Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:22

Bortida koronavirusda gumonlangan shaxs bo‘lgan Seul-Toshkent reysi yo‘lovchilari karantinga olinmadi


Koronavirus tarqagan Xitoydan yanvar oyida olib kelingan o‘zbek talabalari Toshkent aeroportida maxsus tibbiy guruh tomonidan qarshi olingan edi.
Koronavirus tarqagan Xitoydan yanvar oyida olib kelingan o‘zbek talabalari Toshkent aeroportida maxsus tibbiy guruh tomonidan qarshi olingan edi.

27 fevral kuni Janubiy Koreya poytaxti Seuldan Toshkentga uchib kelgan va bortida koronavirusga chalingani gumon qilingan shaxs bo‘lgan samolyotning 232 nafar yo‘lovchisi va 12 nafar ekipaj a’zosi bir necha soat izolyatsiyada ushlab turilganidan so‘ng uylariga qo‘yib yuborildi.

28 fevral kuni Ozodlik bog‘langan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi¸ Seulda qoldirilgan yo‘lovchining koronavirusga chalingani hozircha tasdig‘ini topmagani¸ reysning 250 ka yaqin yo‘lovchisi o‘z yashash manzili kesimida tibbiy nazoratga olinganini bildirdi.

"Seulda qoldirilgan odamning koronavirusga chalingani aniqlansa, biz ham chora ko‘ramiz"

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 28 fevral kuni Ozodlik bog‘langan mutasaddisi¸ bir kun oldin Seuldan Toshkentga kelgan samolyot yo‘lovchilarida o‘tkir respiratorli virus infeksiyasi aniqlanmagani ortidan ularning uylariga qo‘yib yuborilganini bildirdi.

- Seulda qoldirilgan bemorning koronavirusga chalingani hali tasdiqlanmadi. Muayyan vaqt o‘tganidan keyingina unga aniq tashxis qo‘yish mumkin bo‘ladi. U hozircha virus yuqtirganlikda gumonlanmoqda. Shuning uchun Toshkent aeroportida izolyatsiya qilingan yo‘lovchilar qo‘yib yuborildi. Agar Seulda qoldirilgan bemor koronavirusga chalingani aniqlansa, keyin choralar ko‘riladi, -dedi 28 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rasmiysi.

Bizda izolyator yo‘q. 700-800 odamni izolyatsiya qilish imkoniyati bor, xolos.

Suhbatdoshning aytishicha, Seuldan kelgan samolyot bortida bo‘lgan 232 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi Toshkent aeroportining alohida terminalida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganidan so‘ng uyiga yuborilgan.

- Hozircha bu samolyotda kelgan yo‘lovchilar o‘z yashash joylaridagi poliklinikalarda ko‘rikdan o‘tib turadilar. Agar kasallik alomatlari aniqlansa, kasalxonaga yotqiziladi. Samolet yo‘lovchilari va ekipajining yashash manzillari, pasport ma’lumotlarini ro‘yxatga olganmiz.

27 fevral kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirus tahdidiga bag‘ishlangan maxsus selektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Selektor qatnashchilaridan biri tomonidan Ozodlikka taqdim etilgan audioyozuvdan tibbiyot tizimi mutasaddilarining O‘zbekistonga koronavirus kirishi oldini olish chora-tadbirlaridan qoniqmayotgani anglashiladi.

Shodmonov o‘z chiqishida xususan¸ 27 fevral kuni bortida koronavirusga chalingani gumon qilingan yo‘lovchi o‘tirgan Seul-Toshkent reysining uch soatdan so‘ng Seulga qaytarilgani¸ bemorni Koreyada qoldirib¸ qolgan yo‘lovchilar bilan Toshkentga uchib kelgani voqeasini O‘zbekistonning koronavirusni “kutib olishga tibbiy jihatdan tayyor emas”ligiga misol sifati tilga oldi.

