Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2020, Тошкент вақти: 00:54

Hujjat: Talabalar qaytarilishini qo‘shni davlatlarda ta’lim sifati pastligi bilan tushuntirish buyurildi


O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirining qo‘shni davlatlardagi talabalarni o‘quv yili o‘rtasida qaytarishga doir buyrug‘i mamlakat prezidenti ma’muriyati topshirig‘iga binoan chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.

Hokimiyat idoralaridagi manbalar Ozodlikka 4 fevral kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tgan yig‘ilish bayonnomasini taqdim qildi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim muassasalariga (OTM) qabul bo‘yicha Davlat komissiyaning 12- bayonnomasida 2020 yilning 5 fevralidan to iyunga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilangan.

Hujjat

Shaxsi sir qolishi sharti bilan hujjatni Ozodlikka taqdim qilgan manbalarga ko‘ra, Davlat komissiyasining 12-son bayonnomasi ochiq manbalarda e’lon qilinmagan.

5 fevral sanasi bilan tegishli idoralarga tarqatilgan bayonnoma nusxasida Bosh vazir - OTMlarga qabul bo‘yicha Davlat komissiyasi raisi Abdulla Aripov imzosi aks etgan.

Shu kunga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va qator rasmiy axborot vositalarda tarqatilgan rasmiy xabarlar matnining asosiy qismi ayni hujjatdan olingani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlikka sizdirilgan bu hujjatni Vazirlar Mahkamasidan tasdiqlatish imkonsiz. Biroq hujjatdagi barcha unsurlar: e’lon qilingan sanasi, qayd raqami, nusxaning unvonida Vazirlar Mahkamasi Umumiy bo‘limining muhri mavjudligi va boshqa unsurlar uning haqiqiy ekanligiga dalildir. Qolaversa, bu hujjatni sizdirgan manbalarning boshqa xabarlari ham to‘la tasdiqlangan.

Prezident topshirig‘i

Hujjat boshida, prezident maslahatchisi - Davlat komissiyasi raisi o‘rinbosari Abdujabar Abduvaxitov (ism-familiya hujjatda shu shaklda keltirilgan) ishtirokida o‘tgan majlis prezident ma’muriyati topshirig‘i bilan o‘tkazilayotgani aytilgan.

Majlis kun tartibidagi masala "2019/2020 o‘quv yili bahorgi semestri uchun qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘qishini respublika oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida" deb belgilangan.

Hujjat boshida aytilishcha, qo‘shni davlatlardagi talabalarni qaytarish - "prezident administratsiyasi topshirig‘i"dir.

Ammo, shu kunga qadar davlat idoralari ochiq qoldirayotgan savol javobi - prezident ma’muriyati nima maqsadda bu topshiriqni bergani hujjatda qayd etilmagan.

Kechki va sirtqi ta’limga qabul qilish

Hujjatning 2-bandida bu topshiriqni ijro uchun qabul qilish va qo‘shni davlatlardagi talabalarning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish arizasini "qabul qilishga istisno tariqasida ruxsat berilsin", deb qayd etilgan.

Talabalarning arizalarini qabul qilishga oid mezonlar 3-bandda belgilangan:

"- fuqaroning doimiy yashash manzili (oliy ta’lim muassasasining sig‘imi yoki hududdagi oliy ta’lim muassasalarida tegishli soha bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari mavjud bo‘lmagan holatlarda, istisno tariqasida boshqa viloyatdagi oliy ta’lim muassasasiga tavsiya etilishi mumkin);

- talaba o‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishining o‘qishi ko‘chirilayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mosligi (bunday yo‘nalish mavjud bo‘lmagan taqdirda, turdosh ekanligi);

- xorijda talaba o‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining xususiyatlarini inobatga olgan holda, ularni asosan sirtqi va kechki ta’lim shakllariga tavsiya etish;

- talabalar o‘qishini ko‘chirishda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining mavjud imkoniyatlari (moddiy-texnik baza, jumladan smenalik koeffitsienti, professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi va boshqalar)".

Hujjatning 4-bandida talabalarning arizalarini qabul qiladigan ishchi guruhlarini 6 fevralgacha tuzish, hujjatlarni esa 15 fevralgacha qabul qilish buyurilgan. (Keyinchalik bu muddat 15 martgacha uzaytirildi - tahr.)

Xorijdagi muammolar ko‘zda tutilgan

Hujjatning 5-bandida, xorijdagi oliy o‘quv yurtlaridan hujjatlarni olishni istovchi talabalar bilan muammolar yuzaga kelishi ko‘zda tutilgan va muammolarni hal qilish uchun Tashqi ishlar vazirligi (Abdulaziz Kamilov) mas’ul qilib tayinlangan.

Hujjatda ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarish uchun esa "tegishli vazirlik va idoralar birinchi rahbarlari shaxsan mas’ul" qilib tayinlangan.

Hujjatning ilovasi ham bor va unda majlis o‘tkazilgan kunning ertasidanoq ijrosi boshlanishi buyurilgan chora-tadbirlar belgilangan.

Ilova boshida qo‘shni davlatlardagi talabalarni qaytarish vazifasi yoniga "respublika oliy ta’lim muassasalarida yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlarni kengaytirish" maqsadi ham qo‘shilgan.

Targ‘ibot yo‘nalishi

Chora-tadbirlarda esa, asosiy e’tibor, qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan talabalarga O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasidagi islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarni targ‘ib qilish, ularni asosan sirtqi va kechki ta’limga qaytarish, buning hisobiga 2020/2021 o‘quv yili uchun ta’lim qamrovini 25 foizga oshirish, OTMlardagi o‘qituvchilarga ehtiyojni o‘rganish vazifalari kiritilgan.

Ayni paytda, targ‘ibot sirasida talabalarga ularning qaytarilishi sababini "qo‘shni davlatlarda ta’lim sifati talab darajasida bo‘lmagani" bilan tushuntirish buyurilgan.

Darvoqe, hujjatda "qo‘shni davlat"larning nomi keltirilmagan. Ammo, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash va Tashqi ishlar vazirliklari gap 3 davlat - Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston haqida borayotganini ma’lum qilgan.

Ta’lim sifati past ko‘rilgan xorijiy oliy o‘quv yurtlari to‘g‘risida axborotlar - videoroliklar, maqolalarni tayyorlash va 2020 yildan boshlab, doimiy ravishda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berib borish vazifasi qayd etilgan.

Bosh vazir buyrug‘i

4 fevral kuni Bosh vazir Abdulla Aripovning qo‘shni davlatlardagi talabalarga o‘qishini hech bir imtihonsiz O‘zbekistonga ko‘chirish taklifi ortidan muammolarga to‘la jarayon boshlanib ketdi.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kunda Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba o‘qimoqda va ular hukumatning o‘qishni O‘zbekistonga qulay ko‘chirish taklifidan so‘ng yurtiga oshiqmoqda.

Jarayondan ko‘rinishicha, xorijdagi davlatga qarashli bo‘lgan va xususiy OTMlar minglab talabani birdan qo‘yib yuborishga shoshilmayotir.

O‘zbekistondagi Oliy o‘quv yurtlarining esa, aksincha, buncha talabani birdan qabul qilishdek topshiriqdan shoshib qolgani kuzatilmoqda.

Quyida ushbu muammolarga bag‘ishlangan maxsus dasturni tomosha qilishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG