Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:00

Mustaqil tadqiqotchilar: Sardoba falokati sabablarini aniqlash uchun uning loyihasi va qurilishiga oid ma’lumot kerak!


Hollandiyada joylashgan “Deltares“ tadqiqot markazining Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omboridagi texnogen falokat sabablari haqida o‘tkazgan dastlabki xulosasi turli talqinlarga sabab bo‘lmoqda.

17 may kuni mahalliy nashrlar 10 sahifadan oshiq xulosada keltirilgan bir qator sabablardan aynan tabiiy ofat omilini ajratib olib¸ “niderlandiyalik ekspertlar ham Sardoba falokatiga kuchli shamol va yog‘ingarchilikni sabab qilib ko‘rsatdi” deb xabar qildi.

Ayni paytda¸ 21 may kuni BBC o‘zbek xizmati suhbatlashgan tadqiqot mualliflari o‘z xulosalarining bunday buzib taqdim etilgani yuzasidan O‘zbekiston diplomatik idorasiga e’tiroz bildirganini aytdi.

Hisobot mualliflari¸ Sardoba falokatining asl sabablarini o‘rganish uchun avvalo uning loyiha va qurilish hujjatlariga ega bo‘lish va tadqiqotni falokat joyida o‘tkazish lozimligini ta’kidlamoqda.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar tahlili

Deltares tadqiqot markazining mutaxassislarining Sardoba suv omboridagi to‘g‘on buzilishiga oid hisoboti “tezkor tahlil” deb tasniflangan va mualliflar muqaddimadayoq uning Sentinel va PlanetScope sun’iy yo‘ldoshi orqali olingan suratlar yordamida hozirlanganini ta’kidlagan.

Dastlabki xulosalarga asos bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar.
Dastlabki xulosalarga asos bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar.

Suv omborlari bo‘yicha tadqiqotchi Sandjay Giri, Gennadiy Donchits va Mark Hegnauerlar bu suratlarni maxsus kompyuter dasturlari yordamida tahlil qilgan.

Dastlabki xulosalarga Sardoba suv omborining falokatdan uch soat o‘tib¸ so‘ngra uch kun ichida bir paytda olingan sun’iy yo‘ldosh suratlarining maxsus usul vositasida suv¸ tuproq¸ to‘lqin shaklida ko‘rish va tahlil qilish asos bo‘lgan.

Bu suratlar tahlili¸ birinchi uch soat ichida ombordagi suv¸ to‘g‘onning yorilgan qismi g‘arbda joylashganiga qaramay¸ asosan shimol-g‘arb yo‘nalishida harakatlanganini ko‘rsatgan.

Aytilishicha¸ to‘g‘on yorilganidan ikki kun o‘tib¸ omborning aksar hududi quriganiga qaramay¸ aynan shimolda joylashgan Qozog‘iston hududlarining 4 may kuni ham suvda qolgani suvning shimol tomon oqqanini ko‘rsatgan. Bu esa¸ mutaxassislar fikricha¸ suv ombori tubining tekis emasligini ko‘rsatadi.

Suratlar tahlilidan kelib chiqqan dastlabki taxminlar

Boshqa qit’adan turib bo‘lsa ham¸ zamonaviy texnologiya yordamida bu falokat sabablariga oid tadqiqot o‘tgazgan olimlar, to‘plangan birlamchi dalillarga asoslanib¸ Sardoba falokatiga quyidagi omillar sabab bo‘lganini taxmin qiladi.

(Bu omillar hisobotda mualliflar keltirgan ketma-ketlikda taqdim etiladi.)

· To‘g‘onning yorilgan qismi ancha qurilishning kechroq bosqichi - 2014 yildan keyin qurilgan. Ayni buzilgan joyda drenaj kanallari borligini alohida ta’kidlash lozim.

· Tuproqdan qurilgan nisbatan yangi to‘g‘onda ayrim deformatsiya bo‘lishi mumkin¸ ammo to‘g‘onning har xil qismi har xil vaqtda qurilgani (ayniqsa bir necha yil to‘xtatib qo‘yilgandan keyin) unda notekis deformatsiya paydo bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek¸ drenaj kanali va yoki boshqa mayda defektlar noqisliklar to‘g‘onning buzilgan qismida katta deformatsiyaga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

· InSAR texnologiyasidan tuproq deformatsiyasini hisoblash uchun keng foydalaniladi. Bu texnologiya Sardoba to‘g‘oni tuprog‘i deformatsiyasini hisoblash uchun qo‘llanganda¸ to‘g‘on buzilgan joy yaqinidagi tuproqning notekisligini ko‘rsatgan.

· To‘g‘on buzilishiga nihoyatda ko‘p yoqqan yomg‘ir va kuchli shamol to‘lqini yoki ichki eroziya (quvurlar) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

· Falokat (qisman) loyihalashtirish va qurilishning sifatsizligi ¸ qolaversa risoladagiday monitoring va texnik xizmat ko‘rsatishning yo‘qligi tufayli ro‘y bergan bo‘lishi mumkin.

Hollandiya tadqiqotchilari bu sabablardan aynan qay biri birlamchi ekanini aniqlash uchun ham suv ombori loyihasi va qurilishiga oid tegishli hujjat va ma’lumotlar bilan ishlash lozimligini aytadi.

Dastlabki xulosalarga asos bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar.
Dastlabki xulosalarga asos bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar.

O‘zbekistondagi suv omborlari xavfsizligi masalasida Toshkent hukumati bilan o‘tmishda hamkorlik qilgan bu mutaxassislarga ular so‘rayotgan hujjat va ma’lumotlar taqdim etiladimi-yo‘qmi¸ bunisi hozircha qorong‘u.

Prezident Mirziyoyev Sardoba suv omboridagi texnogen falokat sabablarini o‘rganish uchun xorij mutaxassislari jalb qilishini bildirdi. Ammo hozircha aynan qaysi xorij davlatining qaysi tadqiqotchilari bu jarayonga taklif etilgani e’lon qilinmadi.

Mirziyoyev shuningdek¸ 90 mingdan oshiq odamning o‘z uy-joyini tashlab ketishiga sabab bo‘lgan bu falokat uchun javobgarlar¸ “kim bo‘lishidan qat’i nazar” jazolanishini va’da qildi.

Ammo falokatdan bir oycha o‘tib ham Sardoba suv omborining loyihalashtirilishi va qurilishi uchun mas’ul bo‘lgan biror mulozim iste’fo bergani yoki ishdan olingani yo‘q.

Sirdaryo va Jizzax cho‘llarida paxtachilikni rivojlantirish maqsadida 2010 yilda qurilishi boshlangan Sardoba suv ombori tashabbuschisi¸ prezident matbuot xizmatining yozishicha¸ o‘shandagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevdir.

Bu loyihani moliyalashtirish to‘xtatilgani ortidan¸ unining qurilishi Karimov vafotidan so‘ng Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan qayta boshlangan.

Dastlabki rejaga ko‘ra¸ 2021 yilda bitkazilishi belgilangan suv ombori 2017 yil may oyida ekspluatatsiyaga topshirilgan.

Oradan uch yilcha ham o‘tmay¸ to‘g‘oni yorilgan bu loyihaning buyurtmachisi va bosh mas’uli hozirgi "O‘zgidroeenergo" AJ raisi Abdug‘ani Sanginov bo‘lgani holda¸ qurilishni ham uning oilasi va yaqinlariga qarashli xususiy shirkatlar qurgan.

Sardoba falokati yuzasidan Ozodlik o‘tkazgan dastlabki surishtiruv qurilish jarayonining davlat va xususiy manfaatlar to‘qnashuviga yorqin misol ekani va unda xususiy manfaatlarning ustun kelganini ko‘rsatdi.

Falokat bo‘yicha jinoyat ishi tergovini olib borayotgan DXX¸ Bosh prokuraturaning bildirishicha¸ 16 mayga qadar bu ish doirasida 170 kishi so‘roq qilgan. Ular orasida loyiha buyurtmachisi va bosh pudratchisi bo‘lgan Abdug‘ani Sanginov va Ochilboy Ramatovlar bor-yo‘qligi haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.

Mahalliy nashrlarning yozishicha¸ suv ombori qurilish loyihasi 404 million dollardan qimmatga tushgan.

Falokatdan keyingi suratlar¸ xususan¸ hollandiyalik mutaxassislar hisobotiga ilova qilingan sun’iy yo‘ldoshdan olingan rasmlar to‘g‘on buzilgani ortidan bu omborda deyarli suv qolmagani - davlat byudjetidan olingan 1,2 trln so‘mning qumga singib ketganini ko‘rsatadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG