Линклар

Шошилинч хабар
07 июн 2020, Тошкент вақти: 06:58

Koronavirusda gumonlangan yo‘lovchi bois Seul-Toshkent reysi orqaga qaytdi. O‘zbekiston virusni to‘xtatishga tayyormi?


23 fevraldan 27 fevralgacha O‘zbekiston hududiga kirgan ikki shaxsning koronavirus yuqtirgani gumon qilingan.

Birinchi holatda¸ karantinga olinishi lozim bo‘lgan xitoylik yo‘lovchi Toshkent aeroportidan hech qanday to‘siqlarsiz o‘tib, O‘zbekiston hududiga kirib kelgan.

Ikkinchi holatda esa¸ Seuldan uchib kelgan samolyot yo‘lovchilari 27 fevral kuni Toshkent aeroportida vaqtincha izolyatsiya qilingan. Lekin aeroportda izolyator mavjud emas.

Bu gapni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 27 fevral kuni tushdan keyin o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytdi.

Vazirga ko‘ra, qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarda joylashgan ayrim viloyatlarda ham koronavirusga nisbatan belgilangan chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilmagan. Vazir bu holatni “jinoyat”, deb baholadi.

Ayni paytda Ozodlik bog‘langan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-osoyishtalik bo‘yicha agentlik rasmiylari koronavirusga qarshi yetarlicha chora-tadbirlar ko‘rilganini, bu tadbirlar muntazam matbuotda yoritilib borilayotganini aytish bilan cheklandi.

Ozodlik gaplashgan tibbiyot mutaxassislari O‘zbekiston koronavirusni “kutib olishga tibbiy jihatdan tayyor emas”, degan fikrda.

Vazir: Koronavirus bilan bog‘liq ikki holat barcha kamchiliklarimizni ochib tashladi!

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 27 fevral kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida gapni 23 fevraldan to shu kungacha mamlakatda koronavirusda gumonlanish bilan ikki holat yuzaga kelganini aytish bilan boshladi. Ozodlikka yuborilgan videoselektor yig‘ilishining bir soatlik audioyozuvida vazirning quyidagi gaplarini eshitish mumkin:

-Bizda insident bo‘ldi. 23 fevral kuni Xitoydan kelgan odam Toshkentga aeroport orqali bemalol kirib kelgan.

- Bizda insident bo‘ldi. 23 fevral kuni Xitoydan kelgan odam Toshkentga aeroport orqali bemalol kirib kelgan. Bilasizlar, bizda Xitoy bilan mingdan ortiq qo‘shma korxonalar bor. Xitoyda bayramlar tugaganidan keyin ularning ishchilari O‘zbekistonga qaytmoqda. U o‘zini yomon his qilgan, ammo u karantinga ham olinmagan. U o‘zi yashayotgan mahallaga kelib, poliklinikaga “Men koronavirusga chalinganga o‘xshayman”, deb murojaat qilgan. Undan analizlarni olib qayta-qayta tekshirdik. Negativ chiqdi. Ammo bu holat bizning barcha kamchiliklarimizni ochib tashladi. Birinchidan, aeroportdan o‘tishda belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilinmagan, analizlarni topshirishda ham muammolar bo‘lgan, - degan vazir xavotirga loyiq yana bir holat haqida to‘xtaladi.

Vazirga ko‘ra, ikkinchi holat 27 fevral kuni Janubiy Koreyadan uchib kelgan samolyot bilan bog‘liq:

- Bugun ertalab soat ikkida samolyot Seuldan Toshkentga uchgan. Uch soat o‘tganidan so‘ng yo‘lovchilardan biri o‘zini yomon his qilgan. Samolyot Seulga qaytgan. Bemorni Seul aeroportidan "Tez yordam" olib ketgan. O‘sha samolyot Toshkentga qo‘nayotganida Seulda qoldirilgan bemorning tana harorati ko‘tarilayotgani, koronavirusda gumonlanayotgani xabar qilindi. Ular izolyatsiyaga olinib, radarda tekshirildi. Lekin ular hozir aeroportning alohida bir xonasida saqlanmoqda. Holbuki, gumonlanuvchilar uchun aeroport hududida maxsus izolyator bo‘lishi kerak. Maxsus izolyator yo‘q! Bu Toshkent aeroportida yuz berayotgan voqea. Unda boshqa aeroportlarimizda nima bo‘layapti?

Tibbiyot xodimlari uchun chegarada hech qanday sharoit yaratilmagan

Videoselektor yig‘ilishida ishtirok etgan soha vakillaridan biri yig‘ilish paytida vazirning “Boshqa aeroportlarimizda nima bo‘layapti”, degan gapiga javob bera turib¸ "umuman sharoit yo‘q"ligini aytadi:

Chegarada bizning xodimlarimiz 24 soat turishi uchun hech qanday sharoit yaratilmagan.

