Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:58

Prezident tomorqa yerlari haqida qaror chiqardi. Tanqidchilar uni yangi monopolistning tug‘ilishi deb atadi


Hukumatning aprel oyidagi qaroridan so‘ng aholi tomorqa yerlariga qachon¸ nima ekishni nazorat qilish soliq va IIB xodimlariga yuklatildi.
Hukumatning aprel oyidagi qaroridan so‘ng aholi tomorqa yerlariga qachon¸ nima ekishni nazorat qilish soliq va IIB xodimlariga yuklatildi.

1 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlangan qaror chiqardi.

Qaror¸ mamlakatdagi 4¸5 milliondan ortiq dehqon va tomorqa yer egalari faoliyatini xususiy korxonalarning yagona tarmog‘i - “Tomorqa xizmati” MChJlariga biriktirishni ko‘zda tutadi.

Prezident qarori bilan ajratiladigan imtiyozli kredit olish va boshqa subsidiyalardan foydalanmoqchi bo‘lgan tomorqa xo‘jaliklari aynan “Tomorqa xo‘jaligi” MChJsi bilan ishlashi lozim bo‘ladi.

Bu qaror ijrosi uchun mas’ul etib tayinlangan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi¸ undan maqsad aholining o‘z tomorqa yeridan samarali foydalanishiga imkon berish orqali kambag‘allikni kamaytirish ekanini iddao qildi.

Ozodlik gaplashgan dehqon va fermerlar esa¸ bu qarorning tomorqa yerlari ustidan monopoliya o‘rnatish¸ qishloq xo‘jaligining hozircha davlat to‘liq nazoratidan chetda qolib kelgan qismini ham “sovetcha kolxozlashtirish” tizimiga qaytarish urinishi sifatida baholadi.

Qaror nima haqda?

Shavkat Mirziyoyevning 1 iyul kuni imzolangan qarori¸ nomining iddao qilishicha¸ aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishni maqsad qilgan.

Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan beri Toshkent hukumati aynan tomorqa yerlari samaradorligi oshirish haqida hozirga qadar bir necha marta qaror chiqargan.

Yangi qarorning oldingilaridan asosiy farqi¸ unda xususiy “Tomorqa xo‘jaligi” MChJlariga berib kelinayotgan imtiyozlarning yanadada kengayganidir.

Qaror boshidayoq uning “Tomorqa xizmati” MChJ moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, faoliyatini yanada kengaytirish va aholi tomorqalarini xizmatlari bilan qamrab olish darajasini oshirish, shuningdek, mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini yanada ko‘paytirish maqsadida” qabul qilingani aytilgan.

Shu maqsadda¸ hokimliklar “Tomorqa xo‘jaligi” MChJlariga “issiqxona, sovitkichli omborxonalar, chorvachilik majmualari qurish uchun asoslangan hisob-kitoblarga (bu hisob-kitobning qanday asoslanishiga oydinlik kiritilmagan – tahr.) muvofiq yer maydonlari ajratadi.

Markaziy dehqon bozorlarida bu MChJlar uchun alohida joylar¸ Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan imtiyozli kredit¸ Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan esa¸ subsidiyalar ajratiladi.

Bunday qarorga qanday ehtiyoj bor?

Aholi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish haqida joriy yil aprelida Bosh vazir Abdulla Aripov ham qaror chiqargan edi.

Bu qarordan so‘ng¸ O‘zbekiston bo‘ylab aholi tomorqa yerlariga nima ekish¸ qachon ekish ustidan nazorat soliq va ichki ishlar tizimiga topshirildi. Ozodlikka kelgan xabarlarga ko‘ra¸ qaror munosabati bilan joylarda mahalla faollari va o‘qituvchilar uyma-uy yurib¸ odamlarga nimani¸ qachon va qanday ekishni o‘rgatishga kirishdi.

Oradan ikki oy o‘tib¸ ayni maqsadda prezident qarori chiqarishga nima ehtiyoj bor¸ degan savollarga javob olish maqsadida Ozodlik qaror ijrosi uchun mas’ul etilgan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi bilan suhbatlashdi.

“Tomorqa xizmati” MChJlari faoliyatini tashkil etishga mas’ullardan biri shaxsini ochiqlamasdan Ozodlik savollariga javob berdi.

Mulozimga ko‘ra¸ hozirgacha chiqqan qarorlarga qaramay¸ aholi qo‘lidagi tomorqa yerlaridan foydalanish samarasi oshmagan va yangi qaror bu samaradorlikni oshirish uchun keng tarmoqli tizim joriy qilishni ko‘zda tutadi.

O‘zbekistonda 15-20 sotixlik tomorqasini o‘t bosib yotgan xo‘jaliklar ko‘p (mulozim ular aniq hajmiga oid raqam keltirishni istamadi – tahr.). Deylik¸ juda ko‘p oilalarda erkaklar Rossiyaga ketib qolgan¸ ayollar esa¸ bolasi¸ ro‘zg‘oridan ortib¸ yerga qaramay qo‘ygan. Prezident qaroridan keyin ana shunday oilalarga 2 million so‘m imtiyozli kredit beriladi¸ joylardagi “Tomorqa xo‘jaligi” MChJlari ularga urug‘lik va nihollarni yetkazib beradi¸ parvarishlashga kerak o‘g‘it va maslahatlarni beradi¸ hosil tayyor bo‘lganda¸ uni sotib olib¸ pulini beradi. Shu yo‘l bilan ham odamlar tomorqa yerida ish bilan ta’minlanadi¸ ham qo‘liga pul tushadi va kambag‘allik kamayadi. Ayni paytda¸ oziq-ovqat xavfsizligi va eksport masalalari ham hal etiladi”¸ dedi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ O‘zbekistonda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari soni 4¸5 milliondan ortiq. 2020 yilga kelib¸ ular qo‘lida jami 434 ming gektar ekin yeri bor. Bu yil hukumat ana shu yerlardan 10¸5 million tonna hosil olishni rejalagan. Bunday rejaning o‘zi¸ kuzatuvchilar ta’kidicha¸ tomorqa yerlari ustidan hukumat nazorati o‘rnatilayotgani tasdig‘idir.

Prezident qarori bilan mamlakat bo‘ylab tomorqa yerlariga xizmat ko‘rsatuvchi deyarli yagona tizimga aylangan “Tomorqa xizmati” MChJsining joylardagi korxonalari 2020 yil 1 iyuliga qadar 314 taga yetgan.

Har bitta “Tomorqa xizmati” MChJsiga 14 331 ta tomorqa egasi yoki 1382 gektar yer maydoni to‘g‘ri kelmoqda. Bu yetmaydi. Qarordan keyin¸ bunday korxonalar soni ko‘payadi”¸ dedi fermerlar kengashi mulozimi.

Prezident qaroriga izoh bergan mahalliy matbuotga ko‘ra¸ “Tomorqa xizmati” korxonalari negizida 25 ta tomorqa klasteri tuziladi¸ ular 165 milliard so‘mlik (mablag‘ davlat tomonidan ajratiladi -tahr) loyihani amalga oshiriladi¸ ularga 240 ming xonadon biriktiriladi¸ 800 ta ish o‘rni yaratiladi¸ yiliga 12 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Rasmiylarga ko‘ra¸ aynan qaysi MChJlarning tomorqa klasteriga aylanishi¸ hokimliklar tomonidan tanlab bo‘lingan.

Qaror tanqidchilari nima deydi?

Ozodlik prezidentning tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida “Tomorqa xo‘jaligi” MChJlari faoliyatini davlat mablag‘i evaziga kengaytirishga oid prezident qaroriga munosabat bildirishni so‘rab o‘zbekistonlik ikki fermer-mutaxassisga murojaat qildi.

Qaror bilan tanishib chiqqan andijonlik tadbirkor va fermer Rustam Usmonov¸ uni qishloq xo‘jaligini ma’muriy-buyruqbozlik boshqaruvidan chiqarish emas¸ aksincha¸ bu boshqaruvni yanada kuchaytirish urinishi sifatida baholadi.

- O‘zbekistonda¸ aytilayotgan gaplar va va’dalarga qaramay¸ qishloq xo‘jaligi ustidan davlat nazorati kamaymayapti¸ aksincha. Keyingi paytlarda¸ samaradorlikni oshiramiz¸ ishlab chiqarish va eksportni kengaytiramiz¸ degan iddaolar bilan davlat nazorati yanada kuchaydi. Fermerlar ichida daromad ko‘rib¸ boyiyotgani juda kam¸ ko‘pchiligi zo‘rg‘a kun ko‘rayapti. Chunki mustaqillik yo‘q. Nima ekish¸ qancha hosil yetkazish¸ uni kimga¸ qanchaga sotish¸ hammasini hokimlik¸ hukumat hal qilyapti. Qishloq xo‘jaligida islohot bo‘lishga xalal beradigan nihoyatda ko‘p sonli va kuchli o‘rta bo‘g‘in o‘tiripti. Bu nihoyatda korrupsiyalashgan boshqaruv. Yerni kimga berishdan¸ kimga qancha reja belgilashgacha hammasiga pora aralashgan. Prezidentning yangi qarori ijro davomida ana shu korrupsiyalashgan bo‘g‘inga yana bir kormushkaga aylanadi. Tomorqa klasterini qo‘llab-quvvatlash bahonasida prezident qarorini ushlab olib¸ eng yaxshi¸ hosildor yerlarni dehqondan tortib olib¸ yo o‘zlariga olishadi¸ yoki uni sotishadi¸ deydi Rustam Usmonov.

Buxorolik fermer Shuhrat Razzoqov ham tomorqa yerlari samaradorligini oshirish haqida prezident chiqargan qaror¸ unda yozilgan maqsadning yaxshiligiga qaramay¸ amalda oddiy xalq qo‘lida qolgan so‘nggi tirikchilik manbai – tomorqa yerlarini “tomorqa klasterlari”ga aylanayotgan “Tomorqa xo‘jaligi” MJChiga olib berish vositasiga aylanishidan xavotir bildirdi.

- Bu qaror tomorqa yerlarini nazoratiga oladigan yana bir qudratli monopilist tug‘ilishiga xizmat qiladi. Sababi oddiy. Tomorqa yer egasiga go‘yo imtiyozli kredit beriladi¸ urug‘lik uchun¸ mineral o‘g‘it va boshqalar uchun. Lekin bu kreditdan faqat “Tomorqa ximati” MChJsi orqali foydalanish mumkin. Bu MChJ esa urug‘lik va o‘g‘itni qimmat-qiyomatga o‘tkazadi¸ ertaga hosil tayyor bo‘lsa¸ uni yo olmaydi¸ yoki bozordan bir necha baravar arzonga oladi.

Fermer va dehqonga nima kerak?

Ozodlik bilan suhbatda ikkala fermer alohida olingan MChJ va klasterlarga davlat hisobidan ulkan mablag‘ va kreditlar ajratish bilan umumiyatla qishloq xo‘jaligi¸ xususan esa¸ tomorqa xo‘jaliklari samaradorligini oshirib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Rustam Usmonov¸ qishloq xo‘jaligini erkinlashtirish¸ fermer va dehqonga erkinlik berish eng dolzarb vazifa ekanini aytsa¸ Shuhrat Razzoqov¸ qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlari shakllanishi uchun erkin kredit siyosatini yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.

- Erkin kredit siyosati bo‘lishi kerak. Chegaralarni ochish kerak. Monopolistlarga barham berish kerak. O‘zbekistonda pomidorni kim Yevropaga sotadi¸ gilosni kim sotadi¸ hammasi monopoliya. Oddiy dehqon yoki fermerda bu monopolistlar bilan raqobat qilishga na moloyaviy kuch¸ na imtiyoz bor. Prezidentning tomorqachilik klasterlari yaratish haqidagi qarori¸ tomorqachilikda ham monopolist tug‘ilishiga olib keladi. “Tomorqa xo‘jaligi” MChJlari tomorqachi monopolistga aylanadi. Monopoliyadan esa hech qachon oddiy aholi boyimaydi¸ aksincha. O‘zbekistondagi tomorqa yerlari bu MChJlar orqasida turgan 15-20 ta oligarxning nazoratiga¸ tomorqa egalari esa¸ ular qo‘lidagi suvtekin xizmatkorga aylanadi. Og‘ir mehnatni oddiy xalq qilib¸ daromadni monopolistlar ko‘radi. Bu yana sovetcha kolxozlashtirish siyosatini boshqa nomda joriy qilish bo‘ladi.

Tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan hukumat chora-tadbirlari¸ xususan¸ tomorqa yeridan yaxshi foydalanmaganlarni keskin jazolash takliflari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganda¸ u jiddiy tanqid va e’tirozlarga uchragan edi.

Bu muhokamalarda faol qatnashgan ayrim mulozim va deputatlar ham¸ bunday qarorlarning qishloq xo‘jaligi boshqaruvini erkinlashtirish emas¸ aksincha yo‘nalishga burayotganidan xavotir bildirgan edi.

Xususan¸ Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov 25 may kuni Facebook sahifasida qoldirgan postini “qishloq xo‘jaligiga oid muhim qonun loyihalarini bugungi muhokamasida yerga bo‘lgan mulkiy huquqlarni mustahkamlash borasidagi liberal g‘oyalarni o‘tkaza olmadik»¸ deb boshlay turib:

- Qishloq xo‘jaligida buyruqbozlik emas - manfaatdorlik, nazorat emas - erkinlik, yerga egallik hissi dehqonni samarali mehnatga undaydi. Bunga esa, yerga bo‘lgan ayrim mulkiy huquqlarni mustahkamlamasdan erishib bo‘lmaydi”¸ deb yozgan edi.

O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi vakili¸ huquqshunos Nuriddin Murodov esa¸ "tomorqadan foydalanish avvalo, manfaatdorlik, tomorqa madaniyati va amaliyotini oshirish hamda bozor mexanizmlari asosida shakllanadi. Tomorqachilikni ma’muriy jazo va qo‘rqitish yo‘li bilan zinhor rivojlantirib bo‘lmaydi"¸deb ëzgan edi.

Taniqli deputat Rasul Kusherboyev esa¸ hukumatning bu urinishlarini "tomorqa bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish" deb baholagan edi.

XS
SM
MD
LG