u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

O‘zini klaster korxonasi hisobchisi Murod deb tanishtirgan mulozim, korxona fermerlarning paxat pulini bermayotganini tan oldi va bu muammoni hal qilish uchun tegtishli choralar ko‘rilayotganini aytish bilan cheklandi.

Hisobchi qanday tegishli choralar ko‘rilayotganini Ozodlikka ochiqlamadi.

O‘zbekistonda klaster korxonalarining paxta pulini fermerlarga shartnoma muddati – 31 - dekabrga qadar to‘lamayotgani birinchi hodisa emas.

Izboskan tumanidagi “Best Textile International” klaster korxonasi paxta chopgan ketmonchi ayollarning ish haqlarini bermayotgani haqida Ozodlik o‘tgan yili xabar bergan edi.

Fermerlarga ko‘ra, “Best Textile International” va “Sohib omad baraka” klaster korxonasi rahbari bir shaxs. Lekin fermerlar uning kimligini ham bilmasligini aytishdi.

Ozodlik bundan avval ham o‘nlab tumanlarda paxta pulini o‘z vaqtida ololmagan fermerlar muammolarini yoritgan edi.

O‘tgan hafta Xorazm viloyatidagi 78 ta fermer xo‘jaligi rahbarlari “Shovot Tekstil” klaster korxonasiga qarashli “Textile Finance Khorezm” MChJ bilan ishlashdan bosh tortgan. Shovotlik fermerlar yirik tadbirkor Farhod Mamajonov nazorat qiladigan “Uztex Group” ni yetkazib berilgan paxta uchun kam haq to‘lash va klaster manfaati ko‘zlangan shartnomani imzolash yo‘lida bosim o‘tkazishda ayblashgan.

14 - yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda fermerlar bundan so‘ng faoliyatlarini o‘zlari tashkil qilgan “Shovot Paxta kooperatsiyasi”da davom ettirishlarini aytishgan.

XS
SM
MD
LG