- Chegarada bizning xodimlarimiz 24 soat turishi uchun hech qanday sharoit yaratilmagan. Bojxonachilarga qancha sharoitlarni qilib berishdi. Chegarachilarga sharoitlar yaratib berishgan. Nega endi sanitar-osoyishtalikka sharoit yo‘q? Bundan tashqari xodimlarni tana haroratini masofaviy o‘lchash apparatlari bilan ta’minlab berishimiz kerak.

Vazir Alisher Shodmonov yig‘ilish davomida yana Andijon, Buxoro, Surxandaryo viloyatlarida koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda o‘nlab kamchiliklar aniqlanganini aytadi. Vazir viloyat tibbiyot mutasaddilariga qarata:

“Agar bilsangiz bu jinoyat! Sizlar jinoyat qilayapsiz”, deydi jumladan.

Selektor yig‘ilishining Ozodlikka taqdim etilgan audioyozuvida vazir bu viloyatlarda aynan qanday kamchiliklar aniqlanganiga to‘xtalmagan.

Mutaxassis: Yana oldi-qochdi gap bo‘ldi, aniq reja yo‘q!

Videoselektorda bildirilgan xavotirlar yuzasidan izoh olish maqsadida Ozodlik Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitar-osoyishtalik bo‘yicha agentlik rasmiylariga bog‘landi. Biroq ular O‘zbekistonda koronavirusning oldini olish bo‘yicha shtab tuzilgani, kerakli chora-tadbirlar ishlab chiqilib¸ ularni amalga oshirish bo‘yicha jadal ishlar olib borilayotganini bildirish bilan cheklandi.

27 fevral holatiga ko‘ra, videoselektordagi muhokama mavzusi, unda bildirilgan tashvishlar jamoatchilikka rasman biron bir tarzda e’lon qilinmadi.

Biroq videeoselektorda qatnashgan vrachlardan biri ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka videoselektor yig‘ilishidan hech qanday amaliy natija va xulosalar chiqarilmaganini bildirdi.

Videoselektorda deyarli tayinli gap aytilmadi. Hammasi doimgidek oldi-qochdi gaplar bo‘ldi.

“Videoselektorda deyarli tayinli gap aytilmadi. Hammasi doimgidek oldi-qochdi gaplar bo‘ldi. Koronavirusning oldini olishga qaratilgan aniq tadbir yo'q. Videoselektorda qandaydir aniq tadbirlar belgilab berilishini kutgandik. Masalan, karantin va yana shunga o‘xshagan ishlarni amalga oshirish mehanizmi qanday bo‘lishi kerakligini aniqlab olishni kutgandik”.

Ozodlik gaplashgan yana bir tibbiyot mutaxassisi esa videoselektor yig‘ilishidan “hali koranavirusni kutib olishga tayyor emas ekanmiz”, degan taassurot olganini bildirdi.

“Aniq bo‘ldiki, birinchidan, koronavirusga befarq munosabatda bo‘layapmiz. Qolaversa, kadrlarning bilim va salohiyati yetishmayapti. Vazirning o‘zi videoselektorda tan olayaptiki, hali mutaxassislar masalani jiddiy ekanligini tushunmayapti, shunchaki o‘tib ketadi¸ deb o‘ylashayapti”.

Pompeo ham O‘zbekistondagi vaziyatdan tashvish bildirgan edi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 14 fevral kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston koronavirusga tayyor emasligidan tashvish bildirgan edi. Axborot agentliklarining xabar berishlaricha, Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha anjumanga borayotgan Pompeo samolyot bortida jurnalistlar bilan muloqot qilib:

“Biz virusdan adekvat himoya infrastrukturasiga ega bo‘lmagan joylar borligidan tashvishdamiz. Men O‘zbekistonda va Xitoy bilan uzun chegaraga ega bo‘lgan Qozog‘istonda bo‘ldim, ular koronavirusga o‘xshagan masshtabli tahdidga bas kela olish salohiyatiga ega emas”, deb aytgan.

Pompeoga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurash uchun bu davlatlarga yuz million dollar mablag‘ ajratilgan.

"Rossiya 24" telekanali esa 26 fevral kuni O‘zbekistonga Novosibirskdan koronavirus diagnostikasi uchun kerakli vositalarning birinchi partiyasi jo‘natilganini xabar qilgan. Novosibirskda ishlab chiqarilgan bu vositalar mingta tashxis uchun yetishi aytilgan.

Yangi koronavirus tufayli birgina Xitoyda hayotdan ko‘z yumganlar soni, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2744 kishiga yetgan.

27 fevralga kelib¸ jahon bo‘ylab koronavirusga chalingani aniqlanganlar soni 81 mingga yetdi¸ o‘lganlar esa¸ 3000 ga yaqinlashdi.

XS
SM
MD
LG