Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:49

DXX "mansabga sovuqqonlik bilan qarash"da gumonlanayotgan Sardoba suv ombori direktorini hibsga oldi


1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘oni yorilishi ortidan voqea joyiga yetib kelgan prezident Mirziyoyev¸ falokat aybdorlari kim bo‘lishidan qat’i nazar¸ jazolanishini va’da qilgan.
1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘oni yorilishi ortidan voqea joyiga yetib kelgan prezident Mirziyoyev¸ falokat aybdorlari kim bo‘lishidan qat’i nazar¸ jazolanishini va’da qilgan.

Sardoba suv omborida 1 may kuni yuzaga chiqqan texnogen falokat yuzasidan jinoyat ishi tergovini olib borayotgan Davlat xavfsizlik xizmati 19 may kuni “Sardoba” suv ombori obyektlaridan foydalanish va rivojlantirish direksiyasi boshlig‘i Faxriddin Danaboyevni hibsga oldi.

DXX Tergov boshqarmasi boshlig‘ining 19 may sanasi bilan rasmiylashtirilgan "Xabarnoma" sida shunday yozilgan.

Maktub¸ uni Ozodlikka yuborgan mulozimga ko‘ra¸ “Sardoba” suv ombori obyektlaridan foydalanish va rivojlantirish direksiyasi qarashli bo‘lgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyatiga jo‘natilgan.

DXX rasmiy bildiruvining Ozodlikka yuborilgan nusxasi.
DXX rasmiy bildiruvining Ozodlikka yuborilgan nusxasi.

Rasmiy bildiruvda yozilishicha¸ 33 yashar asli jizzaxlik Danaboyev O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.

«Mansabga sovuqqonlik bilan qarash” deb nomlangan 207-modda bu jinoyatni “davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lish” sifatida tasniflaydi.

Bu moddaning 3-qismi “a» bandi «odam o‘lishiga» sabab bo‘lgan holatni nazarda tutadi va bu ayb mahkamada o‘z isbotini topsa¸ sudlanuvchini “muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash”ni ko‘zda tutadi.

Jamoatchilikka taqdim etilgan rasmiy xabarga ko‘ra¸ Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi ortidan boshlangan toshqin oqibatida 6 odam nobud bo‘ldi.

19 may kuni hibsga olingan Faxriddin Danaboyev DXX bildiruvida yozilishicha¸ Tergov hibsxonasi (eski Gvardeyskaya ko‘chasi)da saqlanmoqda.

Faxriddin Danaboyev Sardoba suv ombori rahbarligiga 2019 yilning 1 fevralida tayinlangan.
Faxriddin Danaboyev Sardoba suv ombori rahbarligiga 2019 yilning 1 fevralida tayinlangan.

22 may kuni Ozodlik Sardoba suv ombori direksiyasi bilan bog‘lanib¸ Danaboyevning hibsga olinish tafsilotlarini surishtirdi.

Telefonga javob bergan ayol¸ o‘zining direksiya xodimasi ekanini aytib¸ rahbari Danaboyevning hibsga olinganidan bexabarligini bildirdi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJsining ismi sir qolishini istagan mulozimi Danaboyevning so‘roqqa chaqirtirilish ortidan hibsga olingani¸ uning oilasi qayerdaligini surishtirishni boshlagandan so‘ng¸ odatda bunday ma’lumot bermaydigan DXX "O‘zbekiston temir yo‘llari" rahbariga rasmiy bildiruv yuborganini aytdi.

DXX jamoatchilik va matbuot uchun yopiq idora bo‘lib qolayotgani bois¸ Ozodlik Danaboyevning hibsga olinganiga bevosita bu xizmatning o‘zidan aniqlik kiritish imkoniga ega emas.

Sardoba falokati bo‘yicha birinchi hibs?

16 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi haqida jamoatchilikka ilk bor ma’lumot bergan Bosh prokuratura matbuot kotibi¸ 16 mayga qadar bu ish doirasida 170 shaxsning so‘roq qilinganini bildirgan edi.

Rasmiy bayonotda so‘ralganlar kimligi¸ mazkur ish doirasida hibsga olishlar bo‘lgan-bo‘lmagani haqida ma’lumot berilmadi.

Bundan esa¸ Sardoba suv ombori direktori Faxriddin Danaboyevning mazkur ish doirasida hibsga olingan ilk mulozim ekanini taxmin qilish mumkin.

