Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:18

G‘allakor fermerlar ortiqcha donni uyiga olib ketmasin deb qorovul qo‘yildi. Qorovul - bank xodimlari


Bank xodimlariga g‘alla kampaniyasi davrida dalada bo‘lish majburiyati yuklatildi.
Bank xodimlariga g‘alla kampaniyasi davrida dalada bo‘lish majburiyati yuklatildi.

Qashqadaryoda bank xodimlari zimmasiga g‘alla o‘rimini nazorat qilish mas’uliyati yuklatildi.

G‘allakorlar otryadlari safiga kiritilgan bankirlar fermerning ortiqcha bug‘doyini o‘ziga olib qolmasligini nazorat qiladigan bo‘ldi.

Viloyat hokimligi mulozimi joriy yilda ayrim hududlarda tabiiy ofat yuz bergani va suv taqchil bo‘lgani uchun g‘alla rejasini bajarish yo‘llari izlanayotganini bildirarkan, bu ishga bank xodimlari ham jalb etilganini tan oldi.

Sirdaryodagi toshqin va Buxorodagi tabiiy ofat oqibatida minglab gektar bug‘doy dalalari vayron bo‘ldi.

G‘allakorga aylangan bankirlar

Uch kun avval Qashqadaryoda g‘alla o‘rimiga start berildi. Shu sabab qishloq ho‘jaligi sohasi vakillaridan tashqari bank xodimlari ham g‘allakorga aylandi.

Nishon tumanidagi Mikrokredit bankining xodimiga ko‘ra, u bir necha hamkasbi bilan birgalikda uch kundirki, bankka emas dalaga ishlagani boryapti:

“Ofisda emas, dalada ishlash uchun o‘qiganmidik? Bank xodimlari g‘allakorga aylanishi dunyoning birorta mamlakatida bo‘lmasa kerak. Bank xodimlari hokimlarning xizmatkoriga aylandi. Bahor boshida kultivatsiya ishlari nazoratiga olib chiqishgandi. Endi esa g‘alla o‘rimi, keyin paxta terimi. Bitta bizning bank emas, bitta bizning tumanda emas bu holat. Butun viloyat bo‘yicha bo‘lyapti bu. Bank xodimlari qachon o‘z vazifasini bajaradi?”

Ozodlik bog‘langan bank xodimlari ishdan haydalishdan qo‘rqib, shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi.

Nishon tumanidagi Agrobank xodimiga ko‘ra, bank xodimlari fermerning ortiqcha g‘allasini davlatdan yashirmasligi uchun mas’ul qilib tayinlangan:

“Biz tumanning g‘alla rejasini bajarishi uchun mas’ul ekanmiz. Agar fermer rejani bajarsa, uning qolgan hosilini ham olishimiz kerak ekan. Nima endi fermer dalasini kechayu kunduz qorovullaymizmi?”.

Boshqa bir bank xodimi hokimlik mulozimlari ushbu talabni bajarilishi uchun tahdid qilganini aytadi:

“Hokimlikda o‘tgan g‘alla o‘rimiga bag‘ishlangan yig‘ilishda “O‘rim payti ortiqcha gap chiqarsang yoki bug‘doy dalasida bo‘lmasang, o‘zing uchun hukm chiqargan bo‘lasan” deb bizga tahdid ham qilishdi. Nima emish, bankir fermerning rejadan ortgan g‘allasini boshqa tashkilotlardan qarzi uchun topshirilishini ta’minlab berar ekan! O‘zingiz o‘ylang, fermer yil davomida rejadan ortgan g‘alla uchun ishlaydi. Shuncha mehnat qilib orttirgan g‘allasini qarz uchun olib ketamiz desak, fermer pichog‘ini olib, bizni so‘yib tashlamaydimi?!”.

Ozodlik taassarufida “Nishon tumanida tashkil qilingan g‘alla o‘rimi otryadlari tarkibi”ga doir hujjat nusxasi bor. Hujjatga ko‘ra, yetti kishilik har bir otryad tarkibida bittadan bank xodimi bor.

Hokimlik mas’uli: Bu yil g‘alla rejasi bajarilmasligi mumkin!

Qashqadaryo viloyat hokimligi mas’uli bank xodimlarining g‘alla o‘rimi kampaniyasiga jalb qilinganini shunday izohladi:

“Bu yil O‘zbekistonning ikkita viloyatidagi katta ofat oqibatida minglab gektar g‘alla dalalari vayron bo‘ldi. Keyin ba’zi joylarda suv tanqisligi g‘alla hosiliga ta’sir qildi. Bizda ham yaqinda Nishon va Qarshi tumanlarida kuchli do‘l sabab bug‘doy hosillariga zarar yetdi. Shuning uchun bu yil davlat rejasini bajara olmaslik xavfi bor. Shuning uchun iloji boricha, g‘alla yaxshi yetilgan hududlarda hosilni to‘la olish orqali davlat rejasini bajarishga harakat qilinmoqda. Buning uchun butun kuch safarbar qilinyapti. Siz aytgan, bank xodimlarining hammasi bu ishga jalb qilinmadi. Faqat sanoqli xodim ishtirok etyapti. Ularning bankdagi ishini boshqa hamkasblari zimmasiga olgan”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligini uchun anonim qolishni so‘ragan hokimlik mas’uli.

Fermer: Agar bozor narxida haq to‘lashsa, ortiqcha hosilni berishga tayyorman!

Qashqadaryoning Kasbi tumanida yashovchi fermerlardan biri davlatga ortiqcha g‘allasini berishga rozi:

“Bu yil Kasbi tumanida g‘alla yaxshi bo‘ldi. Bizda boshqa joylarga o‘xshab, yog‘ingarchilik ham, suv muammosi ham bo‘lmadi. Bizda hali o‘rim boshlanmadi, 2-3 kun ichida boshlansa kerak. 35 sentnerdan reja belgilangan. Hosilim juda yaxshi. Agar bozor narxida olishsa, bemalol ortiqcha g‘allani davlatga beraman. Gap g‘alla narxiga beriladigan haqda”.

Mamlakatning boshqa hududlarida hali g‘alla o‘rimi boshlanmadi. Shu sabab boshqa joylarda g‘alla kampaniyasi qanday bo‘lishi hozircha Ozodlikka noma’lum.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda Buxoro viloyatida tabiiy ofat oqibatida g‘alla maydonlarining 20,8 foizi talafot ko‘rgan, Sardobadagi toshqin esa 30 ming gektar ekin maydoniga zarar yetkazgan.

XS
SM
MD
LG