Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:02

Qirg‘iziston Oliy sudi umrbod qamalgan Azimjon Asqarov ishini yana qayta ko‘ra boshladi


Azimjon Asqarov 2010 yildagi O‘sh qirg‘inida ayblanib umrbod qamalgan edi.
Azimjon Asqarov 2010 yildagi O‘sh qirg‘inida ayblanib umrbod qamalgan edi.

25 fevral kuni Qirg‘iziston Oliy sudi 2010 yilgi O‘sh qirg‘iniga aloqadorlikda ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan huquq faoli Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rishni boshladi.

Oliy sudning birinchi yig‘ini “ishni qayta birinchi instansiyaga yuborib, jarayonni cho‘zmaslik uchun uni ko‘rib chiqish 6 aprelda davom ettirilsin” degan qarorga keldi.

Azimjon Asqarov ishi Oliy sudda uchinchi marta qayta ko‘rilmoqda. Xalqaro tashkilotlar 2010 yilda qamalgan Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganini ta’kidlab, Qirg‘iziston hukumatidan uni zudlik bilan ozodlikka chiqarishni so‘rab kelmoqda.

Uchinchi marta qayta ko‘rilayotgan ish

Azimjon Asqarov ishini yana bir marotaba qayta ko‘rib chiqishga kirishgan Oliy sud majlisiga xalqaro huquq tashkilotlari, AQSh va Yevropa davlatlari elchixonalari vakillari keldi. Sud zaliga jurnalistlar kiritilmadi. Oliy sud xodimlari buni zalning torligi bilan izohladi.

Oliy sud matbuot xizmatining bildirishicha, davlat qoralovchisi Asqarovning ishni qayta ko‘rib chiqish arizasiga javoban jinoyat ishini birinchi instansiyadagi sudga qaytarish to‘g‘risida iltimosnoma kiritgan.

Sud prokuror iltimosi bo‘yicha maslahatlashib, “ishni qayta birinchi instansiyaga yuborib, jarayonni cho‘zmaslik uchun uni ko‘rib chiqish 6 aprelda davom ettirilsin”¸ degan qarorga keldi.

“Men Asqarov noqonuniy o‘tirganini isbotlashga harakat qildim. Bu arizani barcha tomonlarga taqdim etishim kerak¸ berishim kerak. Sudning hozirgi qarori “formal tarzda to‘g‘ri” bo‘ldi. Negaki, men yozgan arizani jabrlanuvchi tomon va prokurorlar o‘rganib chiqishi kerak”¸ dedi bu qarorga munosabat bildirgan Asqarov advokati Valeryan Vaxitov​

Xadicha Asqarova: Turmush o‘rtog‘im aybsiz aybdor bo‘lib qoldi!

Jarayonda Asqarovning turmush o‘rtog‘i Xadicha Asqarova va farzandlari qatnashdi. Ular sud adolatli qaror chiqarishiga umid qilishmoqda.

“Turmush o‘rtog‘im Azimjon aybsiz. U haqiqatni gapirib, xalqqa yordam berib militsiyaga, sudga, prokurorlarga yomon ko‘ringani uchun iyun voqeasi uning qamalib ketishiga sabab bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘imning sog‘lig‘i yaxshi emas, men yaqinda borib keldim. U 68 ga¸ men 63 yoshga kirayapman, u aybsiz aybdor bo‘lib, qamalib o‘tiribdi”, dedi Xadicha Asqarova.

Joriy yil 19 fevralida Azimjon Asqarov halqaro tashkilotlar va Qirg‘iziston huquq-tartibot organlariga ochiq xat yo‘llagan edi. Huquq faoli o‘z maktubida qo‘lga olinganidan boshlab tergov, sud jarayonlarining borishi tafsilotlarini ëzgan. Azimjon Asqarov maktubida o‘zining aybdor emasligi, qirg‘iz hukumati inson huquqlari borasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarmayotganini yozgan.

Asqarovga qarshilar hukmni o‘zgartirmaslikni talab qilmoqda

Asqarov ishini Oliy sudda ko‘rib chiqish boshlangan ayni 25 fevral kuni Jalolobod shahrida 2010 yilgi iyun voqeasida jabrlanganlarning yaqinlari matbuot anjumani o‘tkazdi. Anjumanda Asqarov ishi sudda ko‘rib chiqilayotganiga norozilik bildirildi.

«Azimjon Asqarov 2010 yilgi voqealarda aybdor. Biz norozimiz, uni chiqarmasin. Sudlar avvalgi hukmni o‘z kuchida qoldirsa to‘g‘ri bo‘lardi”, dedi "Sanpa shahidlari" jamiyati raisi Sirdash Mamarasulov.

Asqarov ishi – xalqaro jamoatchilik kuzatib borayotgan bahsli sud jarayonlaridan biri. U qamalgan kundan boshlab dunyodagi yetakchi xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar xavotir bildirib, Asqarov ishini xolis ko‘rib chiqishga chaqirib keladi.

Huquq faoli: Asqarov ishi yana siyosiylashtirilsa, u hech qachon qamoqdan chiqarilmaydi

Huquq himoyachisi, “Qilim shami” nodavlat tashkiloti rahbari Aziza Abdirasulova Oliy sud Azimjon Asqarov ishiga so‘nggi nuqtani qo‘yishi kerak¸ deb hisoblaydi:

“2010 yili og‘ir to‘qnashuv bo‘lgan, xalq jarohati hali ham bitmagan. Azimjon Asqarovni tushungan –tushunmaganlar bor. Ko‘pchilik uning juda yaxshi huquq himoyachisi ekanini biladi. Bilmaganlar¸ uni vahshiy sifatida ko‘rishmoqda. Shu sababli bitgan yarani qayta yangilamay, 10 yil o‘tirgan muddatini hisoblab chiqarsa bo‘ladi. Siyosatlashtirilsa¸ hech qachon qamoqxonadan chiqmaydi. Ishni siyosatga aylantirmay, huquqiy maydonda ko‘rib chiqib, uni ozod qilish kerak”.

Azimjon Asqarov 2010 yilda Qirg‘iziston janubida sodir bo‘lgan qonli hodisalardan keyin tartibsizliklar uyushtirganlik va militsiya xodimini o‘ldirishda qatnashganlikda ayblanib qo‘lga olingan. Barcha instansiyalardagi sudlar qarori bilan u umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

2016 yil aprelida BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Qirg‘iziston rasmiylarini Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. Qo‘mita o‘z qarorini noqonuniy qo‘lga olish, qiynoqlar qo‘llash va Azimjon Asqarovning og‘ir sharoitlarda saqlab turilishi bilan asoslagan. Qirg‘iziston sudi ishni yangi holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqqan, biroq hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

O‘tgan yilning 2 dekabrida Qirg‘iziston Oliy sudi ikkinchi marta Asqarovning kassatsiya arizasini ko‘rib chiqib, “Ommaviy tartibsizlikni uyushtirish” ayblovi asosida jazo muddatini qisqartirib, “Milliy nafrat asosida odam o‘ldirish” ayblovini “Odam o‘ldirish”, aybloviga almashtirgan.

XS
SM
MD
LG