Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:31

Aholi orasida koronavirus aniqlangani paxtachiliklarni xavotirga solmoqda


Paxtachiliklar "qizil zona" tartibiga jiddiy amal qilinmayotgani koronavirusning keng tarqashiga yo‘l ochadi¸ degan xavotirda. (Bu surat illyustrativ)
Paxtachiliklar "qizil zona" tartibiga jiddiy amal qilinmayotgani koronavirusning keng tarqashiga yo‘l ochadi¸ degan xavotirda. (Bu surat illyustrativ)

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida bir odamda koronavirus holati aniqlanishi ortidan, bemor yashaydigan Jona mahalla fuqarolar yig‘ini karantinga olindi.

Paxtachi tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bemor keksa yoshdagi nogirondir. U virusni Kattaqo‘rg‘on tumanidagi shifoxonada 17 may kuni yuqtirib olgan. Hozir bemorga qo‘shib, uning 10 qarindoshi ham karantinga olingan.

Jona va unga qo‘shni mahallalarda yashovchilar Ozodlikka karantin virus aniqlanganidan ikki kun o‘tib boshlangani, bemor virusni yuqtirganidan so‘ng ham mahallada yurganini bildirdi.

Bu holat¸ qolaversa mahalliy rasmiylarning aholiga o‘z vaqtida to‘g‘ri ma’lumot bermayotgani¸ paxtachiliklarning Ozodlikka aytishicha¸ aholini xavotirga solib qo‘ygan.

Jona mahalla fuqarolari yig‘inida (MFY) yashovchilardan birining aytishicha, 18 may kuni oqshom mahallasidagi nogiron pensionerni, unda koronavirus aniqlangani aytib, Tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketishgan.

Suhbatdoshning aytishicha, 19 may kuni bu pensionerning oila-a’zolari va qo‘shnilaridan iborat kattagina guruh karantin zonasiga olingan.

“18 maydan 19 mayga o‘tar kechasi bu kishini olib ketishdi. Ertasi kuni oilasi, qo‘shnilarini olib ketishdi. Shundan keyin Jona mahallasiga kirish-chiqish yo‘llariga beton bloklar qo‘yishdi, Milliy gvardiya harbiylari kelib, yopib tashladi. Hozir qimirlamay uyda o‘tiribmiz. Kim ko‘chaga chiqsa olib ketishyapti”.

Bu mahallaga qo‘shni Dobusiya MFY dagi yashaydigan yana bir paxtachilikning aytishicha, 20 may kuni Jona mahallasidagi bozorlar va ovqatlanish muassasalari ham yopilgan.

Ikkala suhbatdosh 20 maydan boshlangan karantinning kech joriy qilinganidan xavotir bildirdi.

“Virus borligini 18 may kuni bilishgan. Lekin karantin ikki kun o‘tib, boshlandi. 19 may kuni Jonadagi bir chuqurlik joyda mol bozori bor – seshanba mol bozori, deyishadi. Shu bozor limmo-lim odam bilan o‘tdi. Chorshanba kuniyam Jonada buyum va oziq-ovqat bozoriga rosa odam yig‘ildi. Men bozorga bordim chorshanba kuni. 11 yarimda kelib, odamlarni tarqatishni boshladi. Juda kechda! Men hozir qo‘rqqanimdan qimirlamay uyda o‘tiribman, yosh bolalarim bor. Nega bular bunaqa sovuqqon, nega xalqni bunaqa xavotirga qo‘yadi?!” dedi dobusiyalik tadbirkor.

Paxtachiliklarning Ozodlikka aytishicha¸ Jona mahallasida virus aniqlangan bemor bilan aloqada bo‘lganlar orasida mahallada tanilgan taksi haydovchisi ham bor va karantinga olinishi arafasida ham uning tuman markaziga odam tashiyotganini ko‘rishgan.

Ozodlik bu xavotirlar ortidan Paxtachi tumanidagi Koronavirusga qarshi kurash shtabiga bog‘landi.

Shtabning o‘zini tanishtirmagan xodimasi, Jona mahallasidagi vaziyat borasida faqat Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Shavkat Jabborovdan ma’lumot olish mumkinligini aytdi.

Shavkat Jabborov ayni paytda joylarda nazorat ishlarini olib borayotgani, Jona mahallasidagi vaziyatga doir savollarga esa Tuman IIB qoshida ishlab turgan shtabga qaytgach, raqamlar asosida javob berishini aytdi va bir soatdan so‘ng qayta bog‘lanishni so‘radi.

Bosh shifokorga bir soatdan so‘ng ham, ikki-besh soatdan so‘ng ham bog‘lanib bo‘lmadi - telefon raqami kun davomida o‘chiq qoldi.

Paxtachi tumani hokimligining ismi ochiqlanmayotgan rasmiysi bergan ma’lumotga ko‘ra, nogiron pensioner ushbu virusni 17 may kuni Kattaqo‘rg‘on tumanidagi shifoxonaga borgan vaqtida yuqtirib olgan.

"Samarqand qizil zona bo‘lgani uchun shahardan shifokor bemorlarga qon quyish uchun Kattaqo‘rg‘on tumaniga maxsus kelgan. O‘sha shifokorda virus bo‘lgan. 17 may kuni bizning tumandan uch kishi bu shifokorning qabuliga borgan. Ikkitasida negativ, shu Jonada yashaydigan nogiron fuqaromizda pozitiv chiqqan. Bizga 18 may kuni xabar qilishdi. O‘sha kuniyoq bu kishini shifoxonaga jo‘natdik, Samarqandga. Oilasi va yaqinlaridan 10 kishi karantinda. Jonani ham yopib, qattiq qo‘riqlayapmiz hozir".

Bu Samarqand viloyatida aholi orasida koronavirus aniqlanganiga oid ikkinchi holatdir.

Samarqand viloyati prokuraturasi 14 may kuni tuman kasalxonalaridan birida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan shifokorning 34 ta odamga koronavirus yuqtirganlikda ayblangani haqida xabar bergan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov jinoyat ishini bekor qilishni so‘rab Bosh prokurorga murojaat qilgach, 18 may kuni bu ish bekor qilindi.

Ayni paytda Ozodlik gaplashgan paxtachiliklarga ko‘ra¸ Jona mahallasidagi vaziyat bo‘yicha aholiga to‘g‘ri¸ tezkor ma’lumot berilmayotgani xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

“Samarqand viloyati qizil zona, misol uchun. Lekin karantinga qat’iy amal qilinmayapti. Odamlar bemalol Paxtachidan Samarqand shahriga borib kelib yuribdida. Qo‘shni Kattaqo‘rg‘onda ham virus aniqlangan, deyishdi. U yoqqa ham yo‘l bemalol. Paxtachi tumani markaziga borsangiz, hamma yoqda odam gavjum, tiqilinch. Mana hozir aholi orasida yurganlardan virus chiqib turibdi. Rahbarlar juda loqayd va sovuqqon. Paxtachida vaziyat nazoratdan chiqib ketdi, deb qo‘rqyapman. Lekin, bular odamlarga ma’lumot bermaydi, shunga vahima kuchayib yotibdi. Koronavirus mayli, boshqa oddiy muammo bilan borsangiz ham eshitishmaydi”¸ dedi paxtachilik tadbirkor.

Jona mahallasidan 5 kilometr masofadagi Guliston mahallasida yashovchilardan biri 21 may kuni bu mahallada har payshanba bo‘ladigan buyum bozori ham tarqatilgani, ammo harakatlanish hanuz erkin qolayotganini aytdi.

"Payshanba bozori bor bizda - oziq-ovqat, kiyimlar sotiladigan. Shunga ertalab sahardan odam yig‘ilgandi. Milliy gvardiya kelib tarqatib tashladi. Lekin, bizning tumanda harakatlanish bemalol. Paxtachiga ham borish mumkin. Men bugun ko‘chada bemalol ishlarimni bitirdim. Faqat Jonaga o‘tish yo‘llari yopiq".

Sog‘liqni saqlash vazirligining 22 may soat 10:00 holatiga ko‘ra bergan ma’lumotida¸ O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar sonining 3006 (+39) nafarni tashkil qilishi aytilgan.

Rasmiy bayonotga ko‘ra¸ aholi orasidan aniqlangan holatlarning 13 nafari Samarqand, 15 nafari esa Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

"Hozirda ushbu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar belgilangan tartibda qat’iy karantinga olingan"¸ deyiladi SSV xabarida.

XS
SM
MD
LG