Mutaxassis: "Yo‘lovchilarning aeroportdan chiqarib yuborilgani qo‘pol xato bo‘ldi"

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan tibbiyot mutaxassisi “27 fevral kungi Seul reysi yo‘lovchilarini izolyatsiya qilmay, shaharga chiqarib yuborilgani qo‘pol xato bo‘lgani"ga ishonishini aytadi.

Karantin davrini 14 kun emas, kamida 28 kun qilib belgilash lozim

“Boshqa reyslardagi yo‘lovchilarni shu tarzda tekshirib, chiqarib yuborishsa xavotirga o‘rin qolmasdi. Ammo bu samolyotda koronavirusga chalinganlikda gumonlangan bemor bevosita boshqa yo‘lovchilar bilan munosabatda bo‘lgan. Bunday holatda tasdiqlangan qoida bo‘yicha ularni 14 kun karantinda saqlash kerak edi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tarqatgan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, koronavirusning yashirin davri 28 kungacha cho‘zilishi mumkin. Yashirin davrni 38 kun boshidan kechirgan bemor ham aniqlangan. Virus alomatlari hali ko‘rinmay turib¸ boshqalarga yuqadi. Hozir karantin davrini 14 kun emas, kamida 28 kun qilib belgilash ko‘rib chiqilayapti".

Mutaxassisning bu tanqidiga munosabat birldirgan Sanitariya-epidemiololgik osoyishtalik agentligi rasmiysi¸ infeksiya o‘chog‘i deb ko‘rilayotgan Janubiy Koreyadan uchib kelganlarning belgilangan tartibda karantinga olinmaganini¸ O‘zbekistonda buning uchun sharoit yo‘qligi bilan izohladi.

- Ha, tushunamiz, Janubiy Koreya Xitoydan keyin koronavirusning eng yirik o‘choqlaridan biri. Ammo Toshkentga har kuni Seuldan uchta reys keladi. Ulardagi barcha yo‘lovchilarni izolyatsiya qilishning ilojisi yo‘q. Bizda izolyator yo‘q. 700-800 odamni izolyatsiya qilish imkoniyati bor, xolos. Shuning uchun "O‘zbekiston havo yo‘llari"ga Seulga parvozlarni kamaytirishni taklif qilganmiz.

Juma namoziga keluvchilar sonini cheklash taklif etildi

28 fevralga kelib koronavirusdan o‘lganlar soni keskin oshib borayotgan Eron islom jumhuriyati aksar jamoat tadbirlari¸ xususan¸ juma namozlarini taqiqladi.Saudiya Arabistoni esa¸ mamlakatga ziyoratchilarning kelishini taqiqladi va virus tarqagan davlat fuqarolariga viza berishni to‘xtatdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi qoshida tuzilgan koronavirusga qarshi markaziy shtab vakili O‘zbekistonda ham koronavirusdan himoyalanish uchun shunday choralar joriy etilishi ehtimolini inkor qilmadi.

Shtab vakili Vazirlar Mahkamasiga ommaviy tadbirlarni bekor qilish yoki bu kabi tadbirlarda qatnashadiganlar sonini cheklash taklifi kiritilganini bildirdi:

Jumladan, juma namozlarini ham cheklash taklifini kiritdik.

- Jumladan, juma namozlarini ham cheklash taklifini kiritdik. Albatta, juma namozni taqiqlay olmaymiz, lekin aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borib, namozga keluvchilar sonini ozaytirishni tavsiya qilmoqdamiz. Hozir bu taklif Vazirlar Mahkamasida muhokama qilinmoqda. Bundan tashqari 3 mart kuni Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan futbol o‘yinini ham bekor qildik.

Sanitariya-epidemiololgik osoyishtalik agentligi rasmiysining Ozodlikka aytishicha, hozirgacha Xitoydan kelgan 4 724 nafar odam uy kuzatuviga olingan. Ulardan 4 218 nafarining 14 kunlik tibbiy kuzatuv davri 26 fevral kuni yakunlangan. Hozirda yana 506 nafar fuqaroning sog‘lig‘i ustidan tibbiy nazorat davom ettirilmoqda.

XS
SM
MD
LG