16 may kuni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov "Sardoba ishi" bo‘yicha tergov loyihadagi xatoliklar¸ qurilish me’yorlarining buzilishi¸ ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar va tabiiy ofat kabi to‘rtta versiyani ko‘rib chiqayotganini ham bildirdi.

Sardobadagi texnogen falokat ortidan berilgan 3 may kungi ilk rasmiy bayonotida Bosh prokuratura voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 258-moddasi 2-qismi "b" bandi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan edi.

Rasmiy xabarda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini olib borish DXX organlariga yuklatilgani aytilgan edi.

16 may kungi rasmiy bayonotda¸ jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini DXX bilan birgalikda “ IIVning malakali va tajribali xodimlaridan iborat tezkor tergov guruhi” olib borayotgani¸ unga 25 tadan ziyod mutaxassislar¸ xususan¸gidrotexnika inshootlarini qurish va ekspluatatsiya qilish sohasi ekspertlari jalb qilingani ham aytildi.

Bu mutaxassislarning kimligi haqida hozircha Ozodlikda ma’lumot yo‘q. Ammo Sardoba falokati sabablarini o‘rganish bo‘yicha prezident farmoyishi bilan tuzilgan hukumat komissiyasi tarkibiga uning bosh pudratchisi va qurilish tepasida turgan asosiy mulozim¸ hozirda “O‘zgidroenergo” AJ rahbari Abdug‘ani Sanginov kiritilgan.

Asosiy aybdorlar qolib¸ “strelochnik” jazolanadimi?

Ozodlikka Faxriddin Danaboyevning DXX tomonidan hibsga olingani haqidagi rasmiy bildiruvni taqdim etgan mulozim¸ dastlabki hibslar “Sardoba ishi”ning qaysi yo‘nalishdan ketishidan darakchi bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Danaboyev 2019 yil 1 fevralida suv ombori direktorligiga tayinlangan. Danaboyevning¸ bilishimcha¸ Sardoba suv ombori¸ uning to‘g‘oni qurilishiga bevosita aloqasi yo‘q. U faqat ekspluatatsiya uchun mas’ul bo‘lgan. Balki uni to‘g‘on xavfsizligini yaxshi nazorat qilmaslik¸ aholini oldindan ogohlantirmaslik yoki tegishli perimetrlarda kameralar qo‘ymaganlikda ayblash mumkindir. Ammo mantiqdan kelib chiqilsa¸ to‘g‘on yorilishi uchun suv ombori direktorimas¸ uni loyihalashtirganlar va qurganlar javob berishi kerak emasmi ? Danaboyevning qamalishi jinoyat ishi Sardobadagi fojianing asl va tepada o‘tirgan katta aybdorlari qolib¸ peshkalarni jazolash bilan yakun topadi¸ degan skeptizmni kuchaytirmoqda”¸ dedi shaxsi sir qolishini so‘ragan tergov jarayonidan bilvosita xabardor mulozim.

Sardoba falokati sabablarini o‘rganish komissiyasiga uning tepasida turgan asosiy davlat mulozimi – Abdug‘ani Sanginovning kiritilgani xabari ortidan mahalliy matbuot va blogerlar¸ qolaversa¸ ijtimoiy tarmoqdagi faollar ayni shu xavotirni bildirib kelmoqda.

Bu ishonchsizlikka bilvosita javab bergan prezident Mirziyoyev 5 may kungi yig‘ilishda "Sardoba aybdorlari kim bo‘lishidan qat’i nazar¸ jazosini oladi"¸ deb va’da berdi.

Oradan 10 kun o'tib¸ 15 mayda falokat tufayli bor-yo‘g‘idan ayrilgan sirdaryoliklar bilan uchrashgan Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omboridagi texnogen ofatni tahlil etish uchun Fransiya, Turkiya va Rossiya kabi mamlakatlardan dunyoning yetakchi ekspertlari taklif etilishi va ular voqeaga xolisona baho berishini ma’lum qildi.

Bunday hodisa takrorlanmasligi uchun tekshiruv muhimligi”ni ta’kidlagan Mirziyoyev¸ bu ekspertlarning qachon va qaysi maqomda jalb etilishini ochiqlamadi.

17 may kuni Sardoba suv omborida ro‘y bergan falokat sabablarini sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlar yordamida tahlil qilgan Hollandiyadagi tadqiqot markazi mutaxassislari¸ O‘zbekiston hukumati suv omborining loyiha va qurilish jarayoniga oid ma’lumot va hujjatlarni taqdim etgan taqdirda¸ falokatning asl sababini aniqlash qiyin emasligini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG