Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:14

Toshkentning sobiq prokurori Mirag‘lam Mirzayevning advokat xotini vafot etdi


“Yunusobod advokatlari” AK sobiq rahbari, 2018 yilning 27 martida “pora olish” va “jinoiy uyushma tashkil qilish”da ayblanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2019 yil, 26 iyundagi hukmi bilan shartli jazo olib, sud zalidan ozod qilingan 66 yashar Muhabbat Mirzayeva 8 avgust kuni olamdan o‘tdi.

Marhuma Muhabbat Mirzayeva (qizlik familiyasi Inog‘omova) Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari, poraxo‘rlik¸ jinoiy uyushma tuzish kabi qator jinoyatlari uchun aybdor deb topilgan Mirag‘lam Mirzayevning xotini edi.

Muhabbat Mirzayevaning o‘limi haqda Ozodlikka Toshkent shahar advokatlar kollegiyasining ikki a’zosi bildirdi.

Marhumaning ismi aytilishini istamagan dugonasiga ko‘ra, Mirzayeva 9 avgust kuni Toshkentda dafn etilgan:

“Ming afsuslar bo‘lsinki, dugonam o‘ldi. Kecha (8 avgust) kasalxonada o‘ldi. Tuni bilan uning uyida edim. Kafanga o‘ralmasdan burun vidolashdim. Jasadni kasalxonadan olib kelishlarini kutdim. 9 avgust kuni janoza o‘qildi. Men o‘sha marosimda bor edim. Qanday adolatsiz xayot! Muhabbat barcha mashaqqatlarga dosh berdi. Muammolarga duch kelganda o‘zini erkaklardan ham ustunroq tutdi. Jahannamdan qutulib chiqib yana go‘rga kirdi. Ammo Muhabbat o‘zining katta o‘g‘lini qamoqdan qutqara olmay o‘lib ketdi. Karantin bo‘lishiga qaramay janozaga tumonat odam keldi. Kecha ham, bugun ham ta’ziya bildiruvchilar oqimining keti uzilmayapti”.

Marhuma Muhabbat Mirzayeva (Qizlik familiyasi Inog‘omova) Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari poraxo‘rlik¸ jinoiy uyushma tuzish kabi qator jinoyatlari uchun aybdor deb topilgan Mirag‘lam Mirzayevning xotinidir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 2019 yil, 26 iyun kuni Mirag‘lam Mirzayev, uning xotini Muhabbat Mirzayeva va ularning yaqinlari ustidan o‘qilgan hukmda ular 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan R. Qodirov bilan jinoiy til biriktirganini urg‘ulangan edi.

O‘zbekiston Oliy sudi 2019 yili tarqatgan xabarda bunday deyilgan edi:

“Sudning hukmi bilan, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan R. Kadirov, shu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan M. Mirzayev, A. Mirzayev, M. Mirzayeva, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi”.

Ozodlikda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining Muhabbat Mirzayevaga nisbatan chiqargan ayblov hulosasi nusxasi bor.

Ayblov xulosasiga ko‘ra¸ 17.01.1954 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan millati o‘zbek¸ Toshkent Shahar Yunusobod tumani A. Po‘lat ko‘chasi 13 uyda yashovchi Mirzayeva Muhabbat Xasanovna O‘zbekiston Respublikasi JKning 210- moddasi (Pora olish) 3- qismi “a” va “b” bandlari. 230 modda 1- qismi (Tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish¸qalbakilashtirish) 236- modda 2- qismi (Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) 242- modda 1- qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish) 243- modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlarida ishlovchi zobitning Ozodlikka aytishicha¸ “Mirzayevga qarshi sobiq bosh prokuror Qodirov ko‘rsatma bergan”.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 2019 yil, 26 iyun kuni Muhabbat Mirzayeva ustidan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish hukmini chiqargan va ayni paytda uning surunkali oshqozon kasaliga (pankreatit) chalinganni inobatga olib, jazoni shartli o‘tash sharti bilan sud zalidan ozod qilgan edi.

Mirag‘lam Mirzayev va uning yaqinlari

Uzoq yillar rasman Toshkent shahar prokurorining 1-o‘rinbosari lavozimida ishlaganiga qaramay¸ amalda butun prokuratura tizimini boshqaruvchi “o‘zgarmas va qudratli” shaxs sifatida nom chiqargan Mirag‘lam Mirzayev (laqabi "Antibiotik") prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 9 fevral kungi selektor yig‘ilishida IIV va prokuratura tizimlarini tanqid qilganidan bir necha kun o‘tib ishdan olingan edi.

Mirzayevning joriy yil 8 avgust kuni o‘lgan xotini Muhabbat Hasanova (laqabi “Muxa” "Kardinal")¸ Yunusobod advokatlar kollegiyasini boshqargan¸ MXXning sobiq raisi¸ general Rustam Inoyatovning xotini Flora Inoyatovaning yaqin do‘sti va qarindoshidir.

Mirzayevlarning o‘g‘li Abdurashid Mirzayev MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasini boshqargan.

Mirag‘lam Mirzayevning ukasi Mira’zam Mirzayevning o‘g‘li Mansur Mirzayev (laqabi "Malish") MXXning Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasini boshqargan.

Toshkent mulozimlari¸ qolaversa Ozodlikka o‘z hikoyasini aytib berayotgan tadbirkorlar MXX sobiq raisi Inoyatov qanoti ostida ish yuritgan Mirzayevlar sulolasining uzoq yillar davomida MXX¸ IIV¸ prokuratura va hokimiyat amaldorlarini terrorda ushlab¸ ulardan muntazam pora talab qilib kelganlik barobarida¸ ishi yurishgan tadbirkorlarni ayovsiz qaqshatib kelganini iddao qilishadi.

XS
SM
MD
LG